Iqtisodiyot
Navoiyda yalpi hududiy mahsulot hajmi 168 trillion so‘mga yetdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ilgari Navoiy sanoati deganda asosan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyuran”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” kabi yirik tarmoq korxonalari nazarda tutilar, investitsiya ham, ish o‘rinlari ham, iqtisodiy o‘sish ham aynan shu korxonalar faoliyatiga bog‘liq edi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida 2025-yilda yirik tarmoq korxonalariga bog‘liq bo‘lmagan hududiy investitsiyalar hajmi 1,4 milliard dollarga yetdi. 2026 yilda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, o‘tgan yilda viloyatda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 168 trillion so‘mni tashkil etib, 7,7 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida 8,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz, xizmatlar sohasida esa 13,7 foiz o‘sish qayd etildi. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir tuman va shaharni ularning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish zarur.
Xususan, Nurota va G‘ozg‘onda pardozbop toshlar va turizm, Tomdi va Uchquduqda tog‘-kon sanoati, Navbahorda to‘qimachilik va bog‘dorchilik, Konimexda yaylov chorvachiligi, Zarafshonda zargarlik va axborot texnologiyalari, Karmanada kimyo sanoati va madaniy turizm, Navoiy shahrida esa mashinasozlik va servis sohalari bo‘yicha katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, sanoat rivoji hududlar kesimida nomutanosib ekani qayd etildi. Viloyat bo‘yicha jon boshiga sanoat mahsuloti hajmi 177 million so‘mni tashkil etsa-da, Tomdi, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida ushbu ko‘rsatkich respublika o‘rtacha darajasidan past qolmoqda. Vaholanki, Tomdi va Nurota marmar, kvars va bazalt kabi tabiiy resurslarga boy.
Shu munosabat bilan Nurota tumanida 50 gektar maydonda granit sanoat parki, qayta ishlash klasteri va pardozbop toshlar bozorini tashkil etish, Xatirchi tumanida 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasini ishga tushirib, 100 million dollarlik yuqori qiymatli loyihalarni joylashtirish takliflari ma’qullandi. Pardozbop toshlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu quvvatlarni kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Navoiy raqamli texnologiyalar texnikumida tog‘-kon va kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlash markazi tashkil etiladi.
Umuman, joriy yilda viloyatga 4,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilib, eksport hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda viloyatning kichik va o‘rta korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni mahalliylashtirishga kengroq jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi, zero viloyatdagi 9 million gektar yaylov qo‘ychilik, tuyachilik va yilqichilikni iqtisodiyot drayveriga aylantirish uchun yetarli. Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 2026 yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Umuman, viloyatdagi 3,3 million gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi. Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash tajribasi asosida Navoiyda cho‘llanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyat ta’lim sohasida ham respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim qamrovi 71 foizni tashkil etmoqda, o‘tgan yilda 10 ta maktab bitiruvchilari oliygohlarga kirish bo‘yicha 100 foizlik natijaga erishdi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida “Bir maktab – bir IT sinf” tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochish taklif etildi. Buning uchun viloyatdan 100 nafar o‘qituvchi IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida poytaxtda va xorijda malaka oshiradi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon filialida sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishida kunduzgi ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda turizm sohasi ham muhokama qilindi. 2026 yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyohni jalb qilish, 72 ta yangi joylashtirish vositasini ishga tushirish hamda 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Buning uchun tuman va shaharlar markazidagi 65 ta mahallani bog‘lovchi ko‘chalar, sohil va yo‘l bo‘yi hududlarida savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari barpo etiladi, shuningdek, turistik salohiyati yuqori bo‘lgan 18 ta mahallada mehmon uylari tashkil etiladi. Xalqaro yo‘llar bo‘yidagi 15 ta mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Nurota tumanida “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazini tashkil etish, Xatirchi tumanida Langar va Angidon mahallalarini turizmga ixtisoslashtirgan holda rivojlantirish, Nurota va Konimex tumanlaridagi 4 ta qishloqni turizm qishlog‘iga aylantirish rejalashtirilgan.
“Og‘ir” tuman sifatida belgilangan Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” hududi atrofida dam olish va ko‘ngilochar maskan tashkil etish bo‘yicha master reja ishlab chiqib, sayyohlar oqimini 3 karraga oshirish hamda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy bog‘i, Yoshlik ko‘li va ular atrofidagi hududlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi qayd etilib, ularni yaxlit holda rivojlantirish orqali aholi uchun qulay va zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Karmana shahrida turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Samarqanddan Buxoroga yo‘l olayotgan turistlarni qadimda Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashgan bu shaharda yana bir kun ushlab qolish imkoniyati bor. Shu munosabat bilan Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom ziyoratgohi, Eski shahar bozori hamda “Yangi avlod” bog‘i negizida “Qadimiy Karmana” madaniyat va turizm markazini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari tajribasini o‘rganib, Navoiy hududining katta qismini egallagan cho‘l va yaylovlarda turizmni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash ishlarini davom ettirish topshirildi. Xususan, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va Zafarobod shaharlarida ta’mirtalab holga kelib qolgan 312 kilometr ichimlik suv va 124 kilometr oqova suv quvurlarini 2026-2028-yillarda bosqichma-bosqich yangisiga almashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi barcha maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarida zamonaviy sanitariya sharoitlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari bildirilgan reja va takliflarni ma’qullab, ularning ijrosi aholi hayotiga aniq o‘zgarishlar olib kelishi lozimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chakana savdo hajmi 210 trln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi 210,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,7 foizga oshgan.
1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda chakana savdo sohasida 88 686 ta tijorat korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Hisobot davrida ulgurji savdo tovar aylanmasi 209,4 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,4 foizlik o‘sishni anglatadi.
1-iyun holatiga respublika bo‘yicha ulgurji savdo sohasida 55 216 ta tijorat korxonasi faoliyat olib bormoqda.
Iqtisodiyot
Yashirin iqtisodiyotni aniqlovchi yangi platforma yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda 2026 yil oxirigacha “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” raqamli platformasi ishga tushiriladi. Yangi tizim yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq xavflarni avtomatik aniqlash, nazorat ishlarini samarali tashkil etish hamda inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
Prezidentga yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti doirasida “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” raqamli platformasini ishga tushirish loyihasi tanishtirildi va ma’qullandi.
Ma’lum qilinishicha, platformaga 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilinadi. Bu ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish va tahlil qilish imkonini beradi.
Tizim 22 ta iqtisodiyot tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta hudud va 208 ta tumanni qamrab oladi. U 100 dan ortiq xavf mezonlari asosida sohalar va hududlarni avtomatik tarzda «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratadi.
Platforma litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy tovar aylanmasini yashirish, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini kam ko‘rsatish, shuningdek, rentabellik va foydani sun’iy ravishda pasaytirish kabi holatlarni avtomatik tarzda aniqlaydi.
Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha qisqargan. Bu hisobidan davlat budjetiga qo‘shimcha 38 trillion so‘m tushum ta’minlangan, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshgan, o‘rtacha oylik ish haqi esa qariyb 6,5 million so‘mga yetgan.
2030 yilga qadar yashirin iqtisodiyot hajmini yana ikki barobar qisqartirish, band aholi sonini 14 million nafarga yetkazish hamda naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, platformaning tahliliy imkoniyatlari nazorat organlari faoliyatini aniq yo‘naltirish, inson omilini kamaytirish va muammolarni tuman darajasidan respublika miqyosigacha tezkor yetkazish imkonini yaratadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga qiymati 36,5 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan qariyb 16,8 ming tonna gilos eksport qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 ming tonnaga kamaygan.
Shu bilan birga, o‘zbek gilosi tashqi bozorlarda talabgirligini saqlab qolgan bo‘lib, eksport geografiyasi 11 ta mamlakatni qamrab oldi.
Hisobot davrida O‘zbekistondan eng ko‘p gilos Rossiyaga eksport qilindi. Bu mamlakatga 11,7 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Ikkinchi o‘rinda Qirg‘iz Respublikasi bo‘lib, ushbu davlatga 2,6 ming tonna gilos eksport qilingan.
Shuningdek, Qozog‘istonga 2 ming tonna, Belarusga 135,3 tonna, BAAga 116,7 tonna, boshqa davlatlarga esa jami 140 tonna gilos yetkazib berilgan.
Statistika ma’lumotlari Rossiya bozori O‘zbekiston gilosi uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Eksport qilingan mahsulotning katta qismi aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
2026–2027 yillarda eng tez o‘sadigan iqtisodiyotlar ma’lum qilindi
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) prognoziga ko‘ra, 2026–2027 yillarda ham Hindiston dunyodagi eng tez o‘sadigan yirik iqtisodiyot maqomini saqlab qoladi. Indoneziya ikkinchi, Xitoy esa uchinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda.
IHTT ma’lumotlariga ko‘ra, jahon yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2026 yilda 2,8 foizga, 2027 yilda esa 3,1 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. G20 davlatlari iqtisodiyoti esa har ikki yilda ham o‘rtacha 3 foizlik o‘sishni namoyon qilishi kutilmoqda.
Tashkilot prognoziga ko‘ra, Hindiston eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qoladi. Agar 2025 yilda mamlakat YaIM 7,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 6,3 foiz, 2027 yilda esa 6,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Indoneziya iqtisodiyoti ham barqaror o‘sishni davom ettiradi. 2025 yilda YaIM 5,1 foizga oshgan bo‘lsa, IHTT mamlakatning 2026–2027 yillarda ham o‘sish sur’ati bo‘yicha ikkinchi o‘rinni saqlab qolishini prognoz qilmoqda.
Xitoy iqtisodiyoti ham o‘sishda davom etadi, ammo sur’at biroz sekinlashishi mumkin. 2025 yilda YaIM 5 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026 yilda 4,5 foiz, 2027 yilda esa 4,3 foizlik o‘sish kutilmoqda.
IHTT tahlilchilariga ko‘ra, aksariyat mamlakatlarda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati biroz pasayadi. Bundan istisno sifatida Janubiy Koreya qayd etilgan. Mamlakat iqtisodiyoti 2025 yilda 1 foizga o‘sgan bo‘lsa, yarimo‘tkazgichlar (chiplar) sanoatidagi yuqori talab hisobiga 2026 yilda o‘sish 2,6 foizga yetishi mumkin.
Rossiya iqtisodiyoti ham o‘sishni davom ettiradi, biroq nisbatan past sur’atlarda. IHTT hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat YaIM 2025 yilda taxminan 1 foizga oshgan. 2026 yilda o‘sish 0,5 foiz, 2027 yilda esa 0,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kelgusi ikki yilda jahon iqtisodiyotida o‘sish saqlanib qoladi, biroq mamlakatlar o‘rtasidagi sur’atlar sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Iqtisodiyot
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
Source link
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Jamiyat5 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya oliy darajadagi muzokaralarda 1 milliard dollarlik tovar ayirboshlash maqsadini belgiladi
-
Jamiyat2 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport5 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
