Jamiyat
Davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi uchun qo‘llanilgan «chegirma» muddati tugadi
Joriy yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlar toifasidan kelib chiqib, belgilangan kamaytiruvchi koeffitsiyentlarning amal qilish muddati tugadi.
Bu haqdagi ogohlantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 22-yanvardagi 05-22-368-sonli xati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga jo‘natilgan.
Gap shundaki, 2024-yil 30-sentyabrdagi PF-152-son farmon bilan Prezidentning 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qarorining 9-bandiga tegishlicha o‘zgartirish kiritilgan.
Unga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlarning toifasidan kelib chiqib, kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilishi muddati 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar etib belgilangan.
PQ-471-son qarorga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlar toifasidan kelib chiqib, kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilishi quyidagicha edi:
5-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
4-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
3-toifadagi tumanlarda (shahar aholi punktlaridan tashqari) — 15 foiz.
Endilikda mazkur toifaga kirgan hududlarda ham kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilmaydi va ota-onalar to‘lovi 100 foiz undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta Hukumatning 246-son qarori bilan 2024-yil 1-iyun (o‘rtacha 20 foizga) va 2025-yil 1-yanvardan boshlab (10 foizga) amal qiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining oshirilgan miqdorlari tasdiqlangan.
Jamiyat
Endi bank kartalaridan avtomatik yechib olishda minimal qoldiqqa amal qilinadi
2026-yil 15-apreldan boshlab akseptsiz (roziliksiz) yechib olishlardan foydalanilganda minimal kamaytirilmaydigan qoldiq joriy etiladi. Ya’ni kartada har doim kamida BHMning 3 baravari miqdoridagi qoldiq saqlanadi.
Aniqroq aytganda, avtomatik yechib olishlarda bank kartalarning balansi nolga tushib qolmaydi. Amaliyotlar faqat belgilangan chegaradan ortiq bo‘lgan mablag‘ doirasida amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, akseptsiz yechib olishlar odatda karta egalarining banklar va boshqa moliyaviy institutlar oldidagi majburiyatlarini (masalan, kreditlar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar) so‘ndirish hollarida qo‘llaniladi.
UZCARDning bildirishicha, ushbu shartlar Bank tomonidan mijozdan olingan va OTP tasdiqlangan karta rekvizitlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Jamiyat
Toshkentda avtobuslar uchun yana 16 ta yo‘nalish tashkil etilib, 70ta yangi bekat quriladi
Poytaxtda 16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km ajratilgan avtobus yo‘laklarini tashkil etish, ajratilgan yo‘laklarda 600 dan ortiq kameralar o‘rnatish, 1116 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 545 ta «aqlli» svetofor o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.
Foto: Toshshahartransxizmat
Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda 240 ta avtobus xarid qilish orqali 16 ta yangi yo‘nalish tashkil etiladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi qarorida aytilmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri jamoat transporti tizimida jami 169 ta yo‘nalish faoliyat yuritib, mazkur yo‘nalishlarga 1927 ta avtobus biriktirilgan. Kun davomida ushbu transport vositalari orqali o‘rtacha 23 000 ta qatnov amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida Toshkent shahri jamoat transporti tizimi faoliyatida qator tizimli muammolar mavjudligi aniqlangan. Xususan, tirbandlik yuqori bo‘lgan vaqtlarda avtobuslarni kutish vaqti 35–40 daqiqagacha oshib ketmoqda. Bu esa aholi uchun ortiqcha vaqt sarfiga, ish va o‘qish joylariga o‘z vaqtida yetib borishda qiyinchiliklarga, shuningdek jamoat transportiga nisbatan ishonchning pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda harakat intervallarining ortib ketishi esa yo‘lovchilar uchun noqulayliklarni yanada kuchaytirmoqda.
Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
Qo‘shimcha ravishda 240 ta avtobus xarid qilish orqali harakat tarkibini kengaytirish;
16 ta yangi yo‘nalishni tashkil etish, kunlik qatnovlar sonini qo‘shimcha 2000 taga oshirish;
16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km ajratilgan avtobus yo‘laklarini tashkil etish, ajratilgan yo‘laklarda nazoratni kuchaytirish maqsadida 600 dan ortiq kameralar o‘rnatish;
bekat infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida 1116 ta bekatni rekonstruksiya qilish hamda 70 ta yangi bekat qurish;
545 ta «aqlli» svetoforlarni o‘rnatish orqali transport harakatini real vaqt rejimida boshqarishni yo‘lga qo‘yish.
Jamiyat
Ohangaronda 19 xil sifati kafolatlanmagan dorilar muomalaga kiritilishining oldi olindi
Ushbu dori vositalarining umumiy bahosi 241,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida fuqaro M.I. 19 turdagi 6 597 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalarini boshqa fuqaroga sotish maqsadida olib kelgan vaqtida ushlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Qayd etilishicha, ushbu dori vositalarining umumiy bahosi 241,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» festivali o‘tkaziladi
Mamlakatimiz bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» festivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan joriy yilning may-sentyabr oylarida mamlakatimiz bo‘ylab «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida «Mustaqillik to‘yi» festivali o‘tkaziladi.
Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etiladi.
Festival doirasida o‘ndan ortiq ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy loyihalar amalga oshiriladi.
Bu haqda Respublika tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tashabbus haqida ilk bor Prezidentning O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlash bo‘yicha qarorida aytilgandi.
Jamiyat
Chirchiq shahrida ko‘cha yechimi va bezorilik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
6 kishi fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullangan.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida bezorilik bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX va IIV organlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Chirchiq shahrida ko‘cha yechimi va bezorilik bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘lga olinganlar quyidagilar:
Saidov Ikrom Erkinovich, 1988 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan sudlangan;
Saidov Islom Erkinovich, 1990 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 267-moddasi bilan sudlangan;
Baizbayev Umidjon Zafar o‘g‘li, 1998 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan;
Rustamov A’zamjon Mansurovich, 2001 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan;
Suponov Qurbonali Nosirovich, 2002 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan;
Farmonov Mirzoxid Shuxratovich, 1988 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan.
Ushbu shaxslar oshkora ravishda jamoat tartibini buzib, bezoriliklar sodir etgani bildirilgan. Ular fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullanishgan.
Mazkur shaxslarning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rganlar DXXning 1520 yoki IIVning 102 qisqa raqamlariga xabar berishlari so‘ralgan.
-
Jamiyat5 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Dunyodan4 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat4 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat3 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat4 days agoGiyohvand moddalar savdosini moliyaviy tomirlarni kesish orqali to’xtatish mumkin.
