Jamiyat
«Transport to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi mumkin
Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan 224 ta yaxlit normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 8 ta Qonun, 42 ta Prezident hujjatlari (6 tasi Farmon, 36 tasi qaror), 132 ta Hukumat hujjatlari, 42 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
Mazkur hujjat esa «O‘zbekiston – 2030» Strategiyasi 80-pozitsiyasida belgilanganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish maqsadida e’lon qilinmoqda.
Shu bilan birga, transport sohasidagi qonunchilik hujjatlari tahlil qilinganda, ushbu sohani tartibga solish bilan bog‘liq bir qancha muammolar mavjudligi aniqlangan.
Yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasida 4 ta Qonun, jumladan «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi, «Avtomobil transporti to‘g‘risida»gi hamda «Transport to‘g‘risida»gi qonunlarni yagona qonunga birlashtirish (unifikatsiya) nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yuqorida nazarda tutilgan qonunlardagi fuqarolik munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni Fuqarolik kodeksiga o‘tkazish orqali, birlashtirilgan qonun loyihasida faqat ma’muriy munosabatlarni belgilash hamda amalda qonun darajasida belgilanmagan ijtimoiy munosabatlarni qonun darajasida belgilash rejalashtirilyapti.
Bundan tashqari, hujjat loyihasida qonunosti hujjatlar bilan belgilangan, biroq qonun darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan normalarni qonun darajasida belgilash va 15 ta qonun hujjatini (5 ta – to‘liq, 10 ta – qisman) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish kabi normalar aks etadi.
Yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 11 ta bob
(2 taga ko‘paygan), moddalar soni esa 64 tani (19 taga ko‘paygan) tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, yangi tahrirdagi qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida ushbu sohani bevosita tartibga soluvchi qonunlar miqdori 37 foizga (8 tadan 5 taga) kamayadi.
Loyihada qonun qabul qilinishi munosabati bilan uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilda mamlakatda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetgan.
Jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 77,3 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarniki 72,9 yosh bo‘lgan.
Shu tariqa, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi mamlakat aholisining o‘rtacha yoshiga oid ma’lumotlarni ham e’lon qilgan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 0–4 yoshli bolalar soni 4 million 607 ming 149 nafarni tashkil etgan. Bu eng yirik yosh guruhlaridan biri hisoblanadi.
5–9 yoshdagilar soni 3 million 859 ming 606 nafar, 10–14 yoshdagilar 3 million 406 ming 515 nafar, 15–19 yoshdagilar esa 3 million 155 ming 802 nafarni tashkil qilgan.
20–24 yosh toifasida 2 million 662 ming 250 nafar, 25–29 yoshdagilar orasida 2 million 649 ming 263 nafar, 30–34 yosh guruhida esa 3 million 167 ming 974 nafar aholi qayd etilgan.
Shuningdek, 35–39 yoshdagilar soni 3 million 90 ming 226 nafar, 40–44 yoshdagilar 2 million 687 ming 261 nafar, 45–49 yoshdagilar 2 million 242 ming 676 nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
Toshkentda kadastr bosh inspektori yengil konstruksiyali qurilmalarni buzmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 2 ming dollar pora olayotganida ushlandi. Andijonda esa davlat zaxirasidagi 40 sotix yer uchun 160 ming dollar talab qilib, uning 80 ming dollarini olgan fuqaro qo‘lga olindi.
Toshkent shahri va Andijon viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda pora olish va davlat yerini noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga ushbu mablag‘ni talab qilgan.
Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki E-auksion orqali yutib olganini aytib, uni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 160 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX, ichki ishlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 80 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 4–6 iyul kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.
Jamiyat
Abdurahmon Fozilov va Otabek Jo‘rayev chipta sotuvi bilan bog‘liq holatga qo‘shimcha izoh berdi
Abdurahmon Fozilov o‘ziga nisbatan tanqidiy chiqishlar qilgan blogerlar bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda fan-klubning Amerikaga kelishi va tashkiliy ishlar, chiptalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, futbolka sotuvlariga aloqador emasligini aniq dalillar bilan ko‘rsatib bergan. Otabek Jo‘rayev ham fan-klub chiptalariga umuman daxli bo‘lmagani, faqat vizasi chiqmay qolgan muxlislarga chiptalarini sotishga yordam berganini ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chipta sotuvi bilan bog‘liq tanqidlarga Iwash brendi bilan tanilgan Otabek Jo‘rayev qo‘shimcha izoh berdi. U fan-klub chiptalariga umuman aloqasi bo‘lmagani, faqat vizasi chiqmay qolgan muxlislarning chiptalarini boshqalarga sotishga yordam berganini ta’kidlayapti.
“O‘zbekistondan Amerikaga borib, 5 ta chipta sotganman. 20 ming dollar xarajat qilib, 2-3 ming dollar topaman deb bordim. Mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar.
Birinchidan, stadion tashqarisida qolib ketgan “bechoralar”dan boshlaymiz. 2-3 nafar o‘zbekistonlik sun’iy ravishda chipta narxini oshirib yuborarkan-da? Kongoliklar tashqarida nima qilayotgandi? Ularga ham o‘zbeklar bilet sotganmi, shunda? Stadionga 71 ming nafar odam ketarkan. 68 ming nafar muxlis bilan deyarli to‘ldi. Hamma biladi, chipta qancha kam qolgan sari, narx-navo shuncha ko‘tarilib ketadi. Bu tabiiy. Amerikada, ochiq bozor iqtisodiyotida yashab, shuni bilmadinglarmi?
Ikkinchidan, sizlar mehmon, biz mezbon deyapsizlar. Xuddiki, biz Amerikalaringni olib qo‘yadiganday. Xo‘p, sizlar nimaga shu yerda bo‘la turib oldindan chipta sotib olmagansizlar? Yilning boshidan beri FIFAning rasmiy saytida turgandi. Bizlar O‘zbekistondan turib chiptani olganmiz.
Uchinchidan, chipta sotishga keladigan bo‘lsak, o‘zlaring menga chipta bormi, deb aloqaga chiqdilaring. Ko‘chada yo‘q ekanmi, chipta? Menam ko‘chada chipta sotib yurganim yo‘q edi. Sizlarning ishlaringni yengil qilgan bo‘lsam, men aybdor bo‘lamanmi? Vizasi chiqmaganlar menga aloqaga chiqib, chiptasini sotib berishimni so‘radi. Boshqa tomondan chipta kerak deyishdi. Menam o‘rtada yordam beribman. O‘zimnikini ham qo‘shib sotib yuboribman. Oxiriga kelganda o‘g‘limga ham bilet topa olmay qoldim. Bitta akamiz Toshkentdan aloqaga chiqdi, chiptamni sovg‘a qilib yuboraman deb. Maydalashadigan bo‘lsam, uni ham isbotini ko‘rsatib beraman. Beshta chipta sotganman, 68 ming odam kirgan stadionga. Qanaqa qilib narxni sun’iy ravishda oshirib yuborgan bo‘lishim mumkin. Mingta sotgan taqdirimda ham bozorga ta’sir o‘tkaza olmayman. Fan-klub chiptalariga-ku umuman aloqam yo‘q. Men bu joyda o‘tirganim ham yo‘q. Fan-klub chiptalarini Amerikada turib ham olsa bo‘lardi. Chiptani bepul bersangiz bo‘lmaydimi, deb qo‘yishadi. Men nimaga bepul berishim kerak? Bu xayriya tadbirimi? Bu futbol. Pulga olinadi. Kap-katta erkaklarga men nimaga bepul berishim kerak?
Amerikaning o‘zida o‘zbeklarimizning chipta sotuvi bo‘yicha alohida guruhlari bor ekan. Shulardan ortib menga telefon qilibsizlar, demak ularda qimmatda. Arzon ham sotgan bo‘lib qolyapmanmi?
Futbolka masalasiga keladigan bo‘lsak, mening umaman aloqam yo‘q. Bepul ham tarqatishdi, ko‘rdinglar. Pullilariga keladigan bo‘lsak, rasmiy saytda 33 dollarga turibdi. Shuni 40 dollardan 70 dollargacha sotishdi. Bu ularning ishi, o‘zining puliga olgan”, deydi Otabek Jo‘rayev.
Abdurahmon Fozilov ham vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha izoh berdi va o‘zaro tushunmovchiliklar barham topganligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator chiqishlar qilgan Ikromjon Abdullayev va Fozilov o‘zaro uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritgan. Uchrashuvda Fozilov fan-klubning Amerikaga kelishi va tashkiliy ishlar, chiptalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, futbolka sotuvlariga aloqador emasligini aniq dalillar bilan ko‘rsatib berganini ta’kidlayapti.
Jamiyat
Qozog‘istonda qiyin ahvolga tushgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi
Qozog‘istonning Oqtov shahrida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bir qator O‘zbekiston fuqarolari diplomatik va konsullik ko‘magi hamda Migratsiya agentligi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytarildi. Ular orasida og‘ir kasallikka chalinganlar, avtohalokat oqibatida hujjatlarini yo‘qotganlar hamda moliyaviy qiyinchilikka duch kelganlar bor.
O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning iyun oyida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan bir qator yurtdoshlarning murojaatlari tezkor tarzda ko‘rib chiqilib, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatildi.
Xususan, og‘ir kasallik tufayli mehnat qilish imkoniyatini yo‘qotib, moliyaviy qiyin ahvolga tushgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.
Shuningdek, avtofalokat oqibatida shaxsiy hujjatlari va mablag‘laridan mahrum bo‘lgan fuqaroga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilib, aviachipta olib berildi.
Bundan tashqari, insultni boshdan kechirib, jarrohlik amaliyotidan keyin og‘ir ahvolda bo‘lgan fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yolg‘iz ona va uning voyaga yetmagan farzandi ham yurtga qaytarildi.
Fuqarolarni vatanga qaytarish ishlari O‘zbekiston Migratsiya agentligi mablag‘lari hisobidan tashkil etildi. Jarayonda Oqtovdagi Bosh konsulxona xodimlari tomonidan zarur konsullik-huquqiy rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilib, tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, zarur holatlarda ularga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini izchil davom ettirmoqda.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Jamiyat5 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport5 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
24-iyunda dollar yana ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot5 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat1 day agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Sport4 days ago«To‘pni yaxshi ushlab turolmadik» – futbolchilar turnirni tark etgandan keyin nimalar deyishdi?
