Jamiyat
O‘zbekiston Qizil kitobi 24 turdagi o‘simlik va 13 turdagi hayvon bilan «semirtiriladi»
O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritish taklif etilayotgan yovvoyi flora va fauna turlari ro‘yxati muhokama qilindi.
Mazkur jarayon Ekologiya qo‘mitasining Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti hamda Botanika instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, ishda mustaqil mahalliy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, Qizil kitobning oltinchi nashri materiallari taqdimotida kitobga kiritilishi taklif etilayotgan turlar ro‘yxatini shakllantirish ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining toifalari va mezonlarini qo‘llagan holda amalga oshirildi. Bu milliy turlarning muhofaza maqomini xalqaro standartlarga moslashtirish va ma’lumotlarning global darajada solishtirilishini ta’minlash imkonini bergan.
Qizil kitobning 2019 yildagi amaldagi 5-nashriga 48 ta oilaga mansub 314 tur va kenja turlar kiritilgan. Zamonaviy botanika nomenklaturasidagi o‘zgarishlar, areallarni aniqlashtirish va ayrim tabiiy populyasiyalarning tiklanishi natijasida 12 ta oilaga mansub 21 ta o‘simlik turini ro‘yxatdan chiqarish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, 6-nashrga 48 ta oilaga va 125 ta jinsga mansub, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi 317 tur va kenja turdagi o‘simliklarni kiritish taklif etilmoqda. Ularning 24 turi Qizil kitobga birinchi marta kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu biologik xilma-xillik holati va yuzaga kelayotgan xavflar bo‘yicha yangi ma’lumotlarni aks ettiradi.
Qolaversa, amaldagi 5-nashrga jami 206 tur va kenja turdagi hayvonlar kiritilgan. Shundan 83 turi umurtqasizlar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar va bo‘g‘imoyoqlilar), shuningdek baliqlar, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar kiradi.
Ilmiy tadqiqotlar va monitoring yakunlariga ko‘ra, avval kiritilgan turlardan 30 tasini ro‘yxatdan chiqarish taklif etilmoqda. Ayni vaqtda 6-nashr uchun 189 tur va kenja turdagi hayvonlarni ro‘yxatga kiritish tavsiya qilinmoqda. Shundan 13 turi Qizil kitobga ilk bor kiritilayotgan turlardir. Bundan tashqari, turli taksonomik guruhlarga mansub 48 tur hayvonning muhofaza maqomini o‘zgartirish tavsiya etilgan.
Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining 6-nashri uchun turlar ro‘yxati ilmiy asosda qayta ko‘rib chiqildi: ayrim turlarni ro‘yxatdan chiqarish, yangi turlarni kiritish hamda avval kiritilgan turlarning muhofaza maqomini tuzatish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Qizil kitobni tayyorlash va nashr etish O‘zbekistonda bioxilma-xillik holatini, o‘simlik va hayvon turlarining qanchalik kamyobligini hamda yo‘qolib ketish xavfi darajasini baholashda muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Qizil kitob – O‘zbekiston hududi doirasida uchraydigan juda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonot hamda o‘simlik dunyosi turlarining izohlangan ro‘yxatini o‘z ichiga olgan rasmiy davlat hujjatidir. Unda ushbu turlarning tarqalishi, hozirgi holati, sonining kamayish sabablari, ularni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha tadbirlar haqidagi umumlashtirilgan ma’lumotlar keltiriladi. Qizil kitobni tayyorlash va yuritish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 dekabrdagi 1034-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilda mamlakatda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetgan.
Jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 77,3 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarniki 72,9 yosh bo‘lgan.
Shu tariqa, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi mamlakat aholisining o‘rtacha yoshiga oid ma’lumotlarni ham e’lon qilgan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 0–4 yoshli bolalar soni 4 million 607 ming 149 nafarni tashkil etgan. Bu eng yirik yosh guruhlaridan biri hisoblanadi.
5–9 yoshdagilar soni 3 million 859 ming 606 nafar, 10–14 yoshdagilar 3 million 406 ming 515 nafar, 15–19 yoshdagilar esa 3 million 155 ming 802 nafarni tashkil qilgan.
20–24 yosh toifasida 2 million 662 ming 250 nafar, 25–29 yoshdagilar orasida 2 million 649 ming 263 nafar, 30–34 yosh guruhida esa 3 million 167 ming 974 nafar aholi qayd etilgan.
Shuningdek, 35–39 yoshdagilar soni 3 million 90 ming 226 nafar, 40–44 yoshdagilar 2 million 687 ming 261 nafar, 45–49 yoshdagilar 2 million 242 ming 676 nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 4–6 iyul kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.
Jamiyat
Abdurahmon Fozilov va Otabek Jo‘rayev chipta sotuvi bilan bog‘liq holatga qo‘shimcha izoh berdi
Abdurahmon Fozilov o‘ziga nisbatan tanqidiy chiqishlar qilgan blogerlar bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda fan-klubning Amerikaga kelishi va tashkiliy ishlar, chiptalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, futbolka sotuvlariga aloqador emasligini aniq dalillar bilan ko‘rsatib bergan. Otabek Jo‘rayev ham fan-klub chiptalariga umuman daxli bo‘lmagani, faqat vizasi chiqmay qolgan muxlislarga chiptalarini sotishga yordam berganini ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chipta sotuvi bilan bog‘liq tanqidlarga Iwash brendi bilan tanilgan Otabek Jo‘rayev qo‘shimcha izoh berdi. U fan-klub chiptalariga umuman aloqasi bo‘lmagani, faqat vizasi chiqmay qolgan muxlislarning chiptalarini boshqalarga sotishga yordam berganini ta’kidlayapti.
“O‘zbekistondan Amerikaga borib, 5 ta chipta sotganman. 20 ming dollar xarajat qilib, 2-3 ming dollar topaman deb bordim. Mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar.
Birinchidan, stadion tashqarisida qolib ketgan “bechoralar”dan boshlaymiz. 2-3 nafar o‘zbekistonlik sun’iy ravishda chipta narxini oshirib yuborarkan-da? Kongoliklar tashqarida nima qilayotgandi? Ularga ham o‘zbeklar bilet sotganmi, shunda? Stadionga 71 ming nafar odam ketarkan. 68 ming nafar muxlis bilan deyarli to‘ldi. Hamma biladi, chipta qancha kam qolgan sari, narx-navo shuncha ko‘tarilib ketadi. Bu tabiiy. Amerikada, ochiq bozor iqtisodiyotida yashab, shuni bilmadinglarmi?
Ikkinchidan, sizlar mehmon, biz mezbon deyapsizlar. Xuddiki, biz Amerikalaringni olib qo‘yadiganday. Xo‘p, sizlar nimaga shu yerda bo‘la turib oldindan chipta sotib olmagansizlar? Yilning boshidan beri FIFAning rasmiy saytida turgandi. Bizlar O‘zbekistondan turib chiptani olganmiz.
Uchinchidan, chipta sotishga keladigan bo‘lsak, o‘zlaring menga chipta bormi, deb aloqaga chiqdilaring. Ko‘chada yo‘q ekanmi, chipta? Menam ko‘chada chipta sotib yurganim yo‘q edi. Sizlarning ishlaringni yengil qilgan bo‘lsam, men aybdor bo‘lamanmi? Vizasi chiqmaganlar menga aloqaga chiqib, chiptasini sotib berishimni so‘radi. Boshqa tomondan chipta kerak deyishdi. Menam o‘rtada yordam beribman. O‘zimnikini ham qo‘shib sotib yuboribman. Oxiriga kelganda o‘g‘limga ham bilet topa olmay qoldim. Bitta akamiz Toshkentdan aloqaga chiqdi, chiptamni sovg‘a qilib yuboraman deb. Maydalashadigan bo‘lsam, uni ham isbotini ko‘rsatib beraman. Beshta chipta sotganman, 68 ming odam kirgan stadionga. Qanaqa qilib narxni sun’iy ravishda oshirib yuborgan bo‘lishim mumkin. Mingta sotgan taqdirimda ham bozorga ta’sir o‘tkaza olmayman. Fan-klub chiptalariga-ku umuman aloqam yo‘q. Men bu joyda o‘tirganim ham yo‘q. Fan-klub chiptalarini Amerikada turib ham olsa bo‘lardi. Chiptani bepul bersangiz bo‘lmaydimi, deb qo‘yishadi. Men nimaga bepul berishim kerak? Bu xayriya tadbirimi? Bu futbol. Pulga olinadi. Kap-katta erkaklarga men nimaga bepul berishim kerak?
Amerikaning o‘zida o‘zbeklarimizning chipta sotuvi bo‘yicha alohida guruhlari bor ekan. Shulardan ortib menga telefon qilibsizlar, demak ularda qimmatda. Arzon ham sotgan bo‘lib qolyapmanmi?
Futbolka masalasiga keladigan bo‘lsak, mening umaman aloqam yo‘q. Bepul ham tarqatishdi, ko‘rdinglar. Pullilariga keladigan bo‘lsak, rasmiy saytda 33 dollarga turibdi. Shuni 40 dollardan 70 dollargacha sotishdi. Bu ularning ishi, o‘zining puliga olgan”, deydi Otabek Jo‘rayev.
Abdurahmon Fozilov ham vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha izoh berdi va o‘zaro tushunmovchiliklar barham topganligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator chiqishlar qilgan Ikromjon Abdullayev va Fozilov o‘zaro uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritgan. Uchrashuvda Fozilov fan-klubning Amerikaga kelishi va tashkiliy ishlar, chiptalar bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, futbolka sotuvlariga aloqador emasligini aniq dalillar bilan ko‘rsatib berganini ta’kidlayapti.
Jamiyat
Qozog‘istonda qiyin ahvolga tushgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi
Qozog‘istonning Oqtov shahrida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bir qator O‘zbekiston fuqarolari diplomatik va konsullik ko‘magi hamda Migratsiya agentligi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytarildi. Ular orasida og‘ir kasallikka chalinganlar, avtohalokat oqibatida hujjatlarini yo‘qotganlar hamda moliyaviy qiyinchilikka duch kelganlar bor.
O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning iyun oyida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan bir qator yurtdoshlarning murojaatlari tezkor tarzda ko‘rib chiqilib, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatildi.
Xususan, og‘ir kasallik tufayli mehnat qilish imkoniyatini yo‘qotib, moliyaviy qiyin ahvolga tushgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.
Shuningdek, avtofalokat oqibatida shaxsiy hujjatlari va mablag‘laridan mahrum bo‘lgan fuqaroga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilib, aviachipta olib berildi.
Bundan tashqari, insultni boshdan kechirib, jarrohlik amaliyotidan keyin og‘ir ahvolda bo‘lgan fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yolg‘iz ona va uning voyaga yetmagan farzandi ham yurtga qaytarildi.
Fuqarolarni vatanga qaytarish ishlari O‘zbekiston Migratsiya agentligi mablag‘lari hisobidan tashkil etildi. Jarayonda Oqtovdagi Bosh konsulxona xodimlari tomonidan zarur konsullik-huquqiy rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilib, tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, zarur holatlarda ularga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini izchil davom ettirmoqda.
Jamiyat
Pxuketda ikki o‘zbekistonlik ushlandi
Tailandning Pxuket xalqaro aeroportida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi yuklaridan 26 kilogrammdan ortiq kannabis mahsulotlari topilgani ortidan qo‘lga olindi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ularni mazkur moddalarni mamlakatdan bojxona rasmiylashtiruvisiz olib chiqishga uringanlikda gumon qilmoqda.
Tailand bojxona xizmati ma’lumotiga ko‘ra, voqea 1 iyul kuni Pxuket xalqaro aeroportida yuklarni tekshirish chog‘ida aniqlangan.
Tekshiruv davomida ikki nafar 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosining chemodanlaridan vakuumli qadoqlangan quritilgan kannabis gullari, kannabis smolasi va qayta ishlangan kannabis mahsulotlari topilgan.
Birinchi gumonlanuvchining to‘rtta yukidan ikkitasi shubha uyg‘otgan. Tekshiruv natijasida umumiy og‘irligi 9,8 kilogramm bo‘lgan 30 ta qadoqlangan quritilgan kannabis, shuningdek, 1,03 kilogramm og‘irlikdagi 14 dona qayta ishlangan kannabis mahsuloti aniqlangan.
Ikkinchi fuqaroning yuklaridan esa 9,8 kilogramm quritilgan kannabis, 4,1 kilogramm kannabis smolasi hamda umumiy og‘irligi 2 kilogramm bo‘lgan turli qayta ishlangan kannabis mahsulotlari topilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ikki shaxsga nisbatan Tailandning 2017 yilgi Bojxona to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq tovarlarni bojxona tartib-qoidalariga rioya qilmasdan mamlakatdan olib chiqishga urinish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini ma’lum qildi. Shuningdek, ularga giyohvandlik vositalari va nazorat qilinadigan o‘simliklar muomalasiga oid qonunchilikni buzish yuzasidan ham ayblovlar bildirilgan.
Qo‘lga olinganlar va musodara qilingan ashyoviy dalillar keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Sakxu politsiya bo‘limi tergovchilariga topshirilgan.
Tailand bojxona xizmati kannabisni mamlakatdan noqonuniy olib chiqish jinoyat hisoblanishini ta’kidladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday huquqbuzarlik uchun har bir kilogramm kannabis uchun 30 ming batgacha jarima yoki sud qaroriga qarab ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Mahalliy nashrlar ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda xorijlik sayyohlar ishtirokida kannabis bilan bog‘liq hodisalar ko‘paygani sababli Pxuket ma’muriyati ushbu mahsulotlar aylanmasi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Jamiyat5 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport5 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
24-iyunda dollar yana ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot5 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat1 day agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Sport4 days ago«To‘pni yaxshi ushlab turolmadik» – futbolchilar turnirni tark etgandan keyin nimalar deyishdi?
