Jamiyat
Sanepidqo‘mita nipax virusi bo‘yicha bayonot berdi
Nipax virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan. Bu haqda Sanepidqo‘mita ma’lumot berdi.
Nipax — hayvonlardan insonga yuqadigan xavfli virus bo‘lib, ko‘rshapalaklar orqali, shuningdek ifloslangan oziq-ovqat va insondan insonga yuqishi mumkin. So‘nggi yillarda virus holatlari asosan Hindiston va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida kuzatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ushbu virus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror, ushbu kasallikni mamlakatimizga kirib kelish ehtimol juda past.
Hindistonga safar rejalashtirayotganlar uchun tavsiyalar:
– shaxsiy gigiyenaga rioya qilish;
– qo‘llarni sovun bilan tez-tez yuvish;
– antiseptik vositalardan foydalanish;
– meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish;
– tekshirilmagan suvni ichmaslik;
– ko‘rshapalak tishlagan yoki shikastlangan mevalarni iste’mol qilmaslik.
Agar isitma, kuchli bosh og‘rig‘i yoki boshqa alomatlar paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling.
Jamiyat
«Soliq» ilovasidagi keshbek mablag‘larini daraxt ekishga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ldi
O‘zbekistonliklar «Soliq» ilovasida yig‘ilgan keshbek mablag‘larini ixtiyoriy ravishda daraxt va ko‘chatlar ekishga yo‘naltirishi mumkin. Ilovaning «Bank kartalari» bo‘limiga «Daraxt va ko‘chatlar ekish jamg‘armasi» xizmati qo‘shildi.
Foto: Sun’iy intellekt yaratgan surat
«Soliq» mobil ilovasi foydalanuvchilari xaridlar va xizmatlar uchun to‘plangan keshbek mablag‘larini ixtiyoriy ravishda daraxt va ko‘chatlar ekishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur imkoniyat prezidentning 2025 yil 18 noyabrdagi qarori asosida Soliq qo‘mitasi va Ekologiya qo‘mitasi hamkorligida joriy etilgan.
Yangi xizmat iyun oyidan boshlab «Soliq» mobil ilovasining yangilangan versiyasida ishga tushirildi. Foydalanuvchilar keshbek mablag‘larini ilovaning «Bank kartalari» bo‘limida joylashgan «Daraxt va ko‘chatlar ekish jamg‘armasi» xizmati orqali o‘tkazishi mumkin.
Mablag‘larni o‘tkazish ixtiyoriy.
Jamiyat
Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
Qozog‘istonning Atirau oblastida YTHga uchrab og‘ir jarohat olgan 17 yoshli o‘zbekistonlik vatanga olib kelindi. Shuningdek, Latviyada insultni boshdan kechirgan va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan yana ikki fuqaro ham shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga qaytarildi.
Migratsiya agentligi Qozog‘iston, Latviya va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytardi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
17 yoshli qiz Rossiyaga Qozog‘iston orqali avtotransportda yo‘l olgan vaqtda Atirau viloyatida baxtsiz hodisaga uchragan. Oqibatda u og‘ir jarohatlar olib, bir nechta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassisi ma’lum qilishicha, bemorda beshinchi bo‘yin umurtqasi singan va orqa miya faoliyati buzilishi kuzatilgan.
«17 yoshli bemorimiz Atirau shahrida yo‘l-transport hodisasi tufayli jarohat olib, beshinchi bo‘yin umurtqasi singan. U ikki marta operatsiya qilingan. O‘zbekistonga murojaat qilingach, bemorni to‘liq intensiv terapiya nazorati ostida vatanga olib keldik», – deydi shifokor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan, ahvoli qoniqarli.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, Latviyaga mustaqil ravishda ishlash uchun ketgan yana bir o‘zbekistonlik ham vatanga qaytarilgan. U kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlanmagan va kuchli ruhiy bosim oqibatida insultni boshdan kechirgan. Davolanishdan so‘ng unga shifokorlar nazorati ostida O‘zbekistonga qaytishga ruxsat berilgan.
Agentlik shu kabi holat Rossiyada ham kuzatilganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, qiyin ahvolga tushib qolgan yana bir fuqaro ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga olib kelingan.
Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijga ishlash uchun faqat xavfsiz, qonuniy va kafolatlangan yo‘llar orqali borishga chaqirib, xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilayotganini ta’kidlagan.
Jamiyat
“Kibergigiyenaga amal qilish kerak” – qamoqdagi kiberjinoyatchi kartasidan pul o‘g‘irlatayotganlar haqida
O‘zbekistonda fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlanishi holatlari to‘xtamayapti. Ayni paytda jazo muddatini o‘tayotgan 22 yoshli mahkum Kun.uz bilan suhbatda odamlarning shaxsiy ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini boshqalarga berishi hali ham jinoyatchilar uchun asosiy imkoniyat bo‘lib qolayotganini aytdi.
Bank kartalaridan pul o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar haqida deyarli har kuni xabarlar chiqadi. Ammo bu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning o‘zi bu muammoga qanday qaraydi? Mahkumning aytishicha, firibgarlar qo‘llayotgan usullardan ko‘ra, odamlarning o‘z shaxsiy ma’lumotlarini bemalol boshqalarga berib qo‘yayotgani kattaroq muammo.
“2020 yil meni Farg‘onaga vaqtincha saqlash muassasasiga olib ketishdi. U paytda 17 yoshdaman, hech narsani bilmayman, voyaga yetmaganman. Tushunmayman: qamoq nima? Tasavvurim yo‘q. Qorong‘i, zax xonaga kirdim. O‘yladimki, 5-10 yillab qolib ketaman shu yerda. Tushkunlikka tushib, o‘zimga o‘zim va’da berdim bu ishlarimni to‘xtatishga.
Bizda juda ko‘p epizodlar bo‘lgan. 6 oy, uzog‘i 1 yil davomida ishlagan bo‘lsak, kuniga 3-4 ta jabrlanuvchiga to‘g‘ri kelardi. Son-sanog‘i yo‘q edi ularning. Men to‘xtatganimdan keyin ham to‘xtamadi bu narsa. To‘rt yildan beri hali ham to‘xtamasdan kelyapti.
Bu narsani to‘xtatishning iloji yo‘q, chunki men to‘xtatganim bilan mendan boshqasi bor. U to‘xtatsa, undan boshqasi bor. Ishlayotganlar juda ko‘p. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li – xalqning o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Xalq ishonmasligi kerak.
Agar odamlar o‘ziga kelayotgan kodlarni, shaxsiy ma’lumotlarini boshqa birovga bermasa, kartasidan hech qachon pul yechilmaydi. Masalan, Rossiyada do‘konda sotuvchiga karta kodlarini aytishmaydi. Bizda esa kartani berib, kodini ham aytishadi. Chunki buni bilishmaydi va hammasi shundan kelib chiqyapti.
Yagona aytadigan narsam: ma’lumotlarni hech kimga berishmasin. Davlat tashkilotlari hech qachon sizdan shaxsiy ma’lumotlaringizni, karta raqamlaringizni so‘ramaydi. Agar haqiqatan kerak bo‘lsa, chaqirib suhbat qiladi. Telefon orqali hal qilmaydi hech narsani.
Odamlar o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Hozirgi zamonda har qanday qo‘ng‘iroq yoki xabarga ishonib ketaverish mumkin emas. Kibergigiyenaga amal qilish kerak”, — deydi mahkum.
To‘liq ko‘rsatuvni Kun.uz’ning Youtube sahifasida ko‘ring.
Jamiyat
“Uy ichidan o‘t o‘sib chiqyapti” – Rishtondagi namunasiz uylarning ahvoli
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yangiyo‘l mahallasida 2019 yilda foydalanishga topshirilgan namunali uylarning devorlari yorilib, poydevorlari cho‘kib, kundan kunga xarobaga aylanib boryapti. Fuqarolar oyma-oy kredit to‘lashga majbur, quruvchi esa uylar sifatli qurilganini da’vo qilyapti.
Kun.uz’ga murojaat qilgan mulkdorlarning aytishicha, muammo tegishli idoralar tomonidan o‘rganilgan ham, lekin amaliy natija bo‘lmayapti.
“Yurak hovuchlab yashayapmiz”
Adhamjon Muhammadaliyev:
— Yashayotgan uyimizni 2018 yilda shartnoma asosida kreditga olgan edik. Uyni 2019 yilning iyun oyida bitkazib topshirishgan. Boshlang‘ich to‘lov 17 mln so‘m bo‘lgan. Shartnoma qilishdan avval loyihalarni ko‘rgan edik, ma’qul kelgandi.
Uyni qabul qilib oldik, lekin o‘shanda ham bitmagan, chala joylari bor edi. “Ha mayli, o‘zimiz qilib olamiz” deb olaverganmiz-da. Oradan bir yil o‘tib, bir qishni, yog‘ingarchilikni ko‘rganidan keyin devorlarda yorilishlar paydo bo‘ldi. Holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga chiqqanimizda kelib o‘rganishib, “yashashga yaroqli” deya xulosa berib ketishdi.
Vaqt o‘tishi bilan uyning holati yomonlasha boshladi. Qayta ta’mirladik. Ta’mirdan keyin yana qayta yorilishlar kuzatildi. Yamoq joyini yamaymiz, yoriq joyini tuzatamiz, keyingi yilga yana o‘sha holiga qaytib qolaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, uyning bir tarafi “tashlab yuborgan”, cho‘kib qiyshayib yotibdi. Hozir ham asosiy devorlar yoriq.
Shu mahallaning o‘zida 100 dan ortiq namunali uylar qurilgan. Ularning ko‘pi abgor holatga kelib bo‘ldi. Qisqa qilib aytganda, bizga va’da qilingan loyihadagi uyning 50 foizi ham amalga oshmagan.
Hech kimning boshiga solmasin, agar kuchliroq zilzila bo‘lsa uy bizni bosib qoladi. Seysmik bardoshlik deyarli yo‘q. Yurak hovuchlab yashayapmiz.
Pollar 5-10 santimetr cho‘kkan. Asosiy devor cho‘kkani uchun uyni ushlab turadigan boshqa bir devor ham yorilib ketgan. G‘ishtlari, plitalari ham yorilgan. Kechalari dirsillagan yoriq ovozlarini eshitamiz.
Adhamjon Muhammadaliyev
Muammoni hal qilaman deb, tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlarim bilan yarim sandiq javob xati yig‘dim, natija esa yo‘q.
Uyni buzib tashlab, qayta qurmasa bo‘lmaydigan ahvolda. Boshqa chorasini ko‘rmayapman. Quruvchi bilan gaplashsam, aybni o‘zimizga ag‘daryapti. “Avariya” holatiga kelib bo‘lgan uyni ta’mirlab beray demaydi.
“Uyimdan o‘t o‘sib chiqyapti…”
Murodil Akbarov:
— Eshitganlarga kulgili, erish tuyulishi aniq: men yashaydigan uyning ichidan o‘t o‘sib chiqyapti. Yulaveraman, yana o‘sib chiqaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, shuvoqlari to‘kilib yotibdi. Devorlar yorilib ketgan. Bu ketishda bir-ikki yilda uy bizni bosib qoladi. Zo‘rg‘a yashayapmiz qo‘rqanimizdan.
Murodil Akbarov
Kottejga kelganimga besh yil bo‘ldi. Oyma-oy kredit to‘laymiz. Qani endi to‘lovimiz sifatli uyga amalga oshsa ekan, bajonidil og‘rinmasdan to‘lardik. Ahvolni qarang… Yashab bo‘lmayapti-ku. Tom bosib qoladimi deb qo‘rqaman, kechasi bemalol uxlay olmayman.
Arz qilaverganimizdan keyin quruvchilar bir-ikki marta kelib, aybni unisi-bunisiga ag‘darib qochib ketishdi. Kuchliroq yer qimirlasa, ahvolimiz voy bo‘ladi bu ketishda.
Quruvchi: “Uylarni sifatli qurganmiz”
Holat yuzasidan namunali uylarni qurgan “Madina” xususiy korxonasi rahbari Mirzaakbar Mansurov bilan telefonda orqali suhbatlashdik. U uylar yorilganini rad etdi. Imoratning cho‘kishiga esa uy egalarining o‘zi sababchi ekanini ta’kidladi.
“Uyning rasvo bo‘lganining sababi bor: uyni 1-2 yilda uyoq-buyog‘ini oqlab, kosmetik ta’mir qilib turish kerak. Devorlar, g‘ishtlar “cho‘tkiy”, mustahkam. Lekin uylar qarovsiz qolib ketgan-da, hech kim qaramagan”, – dedi u.
Firma rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kun.uz’ga murojaat qilgan namunali uyda yashovchilarning o‘zlari imorat tagiga ataylab suv bostirishi oqibatida cho‘kish hosil bo‘lgan.
Jamiyat
Buvayda hokimining ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan sobiq o‘rinbosari jinoiy jazoga tortildi
Buvayda tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Sayidjon Xizirovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ekologiya inspektoriga zo‘ravonlik qilishi ortidan lavozimidan ozod etilgan sobiq amaldor hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatida aybli deb topildi.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sayidjon Xizirov jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sobiq “zamhokim”ga jazo
Sud hukmiga ko‘ra, Sayidjon Xizirov tumandagi Nayman zovurining 800 metr qismini yopiq zovurga aylantirish maqsadida tashabbuskor MChJga texnik xulosa berish uchun 2025 yil 17 sentabrda Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘iga tavsiya xati kiritgan.
Meliorativ ekspeditsiyasi zovur yonbag‘ridagi daraxtlarni kesish yoki boshqa joyga ko‘chirishga mahalliy ekologiya boshqarmasidan ruxsatnoma va texnik shart olishni tavsiya etgan. Ammo MChJ tegishli ruxsatnoma olmasdan zovur atrofidagi daraxtlarni kesa boshlagan. Hudud aholisi bunga qarshilik qilgan.
Sayidjon Xizirov aholi daraxtlar kesilishiga qarshilik qilayotganidan xabar topib, voqea joyiga borgan. U MChJ ishchisining qo‘lidagi motorli arrani olib qo‘ymoqchi bo‘layotgan ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozovning yoqasidan tortib, xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan. Oqibatda ekologiya inspektoriga yengil jarohat yetkazgan.
Jinoyat ishi doirasida MChJ rahbari ham sudlangan. Hokim o‘rinbosari va MChJ rahbari zovur chetidagi 104 tup tolni kestirib yuborib, o‘simlik dunyosiga 171 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblangan.
JIB Yozyovon tuman sudining 2026 yil 5 maydagi hukmi bilan Sayidjon Xizirov Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari miqdorida (61 mln 800 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.
MChJ rahbari esa Jinoyat kodekining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, BHMning 100 baravari miqdorida (41 mln 200 ming so‘m) jarimaga tortilgan.
Jabrlanuvchi apellyatsiya shikoyati kiritib, sudlanuvchilarga og‘irroq jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Ish tafsiloti
Buvayda tumanida ekologiya inspektori Ahrorjon Niyozov aholi murojaatiga asosan manzilga borib, noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlagan. So‘ngra daraxtlarni kesayotgan shaxsni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.
Voqea joyida bo‘lgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov esa aholi va IIB xodimlari ko‘z o‘ngida inspektorga kuch ishlatib, uni chetga olib ketgan.
Shundan so‘ng hokim o‘rinbosari ishdan olindi. Bosh prokuratura Sayidjon Xizirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 198-moddasi 2-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Viloyat hokimi qarori asos bo‘lgan
Sud hukmida sobiq amaldor Meliorativ ekspeditsiyasiga Farg‘ona viloyati hokimining 2025 yil 19 maydagi qaroriga asosan xat kiritgani bayon qilingan.
Xayrullo Bozorovning ushbu qarori viloyatda magistral yo‘llar bo‘yidagi ochiq zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazish hamda buning hisobiga hosil bo‘lgan yer maydonlarida savdo va servis obektlarini tashkil etishni nazarda tutgan. Hujjat bilan magistral va markaziy yo‘l bo‘yidagi ochiq zovur tarmoqlarini yopiq drenaj tizimiga o‘tkazish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan. Unda Nayman zovuri ham bor.
Qarorning 7-bandida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida manzilli ro‘yxatdagi loyihalar doirasida zovurlarning qirg‘oqlaridagi o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirish, zarur hollarda kesish ishlari belgilangan to‘lovlardan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.
Viloyat hokimining ushbu qarori 2025 yil 4 dekabrdagi qaror bilan bekor qilingan.
Yangi qarorda yopiq drenaj tizimiga o‘tkazilishi taklif etilayotgan ochiq zovurlarni joyiga borgan holda ko‘rib chiqish, hududning meliorativ holatiga ta’sirini baholash, zaruratga ko‘ra mahalla faollari ishtirokida masalani muhokama qilish belgilangan.
Shuningdek, qarorda ishchi guruhga shahar va tuman hokimlari bilan birgalikda yopiq drenaj tizimiga o‘tkazilgan zovurlarni xatlovdan o‘tkazib, belgilangan talablarga javob bermaydigan qurilmalarni buzish, ochiq zovurlarni qayta tiklagan holda hududda “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida manzarali daraxtlar ekishni tashkil qilish topshirig‘i berilgan.
“Zovurni yopmoqchi bo‘lib daraxtlarga qiron keltirishdi” – Buvayda tumanidagi daraxtkushlik tafsiloti
-
Iqtisodiyot5 days agoYeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
-
Siyosat5 days ago
Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot4 days agoTBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Siyosat5 days ago
Davlat arbobi Amin Tojiyev vafot etdi
-
Jamiyat5 days ago
1-sentyabrdan yo‘lkira shahar avtobuslariga chiqish vaqtida to‘lanadi
-
Jamiyat5 days agoTibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan tibbiyot xodimlari ushlandi
-
Jamiyat5 days agoKoreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
