Jamiyat
Marg‘ilonda tergov boshlig‘i 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U aybsiz odamni qamatib berish uchun 18 ming dollar so‘ragan
Toshkentning Eshonguzar bozorida poyabzal sotadigan savdogar tuhmat ortidan Farg‘onada 40 kun qamoqda saqlandi: uning bo‘yniga 100 ming dollar ilishmoqchi bo‘lishdi. Savdogarga nisbatan qo‘zg‘atilgan “delo”ni sudga chiqarib berishni va’da qilgan Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Akbar Murtazaqulov bu “xizmati” uchun 18 ming dollar so‘ragan. Ammo so‘nggi lahzada bu ishda barchasi teskari, ya’ni jabrlanuvchi aslida jinoyatchi, jinoyatchiga chiqarilgan shaxs esa jabrlanuvchi ekani oshkor bo‘lgan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Akbar Murtazaqulov jinoiy jazoga tortildi. U aybsiz shaxsga ochilgan jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga chiqarib berishni va’da qilib, buning uchun 18 ming AQSh dollari talab qilgan. “Bir pachka prokurorniki, 5 sudniki, viloyat 3 so‘rayapti”, degan u.
100 ming dollarlik mazkur “o‘yin” ikkita jinoyat ishidan iborat: biri rejani tuzgan Shohnur Xalilovga nisbatan, ikkinchisi ushbu rejani amalga oshirish uchun 18 ming dollar so‘ragan Akbar Murtazaqulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan. Shu sababli, Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘ining jinoyatini tushunish uchun Shohnur Xalilovning jinoyatiga ham to‘xtalib o‘tish lozim.
Soxta dalil
2024 yil 11 may. Fuqaro Shohnur Xalilov Marg‘ilon shahar IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, Toshkent shahrida yashovchi, poyabzal savdosi bilan shug‘ullanuvchi Zayni Eshonqulov 100 ming dollar pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganini aytgan.
U gapiga dalil sifatida o‘zi va Zayni Eshonqulov o‘rtasidagi suhbat aks etgan videotasvirni taqdim etgan. Unda Shohnur Xalilov Zayni Eshonqulovdan 100 ming dollar qarzini qachon berishini so‘ragani, bunga javoban Zayni Eshonqulov 50 ming dollarini ertaga, qolganini 5 kundan keyin berib yuborishini aytgani aks etgandi.
Aslida bu o‘zini jabrlanuvchi qilib ko‘rsatgan Shohnur Xalilovning 100 ming dollarlik jinoiy rejasi edi.
Gap shundaki, Marg‘ilondagi poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona dileri bo‘lgan Shohnur Xalilov poytaxtdagi Eshonguzar bozorida oyoq kiyim sotadigan Zayni Eshonqulovga 50 mln so‘mlik shippak bergan. Ammo Eshonqulov yoz mavsumi davomida ushbu tovarning barchasini sota olmagan hamda Xalilovdan 17 mln so‘m qarz bo‘lib qolgan. Barchasi shundan boshlangan.
Biznes sheriklar o‘rtasida 17 mln so‘m “oldi-berdi” bo‘lgan o‘sha kunlarda Shohnur Xalilov Zayni Eshonqulovga sim qoqib, uni Marg‘ilonga chaqirgan. “Ikkita korxona dilerligini oldim. Kelsangiz ushbu korxonalardan tovar olib beraman”, degan u va Telegram orqali lokatsiya tashlab bergan.
Uning gaplariga ishongan poyabzal sotuvchi 2024 yilning 22 aprel kuni Marg‘ilon shahriga qarab yo‘lga chiqqan. Uni Xalilov Marg‘ilon shahridagi katta aylanma yo‘l bo‘yida kutib olgan hamda o‘z mashinasiga mindirgan.
“Hozir ofisga boramiz. Shohimardondan bir o‘rtog‘im keldi. U Rossiyaga borib, katta pul ishlab topgan. Undan pul olib, birga tadbirkorlik qilamiz. O‘rtog‘im oldida mendan biznes uchun 100 ming dollar qarz olganingizni aytib, uni qachon qaytarishingizni so‘rayman. O‘rtog‘imning ko‘p puli bor, uni o‘zaro hamkorlikka ishontirish uchun shunaqa deyman”, deya iltimos qilgan Shohnur Xalilov yo‘l-yo‘lakay Zayni Eshonqulovdan.
Poyabzal sotuvchi uning gaplariga ishonib, garchi 100 ming dollar qarzi bo‘lmasa-da, bunga rozi bo‘lgan.
Xalilov biznes sherigiga aytgan shaxs Nozim Qodirov edi. Ammo u Rossiyadan katta miqdorda pul ishlab kelgan puldor emas, shunchaki Shohnur Xalilovga chuv tushgan inson edi. Ya’ni Xalilov tadbirkorlik qilish va har oyda foydadan pul berib turish sharti bilan Nozim Qodirovdan 12 ming dollar pul olgan, biroq qarzining asosiy qismini qaytarmay kelgan.
Pulini so‘rab borgan Nozim Qodirovga Shohnur Xalilov bir odamda 100 ming dollar qarzi borligini, shuni olsa pulini qaytarishini bildirgan. Oradan 10 kun o‘tib, Shohnur Xalilov Nozim Qodirovga bir odam bilan ko‘rishishlari kerakligini aytgan.
“Unda 100 ming dollar haqqim bor, ammo berayotganda tilxat yozdirib olmagandim. Uning oldida o‘zingizni 200 ming dollar puli bor odam qilib ko‘rsatasiz, videoga olamiz”, degan Xalilov. Nozim Qodirov aytgan odamidan pulini olsa qarzini qaytaradi degan o‘yda rozilik bildirgan.
Shu tariqa Shohnur Xalilov har ikki tomonni aldagan. Uchalasi Xalilovning ofisida uchrashganda Nozim Qodirov puldor shaxs, Zayni Eshonqulov esa 100 ming dollar qarzi bor inson rolini o‘ynagan. Suhbat jarayonida Xalilov Eshonqulovdan 100 ming dollar qarzini qachon berishini so‘ragan. Bunga javoban Zayni Eshonqulov 50 ming dollarini ertaga, qolganini 5 kundan keyin berib yuborishini aytgan. Shohnur Xalilov ushbu suhbatni telefonida videotasvirga tushirgan. So‘ngra ushbu videotasvirni Marg‘ilon shahar IIBga taqdim etgan.
“Viloyat IIB ruxsat bergan”
Marg‘ilon shahar IIB Shohnur Xalilovning arizasi asosida Zayni Eshonqulovga nisbatan juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyati bilan jinoiy ish qo‘zg‘agan. So‘ngra unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov bir tomonlama olib borilishi oqibatida aybsiz “ayblanuvchi” 40 kun qamoqda o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan.
O‘sha paytda Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i lavozimida Akbar Murtazaqulov ishlagan. U sudda Zayni Eshonqulovga jinoyat ishi ochilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani bilan bog‘liq ishlar Farg‘ona viloyati IIBdagi tegishli mas’ullarning ruxsati va xulosasi bilan bo‘lganini aytgan.
“2024 yil 18 iyun kuni Zayni Eshonqulovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdim. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar mazkur ish bo‘yicha Marg‘ilon shahar IIB JQB tezkor vakili dastlabki surishtiruv harakatlarini olib borgan. Tartib bo‘yicha firibgarlik jinoyatlari viloyat IIBning biriktirilgan kuratorlari o‘rganib chiqqanidan so‘ng, boshqarma boshlig‘i ruxsati bilan xulosaga imzo qo‘yganimdan keyin qo‘zg‘atiladi. Viloyat IIBning 2024 yil 10 iyundagi xulosasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atganman.
Jinoyat ishini viloyat IIBga, maslahat kengashiga olib borganmiz. U yerda Tergov boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, kurator va 2 nafar xodim bo‘lgan. Ularga ish holati bo‘yicha to‘liq axborot berilgan. Shundan so‘ng boshqa ishlarim bilan tashqariga chiqdim. Qaytib kirganimda yig‘ilish bayoni va boshqa hujjatlar bor ekan. Yig‘ilish bayonida gumon qilinuvchini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi bilan ushlash va tergovni davom ettirish kerakligi yozilgandi.
Shundan so‘ng Zayni Eshonqulov hamda uning ikki nafar himoyachisi kelib, qabulimga kirdi. Ularga holatni tushuntirib, viloyat IIB xulosasi bilan gumon qilinuvchi tariqasida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash kerakligi bo‘yicha tushuntirishlar berdim. Zayni Eshonqulovni qamoqqa viloyat IIBning 36-sonli yig‘ilish bayoniga asosan olganmiz”, degan u.
“Tuhmat bo‘layotganini aytdim”
Zayni Eshonqulovning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u 2024 yil 14 sentabr kuni tergovchi chaqirgani uchun himoyachisi bilan Marg‘ilonga borgan. Tergovchi uni Akbar Murtazaqulov oldiga olib kirgan.
“Akbarga o‘zimga ma’lum bo‘lgan barcha holatni aytib berdim. U men va himoyachimga xonadan chiqib turishni aytdi. Shu vaqt tergovchi xonaga kirib ketdi va birozdan so‘ng chiqib, “zaderjaniye” qilishini aytdi. Advokatim 100 ming dollarni olib, qaytarib bermaganim bo‘yicha hech qanday dalil yo‘qligini, qanday qilib “zaderjaniye” qilishi mumkinligini so‘radi. Shunda tergovchi u bu yerda “soldat” ekanini, topshiriqni bajarishini, to‘g‘ri tushunishimizni, qo‘lidan hech narsa kelmasligini bildirdi”, degan Zayni Eshonqulov.
Shu tariqa, o‘sha kuni Zayni Eshonqulov vaqtincha saqlashga topshirilgan. 2 kundan so‘ng esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash uchun sudga olib borishgan. Sud ajrimi bilan unga 10 kunlik qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Zayni Eshonqulov sudyaga ham aybi yo‘qligini, tuhmat bo‘layotganini bildirgan.
“Sudya xavotir olmasligimni, jinoyat ishida ham aybimni tasdiqlovchi dalil ko‘rmaganini, biroq sanksiyada ayblilik masalasi hal qilinmasligini, sabr qilib, biroz muddat kutib turishimni aytdi. Shundan so‘ng himoyachim va oila a’zolarim menga nisbatan tuhmat bo‘lgani va noto‘g‘ri qamoqqa olinganim haqida prokuratura va IIBga ariza bilan murojaat qilishdi”, degan Zayni Eshonqulov ko‘rsatmasida.
“Bir pachka prokurorniki, 5 sudniki, viloyat 3 so‘rayapti”
Murojaatlardan so‘ng jinoyat ishi tergovi Marg‘ilon shahar IIBdan Farg‘ona tuman IIBga o‘tkazilgan. “Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi”, deganlaridek, Farg‘ona tuman IIB tergovchisi Zayni Eshonqulovning o‘ziga ayblov e’lon qilib, jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan prokurorga yuborgan. Farg‘ona tuman prokurori o‘rinbosari esa “delo” bilan tanishib chiqib, aslida ish teskari, ya’ni jinoyatchi jabrlanuvchi, jabrlanuvchi esa jinoyatchi ekanini aniqlagan.
Chunki, guvohlarning ko‘rsatmalari, Eshonqulovga tegishli telefon raqamlarining detalizatsiya va plingatsiya ma’lumotlari aslida holat boshqacha bo‘lganini ko‘rsata boshlagandi.
Shunda Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Akbar Murtazaqulov 100 ming dollarlik bu “o‘yin”ni o‘ylab topgan Shohnur Xalilovga Zayni Eshonqulovni ayblash uchun asoslar yetarli bo‘lmayotgani, viloyat IIB jinoyat ishini tugatib yubormoqchi ekanini aytib, agar 18 ming dollar bersa jinoyat ishini tugatmasdan sudga chiqarib berishni va’da qilgan. U pulni prokurorga, viloyat IIB va sudda ishlovchi tanishlariga berishini bildirgan.
2024 yil 12 sentabrda Akbar Murtazaqulov Shohnur Xalilovning ofisiga borgan va kelishilgan puldan 500 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Biroq jinoiy harakatlarini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmagan.
Ish hujjatlarida Akbar Murtazaqulov va Shohnur Xalilov o‘rtasidagi suhbat aks etgan audioyozuvlar mavjud. Ularda Akbar Murtazaqulovning “Qarang, bir pachka prokurorniki, besh sudniki, kecha uch, besh degandi, yo‘q, uch dedim, olasan dedim, kecha viloyatda bo‘ldi-da u narsa, UVDda, o‘n sakkizga ketdi to‘g‘risi, joy-joyiga qo‘yib olishimiz kerak”, “Prokuror bir pachka so‘rayapti, sudya 5 ming, viloyat 3 ming so‘rayapti”, “500 bering yoki bermang. Aka, bu qimorga o‘xshagan o‘yin-da”, degan so‘zlari aks etgan.
“30 ming dollar so‘radi”
Shu tariqa, so‘nggi lahzada Farg‘ona tuman prokurori o‘rinbosarining e’tibori bilan ish teskarisiga aylanib ketgan: jinoyatchiga aylantirilgan Zayni Eshonqulov qamoqdan chiqarilib, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilgan hamda jabrlanuvchi rolini o‘ynagan Shohnur Xalilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shohnur Xalilov JIB Marg‘ilon shahar sudining 2025 yil 5 martdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a, b, g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) hamda 237-moddasi 2-qismi “a, g” bandlarida (ayblovning sun’iy dalillarini vujudga keltirgan holda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab yolg‘on xabar berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shohnur Xalilov suddagi ko‘rsatmasida Akbar Murtazaqulov undan 30 ming dollar so‘raganini aytgan.
“Marg‘ilon shahar IIB Tergov bo‘limi boshlig‘i Akbar Murtazaqulov meni chaqirtirib, dalillar tasdiqlanmayotgani va Zayni Eshonqulovni ayblash uchun asoslar yetarli bo‘lmayotgani sababli 30 ming dollar berishni, shunda jinoyat ishi sudga chiqishini, ushbu puldan o‘ziga hech qanchasi qolmasligini aytdi. Shundan so‘ng tanishlarim bilan gaplashib, Akbar Murtazaqulovning harakati noqonuniy ekanini bildim. 2024 yil noyabr oyida uning ustidan DXXga ariza bilan murojaat qildim.
Akbar Murtazaqulovga nisbatan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir jarayonida Murtazaqulovni ofisimga chaqirtirib, unga 500 dollar berdim. Akbar Murtazaqulovni ushlashdi va u ishdan ketdi”, degan u.
Jazo
Aybsiz odamga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini 18 ming dollar evaziga ayblov xulosasi bilan sudga chiqarib bermoqchi bo‘lgan Marg‘ilon shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Akbar Murtazaqulov 2025 yil 7 aprel kuni qamoqqa olingan.
Garchi sudda aybiga iqrorlik bildirmasa ham uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
JIB Farg‘ona shahar sudining 2025 yil 12 sentabrdagi hukmi bilan Akbar Murtazaqulov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismining “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 400 baravari miqdorida jarima hamda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazolar alohida-alohida ijro qilinishi, jarima davlat foydasiga undirilishi va ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 10 dekabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Jamiyat
Toshkentdagi bog‘chada nimalar sodir bo‘ldi?
Toshkentdagi Rayan Kids xususiy bog‘chasida bolalar qiynoqqa solib kelingani ma’lum bo‘ldi. Ota-onalarning aytishicha, bog‘chada bolalar muntazam kaltaklangan, haqoratlangan va qiynoqqa solingan. Ota-onalarga videohisobot uchun bolalarga berilgan mevalar tortib olingan, olti bolaga bir kosa ovqat berilgan, va’da qilingan til kurslari esa 2 daqiqadan ham oshmagan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, jabrlangan oilalar, bog‘cha ma’muriyati va mas’ul idoralar munosabatini o‘rgandi.
Poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy bog‘chasida tarbiyachilarning bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videolarda ayrim tarbiyachilarning bolalarni sudrashi, urishi, og‘ziga latta tiqishi va kamera tushmaydigan joylarga olib kirishi aks etgan.
Kun.uz voqea joyida bo‘lib, farzandlari mazkur bog‘chaga qatnagan ota-onalar bilan suhbatlashdi.
“Bog‘chaning reklamalariga ishonib qoldik” – Rayan Kids’da qiynoqqa solingan bolalarning ota-onalari
“Bizga bolangizni soat 8:30-9 da tashlab ketsangiz, o‘n-o‘n birgacha ovqatlantiramiz, 13:00 gacha hovlida yuradi, olib kiramiz, besh mahal ovqat, hammasi chiroyli, zo‘r bo‘ladi, deb guruhlarda reklamalarini ko‘rsatishgan. U reklama ekan. Keyin bolam uch-to‘rt kundan beri yarim kechasi turib, burchaklarda yig‘laydigan bo‘lib qoldi. Kelib ogohlantirdik. Tarbiyachisini ishdan bo‘shatishdi. Kamerani ochib berishlarini so‘radik, ochib berishmadi. Keyin o‘n-o‘n besh kun o‘tganidan keyin onasi bolamning ko‘kargan joylarini tashladi menga. Besh-o‘n kundan keyin yana ko‘kargan holatlar bo‘lgan. E’tibor berishmagan. 24 iyun kuni soat 13:00 larda bolaning oyoqlari ko‘karib, badanlari shilingan, qo‘llari ezilgan holatda onasiga “bolani bog‘chada ertalab shunaqa tashlab ketdingiz, shunaqa bo‘ldi” deb video tashlashyapti. Men jahl bilan kelib, kamerani ochishlarini talab qildim, chunki ertalab bolani o‘zim kuzatganman, bunaqa jarohati yo‘q edi. Kelib kamerani och desam, kameraning kodini bilmasliklarini aytishdi, faqat telefon orqali ko‘rish mumkin ekan. Telefon orqali ko‘rsam, bolani zinadan sudrab, urib, tan jarohati yetkazyapti. O‘zi yetkazgan tan jarohatini bir soat-bir yarim soatdan keyin qilgan jinoyatini yashirish maqsadida bizga video qilib tashlab, to‘nkab qo‘yyapti. Keyin mutaxassis chaqirtirdim. Unga 1,5 mln so‘m to‘lab, kamerani kodini ochtirdim. Va kamerani shu yerda qisman yozib oldim. Videoning 3-4 minutini ko‘rib, uyog‘ini ko‘rolmadim. Bolalarning og‘ziga latta tiqqani, hojatxonaga olib kirib qiynagani, kaltaklagani, chimchilab, o‘ymalab ko‘kartirib tashlagani, bola to‘polon qilsa, kamera yo‘q joylarga, kameralar olmaydigan joylarga olib kirib ketyapti. Bu qanaqa vahshiylik? Bola yig‘lasa, badaniga bola nafas olmasligi uchun og‘zi bilan bosib hiqqillatyapti. Nafasi qaytib o‘lib qolishi mumkin. 24 iyunda ariza bersam ham shu kungacha chora yo‘q. Bog‘cha haliyam ishlayapti, o‘sha rahbariyat, o‘sha tarbiyachilar haliyam ishlayapti.
Ikki yashar bolani shunaqa azoblash – bu manyaklik-ku! Agar ovoza qilinmaganda, ushbu holat ham “yopti-yopti” bo‘lardi va boshqalarning bolalari ham muntazam shunaqa qiynalib kelardi. Bunaqada bolalar “travma” bo‘lib qoladi, bolalar ertaga qo‘rqoq, fikrini bildirolmaydigan, ruhiy bosimda o‘sganidan keyin, ruhi singan, hech narsaga yaroqsiz bola bo‘lib o‘sadi”, – deydi bolalardan birining otasi.
“Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan”
Ota-onalarning aytishicha, bu birinchi holat emas, may oyida ham ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va BHMning uch baravari miqdorida jarima bilan jazolangan. Shu bog‘chaga farzandi qatnagan yana bir ona ham zo‘ravonlik avvaldan davom etib kelganini aytadi.
“Mana, to‘rt oy bo‘ldi bu ishga. Men ham ariza berganman, “portal”gayam chiqqanman, SESgacha yozganman. Menda ham videolari bor. Bolamning oyog‘idan tortganda, payi ezilib qolgan. 16 kun gipsda yurganmiz, oyog‘ini bosmaydigan darajada bo‘lgan. Hali chaqaloq edi, endi yurishni boshlagan payti edi. Ishonib bergan edik. O‘shanda ham bog‘cha opani ishdan olishdi, direktorni ishdan olishdi, yangi odam qo‘yishgan. Bir oyda o‘zgaraveradi bularda. Shunaqa muammo chiqsa yana o‘zgaraveradi. Men o‘zim blogerman, reklama qilganman bog‘chani. O‘zim reklama qilganman, o‘zim javobgarman men ham. Oxiri Instagram sahifamda bu bog‘chaga bolalarini bermasliklarini aytganman odamlarga. Ba’zilar oldi bolasini. Mana, yana shunaqa holat bo‘lyapti.
Bu bitta mening bolamga nisbatan qilinmagan, u yerda kichik guruhda 20 ta bola bo‘lgan. Shu tili chiqmagan bolalarga qilishyapti buni. Oyog‘idan, qo‘lidan bitta qo‘llab ko‘tarib, rasm uchun stolga o‘tkazishar ekan. Rasmga olib bo‘lganidan keyin siltalab stoldan tushirib, boshqa bolani o‘tkazishadi. Arab tili, ingliz, rus tili fanlari bor, lekin 2 minut ham shug‘ullanishmayapti o‘qituvchilari. Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan, bitta qoshiqda. Salati, noni, va’da berilgan menyu umuman yo‘q bu yoqda. SES xodimlarini ham yuborganman o‘shanda ham, tekshiruv o‘tkazishgan, jarima yozib ketishgan, shundan keyin ham tuzatilmagan bu narsa. Videolarda bog‘cha opa bolalarning qo‘lidagi bananini tortib olib o‘zi yeb ketyapti”, – dedi farzandi mazkur bog‘chada tarbiyalangan ona.
Kun.uz ikkinchi tomonning ham pozitsiyasini eshitish maqsadida bog‘cha ma’muriyatiga murojaat qildi. Biroq muassasa vakillari rahbariyat xorijda ekani, mas’ul xodim esa ayni paytda ichki ishlar organida bo‘lgani sababli hozircha izoh berilmasligini, mazkur xususiy bog‘cha faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilishdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotiga nisbatan litsenziyani bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishini bildirdi.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB tarbiyachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bolalar ombudsmani esa Kun.uzʼga bergan munosabatida bunday holatlarda faqat xodimni ishdan bo‘shatish bilan cheklanmasdan, barcha mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi lozimligini ta’kidladi.
Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan boshqa videolarda ham bog‘chaning turli tarbiyachilari tomonidan bolalarga nisbatan ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari aks etgan. Tahririyat ushbu videolarga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho berishidan umid qiladi. Voqea rivojini va mas’ul idoralar ko‘radigan choralarni kuzatishda davom etamiz.
Jamiyat
Toshkentda Tracker va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Toshkent shahrining Bektemir tumanida Tracker va BYD rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oraliq masofaga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 23:00 lar atrofida Bektemir tumanidagi X. Bayqaro mahallasi hududidan o‘tuvchi X. Bayqaro ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tracker rusumli transport vositasi haydovchisi xavfsiz oraliq masofani saqlamagani oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan BYD rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarga murojaat qilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz tezlik va oraliq masofani saqlash orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olish mumkinligini eslatdi.
Jamiyat
“Bolalar muntazam qiynab kelingan” – Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyachi yig‘layotgan bola og‘ziga latta tiqdi
Uchtepa tumanidagi Rayan Kids bog‘chasida tarbiyachi bolalarni turli xil usullarda qiynab kelgani aytilmoqda. Farzandi jarohatlangan otalardan biri bog‘chada kuzatuv kameralaridan pana joylar borligini, xarxasha qilgan bolalar o‘sha yerda jazolanishini da’vo qilyapti. 2 oy avval ham ushbu bog‘cha tarbiyachisi bolaga yengil tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilganini aniqlandi.
Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar turli xil usullarda qiynab kelingani aytilmoqda. Kun.uz’ga bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlari kelib tushdi.
Bola og‘ziga latta tiqqan
Videoyozuvlardan birida tarbiyachi yig‘layotgan bolaning og‘ziga latta bo‘lagini tiqqani ko‘rinadi. Yana bir holatda esa ayni shu tarbiyachi bolaning og‘ziga barmog‘ini tiqib olgani tasvirlarga tushib qolgan.
Yana bir videoda esa tarbiyachi yig‘layotgan bolaning bosh qismini ko‘ksiga bosib, uni qiynagani ko‘rinadi.
“Muntazam qiynab kelishgan”
Kun.uz jarohatlangan bolaning otasi bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha so‘radi. Otaning aytishicha, “reklamada boshqacha, bog‘cha ichidagi vaziyat esa dahshatli”.
“Reklamasiga ishonib, bolamni shu bog‘chaga bergandim. Hali gapirolmaydi, kichik yoshda. Qop-qop va’dalar qilishgandi, ammo vaziyat umuman boshqacha bo‘lib chiqdi.
O‘g‘lim o‘z-o‘zidan yig‘laydigan, qo‘rqib, qaltirab qoladigan bo‘ldi. Avvaliga tanasining ayrim joylarida kichik ko‘karishlar ko‘rdik. Keyin bunday jarohatlar ko‘paydi. Bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini ko‘rsatishni talab qildim. Ularni ko‘rib esa dahshatga tushdim: bolalarni muntazam qiynab kelishgan ekan.
Bolamning og‘ziga latta tiqibdi, chimchilab hamma joyini ko‘kartirib tashlabdi. Hozir ekspertizaga berganmiz, IIBga ham murojaat qildim”, deydi ota.
Bu birinchisi emas
Avvalroq Rayan Kids bog‘chasining boshqa tarbiyachisi ham bolaga jarohat yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 44 yoshli tarbiyachi 13 mart kuni bolaning oyoqlarini kuch bilan tortib, unga yengil jarohat yetkazgan. Tarbiyachi sudda qilmishidan pushaymonligini aytgan. Bolaning onasi tarbiyachiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Uchtepa tuman sudining 2026 yil 7 maydagi qarori bilan tarbiyachi BHMning 3 baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Vazirlik munosabati
Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat vazirlik tomonidan nazoratga olingan, huquq-tartibot organlari mas’ullari tarkibida ishchi guruh tuzilgan.
“Voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritiladi va tegishli tartibda ushbu holatda kasb etika qoidalariga rioya etmagan, holatga javobgar bo‘lgan barcha maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga qonun doirasida chora ko‘riladi”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, vazirlik litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday maktabgacha ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.
Jamiyat
Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olindi
IIV holat Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lganini tasdiqlagan. 20 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasida dalaga olib borib, zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan nomusga tegish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.
Illyustrativ surat / Getty Images
Yakkabog‘ tumanida 4 nafar yigit 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.uz so‘roviga javoban holatni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni Yakkabog‘ tumanida 20, 21, 22, 23 yoshli 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasiga mindirib, dalaga olib borishgan va zo‘rlashgan.
Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olib qo‘ygan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasidan 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi 29 iyun kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Gumondorlar Sh.X., D.H., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingani hamda barcha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirilgan.
Avvalroq Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishini ta’kidladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov tibbiyot sohasi xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.
Vazirning ta’kidlashicha, prezidentning 2026 yil 5 maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.
Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Vazirning bildirishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.
Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan5 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat5 days agoYunusobodda hojatxonaga tushib ketgan bola qutqarildi
-
Mahalliy3 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
-
Sport5 days agoJCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
