Sport
Rossiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi vafot etdi
Rossiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Boris Ignatev 85 yoshida vafot etdi.
Boris Ignatevga 2024 yil dekabr oyida onkologik kasallik (oshqozonda o‘simta) tashxisi qo‘yilgan edi.
Ignatev Moskvaning “Spartak” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Futbolchilik faoliyati davomida u Ijevskning “Zenit,” “Raketa,” “Volga,” Maxachqal’aning “Dinamo,” Jukovskiyning “Meteor,” Ufaning “Stroitel” klublarida o‘ynagan.
U murabbiylik faoliyatini 1973 yilda boshlagan va 1996 yilda Oleg Romantsev o‘rniga Rossiya terma jamoasiga murabbiylik qilgan. Uning qo‘l ostida terma jamoa 1998 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan.
Ignatev 1988 yilda Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan SSSR yoshlar terma jamoasiga murabbiylik qilgan.
Uning so‘nggi ish joyi Moskvaning “Torpedo” klubi bo‘lib, u yerda 2013 yildan 2018 yilgacha vitse-prezident lavozimida ishlagan.
Sport
Mundial yulduzlari. Runiga qiyoslanayotgan marokashlik to‘purar
Guruh bosqichidagi uchta o‘yinda ham bittadan gol urgan va pley-offda Niderlandiya darvozasiga hal qiluvchi zarbani aniq yo‘llagan Ismoil Saybari turnir qahramonlaridan biriga aylandi. Endi u yangi mavsumni «Bavariya»da boshlaydi. Holbuki u 2 yoshgacha yura olmagan va shundan keyin ham maxsus bandajlar orqali harakatlangan, shifokorlar u yaxshi yurib keta olmasligi mumkinligini taxmin qilishgandi.
Bugun tunda nimchorak final doirasidagi ilk o‘yinda turnir mezbonlaridan biri Kanada himoyachilari turnir kashfiyotlaridan birini to‘xtatishi talab etiladi. U Ispaniyada tug‘ilgan, futbolchilik faoliyatini Belgiyada boshlagan, keyin esa Niderlandiya chempionatiga o‘tib, so‘nggi ikki mavsumda PSV safida porlagan, endi esa jahon chempionatida raqib himoyachilarining dahshatli tushiga aylanmoqda. Ismoil Saybari – Marokash milliy jamoasining yangi yulduzi. U yangi mavsumda gollarini Myunxenning «Bavariya» klubida ura boshlaydi.
Nemislar klubi uning transferini jahon chempionatidan oldinroq hal qilib qo‘ygandi. Agar klub otni vaqtida qamchilamaganida qimmatroq to‘lashiga (hozirda PSV bilan 55 mln yevroga kelishilgan) to‘g‘ri kelgan bo‘lardi.
Murabbiy topilmasi
Marokashlik forvard guruh bosqichida uchta gol urdi. Braziliya, Shotlandiya va Haitiga bittadan. Uning gollaridan har birini – mini-shedevr deyish mumkin.
Braziliya bilan o‘yinda Saybari yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va to‘pni Alison ustidan oshirib tashladi. Shotlandiya bilan o‘yinda – ofsayd chizig‘ida harakat qilgan holda ideal tarzda ochilib, jarima maydoniga kirishda to‘pni qabul qilib oldi va kuchli zarbasi bilan olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Ikki holatda ham Saybariga Braim Dias assistentlik qildi. Ispaniyada tug‘ilgan bu futbolchilar bir-birini juda yaxshi tushunishadi (tom ma’noda ham, futbol tili ma’nosida ham) his qilishadi. Marokash uchun kutilmaganda murakkab kechgan Haitiga qarshi o‘yinda (4:2) esa Ismoil birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Ashrafa Hakimining qanotdan oshirgan pasini qabul qildi va to‘pni yerlatib burchakka yo‘lladi, bu holatda raqib darvozaboni joyidan qimirlashga ham ulgurmadi.
Pley-offning ilk o‘yinida ham u muntazam ravishda Niderlandiya himoyachilarini tahlika ostida ushlab turdi, uning van Hekke bilan dueli bu turnirdagi eng qizg‘in qarama-qarshiliklardan biriga aylandi (to‘qnashuvlardan birida futbolchining qoshi ham yorildi), yakunda esa penaltilar seriyasida aynan Saybari so‘nggi zarbani aniq yo‘llab, jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi.
Holbuki ushbu 25 yoshli futbolchi faoliyatini markaziy hujumchi sifatida boshlamagan va yaqingacha hujumkor yarimhimoyachi yoki chap qanot vingeri ampluasida o‘ynagan. Faqat shu yil bahorida Marokash bosh murabbiyi etib tayinlangan Muhammad Vahbiy Ismoilni u hali hech qachon o‘ynamagan pozitsiyaga joylashtirdi.
Bu qaror jamoaning yangilangan dinamik o‘yin uslubiga Afrika kubogida asosiy hujumchi bo‘lgan va asosan bosh bilan gol urishga ixtisoslashgan Yusuf An-Nosiriydan ko‘ra jismoniy kuch va tezlikni o‘zida mujassamlashtirgan Saybarining xususiyatlari ko‘proq mos kelishi bilan izohlanadi. Ismoil – butunlay boshqa plandagi, ko‘p funksiyali universal futbolchidir. U maydon bo‘ylab a’lo darajada harakatlanadi, uzoq masofadan aniq va kuchli zarba bera oladi, driblingi ham yomon emas va gol sezish qobiliyatiga ega. Mohiyatan, hozirgi sxemada Saybari hujum nayzasining uchi emas, balki «aldamchi to‘qqizlik» hisoblanadi.
Saybari 2026 yil yanvarida Afrika kubogi finalida Senegalga qarshi o‘yinda
Foto: Youssef Loulidi/AP Photo/TASS
Shon-shuhrat tomon og‘ir yo‘l
Braimdan farqli o‘laroq, Saybari – ispan futboli mahsuloti emas. Kataloniyada muhojirlar oilasida tug‘ilgan bo‘lsa-da, u 6 yoshligida oilasi bilan Belgiyaga ko‘chib o‘tadi va u yerda bir necha klublar, jumladan, «Anderleht» klubi akademiyasida tarbiyalanadi. Lekin aynan shu klub akademiyasida uni chetlatishadi va bu yosh futbolchini futbol va mashg‘ulotlarni o‘zgartirishga undaydi. Saybari kasbiga jiddiy qaraydi, ammo bir muammodan hech qutula olmaydi. Bir safar jamoa yig‘ilishiga navbatdagi marta kechikkanidan keyin PSV bosh murabbiyi Peter Bosning sabr kosasi to‘ladi va u futbolchini mehmonxonada qoldirib, Chempionlar ligasida «Arsenal»ga qarshi kechadigan o‘yin qaydnomasidan chiqarib tashlaydi.
Ushbu voqea futbolchi uchun saboq edi va shundan keyin Bos Saybarini faqat maqtaydi. Shu bilan birga, Ismoil o‘ta odamshinavanda ekani va mashg‘ulotlardan keyin dam olish o‘rniga do‘stlarini ko‘rishga yoki ularga yordam berishga borishni kanda qilmasligini qistirib o‘tadi. O‘z navbatida, tungi klublar va ziyofatlar – uning joyi emas. Saybari bu darajaga katta qiyinchiliklar bilan yetib kelgani uchun hozirgi holatini qadrlaydi. U faqat 2 yoshida yura boshlagan va unga maxsus bandajlar taqib qo‘yishgan, chunki oyoq kaftlari ichkariga qattiq buralgan edi. Shifokorlar hatto u kelgusida normal yura olmasligi mumkinligini taxmin qilishgandi. 14 yoshida esa – organizmning o‘ziga xosligi tufayli – ortiqcha vazn muammosi paydo bo‘ladi va aynan shu tufayli unga «Anderleht»da javob berib yuborishadi.
Ammo u barchasini yengib o‘tdi, nom qozondi va maqsadiga erishdi. Ismoil uch mamlakat pasportiga ega, shu tufayli u Belgiya milliy jamoasida ham o‘ynashi mumkin edi. O‘z vaqtida Roberto Martines futbolchini mamlakat bosh jamoasiga taklif qilgandi, ammo u bu taklifdan hayratdaligini yashirmaydi, ammo allaqachon o‘z tarixiy vatani – Marokash foydasiga tanlov qilib bo‘lganini aytadi.
«Milliy jamoani tanlaganingizda, bu yurakdan chiqishi kerak. Bu qayerda ko‘proq imkoniyatingiz bo‘lishi haqidagi strategik qaror bo‘lmasligi kerak», – deydi bu haqda Saybari.
Ikkinchi Runi
Martines bilan o‘sha muloqot 2022 yilda bo‘lib o‘tgan, bir yildan keyin Saybari «Atlas sherlari» bilan U23 toifasida Afrika kubogida g‘olib chiqqan. Jamoa o‘shanda Parij olimpiadasiga yo‘llanma oladi va yakunda olimpiada bronza medallarini qo‘lga kiritadi, ammo Ismoilning kolleksiyasida bu bronza yo‘q, chunki o‘shanda PSV uni asrash uchun turnirga jo‘natmagandi.
Foto: Getty Images
Va bu qaror yakunda o‘zini oqladi va keyingi mavsum Ismoilning faoliyatida ko‘tarilish pallasiga aylandi. 2024/2025 yillar mavsumini u ajoyib o‘tkazdi va Erediviziyada 29 o‘yinda gol+pas tizimida 11+11 ko‘rsatkichini qayd etdi. U Niderlandiya chempionatining o‘tgan mavsumida natijasini yanada yaxshiladi: 27 o‘yinda gol+pas bo‘yicha 15+8 ko‘rsatkichini qayd etib, PSV qatorasiga uchinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritishida katta hissa qo‘shdi va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ismoilning o‘zi izohlashicha, sermahsulligiga psixologiyadagi o‘zgarish ta’sir ko‘rsatgan: «Ilgari men xato zarba bermasligim kerakligi haqida o‘ylardim, endi esa men gol uraman, deyman!»
Saybari Chempionlar ligasida ham o‘zini ko‘rsatdi: u «Liverpul», «Yuventus», «Napoli» va bo‘lajak jamoasi «Bavariya» kabi jamoalar darvozasini ishg‘ol etgan.
«Chempionat» kolumnisti Dmitriy Bajanov uni ingliz futboli afsonasi Ueyn Runiga qiyoslaydi:
Saybari ajoyib zarba kuchi bilan ajralib turadi. Uning ajoyib zarbasi bor va u istalgan paytda bu kuchni ishlatishga tayyor. Shu ma’noda, Ismoilning o‘yin uslubi «Manchester Yunayted»ning dastlabki mavsumlaridagi – hali 8-raqam ostida o‘ynagan paytlaridagi Ueyn Runini eslatadi. Bu futboldagi o‘ziga xos testosteron edi: Runi hujumda istalgan pozitsiyada turib, darvozaga shunday zarba bera olardiki, darvozabonning g‘amgin qiyofada to‘pni to‘rdan olib chiqishdan boshqa iloji qolmasdi.
Yillar o‘tib Ueyn ancha mulohazali va universal futbolchiga aylandi, ko‘proq pleymeyker, ba’zan esa hatto rejist rolini o‘ynashga o‘tdi. Vaqt o‘tishi bilan Saybarida ham shunga o‘xshash o‘zgarish yuz berishi mumkin. Ammo hozircha Ismoil darvozabonni har qanday pozitsiyadan va har qanday masofadan dog‘da qoldirish qobiliyati bilan aynan yosh Runini eslatadi. Ular tana tuzilishi jihatidan har xil (Runi pastroq va to‘laroq, Saybari baland bo‘yli va salobatli), ammo mohiyatan o‘xshash.
«Bavariya»dagi istiqbol
O‘tgan mavsum davomida PSV bosh murabbiyi Peter Bosdan Saybarining kelajagi haqida so‘rashganida, u o‘z shogirdi jismoniy jihatdan APL darajasiga yetilgani va unda Angliyada bu borada hech qanday muammo tug‘ilmasligini aytgandi. Lekin futbolchi hozircha Germaniya chempionatiga, «Bavariya» safiga o‘tdi, nemislar klubi uni hozirgi bozor o‘lchovlarida ancha kamtarona bo‘lgan 55 million yevroga transfer qildi va u bilan 2031 yilga qadar amal qiladigan shartnoma tuzdi.
Erediviziyada porlagan hujumkor futbolchilarning barchasi ham kuchliroq ligalarda o‘sha darajani saqlab qola olmagan. Shu jihatdan, Saybarining «Bavariya»da qanday o‘ynab ketishini kuzatish qiziq. Bir tomondan, u tinimsiz gol uradigan hujumkor va liga gegemoni bo‘lgan jamoa safida o‘ynaydi. O‘tgan mavsumda Vensan Kompani boshqaruvidagi «Bavariya» futbolchilari Bundesliganing 34 turida naq 122 gol urishgan. Bu esa mutlaq rekord hisoblanadi. XXI asrda top-5 ligalardagi biror jamoa milliy chempionatda bu qadar ko‘p gol urmagan.
Bunday jamoada o‘ynaganda, yetarlicha gol urish kafolatlangan bo‘ladi. Boshqa tomondan, «Bavariya» hujum chizig‘ida kuchli raqobat mavjud. Markaziy hujumda Harri Keyn o‘rnini hech kimga bermaydi. Qanotlardagi Luis Dias va Maykl Olise ham. Olise atrofida Madridga ketishi mumkinligi haqida turlicha mish-mishlar yuribdi. Ammo «Bavariya» fransuz futbolchisi bilan xayrlashmoqchi emas.
Shunday ekan, Saybari uchun faqat hujumchi ortidagi pozitsiya qolmoqda. Katta ehtimol bilan, unda asosiy tarkibga kirish uchun aynan shu pozitsiyada imkon bo‘ladi. Bu pozitsiya bo‘yicha raqobatchi Jamol Musiala oxirgi vaqtlarda ko‘p jarohat olmoqda, u oldingi formasiga qayta olmayapti va jahon chempionatida ham o‘zini ko‘rsata olmadi.
Serj Gnabri ham bor, ammo unda ham so‘nggi mavsumlarda jarohatlar ko‘payib ketdi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda klubning 18 yoshli tarbiyalanuvchisi Lennart Karl porlagandi. Ammo u qanchalik barqaror o‘ynashi hozircha aniq emas. Qolaversa, Karl nafaqat hujumchi ortida, balki o‘ng qanotda ham o‘ynay oladi. Nazariy jihatdan, Saybari va Karl bir vaqtda maydonda bo‘lishi mumkin.
«Bavariya» rahbariyati xarajatlarga jiddiy qaraydi. 55 mln yevro – baribir jiddiy mablag‘. Myunxenliklar Saybari uchun shuncha pul sarfladimi, demak undan qanday foydalanishni bilishadi. Marokashlikdagi universalizm murabbiy uchun ham qo‘l keladi. U «o‘nlik» sifatida tushishi ham, qanotlarda harakat qilishi ham mumkin. O‘rni kelganda Keynning ham o‘rnini egallay oladi.
U qayerda o‘ynashini muxlislar keyingi mavsumda ko‘rishadi. Hozircha esa Ismoil jahon chempionatida hal qiluvchi o‘yin ostonasida. Uning o‘zi uchun ham hozir birinchi galdagi maqsad – Marokash bilan turnir mezbonlari Kanadani mag‘lub etib, pley-offdagi yurishini davom ettirish hisoblanadi.
Sport
Paragvay – Fransiya bahsini o‘zbekistonlik hakamlar boshqaradi
Mazkur bahs AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarga to‘g‘ri kelayotgani bois stadionga mamlakatning yuqori martabali davlat amaldorlari ham tashrif buyurishi kutilmoqda.
O‘zbekistonlik FIFA hakami Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan Paragvay – Fransiya uchrashuviga tayinlandi.
Ilgiz Tantashevga qanot hakamlari Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
Uchrashuv 5 iyul kuni soat 02:00 da AQShning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bahs AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarga to‘g‘ri kelayotgani bois stadionga mamlakatning yuqori martabali davlat amaldorlari ham tashrif buyurishi kutilmoqda.
Avvalroq o‘zbekistonlik hakamlar guruhi Shotlandiya — Marokash o‘yinini boshqargandi.
Sport
JCh kundaligi. Kabo-Verde yana qahramonlik ko‘rsatdi, Misrda tarixiy natija
Nimchorak final juftliklari ma’lum.
Jahon chempionatida 1/16 final bosqichi yakunlandi. Bosqichning oxirgi kunida Argentina Kabo-Verdeni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi (3:2), Kolumbiya Gana masalasini hal qildi (1:0), Misr Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi (1:1, pen. — 4:2).
Kabo-Verde jahon chempionlarini qiynadi
Argentina – Kabo-Verde 2:1
Gollar: Messi, 29 (1:0). D. Duarte, 59 (1:1). L. Martines, 92 (2:1). Lopesh Kabral, 103 (2:2). Diney Borjyes, 111 – avtogol (3:2)
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero, Medina (Talyafiko, 85), Molina (Montiel, 104), Makallister, Fernandes, Almada (Alvares, 63), de Paul (Paredes, 84), Messi, L. Martines (Gonsales, 63)
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral, Moreyra, Lenini (Ya. Semedu, 100), D. Duarte (Benshimol, 100), L. Duarte (Monteyru, 67), Kabral (Varela, 80), Mendesh da Grasa (V. Semedu, 80), Da Koshta (Livramento, 67)
Ogohlantirishlar: Montiel, 115 – Lenini, 68
Argentina jahon chempionati g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri. Qatardagi turnir chempionlari guruh bosqichida yorqin hujumkor o‘yin ko‘rsatdi, jamoa yetakchisi Lionel Messi hamon yuqori sport formasida ekanini namoyish etib, uchta o‘yinda oltita gol urdi. Jamoa pley-offda uzoqqa borishiga deyarli hech kimda shubha yo‘q edi. Ammo 1/16 finaldayoq janubiy amerikaliklar katta qiyinchilikka uchradi.
Holbuki Argentina ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga olgan va kuling brekdan keyin hisobni ochgandi. Bu safar ham Messi aniq harakat qildi: u Lisandro Martinesning uzatmasiga ochilib, jarima maydonida to‘pni bir harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirdi va ikkinchi teginishda to‘pni yaqin burchakka joylashtirdi. Bu ushbu hujumchining jahon chempionatlaridagi 20-goliga aylandi.
Shundan keyin «Albiseleste» hisobni yirik ko‘rinishga keltirishiga tayyorlana boshladi. Ammo Kabo-Verde kurash taklif qildi. 59-daqiqadagi hujumni Deroya Duarte gol bilan yakunladi – 1:1.
Argentinaliklar bosimni oshirishdi va ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratishdi, ammo Vozinyani dog‘da qoldira olishmadi. Turnirda muxlislarning sevimli futbolchisiga aylangan ushbu darvozabon sakkiz bor seyv ijro etdi, jumladan, Messining yakkama-yakka vaziyatda bergan zarbasini, shuningdek, ikki bor ayyorona tarzda yo‘llangan jarima zarbalarini ham qaytardi.
«Akulalar» o‘yinni overtaymlarga olib o‘tishdi va qo‘shimcha bo‘limlarda muxlislar haqiqiy trillerga guvoh bo‘lishdi – yana uchta gol urildi. Kabo-Verde birinchi qo‘shimcha bo‘lim startidayoq Martinesdan gol o‘tkazib yuborishdi, ammo 103-daqiqada javob qaytara olishdi: Sidni Lopesh Kabral chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib, aylanma zarba berdi va olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi.
Shundan keyin Messi yana tashabbusni o‘z qo‘liga olishiga to‘g‘ri keldi. Dastlab uning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasini yana Vozinya qaytarib qoldi. Ikkinchi overtaym boshlanganida esa u burchak zarbasidan to‘pni Kristian Romeroning boshiga aniq yetkazib berdi, uning zarbasidan keyin to‘p himoyachiga tekkan holda darvoza to‘riga borib tushdi – 3:2. O‘yinning oxirgi qismini kaboverdiliklar to‘liq hujumda o‘tkazishdi va ikkita qulay imkoniyatga ega bo‘lishdi, ammo Emiliano Martines o‘zini ko‘rsatdi. Argentina qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, yurishini davom ettiradigan bo‘ldi va 1/8 finalda Misr bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Turnir davomida o‘yinning asosiy vaqtida biror marta yutqazmagan Kabo-Verde futbolchilari esa boshini tik ko‘targan holda turnirni tark etdi.
Kolumbiya Gana to‘sig‘idan o‘tdi
Kolumbiya – Gana 1:0
Gol: Arias, 14 (1:0)
Kolumbiya: Vargas, Lukumi, Sanches, Moxika, Munos, Lerma, Arias (Kintero, 73), Puerta, Dias (Kampas, 90), Xames Rodriges (Rios, 46), Kordoba (Suares, 8)
Gana: Ati-Ziji, Opoku, Lyukkassen, Mensa, Senayya (Seydu, 13), Parti, Yirenkiy (Nuama, 79), Sibo (Ovusu, 62), Semenyo, Inyaki Uilyams (Fatavu, 62), Ayyu (Adu, 79)
Ogohlantirishlar: Arias, 12. Rios, 78 – Yirenkiy, 49. Fatavu, 66. Seydu, 76
Kolumbiyaliklar bu o‘yinga yaqqol favorit sifatida yetib kelgandi. Va ilk daqiqalardanoq bu chempionatda yana bir sensatsiya ishtirokchisi bo‘lmoqchi emasligini ko‘rsatishga kirishdi.
Janubiy amerikaliklar darhol to‘pga egalik qilishdi va raqibga amalda hech qanday imkon qoldirishmadi. Lekin o‘yin startidayoq jamoa uchun yoqimsiz holat ro‘y berdi. «Krasnodar» futbolchisi Jon Kordoba 7-daqiqadayoq jiddiy jarohat olib, maydonni tark etdi. Kolumbiyaliklar ustozi Nestor Lorenso kutilmaganda asosiy forvardni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi va Luis Haviyer Suaresni jangga tashladi.
Kutilmagan o‘zgarish o‘yin tempiga ta’sir ko‘rsatmadi va tezkor gol o‘zini ko‘p kuttirmadi. 14-daqiqada aynan Suares raqib qo‘ygan «avtobus»ni yorib o‘tdi – uning uzatmasidan keyin to‘p olis ustun oldida bo‘sh turgan Jon Ariasga yetib bordi. Ushbu vinger bir teginishda to‘pni narigi burchak tomon yo‘llab, darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Ganaliklar faqat bo‘lim oxirlariga kelib o‘yinni jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo chinakamiga xavfli vaziyatlar yarata olishmadi – afrikaliklar butun o‘yin davomida biror marta raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘llashmadi.
Tanaffusdan keyin kolumbiyaliklar ustunlik qilishda davom etishdi va bir necha bor ikkinchi golga yaqin kelishdi. Disa darvozani ishg‘ol etdi ham, ammo hakam ofsayd holati tufayli golni inobatga olmadi. Yakunda – minimal, ammo ishonchli g‘alaba saqlab qolindi. Pley-offning keyingi bosqichida janubiy amerikaliklarni Shveytsariyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Misrning tarixiy natijasi
Avstraliya – Misr 1:1 (penaltilar seriyasida 2:4)
Gollar: Ashur, 13 (0:1). Hani, 55 – avtogol (1:1)
Penaltilar seriyasi: Suttar – (0:0)(xato). Sobir – (0:1). Irvayn – (1:1). Robiya – (1:2). Mabil – (2:2). Saloh – (2:3). Herrington – (2:3)(ustun). Abdulmajid – (2:4)
Avstraliya: Bich (Rayan, 119), Suttar, Herrington, Chirkati, O`Nill (Okon-Engstler, 91), Irvayn, Behich, Bos (Truin, 46), Metkalf (Mabil, 91), Volpato (Xrustich, 74), Irankunda (Ture, 74)
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hofiz (Trezege, 80), Hani, Fati (Abdulmajid, 67), Ateya (Sobir, 120+1), Marmush (Abdulkarim, 106), Ashur, Saloh, Ziko (Hasan, 67)
Ogohlantirishlar: Hasan, 104. Yosir Ibrohim, 120
Avstraliya va Misr juftligi 1/16 final bosqichidagi eng «zerikarli» juftliklardan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Sababi oddiy – ikki jamoa ham guruh bosqichida yorqin o‘yinlar ko‘rsata olmagan va faqat nisbatan kuchsiz guruhlarda ishtirok etishgani uchun pley-offga chiqishgandi. Shu bilan birga, «sokkeruz» mustahkam himoyaga egaligini namoyish etib, guruh bosqichida ikki o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi.
Lekin «firavnlar»ga qarshi o‘yinda avstraliyaliklar himoyasi uzoq dosh bera olmadi – 13-daqiqadayoq Imom Ashur Karim Hofizning uzatmasini golga aylantirdi. Shundan keyin o‘yin kutilgan ssenariy bo‘yicha kechdi va misrliklar hisobga qarab o‘ynashdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida avstraliyaliklar hisobni tenglashtirishdi. Misrliklar himoyachisi Muhammad Hani avtogol muallifiga aylandi. Ushbu himoyachi shu turnirning o‘zida ikkinchi bor o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi va JCh tarixida bunday natija qayd etgan ikkinchi futbolchiga aylandi – birinchisi 1966 yilda bolgariyalik Ivan Vutsov bo‘lgandi.
Hisob tenglashganidan keyin o‘yin yana sokinlashdi. Jamoalar vaqti-vaqti bilan oldinga o‘tishdi, ammo yaqqol vaziyatlar yuzaga kelmadi – qo‘shimcha bo‘limlar ham shu ruhda o‘tdi va o‘yin taqdiri penaltilar seriyasida hal etiladigan bo‘ldi. Futbol lotereyasida esa misrliklarga omad kulib boqdi – jamoa asosiy yulduzi Muhammad Saloh esa «panenka» zarbasi ijro etdi. «Firavnlar» tarixiy natijaga erishdi – jamoa o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati 1/8 finalida o‘ynaydi.
Nimchorak final juftliklari
Navbatdagi o‘yinlar
Oldinda muxlislarni 1/8 final bosqichi kutmoqda — 4 iyul kuni kechqurun va 5 iyulga o‘tar kechasi quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:
22.00. Kanada — Marokash
02.00. Paragvay — Fransiya
Sport
Germaniya terma jamoasiga Klopp kelishi mumkin
Germaniya milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yulian Nagelsman iste’foga chiqqanidan so‘ng, taniqli mutaxassis Yurgen Klopp mamlakat terma jamoasini boshqarish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya futboli tub o‘zgarishlar arafasida turibdi va yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish uchun jiddiy islohotlar zarur.
Yurgen Klopp bu haqda 3 iyul kuni MagentaTV telekanali efirida so‘zlagan.
Bungacha Germaniya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida 1/16 final bosqichida musobaqani tark etganidan keyin bosh murabbiy Yulian Nagelsman lavozimidan ketgan edi. Shundan so‘ng Germaniya futbol ittifoqi (DFB) Klopp bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Yurgen Klopp 2024 yil o‘rtasida o‘z xohishiga ko‘ra Angliyaning «Liverpul» klubini tark etganidan beri murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmagan. 2025 yil yanvaridan buyon u Red Bull kompaniyasining global futbol yo‘nalishi rahbari sifatida ishlab kelmoqda.
«Mening Red Bull bilan amaldagi shartnomam bor va men har doim shartnoma bo‘yicha zimmamdagi majburiyatlarga amal qilishga odatlanganman. Biroq muzokaralar o‘tkazishga qiziqishim bor», — dedi Klopp.
Uning fikricha, Germaniya futboli hozir hal qiluvchi bosqichga kirgan va mavjud muammolar Yulian Nagelsman shaxsi bilan bog‘liq emas. Kloppning ta’kidlashicha, vaziyatni yaxshilash uchun futbol tizimida ko‘plab asosiy o‘zgarishlarni amalga oshirish lozim.
59 yoshli murabbiy faoliyati davomida Germaniyaning «Borussiya Dortmund» hamda Angliyaning «Liverpul» klublari bilan mamlakat chempionligi va boshqa milliy sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u «Liverpul» bilan UEFA Chempionlar ligasi hamda FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.
Yulian Nagelsman Germaniya terma jamoasini 2023 yildan boshqarib kelgan. Uning rahbarligida jamoa Yevro-2024 musobaqasida chorak finalgacha yetib borgan va keyinchalik chempion bo‘lgan Ispaniyaga mag‘lub bo‘lgan edi.
Biroq 2026 yilgi jahon chempionati Germaniya uchun omadsiz kechdi. Terma jamoa 29 iyun kuni Paragvayga qarshi 1/16 final uchrashuvida asosiy va qo‘shimcha vaqtda 1:1 hisobini qayd etgach, penaltilar seriyasida 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Sport
Rustam Ashurmatov bilan eksklyuziv suhbat
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialdagi ishtirokini yakunlab qaytdi.
3 ta mag‘lubiyat va 11 ta o‘tkazib yuborilgan golga qaramay ishtirokimizni ijobiiy deyish mumkinmi?
Tarkibida Ronaldo bor Portugaliyaga qarshi o‘yindan jamoa qanday xulosa chiqardi?
Ilk jahon chempionatidagi “natija” uchun asosiy sababchi kim(lar)?
Kun.uz’ning sport jurnalisti Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev jamoa yetakchilaridan biri Rustam Ashurmatovdan mundial haqidagi eng ko‘p berilayotgan savollarga javob oldi.
PS: Tez orada suhbatning to‘liq matni saytga joylashtiriladi.
-
Dunyodan3 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Siyosat1 day agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
