Jamiyat
O‘zbekiston Braziliyaning C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini xarid qildi
Braziliyaning Embraer aviasozlik kompaniyasi Singapur aviashousida ilgari mijozi oshkor etilmagan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlariga berilgan buyurtmani O‘zbekiston Respublikasi amalga oshirganini rasman e’lon qildi. Biroq samolyotlar soni haqida ma’lumot bermagan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari mazkur samolyotlardan asosan yuk tashish va gumanitar operatsiyalarda foydalanadi. Bu esa mamlakatning harbiy-transport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. O‘zbekiston shu tariqa Markaziy Osiyoda C-390 Millennium samolyotini ekspluatatsiya qiluvchi ilk davlatga aylandi.
Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosku da Kosta Junior O‘zbekistonni C-390 operatorlari qatoriga qo‘shilishi bilan qutladi.
«O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari o‘z transport imkoniyatlarini modernizatsiya qilayotgan bir paytda, biz O‘zbekiston Respublikasini C-390 operatorlari safida rasman qutlab olamiz. Markaziy Osiyodagi yetakchi havo kuchlaridan birining tanlovi biz uchun katta sharaf. Biz ushbu inqilobiy samolyotning mukammal ishlashi uchun O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilamiz», – dedi u.
C-390 Millennium o‘z sinfidagi eng ilg‘or harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U, jumladan, soatiga 470 uzel tezlikda uchib, 26 tonnagacha yuk ko‘tara oladi hamda o‘rta toifadagi boshqa harbiy-transport samolyotlariga nisbatan uzoqroq masofaga parvoz qiladi.
Shuningdek, u vaqtinchalik yoki asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin. Havodan havoga yonilg‘i quyish uskunasi o‘rnatilgan KC-390 konfiguratsiyasida esa samolyot ham yonilg‘i quyuvchi, ham qabul qiluvchi sifatida ishlay oladi.
C-390 Millennium NATO standartlariga to‘liq mos bo‘lib, Agile Combat Employment (ACE) operatsiyalari (samolyotlar va harbiy kuchlarni tez, moslashuvchan va tarqoq holda ishlatish usuli, -tahr.) uchun ayniqsa qulay hisoblanadi.
Bugunga qadar C-390 Millennium samolyotlari Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Slovakiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan tanlangan. Samolyot yuqori ishonchlilik, ko‘p qirralilik va samaradorlikni taklif etib, dunyo bo‘ylab harbiy havo kuchlarining taktik va strategik ehtiyojlariga javob beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning may oyida braziliyalik mudofaa sanoatini yoritib boruvchi jurnalist Roberto Kayfa O‘zbekistonga ikkita C-390 Millennium samolyotlari sotilgani haqida xabar bergandi.
Jamiyat
Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs Isroildagi raketa zarbasida halok bo‘ldi
Isroilda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs raketa zarbasi qurboni bo‘ldi. Bu xabarni O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi tasdiqladi.
So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 9-mart kuni Isroilning Yexud shahrida qurilish maydonida sodir bo‘lgan raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan shaxs haqida xabarlar tarqalmoqda.
Halok bo‘lgan 62 yoshli Rustam G‘ulomov O‘zbekistonda tug‘ilib voyaga yetgan. U 2017-yilda O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqan bo‘lib, so‘nggi 14 yil davomida Isroilda yashab kelgan va mazkur davlat fuqaroligini olgan.
11-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida Elchixonaga xabar kelib tushmagan.
Ayni paytda Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotganini inobatga olgan holda, Elchixona ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan barcha vatandoshlarimizni o‘z hayoti va sog‘lig‘ini asrash maqsadida ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda bo‘lishga va xavfsizlik talab va qoidalariga qat’iy rioya qilishga yana bir bor chaqirib qoladi.
Jamiyat
“10 kunda 3 marta buzildi” – Toshkentda xaridorga sotilgan BYD Seal 6 avtomobili nuqsonli chiqdi
Kun.uz’ga murojaat qilgan xaridorning aytishicha, u 27 fevralda BYD Megawatt avtosalonidan sotib olgan BYD Seal 6 mashinasi 10 kun ichida 3 marta buzilgan. Kompaniya servis xizmati mashinaga kerakli ehtiyot qism Xitoydan buyurtma qilinganini aytib, 10 martdan beri mashinani egasiga qaytarib bermayapti. Avtosalon menejeri Kun.uz’ga xaridorga mashina almashtirib berilishini ma’lum qildi.
Zuhra Tojiyeva 27 fevral kuni Toshkent shahri Navoiy 35 manzilida joylashgan BYD Megawatt avtosalonidan BYD Seal 6 mashinasini sotib olgan. 30 foiz boshlang‘ich to‘lov (96 mln so‘m), 16 mln so‘m sug‘urtaga to‘lagan.
“1 apreldan mashinaga kredit chiqyapti, uni oyma-oy to‘lashim kerak. Mashina 2 mart kuni buzilib qoldi, keyin uni BYD servis markaziga olib bordim, tuzatib berishdi. 3-4 kundan keyin yana buzildi, yana bordim, tuzatishdi, olib keldim. 8 mart kuni mashina 3-marta, tog‘ga ketayotganimda yo‘lda buzilib qoldi. “1 daqiqada mashinadan tushing. Blok bo‘ladi”, degan yozuv chiqdi.
Avtosalonga qayta-qayta bordim, iltimos mashinamni almashtirib beringlar, deb so‘radim. Lekin ular almashtirib berishga rozi bo‘lmadi, o‘zini tuzatib beramiz deyishdi. Servisdagi ustalar “o‘zimiz ham tushunmayapmiz, bu mashinaga nima bo‘lganini”, deyapti. 4 kundan beri na mashinam ularda. Mashinaga nomer olish kerak 10 kun ichida, mashina ustada yotibdi. Xullas, ham vaqtim, ham pulim ketyapti, erta-indin hal qilib beramiz deb cho‘zib yurishibdi. Bizda sotuvda mashinaning “zapchast”i yo‘q, Xitoydan keladi deb yurishibdi. “Biz siz bilan kelishuvda faqat mashinani tuzatib berishga gaplashganmiz, hech qanaqa mashina almashtirib bermaymiz”, deyishyapti. Menga bu model kerak emas, olmayman buni, dedim. Men shu mashina sabab 11 mln so‘m xarajatga qolib ketdim, 10 kun ishga bora olmadim, bolalarim kasal bo‘ldi. Mashina buzilib qolganda evakuatorga 1 mlnga yaqin pul to‘ladim. Agar kompaniya zararni qoplab bersa, boshqa qimmatroq model uchun ustiga pul to‘lashga tayyorman”, – deydi murojaatchi.
Kun.uz holatni aniqlashtirish uchun Zuhra Tojiyevaga mashina sotgan avtosalon menejeri Nodir Tuliyev bilan bog‘landi.
“Xaridorga mashinani men sotganman, shu modelga uni o‘zim qiziqtirganman. O‘zlari xohlab shu mashinani olganlar. Uni test qilganimizda hech qanaqa defekt chiqmagan. Shu sababli bemalol sotaverganman. Bu masala deyarli hal bo‘lib bo‘ldi: xaridorga mashinani almashtirib beramiz, bank bilan kelishuv olib boryapman. O‘zlari xohlaydigan modelga almashtirib beramiz”, – dedi u.
Avtosalon menejeri xaridorga kompensatsiya to‘lash masalasiga aniqlik kirita olmasligini ma’lum qildi. “Buni yuridik bo‘lim hal qiladi”, – dedi u.
Kompaniyaning mijozlar xizmati bo‘limi rahbari Anna Bryuzginaning qo‘shimcha qilishicha ushbu avtomobil holatida jiddiy kamchiliklar aniqlanmagani hozircha tasdiqlanmagan.
5 mart kuni mijozning shikoyati qabul qilingan va kafolat holati sifatida ro‘yxatga olingan. 6 mart kuni esa kafolat doirasida ventilyator almashtirilgan.
8 mart kuni mijoz avtomobilni tungi vaqtda qo‘riqxonada qabul-topshirish dalolatnomasisiz va ishonchnomasiz qoldirgan.
Mijoz bilan muloqot davomida avtomobilni almashtirish bo‘yicha hech qanday va’da berilmagan.
Mijozning talablariga javoban kompaniya vakillari bu masala alohida tartibda ko‘rib chiqilishini, chunki avtomobilni almashtirish uchun qonunchilikda belgilangan alohida tartib mavjudligini bildirishgan.
Mumkin bo‘lgan nosozlikni tasdiqlash yoki rad etish uchun hozirda diagnostika ishlari olib borilmoqda. U yakunlangach, rasmiy javob taqdim etiladi.
Barcha harakatlar shartnoma va kafolat majburiyatlari doirasida amalga oshirilmoqda, deydi Anna Bryuzgina.
BYD Seal 6 bu — Xitoyning BYD kompaniyasi ishlab chiqargan gibrid (benzin + elektr) sedan bo‘lib, tejamkorligi bilan tanilgan. Model 2025 yil oktyabrida O‘zbekiston bozori uchun taqdim etilgan va rasmiy savdosi boshlangan. Xitoy bozorida BYD Qin L nomi bilan sotiladigan bu model O‘zbekiston bozorida faqat bitta komplektatsiyada sotuvga chiqarilgan va uning narxi 364,4 mln so‘m etib belgilangan.
Jamiyat
Toshkent davlat tibbiyot universitetining 8 ta magistratura yo‘nalishi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
Akkreditatsiya jarayoni Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (World Federation for Medical Education – WFME) standartlari hamda Yevrosiyo davlatlari tibbiyot muassasalarini akkreditatsiya qilish va ta’lim sifatini ta’minlash markazi (ECAQA) talablari asosida amalga oshirildi.
Foto: Toshkent davlat tibbiyot universiteti
2025 yilning 3–8 noyabr kunlari ECAQA xalqaro ekspertlari tomonidan universitetda keng qamrovli baholash jarayonlari o‘tkazildi. Unda oliygohdagi magistratura ta’lim dasturlari mazmuni, o‘quv jarayoni tashkil etilishi, klinik tayyorgarlik darajasi, ilmiy faoliyat, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda ta’lim infratuzilmasi kabi qator mezonlar tahlil qilindi.
Shundan so‘ng quyidagi magistratura yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi:
• Endokrinologiya
• Otorinolaringologiya
• Oftalmologiya
• Pediatriya
• Bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiyasi
• Bolalar kardiologiyasi va revmatologiyasi
• Bolalar nevrologiyasi
• Bolalar va o‘smirlar ginekologiyasi
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur akkreditatsiya ta’lim dasturlarining xalqaro standartlarga mosligini anglatadi. Bu esa oliy ta’lim muassasasining xalqaro akademik maydonda ishonchliligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, bunday akkreditatsiya tibbiyot sohasida tayyorlanayotgan mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari zamonaviy talablar hamda global standartlarga mos shakllantirilayotganini tasdiqlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, xalqaro akkreditatsiya sertifikatlari WFME hamda ECAQA maslahatchisi Farida Nurmanbetova tomonidan sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovga tantanali ravishda topshirildi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Radarga tushganlik haqidagi jarima qarori qachon o‘z kuchini yo‘qotadi?
Agar ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan bo‘lsa, bunday qaror ijro etilmaydi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda jarima solish va uni to‘lash tartibi xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev ma’lumot berdi.
– Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi, dedi u.
Lekin, agar ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan bo‘lsa (qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilmagan, huquqbuzarning ishlash, yashash joyiga yoki davlat ijrochisiga yuborilmagan bo‘lsa va h. k.), u holda bunday qaror ijro etilmaydi.
Ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va aybdor mansabdor shaxsga nisbatan tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u haqidagi ma’lumot ma’muriy ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
Huquqshunosning ta’kidlashicha, agar 3 oy ichida jarima solish to‘g‘risidagi qaror yetkazib berilmasa, ushbu jarimani to‘lamasa bo‘ladi. Ammo 3 oygacha qaror yetkazib berilsa, ushbu jarimani to‘lash majburiy.
Jamiyat
YPX xodimini «sotib olmoqchi bo‘lgan» shaxs jazoga tortildi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimiga pora berishga uringan fuqaro sud hukmi bilan jazoga tortildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan ushbu ishda ayblanuvchi I.J.ga nisbatan 2,5 yil muddatga ozodlikni cheklash hukmi e’lon qilingan.
Sud materiallariga ko‘ra, Qorako‘l tumani «Yangibozor» mahallasi, «Sayot» qishlog‘ida yashovchi 62 yoshli yoshli I.J. o‘zining boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashinada Qorako‘l-Olot yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan paytda YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchi avtomashinani boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda rulga o‘tirgani aniqlangan. Shu sababli inspektor tomonidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2024 yilda ham mast holda avtomashina boshqargani uchun sud qarori bilan 1 yil 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lgan.
Sudda aniqlanishicha, haydovchi ma’muriy javobgarlikdan qutilish maqsadida inspektorga avval 1 million so‘m, keyin esa 2 million so‘m miqdorida pul taklif qilgan. YHXB inspektori bu harakat jinoyat ekanini tushuntirganiga qaramasdan, I.J. o‘z taklifini qayta-qayta takrorlagan. Holat yuzasidan inspektor tegishli organlarga murojaat qilgan va tezkor tadbir tashkil etilgan.
Tezkor tadbir davomida Qorako‘l tumani «Do‘stlik» mahallasidagi avtomashinalar jarima maydonchasida I.J. inspektorga 2 million so‘m pulni pora sifatida bermoqchi bo‘lgan paytida qo‘lga olingan. Pullar xolislar ishtirokida sanab chiqilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan. Sud xulosasiga ko‘ra, inspektor pora olishdan bosh tortgani sababli jinoyat to‘liq sodir etilmagan. Shuning uchun Jo‘raqulovning harakatlari Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) emas, balki, 25-modda va 211-modda 1-qismi – pora berishga suiqasd sifatida qayta malakalangan.
Sud Jo‘raqulovning ilgari sudlanmagani, aybiga iqror bo‘lgani, yoshi va pensiyada ekanini inobatga olib unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
-
Jamiyat4 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pomidor, kartoshka va olma qimmatlashdi
-
Dunyodan3 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan2 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan5 days ago
Naxichevan aeroportida dron hujumi kuzatildi
-
Dunyodan3 days ago
Eronda AQSh va Isroilni qo’llab-quvvatlaganlarning mulki musodara qilinadi
-
Jamiyat1 day agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
