Jamiyat
Mamlakat bo‘ylab infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda, avvalo, o‘tkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish va davolashni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktyabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish hamda natijasiga ko‘ra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda xalqaro standartlarga muvofiq “oltin soat” tamoyilining vaqt me’yorlari joriy etiladi.
Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgan choralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan ta’minlanadi. Shu jumladan, EKG natijalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish va axborot tizimi orqali yuborish, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyati yaratiladi.
Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sun’iy intellekt asosida tashxislash imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marshruti raqamlashtiriladi. Shifoxonalar esa shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan ta’minlanadi.
Shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish, o‘tkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
Milliy dastur doirasida “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilishi ta’minlanadi.
Aholi o‘rtasida profilaktika va targ‘ibot ishlariga ham alohida urg‘u berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatish, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylashtirish, ta’lim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlash bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Angels Initiative” xalqaro tashabbusining “FAST Heroes” dasturi asosida maktab o‘quvchilari uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Har yili 29 sentyabr – Butunjahon yurak kuni va 29 oktyabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin ko‘rsatkichlarini o‘lchash, aholining shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
Dasturni moliyalashtirishga 2026-yilda 239 milliard so‘m, 2027-yildan boshlab 280 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi.
Taqdimotda, shuningdek, 2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish va davolash muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini to‘liq ta’minlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagacha ko‘paytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, beg‘araz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yetakchi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda beg‘araz donorlik harakati qo‘llab-quvvatlanadi.
Qon bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun “ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjirida jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.
Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish, shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma berish, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026 yilda 308 milliard so‘m, 2026-2030 yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trillion so‘m nazarda tutilgani qayd etildi.
Taqdimotda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini o‘rganish natijalari haqida axborot berildi.
Ishchi guruhlar 2025 yil sentyabr-dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazlari va klinikalar faoliyatini kompleks o‘rganib, qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklarini aniqlagan. Ularni bartaraf etish uchun 27 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u tibbiy xizmat sifatini oshirish, hududlar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni rejalashtirish va milliy laboratoriya tizimini isloh qilish bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirishda 25 ta xalqaro va 19 ta mahalliy ekspertni jalb qilish taklif etildi.
Shuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimot qilindi.
2021 yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta filiali uchun jami 61 million dollarlik 119 turdagi tibbiy uskunalar xarid qilingan. Yana 5,6 million dollar hisobiga qo‘shimcha 5 turdagi uskunalar xarid qilinishi nazarda tutilgan.
Bunga qo‘shimcha ravishda jalb qilinadigan 10 million dollar hisobidan markaz uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, shuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbariga farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Farmatsevtika tarmog‘i hozirda sanoatimizning yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda tarmoqda 2,3 milliard dollarlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 2025 yilda 362 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 2,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 7,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, dunyoning 55 ta davlatiga 220 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Dori vositalari sifatini ta’minlash va byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan so‘nggi islohotlar natijasida tadbirkorlar tomonidan ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Shuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilangani hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40-60 foizga pasaytirildi.
Taqdimotda import o‘rnini bosuvchi mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish hamda ommabopligini ta’minlash, buning uchun investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini oshirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, muhokama qilingan yo‘nalishlarda aniq natijalarga erishish topshirildi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat19 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport4 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
