Sport
Lissabonda drama. Darvozabon «Real»ga gol urib, jamoasini pley-offga olib chiqdi
«Real» Mourinio jamoasidan uchralgan mag‘lubiyat tufayli kuchli sakkizlikni tark etdi, «Siti» va «Barsa» esa oxirgi turda kuchli sakkizlikka kirib oldi; «Qayrat» so‘nggi o‘rinda qolgan bo‘lsa-da, birinchi o‘rindagi «Arsenal»ga ikkita gol urdi; o‘tgan mavsum finalchilari «PSJ» va «Inter» ham o‘tish o‘yinlariga qoldi. YeChLning so‘nggi turidagi asosiy voqealar va turnir jadvalidagi yakuniy vaziyat.
«Benfika» – «Real» 4:2
Gollar: Mbappe, 30 (0:1). Shelderup, 36 (1:1). Pavlidis, 45+5 – penalti (2:1). Shelderup, 54 (3:1). Mbappe, 58 (3:2). Trubin, 90+8 (4:2)
«Benfika»: Trubin, Otamendi, Arauju, Dal, Dedich, Eursnes, Barreyru, Sudakov (Barrenechea, 83), Shelderup (Silva, 90+3), Prestianni (Regu, 87), Pavlidis (Ivanovich, 90+3)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Hausen (Alaba, 79), Karreras (Dias, 79), Valverde, Tshuameni (Kamavinga, 55), Bellingem, Arda Guler (Sestero, 79), Vinisius Junior, Mastantuono (Rodrigu, 55), Mbappe
Ogohlantirishlar: Barreyru, 11. Dal, 85 – Tshuameni, 3. Raul Asensio, 45. Hausen, 62. Karreras, 67. Rodrigu, 90
Chetlatishlar: Raul Asensio, 90 (ikkinchi sariq). Rodrigu, 90 (ikkinchi sariq)
«Real»ga «Da Luj»da oson bo‘lmasligi oldindan ma’lum edi. «Benfika» o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun borini berishga tayyor bo‘lib chiqqandi va o‘yin debyutidayoq Kurtua o‘z mahoratini ishga solishiga to‘g‘ri keldi, Prestiannining kuchli zarbasidan keyin to‘p darvozabonning reaksiyasi tufayli to‘singa bordi. Lissabonliklarni Mbappening guruh bosqichidagi 12-goli ham to‘xtata olmadi. Ko‘p o‘tmay mezbonlarning qarshi hujumi gol bilan yakunlandi, Pavlidisning ideal uzatmasidan keyin Shelderup muvozanatni tikladi.
Shundan keyin Madridda muammo ketidan muammo paydo bo‘la boshladi. Avvaliga Leandru Barreyru bir metr masofada turgan holda to‘pni burchakka yo‘llay olmay mehmonlarni kechirgandi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Pavlidis penaltini aniq ijro etdi – 2:1.
Ikkinchi bo‘lim boshida Asensioning xatosidan keyin Shelderup dublni nishonladi. Bir necha daqiqa o‘tib Mbappe ham Arda Gulerning uzatmasidan keyin ikkinchi golini urdi va o‘yinga intriga qaytardi.
O‘yinning oxirgi qismida esa tarixga kiradigan voqealar bo‘lib o‘tdi. Avvaliga «Benfika» futbolchilari g‘alabali hisobni saqlab qolish uchun vaqt cho‘zishga kirishdi. Ammo murabbiylar shtabi kutilmaganda bu hisob yetarli emasligini anglab qolishdi va shundan keyin mezbonlar shoshilgancha oldinga o‘ta boshlashdi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Rodrigo va Asensio qizil kartochka olib maydonni tark etdi. 90+8-daqiqada mezbonlar standart vaziyat ijro etish huquqini qo‘lga kiritdi, Joze Mourinio esa darvozabon Trubinga ham oldinga borishni buyurdi.
«Benfika» futbolchilari jarima maydonida son jihatdan ustunlikka erishishdi va aynan darvozabon raqib darvozasini ishg‘ol etib, Lissabondagi stadionga yig‘ilgan muxlislarni aqldan ozdirdi.
Aynan uning so‘nggi daqiqada urgan goli portugaliyaliklarni 24-o‘ringa olib chiqdi. Bu o‘yinda durang hisob ham yetarli bo‘lgan «Real» esa to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi va endi fevral oyi oxirida o‘tish bosqichi doirasida qo‘shimcha ikki o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. E’tiborli tomoni, bu bosqichda jamoaga yana «Benfika» raqib bo‘lishi mumkin, buni qur’a hal qiladi (madridliklarga «Benfika» yoki «Budyo-Glimt»dan biri raqib bo‘lishi aniq).
«PSJ» – «Nyukasl» 1:1
Gollar: Vitinya, 8 (1:0). Uillok, 45+2 (1:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Dembele, 4’
«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh (Mayulu, 87), Zair-Emeri (Mbay, 87), Barkolya (Ramush, 70), Kvaratsxeliya (Due, 23), Dembele
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Bern, Tshau, Tonali, Remsi, Holl, Mayli, Uillok (Gordon, 68), Elanga (Barns, 68), Voltemade (Vissa, 79)
Ogohlantirish: Elanga, 20
Ushbu ikki jamoa so‘nggi tur arafasida 6-7 o‘rinlarda turgandi, lekin ushbu jamoalar so‘nggi turda o‘zaro o‘ynashi tufayli ulardan biri kuchli sakkizlikni tark etishi ehtimoli yuqori edi. Yakunda esa har ikki jamoa o‘tish o‘yinlariga qoladigan bo‘ldi.
Holbuki amaldagi chempionlar ilk daqiqalarda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo 4-daqiqada Usmon Dembele penaltini aniq ijro etolmadi. Yana to‘rt daqiqa o‘tib Vitinya hisobni ochdi, shundan keyin parijliklar o‘yinni nazorat qilishdi, ammo bu ustunlikni saqlab qola olishmadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Uillok ikkinchi qavatda barchadan ustun kelib, muvozanatni tikladi.
Bu gol Luis Enriki jamoasi himoyasidagi muammolarni yaqqol ko‘rsatib berdi. Fransiya gegemoni so‘nggi olti o‘yinda 10 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu ko‘rsatkich yanada yomon bo‘lishi mumkin edi, ikkinchi bo‘limda «PSJ» «qarg‘alar»ning ko‘plab hujumlarini o‘tkazib yubordi. Uillok ikkinchi bor darvozani ishg‘ol qildi, ammo bu gol ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Barns esa bir yarim metr masofadan turib bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmadi. Parijliklar esa hujumda amalda hech qanday vaziyat yarata olishmadi, durang hisob esa ikki jamoani ham o‘tish o‘yinlariga yubordi.
«Chelsi»ning kambeki va «Barsa» uchun odatiy ssenariy
So‘nggi turning eng intrigaga boy o‘yinlari 13 tadan ochkoga ega jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar edi. 1/8 finalga uchta o‘rin uchun sakkizta da’vogar bor edi! Tabiiyki bu o‘yinlardagi har bir urilgan yoki o‘tkazib yuborilgan gol qiymati oltinga teng hisoblanardi.
«Napoli» – «Chelsi» 2:3
Gollar: Fernandes, 19 – penalti (0:1). Vergara, 33 (1:1). Hoylund, 43 (2:1). Joao Pedro, 61 (2:2). Joao Pedro, 82 (2:3)
«Napoli»: Meret, Buondjorno, Juan Jyezus (Guterres, 67), Di Lorenso, Maktominay, Lobotka, Olivera, Spinatssola (Bekema, 82), Elmas (Lukaku, 82), Vergara, Hoylund
«Chelsi»: Sanches, Jyeyms, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Chaloba, 59), Santos (Gittens, 59, Badiashile, 90), Kaysedo, Fernandes, Pedru Netu (Palmer, 46), Estevao (Garnacho, 74), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Juan Jyezus, 17. Elmas, 75 – Fofana, 88
«Chelsi»ning ishtiyoqi o‘tish o‘yinlariga ilinish umidida bo‘lgan «Napoli»nikidan ko‘proq bo‘lib chiqdi. Antonio Konte birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdi va Ensoning penaltidan urgan goliga tanaffusgacha ikki gol bilan javob qaytardi.
Ammo o‘yindagi so‘nggi so‘zni mehmonlar aytishdi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Koul Palmer Joau Pedruni ikkita golli uzatma bilan ta’minladi. Bu g‘alaba evaziga Liam Rosenior shogirdlari oltinchi o‘ringa chiqdi, Italiyaning amaldagi chempionlari esa turnirni tark etdi.
«Manchester Siti» – «Galatasaroy» 2:0
Gollar: Holand, 11 (1:0). Sherki, 29 (2:0)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ake, Husanov, Ait Nuri, Mateus Nunes, O`Rayli, Marmush (Reynders, 67), Bernardu Silva, Doku (Foden, 37), Sherki (Gonsales, 82), Holand
«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Sanches, Abdulkarim Bardakchi (Eren Elmali, 68), Yakobs, Sholloi, Sara (Ikardi, 86), Lemina, Gundo‘g‘an (Torreyra, 68), Sane (Kaan Ayxan, 80), Barish Yilmaz (Yunus Oqkun, 68), Osimhen
Ogohlantirish: Lemina, 19
Turklar ustidan g‘alabaga erishgan «Manchester Siti» kuchli sakkizlikni yakunlab berdi. Qatorasiga besh o‘yinni golsiz tark etgan Holand tezkor gol bilan hisobni ochdi: u Dokuning ajoyib uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va to‘pni uning ustidan oshirib tashladi. Ikkinchi gol ham juda osonnlik bilan urildi: raqib jarima maydonida hech qanday qarshilikka uchramagan Sherki zarba berishdan oldin mo‘ljal olish uchun yetarli vaqtga ega bo‘ldi. Parallel o‘yinlardagi natijalar (birinchi navbatda «Real» yutqazishi hamda «PSJ» va «Nyukasl» o‘zaro durang o‘ynashi) ham jamoaga yordam berib yubordi.
«Barselona» – «Kopenhagen» 4:1
Gollar: Dadason, 4 (0:1). Levandovski, 48 (1:1). Yamal, 60 (2:1). Rafinya, 69 – penalti (3:1). Reshford, 85 (4:1)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin (Arauxo, 72), Balde, Kunde, Olmo (Reshford, 72), E. Garsiya (Bernal, 46), Fermin Lopes (Kasado, 79), Rafinya, Yamal, Levandovski (Torres, 81)
«Kopenhagen»: Kotarski, Gabriel Pereyra, Xatzidiakos, Lopes, Meling, Sudzuki, Klem (Madsen, 55), Ashuri (Robert, 65), Larsson (Mukoko, 65), Al-Yunussi (Hoyyer, 78), Dadason (Klasson, 55)
Ogohlantirishlar: Yamal, 38 – Lopes, 27. Sudzuki, 39. Meling, 87. Gabriel Pereyra, 90
So‘nggi tur arafasida kuchli sakkizlikdan tashqarida bo‘lgan yana bir grand jamoa bo‘lgan «Barselona»ga finishda top-24 dan tashqaridagi «Kopenhagen» raqib bo‘ldi. Bu o‘yinda barchasi oldindan ma’lumdek ko‘rinayotgandi, ammo ko‘k-anorranglilar bu mavsumda istalgan raqibdan gol o‘tkazishmoqda. Bu o‘yinda esa skandinavlar hujumchisi Dadason 4-daqiqadayoq qarshi hujumda qochib ketib Garsiya qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi va tarixga kirdi. Bungacha yevrokubok o‘yinlarida «Kamp Nou»da mehmon bo‘lgan futbolchilardan hech biri u kabi yoshligida (17 yoshu 212 kunlik) gol urmagandi, bundan oldingi rekord (milanlik Paulo Ferrario) 1959 yil noyabridan buyon saqlanib turgandi.
Kataloniyaliklar tanaffusga mag‘lub holda yo‘l olishdi. Lekin ikkinchi bo‘limda barchasi o‘z o‘rniga tushdi. Yamalning jarima maydoniga yorib kirishi Levandovskiga golli pas bilan yakunlandi. Keyin esa Laminning o‘zi rikoshet yordamida ikkinchi golni urdi, uning navbatdagi uzatmasi esa penalti ishlanishiga olib keldi. Rafinya 11 metrlik nuqtadan benuqson zarba yo‘lladi, o‘yinga yakuniy nuqtani zaxiradan tushgan Reshford qo‘ydi. Ushbu ingliz futbolchisi dublga erishishi ham mumkin edi, ammo uning kuchli zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi. Yirik g‘alabadan keyin «Barsa» top-8ga kirib oldi.
Havers va Musiala hal qildi
«Arsenal» – «Qayrat» 3:2
Gollar: Yokeresh, 3 (1:0). Jorjinio, 7 – penalti (1:1). Havers, 15 (2:1). Martinelli, 36 (3:1). Rikardinio, 90+3 (3:2)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Moskera, Kalafiori (Inkapiye, 46), Lyuis-Skelli, Uayt, Norgar (Ibrahim, 89), Eze, Havers (Edegor, 46), Martinelli (Beyli-Jozef, 77), Madueke, Yokeresh (Gabriel Jyezus, 77)
«Qayrat»: Anarbekov, Martinovich, Sorokin, Shirobokov, Sadibekov, Gleyzer (Kasabulat, 70), Luish Mata (Kurgin, 70), Tapalov (Gromiko, 59), Jorjinio (Bagdat, 79), Mrinskiy, Edmilson (Rikardinio, 59)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 6 – Jorjinio, 69
«PSV» – «Bavariya» 1:2
Gollar: Musiala, 58 (0:1). Saybari, 78 (1:1). Keyn, 84 (1:2)
«PSV»: Kovarj, Obispo, Shauten, Mauro Junior, Dest, Saybari, Verman, Vanner, Perishich (Driosh, 82), Man (Fernandes, 46), Til
«Bavariya»: Urbig, Upamekano (Deyvis, 62), Ta, Ito, Bishof (Boe, 85), Kimmih, Pavlovich, Musiala (Gnabri, 62), Dias, Karl (Keyn, 62), Jyekson (Olise, 62)
Ogohlantirishlar: Perishich, 7. Shauten, 35. Til, 83. Mauro Junior, 86 – Upamekano, 24. Kimmix, 83
Chetlatish: Mauro Junior, 90 (ikkinchi sariq)
Umumiy guruh bosqichining ikki yetakchi jamoasi so‘nggi turda ikkinchi tarkiblarini maydonga tashladi: Arteta o‘z jamoasining «MYu»ga qarshi o‘yindagi tarkib bilan solishtirganda naq 11 futbolchisini almashtirdi. Xususan, londonliklar safida Havers bir yildan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi va 45 daqiqa o‘ynaganiga qaramay (1+1), o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. O‘z navbatida, myunxenliklar safida Jamol Musiala uzoq vaqt jarohatdan keyin boshlang‘ich tarkibga qaytib, PSV darvozasini ishg‘ol etdi. Yakunda ikki jamoa ham kichik hisobdagi g‘alabalarga erishdi va mos ravishda 1 va 2-o‘rinlarni saqlab qolishdi.
Yengil sayr
«Liverpul» – «Qorabog‘» 6:0
Gollar: Makallister, 15 (1:0). Virs, 21 (2:0). Saloh, 50 (3:0). Ekitike, 57 (4:0). Makallister, 61 (5:0). Kiyeza, 90 (6:0)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Gravenberh, Roberson, Frimpong (Endo, 4), Makallister, Soboslai (Nallo, 74), Virs (Nioni, 67), Gakpo (Kiyeza, 74), Saloh, Ekitike (Ngumoha, 67)
«Qorabog‘»: Koxalski, Mustafozoda, Medina, Jafarguliyev (Bolt, 67), Silva, Yankovich, Pedru Bikalyu, Montiel (Gurbanli, 85), Zubir (Adday, 81), Leandru Andrade (Bayramov, 67), Duran (Oxunzoda, 67)
Ogohlantirish: Yankovich, 70
«Ayntraxt» – «Tottenhem» 0:2
Gollar: Kolo Muani, 47 (0:1). Solanke, 77 (0:2)
«Ayntraxt» F: Santos, Teat, Koh, Amenda, Braun (Shaibi, 72), Buta, Sxiri (Daud, 72), Larsson (Dills, 83), Hoylund (Doan, 72), Knauff, Gyotse (Baoyya, 83)
«Tottenhem»: Vikario, Danso, Romero, Udoji (Bayfild, 89), Spens, Palinya, Grey, Sarr, Simons, Odober (Solanke, 73), Kolo Muani (Skarlett, 84)
Ogohlantirishlar: Vikario, 75. Palinya, 90
Angliyaning bu klubi ham so‘nggi turda hech qanday muammoga uchramadi. «Liverpul» yevromavsum kashfiyoti «Qorabog‘»ni yirik hisobda tor-mor etdi va «Enfild»da yig‘ilgan muxlislar uchun bayram uyushtirib berdi. Bu o‘yindagi uchta nuqtani alohida qayd etish mumkin. Birinchidan, Virs mersisaydliklar futbolkasida YeChLdagi debyut golini nishonladi. Ikkinchidan, Saloh jarima nuqtasidan ajoyib gol urdi. Uchinchidan, jamoa himoyachisi Virjiyl van Deyk uchta golga assistentlik qildi.
«Tottenhem» esa bu mavsumdagi asosiy paradoks bo‘lib turibdi. APLda «shporlar» shunchalik yomon o‘ynayaptiki, jurnalistlar Tomas Frankdan qachon iste’foga chiqishini so‘rashmoqda. Yevropa maydonlarida esa londonliklar yo‘lidan chiqqan raqibni yengmoqda, inqiroz holatidagi «Ayntraxt» ham ularga muammo tug‘dira olmadi. Birinchi bo‘lim oxirida Kolo Muani sobiq jamoasini ranjitdi, ikkinchi bo‘limda esa Solanke himoyachilar ta’qibidan qochib ketib, o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi. London jamoasi to‘rtinchi o‘rin bilan nimchorak finalga yo‘l oldi.
Skandinavlar hazillashmayapti
«Atletiko» – «Budyo-Glimt» 1:2
Gollar: Serlot, 15 (1:0). Sevold, 34 (1:1). Heg, 59 (1:2)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes (Rudjyeri, 57), Pubil, Gansko, Liorente, Koke (Molina, 64), Barrios (Le Norman, 78), Baena (Almada, 57), Gonsales (Kardozo, 64), Serlot, Alvares
«Budyo-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Gundersen (Aleyesami, 90), Berkan, Sevold, Berg, Fet (Helmersen, 83), Even (Klyunge, 90), Hauge, Blomberg (Euklenn, 74), Heg (Myayattya, 83)
Ogohlantirishlar: Liorente, 63. Almada, 85 – Xaykin, 67. Myayattya, 90
«Budyo-Glimt» o‘tgan turda o‘z maydonida «Manchester Siti»ni mag‘lub etib, shov-shuv ko‘targandi. Bu turda esa norvegiyaliklar Madriddan uch ochko bilan qaytishdi. Holbuki mezbonlar o‘yin boshida hisobni ochgandi. Ammo mehmonlar birinchi bo‘limdayoq chiroyli kombinatsiya orqali urilgan gol bilan javob qaytarishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Ketilya Knutsen shogirdlari g‘alabani ilib ketishdi. «Manchester Siti» darvozasiga dubl qayd etgan Heg bu safar ham maydonni golsiz tark etmadi. O‘tgan mavsumlarda «Bude» Konferensiyalar ligasi chorakfinalida va Yevropa Ligasi yarimfinalida qatnashgandi, endi asosiy yevrokubokda ham munosib natija qayd etish uchun kurashni davom ettirmoqda.
«Bryugge» – «Marsel» 3:0
Gollar: Dyakon, 4 (1:0). Verman, 11 (2:0). Stankovich, 79 (3:0)
«Bryugge»: Miniole, Ordones (Spilers, 72), Mehele, Seys, Sabbe (Sike, 85), Onedika, Vanaken, Stankovich (Vetlesen, 85), Dyakon (Tzolis, 69), Borjyesh, Verman (Tresoldi, 85)
«Marsel»: Ruli, Balerdi, Agerd, Murilio (Obameyang, 53), Kondogbiya (O`Rayli, 87), Heyberg, Medina, Vea, Traore (Payshao, 46), Grinvud, Guiri (Nadir, 87)
Ogohlantirishlar: Vanaken, 50 – Murilio, 22. Guiri, 80
Guruh bosqichi startini muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Bryugge» so‘nggi turlarda o‘ziga keldi va o‘tish o‘yinlarida qatnashadigan bo‘ldi. «Marsel» esa yirik hisobda yutqazib ham pley-offda qolishi mumkin edi, ammo Lissabondagi o‘yinning so‘nggi daqiqasida urilgan fantastik gol fransuzlarni top-24 dan tashqarida qoldirdi.
«Atletik» – «Sporting» 2:3
Gollar: Sanset, 3 (1:0). Diomande, 12 (1:1). Guruseta, 28 (2:1). Trinkau, 62 (2:2). Santos, 90+4 (2:3)
«Atletik»: Simon, Paredes, Berchiche, Boyro, Gorosabel, Ruis de Galarreta (Vesga, 66), Rego, Sanset (Berenger, 50), Navarro (Serrano, 81), Gomes (Sanches, 66), Guruseta (Yyerro, 81)
«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu (Mateus Reys, 26), Diomande (Kuarejma, 54), Arauxo, Fresneda, Yulmann, Simoyes (Morita, 54), Bragansa (Gonsalvesh, 54), Trinkau (Santos, 87), Katamu, Suares
Ogohlantirishlar: Gomes, 35. Guruseta, 44. Paredes, 75. Vesga, 82 – Mateus Reys, 29. Arauxo, 39. Simoyes, 49. Gonsalvesh, 55. Kuarejma, 86
Portugal jamoalari so‘nggi turda ispanlar kushandasiga aylandi. «Sporting» o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, kuchli sakkizlikka kirib olishdan tashqari, «Benfika»ga ham yordam berib yubordi. Agar «Atletik» g‘alabali hisobni ushlab qolganida, «Benfika» o‘rniga o‘tish o‘yinlariga yo‘l olgan bo‘lardi. Ammo «Sporting» safardagi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba golini urib ketdi va «San-Mames»ni motam ichida qoldirdi.
«Monako» – «Yuventus» 0:0
«Monako»: Ken, Teze, Kerer, Kayyu Enrike, Vanderson, Zakariyo, Kamara, Kulibali (Bamba, 78), Golovin (Uttara, 89), Akliush, Balogun
«Yuventus»: Perin, Bremer, Kelli, Kabal (Kambiyaso, 75), Kalyulyu, Kopmeyners (Jyegrova, 73), Tyuram (Devid, 83), Miretti (Kenan Yildiz, 46), Makkenni, Konseysau (Adjich, 46), Openda
Ogohlantirishlar: Kerer, 63. Kamara, 71 – Kenan Yildiz, 77. Adjich, 85
«Yuventus» o‘z odatiga ko‘ra nolsiz durang qayd etdi. Bu o‘yindagi g‘alaba ham turinliklarni kuchli sakkizlikka olib kira olmasdi. Bu durang ko‘proq monegaskliklar foydasiga xizmat qildi va jamoa pley-offda kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Agar jamoa yutqazganida, to‘plar nisbati tufayli Fransiyaning boshqa bir jamoasi «Marsel»ni, shuningdek «Pafos»ni oldinga o‘tkazib yuborgan bo‘lardi.
Turnir jadvalidagi yakuniy vaziyat:
Sport
«Siti» poygaga qaytdi. Kun o‘yinlari «Manchester Siti» yirik g‘alabaga erishgan o‘yinda Husanov qaydnomaga ham kiritilmadi, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev bittadan gol urdi.
«Siti» poygaga qaytdi. Kun o‘yinlari
«Manchester Siti» yirik g‘alabaga erishgan o‘yinda Husanov qaydnomaga ham kiritilmadi, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev bittadan gol urdi.
Source link
Sport
2027 yilgi Osiyo kubogiga qur’a tashlandi
O‘zbekiston milliy jamoasiga B guruhida Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniya kabi jamoalar raqiblik qiladi.
2027 yil Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi ishtirokchilari o‘z guruhdoshlarini bilib oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bahrayn, KXDR va Iordaniya kabi jamoalar bilan birga B guruhidan joy oldi.
A guruhi
Saudiya Arabistoni
Kuvayt
O‘mon
Falastin
B guruhi
O‘zbekiston
Bahrayn
KXDR
Iordaniya
C guruhi
Eron
Suriya
Qirg‘iziston
Xitoy
D guruhi
Avstraliya
Tojikiston
Iroq
Singapur
E guruhi
Janubiy Koreya
BAA
Vetnam
Livan/Yaman
F guruhi
Yaponiya
Qatar
Tailand
Indoneziya
Navbatdagi Osiyo kubogi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralga qadar bo‘lib o‘tadi. Unda 24 ta milliy jamoa 6 guruhga bo‘lingan holda qit’a chempionligi uchun kurash olib boradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan oxirgi Osiyo kubogida chorakfinalga chiqqan, ammo mezbon Qatarga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ygandi. O‘sha turnirda qatarliklar finalga chiqib, Iordaniyani mag‘lub etibgan holda ketma-ket ikkinchi bor qit’a chempionligini qo‘lga kiritgandi.
Sport
«Real» ikki futbolchisini mushtlashgani uchun 500 ming yevro jarimaga tortdi
Urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuameni o‘zaro janjal uchun jazolandi.
«Real» futbol klubi urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuamenini mashg‘ulotdagi mushtlashuv uchun 500 ming yevrodan jarimaga tortdi. Bu haqda Madrid klubi saytida xabar berildi.
«O‘yinchilar sodir bo‘lgan voqeadan to‘liq pushaymon ekanligini bildirib, bir-biridan uzr so‘radi. Bundan tashqari, ular klubdan, jamoadoshlaridan, murabbiylar shtabi va muxlislardan ham uzr so‘radi va ikkalasi ham klub munosib deb hisoblagan har qanday jazoni qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi», deyiladi xabarda.
Natijada «Real» ularni jarimaga tortishga qaror qildi va bu bilan tegishli ichki tekshiruvni yakunladi.
Bir kun avval Marca nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar mashg‘ulotdan so‘ng kiyinish xonasida mushtlashgan, oqibatda urugvaylik yiqilib, boshi bilan urilgan va keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan. Unga chok qo‘yilgani, klub esa shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, intizomiy ish qo‘zg‘atgani xabar qilingandi.
Shu bilan birga, Valverdening o‘zi bahs paytida tasodifan stolga urilib, jarohat olganini va shifoxonaga yotqizilganini aytgandi. U Tchuameni uni urmaganini ta’kidlab, voqeani bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirdi.
Sport
Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman Chess 2026 turnirini 3-o‘rinda yakunladi
Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyadagi nufuzli TePe Sigeman Chess 2026 turnirini uchinchi o‘rinda yakunladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster 7 tur yakunlariga ko‘ra turkiyalik 14 yoshli shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdogmush bilan 3-o‘rinni bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, Abdusattorov turnir davomida birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi. U startda g‘alaba qozonib, keyingi olti bahsni durang bilan yakunladi.
1-o‘rin — Magnus Karlsen (Norvegiya)
2-o‘rin — Arjun Erigaysi (Hindiston)
Turnir 1–7 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sport
«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi
Urugvaylik futbolchi boshidan jarohatlangan va safdan chiqqan. Klub ikki futbolchini ham jazolashi mumkin.
«Real»da ichki muhit kundan kunga yomonlashmoqda. «Barselona» bilan o‘yinga bir necha kun qolganida madridliklar mojaro girdobida qoldi – ish shu darajaga borib yetdiki, futbolchilar o‘zaro janjallashmoqda.
Chuameni va Valverdening janjali
So‘nggi kunlarda futbol olamidagi asosiy yangilik – Oreliyen Chuameni va Federiko Valverde o‘rtasidagi mushtlashuv bo‘ldi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yarimhimoyachilar dastlab chorshanba kungi mashg‘ulot chog‘ida nizolashib qolgan, ammo o‘shanda ish ochiq mushtlashuvgacha borib yetmagan.
Payshanba kuni futbolchilar hissiyotlarini jilovlay olishmagan. Xabar qilinishicha, fransiyalik futbolchi mojaroga chek qo‘yish uchun Fededan uzr so‘ragan, ammo urugvaylik uning uzrini qabul qilmagan. Mashg‘ulot vaqtida esa jamoadoshiga qarshi qo‘pol o‘ynay boshlagan. Murabbiy Alvaro Arbeloa vaziyatni to‘g‘rilash uchun ularni mashg‘ulotda bitta jamoa safida o‘ynatgan. Lekin vaziyat yumshamagan.
As nashri yozishicha, kiyim almashtirish xonasida Valverde Chuamenini bir kun oldin bo‘lgan janjalni OAVga sizdirishda ayblagan. Oreliyen esa buni qat’iy rad qilib, jamoadoshidan uni ayblashni to‘xtatishni talab qilgan. Fede esa to‘xtamagan, shundan so‘ng Oreliyen unga musht tushirgan. Zarbadan so‘ng Valverde yiqilgan va stol burchagiga urilib boshi yorilgan. Shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan va boshini tikishgan.
Valverdening raddiyasi
Hozirda futbolchi bazaga qaytgan. «Real» matbuot xizmati rasmiy bayonotida aytilishicha, unda bosh miya jarohati qayd etilgan. Bunday holatlarda futbolchi ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi mumkin.
Ko‘p o‘tmay Valverde ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida holat yuzasidan izoh berdi: u vaziyat bo‘rttirib yuborilgani, bu har qanday jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatligi va bunday xabar kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasligi kerakligini aytgan.
«Jamoadoshim meni urgani yo‘q, men ham uni urmadim. Lekin tushunaman: biz mushtlashganimizga yoki bu ataylab qilinganiga ishonishingiz osonroq, lekin unday emas. Bahs paytida men tasodifan stolga urildim, bu esa peshonamda kichik tirnalishga va shifoxonaga borishimga sabab bo‘ldi», – deya yozgan Fede.
Futbolchi «Real»ning og‘ir mavsumi va Chempionlar ligasini tark etishni qabul qilish og‘ir bo‘lganini tan olgan.
«Biz yana bir yilni behuda sarfladik. Men g‘azab va alamimni ichimga yutardim, ammo oxir-oqibat hammasi bema’ni janjalga aylanib ketdi», – degan futbolchi.
U bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ragan va hamon klubga sodiqligini qayd etgan.
«Real» – hayotimdagi eng muhim narsalardan biri va men unga befarq bo‘la olmayman», – deya qo‘shimcha qilgan urugvaylik futbolchi.
Valverde o‘z murojaatini shunday yakunlagan: «Men klub va jamoadoshlarim zarur deb hisoblagan har qanday qarorga rozi bo‘laman».
Futbolchilar jazolanadi
«Real» klubiga yaqin bo‘lgan jurnalistlar bu voqea rahbariyatning g‘azabini keltirgani, ikki futbolchi ham intizomsizligi uchun qat’iy jazolanishi haqida yozishdi.
Ko‘p o‘tmay «Real» klubi Valverde va Chuameni o‘rtasida chiqqan mojaroni rasman tasdiqlab, ularga nisbatan intizomiy ish ochilganini ma’lum qildi:
«Real Madrid futbol klubi ertalabki mashg‘ulot paytida Federiko Valverde hamda Orelen Chuameni o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qiladi. Klub tegishli jarayonlarni yakunlaganidan keyin ikki futbolchiga nisbatan qo‘llangan choralar haqida batafsil ma’lumot beradi».
Bunday holatlar uchun futbolchilar bir necha o‘yinga chetlatilib, moliyaviy jarima qo‘llanishi mumkin. Ichki protokolga ko‘ra, jiddiy darajada muammo keltirib chiqqan futbolchilar bilan shartnoma bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, xaos «Real» uchun odatiy holga aylangan. Xabarlarga ko‘ra, jamoa a’zolari ikki guruhga ajralib olgan va o‘zaro muloqot qilmaydi. Olti nafar futbolchi esa bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning so‘zlariga quloq tutmaydi.
Bu vaqtda klub himoyachilari Antonio Ryudiger va Alvaro Karreras o‘rtasida ham so‘nggi vaqtlarda ikki bor janjal ro‘y bergani haqida ham xabarlar tarqalgan. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi janjaldan keyin jamoadoshlari Ryudigerni uzr so‘rashga majbur qilishgan.
Mbappe bilan bog‘liq vaziyat
Bu voqealar Kilian Mbappe bilan bog‘liq katta mojaro fonida ro‘y bermoqda: jarohatlangan hujumchi tiklanish jarayonini o‘tash o‘rniga sevgilisi bilan Italiyaga ketib qolishi jamoadoshlarini ham, klub muxlislarini ham g‘azablantirgan. Muxlislar fransiyalik futbolchini jamoadan ketkazish talabi bilan petitsiya boshlagan va u allaqachon 34 million kishi tomonidan imzolangan.
Lekin Mbappe allaqachon klub bazasiga qaytdi va aftidan hech narsadan xavotirda emas – u tez orada maydonga qaytishi ham mumkin. Chuameni va Valverdening janjali ro‘y bergan mashg‘ulotda Kilian ham bor edi va bazani juda mamnun holatda tark etgan. Jurnalistlar hujumchi bazadan qattiq kulgancha chiqib ketayotganini ko‘rishgan.
Mendining og‘ir jarohati
Bu vaqtda madridliklar tarkibida yana bir jiddiy yo‘qotish ro‘y berdi. Mavsumning katta qismini jarohatini davolash bilan o‘tkazib yuborgan himoyachi Ferlan Mendi la liganing 34-turi doirasida «Espanyol»ga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) yana jarohat oldi. U o‘yin boshida tezlik olayotganida bel qismida og‘riq sezdi va gazonga o‘tirib oldi.
Avvaliga shifokorlar uning davolanish va tiklanish jarayoni besh oy davom etishini prognoz qilishgandi. Ammo 7 may kuni Mendi o‘ng son mushagining payi uzilgani va operatsiya qilinishi, kamida bir yilni o‘tkazib yuborishi ma’lum qildi. COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, endi 30 yoshli fransuz futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylamoqda.
Shunday muammolar girdobida qolgan «Real» 10 may kuni «Kamp Nou»ga safar qiladi va la liganing 35-turi doirasida «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. Kataloniyaliklar shu kuni chempionga aylanishi mumkin – buning uchun mezbonlar azaliy raqibiga yutqazmasligining o‘zi yetarli bo‘ladi. Madridliklar bu o‘yinga qanday holatda borishi hisobga olinsa, bu qiyin vazifa bo‘lib ko‘rinmayapti.
-
Siyosat2 days agoOliy sud 161 nafar Sovet repressiyasi qurbonlarini reabilitatsiya qiladi
-
Dunyodan4 days agoXitoyda pirotexnika zavodining portlashi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
budjet tarkibida qaysi soliqlarning ulushi ko‘proq?
-
Siyosat3 days agoOʻzbekistonda Mudofaa vazirligi tarkibida sunʼiy intellekt boʻlimi va kiberxavfsizlik instituti tashkil etildi
-
Dunyodan4 days agoTahlilchilar neft haqida xavotirli ma’lumotlarni e’lon qilishdi
-
Jamiyat3 days ago
Askiya nozikfahm zakiylar bahsi, «tor» hazillar emas!
-
Jamiyat2 days ago
Farg‘onada sohalar rivoji: sanoat, IT va turizm
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar to‘xtovsiz o‘sib bormoqda
