Sport
«Arsenal» finalga chiqdi, «Albasete» «Barsa»ga ham muammo tug‘dirdi. Kun o‘yinlari
«Chelsi» yarimfinalning har ikki o‘yinida «Arsenal»ga yutqazdi. «Barselona» «Real»ni turnirdan chiqarib yuborgan jamoa to‘sig‘idan o‘tdi.
Angliya ligasi kubogi, yarimfinal, javob uchrashuvi
«Arsenal» – «Chelsi» 1:0
Gol: Havers, 90+7 (1:0)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Timber, Subimendi, Rays, Eze, Martinelli, Madueke (Trossar, 69), Yokeresh (Havers, 69)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Hato (Palmer, 60), Fofana, Fernandes, Santos (Garnacho, 75), Kaysedo, Kukurelya, Gyusto (Achimpong, 87), Delap (Estevao, 60), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Delap, 56. Gyusto, 68. Estevao, 71
(Birinchi o‘yin 3:2)
«Arsenal» ham, «Chelsi» ham keng zaxira o‘rindig‘iga ega va bu omil jamoalarga barcha turnirlarda g‘oliblik uchun kurashishga imkon beradi. Angliya ligasi kubogi Liam Roseniorga jamoadagi dastlabki oylaridayoq sovrindor bo‘lish uchun imkoniyat edi, Mikel Arteta esa bu mavsumda kvadruplga erishishni ko‘zlagan.
Yarimfinalning 14 yanvar kuni «Stemford Brij»da o‘tgan birinchi o‘yini gollarga boy bo‘lgandi – «kanonirlar» 49-daqiqaga kelib 2:0 hisobida olinga chiqib olgan, ammo mezbonlar futbolchi almashtirishlar evaziga o‘yinga intriga qaytargan, ammo «Arsenal» yakunda baribir 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi.
O‘tgan uch hafta ichida Arteta shogirdlari kichik inqirozni boshdan kechirgandi. Jamoa APLda qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozona olmadi, ammo o‘tgan hafta oxirida «Lids»ni yirik hisobda mag‘lub etib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni tiklab oldi. «Chelsi»da esa, aksincha, bu oraliq juda kuchli o‘tkazildi: barcha turnirlar doirasida qatorasiga besh g‘alaba. Chempionlar ligasida ham jamoaning ishlari joyida ketmoqda – jamoa so‘nggi turda Neapolda irodali g‘alabaga erishib, 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
«Arsenal» «Emireyts»dagi javob o‘yini arafasida Saka va Edegor kabi yetakchilaridan ayrildi. Shu fonda jamoalarning imkoniyatlari deyarli teng baholanayotgandi.
Arteta o‘z ixtiyoridagi optimal tarkibni tushirdi. Rosenior esa uch markaziy himoyachidan iborat taktika tanladi, oldingi chiziqda faqat Delap va Joao Pedro juftligi harakat qildi (3-5-2).
Jamoalarning birinchi o‘yinida tezkor gol urilgan, Uayt 7-daqiqadayoq «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ammo javob uchrashuvining birinchi bo‘limi muxlislar uchun ancha zerikarli kechdi. Mezbonlar o‘yinning ko‘proq vaqtida to‘pga egalik qilishdi, ammo hisobdagi ustunlikdan kelib chiqqan holda to‘liq kuch bilan oldinga borishmadi. Mehmonlar murabbiyi tezkor qarshi hujumlarga tayanishni rejalashtirgandi, ammo «Arsenal» bunday vaziyatla yaratishga imkon bermadi.
Dastlabki 45 daqiqalikda jamoalarda faqat ikkita yorqin vaziyat yuzaga keldi. Dastlab 19-daqiqada «Arsenal» himoyachisi Piyero Inkapiye kutilmaganda chap qanotdan raqib jarima maydoniga kirib borib, olis burchakka chiroyli zarba yo‘lladi, ammo Robert Sanches zarbani qaytardi. To‘p Gabriel Magalyaynsga kelib tushgandi, ammo braziliyalik himoyachi to‘pni saqlab qola olmadi.
Bo‘lim oxirida esa Enso Fernandes javob qaytardi. «Chelsi» yarimhimoyachisi taxminan 25-27 metr masofadan zarba yo‘lladi. Shu kuni asosiy darvozabon Rayya o‘rniga tushgan Kepa Arrisabalaga esa ishonchni oqlab, to‘sin ostiga yo‘l olgan to‘pni qaytarib qoldi.
Tanaffusdan keyin «Chelsi» hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi. 48-daqiqada Liam Delap burchak zarbasidan keyin yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalana olmadi. Keyin esa maydonda qo‘polliklar va to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Bunda qisman o‘yin bosh hakami Piter Benksning ham hissasi bor: u futbolchilarning hissiyotlarini o‘z vaqtida bostira olmadi va bir necha epizodlarda mehmonlar foydasiga qaror chiqardi.
O‘yinning bir soati ortda qolganida Liam Rosenior zaxira imkoniyatlarini ishga solishga kirishdi. U bir himoyachini olib, sxemani o‘zgartirdi hamda Palmer va Estevaoni maydonga tashladi, keyinroq o‘tgan uchrashuv qahramoni Garnacho ham o‘yinga qo‘shildi. Ammo bu bilan o‘yinda jiddiy o‘zgarish ro‘y bermadi. «Chelsi» vaziyatlar yaratishda qiynalishda davom etdi, «Arsenal» esa kuchli pressing uyushtirib, raqibning hujumlarini ilk bosqichdayoq bo‘g‘ib qo‘ya boshladi.
81-daqiqada minute Estevao mehmonlar uchun xavfli jarima zarbasi ishladi. Ammo Palmer tepgan to‘p jonli devordan o‘tmadi. Bu mehmonlarning o‘yindagi oxirgi vaziyati bo‘lib qoldi.
So‘nggi daqiqalarda «Chelsi» bitta gol urish va o‘yinni penaltilar seriyasiga olib o‘tish umidida to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi. Ammo Arteta shogirdlari himoyada tartibli harakat qilishdi va raqibga hech qanday imkon qoldirishmadi. 90+7-daqiqada esa mezbonlar qarshi hujumda g‘alaba golini urib ketishdi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Kay Havers Raysning uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, uni aldab o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.
Havers o‘z vaqtida «Chelsi» safida o‘ynagan finalda g‘alaba golini urib, jamoani Chempionlar ligasi g‘olibiga aylantirgan. Keyin esa «Arsenal»ga transfer qilingan, u so‘nggi bir yil davomida og‘ir jarohat tufayli deyarli o‘ynamagandi. Germaniyalik hujumchi faqat 28 yanvar kuni YeChLda «Qayrat»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibga qaytib, gol va golli pas muallifi bo‘lgandi. Endi esa u so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urib, jamoasini Angliya ligasi kubogi finaliga olib chiqmoqda.
E’tiborli jihati, goldan keyin «Chelsi» sobiq futbolchisi tribunadagi muxlislarga ko‘kragidagi «Arsenal» emblemasini ko‘rsatdi.
Arteta esa «Chelsi» bilan o‘yinlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi (10 o‘yin). Endi «Arsenal»ning finaldagi raqibi bugun oqshom «Manchester Siti» va «Nyukasl» o‘rtasidagi javob uchrashuvida aniqlanadi (birinchi o‘yinda «shaharliklar» 2:0 hisobida ustun kelgandi).
Ispaniya: Yamalning seriyasi
«Albasete» – «Barselona» 1:2
Gollar: Yamal, 39 (0:1). Arauxo, 56 (0:2). Moreno, 87 (1:2)
«Barselona»: X. Garsiya, Arauxo (Kunde, 78), E. Garsiya, Martin, Joau Kanselu (Kubarsi, 46), de Yong, Bernal (Fermin Lopes, 66), Olmo, Reshford (Kasado, 66), Yamal, Levandovski (Torres, 66)
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 15
Albasetedagi o‘yin ko‘pchilikning diqqat markazida edi. Birinchidan, ushbu shaharcha jamoasi Ispaniya kubogining oldingi bosqichida «Real»ni turnirdan chiqarib yuborgandi. O‘sha vaqtda jamoa Segundada autsayder maqomida edi, ammo bu muvaffaqiyatdan shu qadar ruhlandiki, shundan keyin uch g‘alabadan iborat seriya qayd etib, turnir jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Endi jamoani xavfli hududdan sakkiz ochko ajratib turibdi, shunday ekan, Alberto Garsiya jamoasining ruhiy holati yaxshi edi.
Madridning xatolaridan xulosa chiqarishi kerak bo‘lgan «Barselona» esa ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi, ammo hadeganda raqibning tig‘iz mudofaasidan o‘ta olmadi. Vaziyatlardan birida Dani Olmo himoyachilar ortiga ochilgan Reshfordni ajoyib pas bilan ta’minlagandi, ammo hujumchining zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Biroz o‘tib aynan Markus mehmonlarning birinchi bo‘limdagi yagona golli hujumida hal qiluvchi rollardan birini o‘ynadi.
Bo‘lim oxirida ko‘k-anorranglilar maydonning ikkinchi qismida kuchli bosim uyushtirdi va to‘pni olib qo‘ydi. Reshforddan to‘pni qabul qilib olgan Frenki de Yong esa Yamalni golli pas bilan ta’minladi. 18 yoshigacha «Barsa» safida allaqachon 135 o‘yinda maydonga tushgan Lamin uchun bu gol alohida ahamiyatga ega bo‘ldi — yosh forvard faoliyatida ilk bor qatorasiga to‘rt o‘yinda golli harakat amalga oshirmoqda. Uning seriyasi bundan ham uzunroq bo‘lishi mumkin edi, ammo u diskvalifikatsiya tufayli YeChLda «Slaviya»ga qarshi o‘yinda qatnasha olmagandi.
Reshford esa ikkinchi golda ham asosiy ishni bajarib, burchak zarbasidan keyin to‘pni Arauxoning boshiga qo‘ndirib berdi.
O‘tkazilgan ikkinchi goldan keyin yo‘qotadigan narsasi qolmagan mezbonlar hujumga o‘tishdi. «Real»ga ikki gol urgan Xefte Betankor jarima maydonida Arauxoni aldab o‘tdi, ammo uning zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Biroz o‘tib uning bir necha metr masofadan turib boshda yo‘llagan zarbasi ham to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. U darvozani ishg‘ol etganda esa ofsayd xalaqit qildi.
Faqat o‘yin oxiriga borib Moreno hisobni qisqartirdi va o‘yin yakuni kataloniyaliklar uchun asabiy kechishini ta’minladi, so‘nggi daqiqalarda Martin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni boshda qaytarib qolib, «Barsa»ni overtaymlardan qutqarib qoldi. Sensatsiya ro‘y bermadi va kataloniyaliklar o‘z yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot16 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
