Jamiyat
«Erkalatib yubordik» – rossiyalik propagandachi Markaziy Osiyo davlatlari «o‘z o‘rnini bilishi» kerakligini aytdi
Mixeyev ushbu mamlakatlar «o‘z xatti-harakatlari haqida o‘ylab ko‘rishi» va «o‘z o‘rnini bilishi» kerakligini ta’kidlab, Ukraina atrofidagi vaziyat bilan parallel o‘tkazgan.
«Rossiya 1» telekanali efirida Markaziy Osiyo va Kavkazdagi suveren respublikalar manziliga qaratilgan navbatdagi bahsli bayonotlar yangradi. Propagandachi Vladimir Solovyov boshlovchiligidagi «Vecher s Vladimirom Solovyovym» ko‘rsatuvi efirida mehmon bo‘lgan politolog Sergey Mixeyev mintaqa davlatlari tashqi siyosatini tanqid qilib, amalda ularning teng huquqli sheriklik huquqini rad etgan.
Muhokama chog‘ida u Rossiya ko‘p yillar davomida mintaqa davlatlarini qo‘llab-quvvatlab kelgani, biroq, bu ularning «erkalanib ketishi»ga olib kelganini aytgan.
U possovet mamlakatlari bo‘yicha siyosatni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlagan.
«Rossiya barchaga qarzdor bo‘ladigan vaziyat – Rossiya esa hech kimga qarzdor emas – bu boshi berk bo‘lgan vaziyatdir. Ha, bu possovet mamlakatlariga doimo bizni turli loyihalar bilan shantaj qilishga imkon beradi…
Biz shusiz ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib beryapmiz. Bu mehnat migratsiyasiga ham, biz ko‘rsatayotgan yordamga ham va boshqa ko‘p narsalarga ham taalluqli. Ammo doim biz qarzdordekmiz.
Menimcha, xafa bo‘lmanglar, ammo bunday ohang hozir Ukraina bilan sodir bo‘layotgan voqealarning sabablaridan biriga aylangandi», – deydi u.
Shundan so‘ng boshlovchi Vladimir Solovyov gapga qo‘shilib, bu fikrni qat’iyroq shaklda bildirgani, «asabi buzuqlar» esa elchini chaqirtirishganidan noligan.
– Vladimir, bilasizmi, ular nima uchun bunday qiziqqon?
– Chunki ular men haqligimni bilishadi (kulgi).
– Bu birinchi sabab. Ikkinchi sabab ham bor – biz ularni erkalatib yuborganmiz. Biz ularni erkalatib yubordik…
Ular o‘z o‘rnini bilishi kerak… Yana bir bor takrorlayman: biz shundoq ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib berganmiz.
Oldinroq Vladimir Solovyov o‘z muallifligidagi «Solovyov Live» ko‘rsatuvi efirida Rossiya asosiy e’tiborini yaqin xorij mamlakatlariga qaratishi lozimligini aytgandi. U Markaziy Osiyoni «bizniki» deb atagan va bu mintaqaning Moskva uchun strategik ahamiyatini qayd etgandi. U Rossiya «milliy xavfsizlikni ta’minlash» uchun Ukrainada bo‘lgani kabi Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus harbiy operatsiya» boshlashi kerakligi haqida gapirgandi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat5 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat1 day ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
