Jamiyat
miflar ortidagi haqiqat: O‘zbekistonda 52 ming inson ushbu virus bilan yashayapti
O‘zbekistonda OITS bilan yashovchi shaxslar soni 52 ming nafarga yetgan. Bu raqamlar ortida nafaqat tibbiy tashxis, balki jamiyatdagi qo‘rquv, miflar va tamg‘alash bilan kechayotgan hayotlar bor. Kun.uz Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda shunday hayotda yashayotgan insonlarga quloq tutdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
O‘zbekistonda 52 ming nafar shaxs shu kasallik bilan yashaydi, ularning 45 foizini ayollar, 65 foizini erkaklar tashkil qiladi. Negadir ko‘pchilikda bu kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan g‘alati qarash bor. Ammo shifokorlar aybi bilan bu infeksiyani yuqtirgan anonim murojaatchi bizga ko‘rinmaydigan, biroq xavotirga soladigan kasallikning tarqalishi va ularga nisbatan qarashlar haqida gapirdi.
Nodir, 38 yoshda (ma’lumot o‘zgartirilgan):
Chiroyli hayotim shifokorlar aybi bilan o‘zgarib ketdi
«2016 yil avgustda buyragimning bittasini olishdi, bitta buyragim qurigan ekan. Operatsiya vaqtida tibbiyot xodimlarining loqaydligi, e’tiborsizligi tufayli menda qon ketib qoladi. O‘sha vaqtda menga to‘g‘ri keladigan qonni topisholmagan. Shunda shu yerda yotgan bemor ayolning opasining qoni tushgan. U qon berishga rozi bo‘lgan va shifokorlar tekshirmasdan qon olib, menga quyishgan. U ayolning eri 2 oy avval Rossiyada OITS kasalini yuqtirib olib deport bo‘lib kelgan ekan. Lekin ayol o‘ziga bu kasal yuqqanini bilmagan.
Operatsiyadan 3 oy o‘tib ahvolim og‘irlashdi, vazn tashlashni boshladim. 6-oyga kelib kritik vaziyatga tushdim. Yurishim, nafas olishim qiyinlashib qoldi. Buning sababini bilish uchun qayta tekshiruv boshlandi. Tekshiruvda menda OITS va Gepatit S aniqlandi. Yaqinlarim buni eshitib shokka tushishdi. Chunki operatsiyagacha 3 bosqichli tekshiruvdan o‘tgandim. Yuqumli kasalliklar bor-yo‘qligi qon analizlarida tekshirilgan. Oilam, farzandim bor edi. Ota-onam bunday bo‘lishi mumkin emasligini, operatsiyagacha tahlillarda bunday kasalliklar yo‘qligini aytishdi. Shifokorlar ham hayron, donor ayolni ham qayta tekshirib ko‘rishganda unda OITS kasalligi borligi aniqlandi. Ayol ham ungacha bu haqida bilmagan, eridan yuqqan ekan.
2016 yilda hayotim 150 darajaga o‘zgarib ketdi. Oilamdan ajrashdim, chunki bu kasalga chalingan odam sog‘lom inson bilan yasholmaydi, farzandimni o‘yladim. Ungacha juda baxtli oila edik. O‘z sevimli kasbim bor edi. Orada shunchalik tushkunlikka tushdimki, ikki marta o‘z jonimga qasd qilmoqchi bo‘ldim. Internetda bu kasallik haqida o‘rgana boshladim. Chiroyli ketayotgan hayotim kimningdir xatosi bilan o‘zgarib ketsa… To‘g‘ri, ular jazosini oldi. Lekin bu yerda bir odamning hayoti sinib ketyapti».
OITS – hayot tugadi degani emas
«O‘zbekistonda OITSga chalingan bemorlarga to‘g‘ri psixologik yordam berish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan desam adashmayman. Chunki bu kasalga yangi chalingan bemorga judayam qiyin bo‘ladi va unga bu vaziyatdan chiqish uchun yaxshi psixolog kerak bo‘ladi. Respublika OITS markazlari tarkibida psixologlar bor, ammo ularning doim ham yangi kelgan bemorlarga soatlab vaqt ajratish imkoniyati yo‘q. Bu bemor birinchi navbatda tuman poliklinikasidagi infeksionist qabuliga boradi. Lekin kezi kelsa o‘sha vrachlarning o‘zida to‘g‘ri tushuncha yo‘q. Shunday holat bo‘ldiki, YUNISEFning tenglik dasturida ishlaganimizda ba’zi kasallarga noto‘g‘ri tushuntirish orqali, ya’ni o‘zi tushkunlikdagi odamga «nogironlik nafaqasini olsangiz bo‘ldi, dorini ichib nima qilasiz? Baribir ko‘pga bormaysiz», deyilishi xato narsa. Ko‘pchilik psixologlar sir tutishni bilmaydi, bemorlar murojaat qilishga qo‘rqadi. Hammasi emas, albatta. Ba’zi bir psixologlarga bemor borib OITSga chalinganini, dardini aytib ketadi. Ertasiga esa mahallasiga telefon qilib uning OITSga chalingani haqida aytishadi. Bu psixologiya etikasiga to‘g‘ri kelmaydi.
Bizning jamiyatda OITSga chalingan bemorlarga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha bor, chunki doimiy tarzda OAVda bu kasalliklar haqida yoritib borilmaydi. Maktabda yoki ishxonalarda qisqacha aytiladi, lekin qaysi yo‘llar bilan yuqishi va bu bemorlar bilan muloqotdan qo‘rqmaslik kerakligi aytilmaydi. Samarqandda paytim shamolladim va ukol olish uchun shifokorga bordim. Ukoldan oldin hamshiraga qo‘lqop kiyishi kerakligini aytib, kasalim haqida bildirdim. O‘sha vaqtda hamshira ukol qilishdan bosh tortdi. Bu uning tibbiyot xodimi bo‘la turib bu kasallik haqida bilmasligidan darak.
Davlat tomonidan beriladigan dorilarni ichib yurgan odamlar o‘zi hoxlasayam buni yuqtira olmaydi, chunki bu dorilar virusni «muzlatib» qo‘yadi. OITS – hayot tugadi degani emas. Davlatimiz, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, OITS markazlari bor. Budjetdan bunga yiliga milliardlab mablag‘lar ajratiladi. Bitta bemorning 30 kun ichadigan tabletkasi 330 AQSh dollardan 380 dollargacha turadi. Bunga hamma kasalning ham imkoniyati yetmaydi har oyda sotib olishga».
Kasalliklarning juda katta foizi migrantlar hissasiga to‘g‘ri keladi
“Hech kim OITSdan himoyalanmagan. Hozir ayollarimiz kosmetologlarga juda ko‘p borishyapti, nafaqat ayollar, erkaklar ham boryapti. Kosmetologiya sohasi O‘zbekistonda rivojlanib ketdi. Aynan kosmetologiyada shu kasalni yuqtirayotganlar bir qancha. Lekin bu narsa yopiq tarzda qolib ketyapti, nimagadir oshkor qilinmayapti. Va bizning chetdan kelayotgan migrantlarimiz, aynan Rossiyadan, Turkiyadan kelayotganlarda ko‘p aniqlanyapti.
Ba’zi birlarining hatto ota-onasi bilmaydi OITSga chalinganini. Uylanishi kerak bo‘lgan yigit Rossiyadan kelib nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Unda OITS aniqlangan. To‘y buzilyapti – hamma narsa belgilangan, to‘y kuni, taklifnomalar tarqatilgan. Buni eshitgan ota-ona yolg‘iz o‘g‘lini uydan haydab yuboryapti. Yigit o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi, ota-ona qutqarib olishgan. Lekin baribir uydan chiqarib yuborishdi. Oxiri o‘sha yigit Rossiyaga ketishga majbur bo‘ldi.
70 yoshli otaxon keldi. Ayoli 62 yoshda, Rossiyaning Kaliningrad degan shahriga borib ishlagan va kim bilandir tanishib qolib, shu kasalni yuqtirib kelgan. Yuqtirib kelib, bila turib turmush o‘rtog‘iga yuqtiryapti. O‘sha odam uyga qaytmasligini aytib, imkon bo‘lsa Ijtimoiy himoya milliy agentligidan qariyalar uyiga joylashtirishni so‘radi”.
OITS — faqat tibbiy muammo emas, balki jamiyatning ongi va munosabati bilan bog‘liq murakkab masala. Kasallikning yuqish yo‘llari haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar, miflar va tamg‘alash OITS bilan yashayotgan insonlarni ikki karra og‘ir ahvolga solyapti. Bugun xavf faqat muayyan guruhlarga tegishli emas, yetarli ma’lumotning yo‘qligi hammamizni xavf ostida qoldiradi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
