Jamiyat
Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimi ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat qiladi. Shuningdek, 856 ta uyda o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Keyingi yillarda ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, umumiy mulkni ta’mirlash va muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash bo‘yicha muayyan ishlar qilindi, aholiga sifat ko‘rsatish darajasi va ko‘lami oshdi.
Shu bilan birga, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini oshirish orqali xizmatlar sifatini oshirish, qo‘shimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.
Mavjud boshqaruv kompaniyalarning aksariyati majburiy badal hisobidan faoliyat yuritmoqda, ularning faoliyatiga investitsiya kiritishga tayyor tadbirkorlar kam. Shuningdek, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar ko‘p. Bularning barchasi sohaga daromad keltiradigan yangi model ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan 2026-2030 yillarda ba’zi shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.
Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi.
Boshqaruvchi tashkilotlar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar, jumladan, o‘z mablag‘i, moddiy-texnik baza, 24/7 dispetcherlik xizmati mavjud bo‘lishi kabi shartlar belgilanadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha daromad manbalari sifatida maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Majburiy badallar hamda boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qo‘shimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qo‘yiladi. Belgilangan tartib buzilgan taqdirda, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanadi. “Mening uyim” axborot tizimi orqali umumiy yig‘ilishni tashabbus qilish, muhokama o‘tkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va ko‘rib chiqish imkoniyatlari to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Agar har chorak yakuni bo‘yicha “Mening uyim” tizimiga hisobot ma’lumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash ma’lumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, o‘rnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.
Yana bir masala – sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish. Avvalo, boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat ko‘rsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.
2026–2030 yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohani nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning budjetdan tashqari jamg‘armalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga qisqa muddatda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Chilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar sabab Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi vaqtincha transport harakati uchun yopiladi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Ma’lum qilinishicha, Chilonzor tumanidagi 24/7 Al-Xorazmiy yangi sayr va gastro turizm ko‘chasida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Xalq sayli” tadbiri tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Al-Xorazmiy aylanma yo‘li qismidan 2-Qatortol ko‘chasigacha bo‘lgan hudud 20 mart kuni soat 15:00 dan 21 mart kuni soat 24:00 gacha transport harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Mutasaddilar haydovchilar va yo‘lovchilardan harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni hamda muqobil yo‘llardan foydalanishni so‘ramoqda.
Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ralgan.
Jamiyat
Toshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari munosabati bilan Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtinchalik maxsus jadval asosida tashkil etildi.
Foto: Transport vazirligi
«Toshshahartransxizmat» AJ ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 20–23 mart kunlari poytaxt avtobus yo‘nalishlari maxsus tartibda ishlaydi.
Jumladan, 20, 21 va 22 mart kunlari avtobuslar yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida harakatlanadi. 23 mart kuni esa avtobuslar shanba kungi jadval bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, Ramazon hayiti kuni — 20 martda avtobuslar harakati ertalab soat 04:00 dan boshlangan.
Mazkur qaror fuqarolarga qulaylik yaratish, yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish hamda bayram kunlari xavfsiz va sifatli jamoat transporti xizmatini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Mutasaddilar bayram kunlari transport oqimi ortishini inobatga olgan holda, fuqarolarni shaxsiy avtomobildan ko‘ra jamoat transportidan foydalanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Coca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
Muqaddas Ramazon oyida O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi “Made by – barcha yaxshiliklar o‘zimiz tomonimizdan yaratiladi” umumiy g‘oyasi ostida birlashgan bir qator keng ko‘lamli ijtimoiy tashabbuslarni o‘tkazdi. Tashabbuslar mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va bayramona muhit yaratishga qaratildi.
Tashabbus doirasida Coca-Cola mamlakatimizning to‘qqizta oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikda talabalar uchun tadbirlar tashkil qildi. Maydonchalarda boshlovchilar va didjyeylar ishlashdi, talabalar esa estafeta, tanlovlar va shopperlarga rasm chizish bo‘yicha mahorat darslarida ishtirok etishdi. Shuningdek, “Besh Qozon” oshpazlari bilan hamkorlikda palov va turli taomlar tayyorlanib, talabalar hamda o‘qituvchilar bir dasturxon atrofida yig‘ilishdi.
Ramazon oyida mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahrining oltita mahallasida xayriya iftorliklari tashkil etildi. Har bir mahallaga “Besh Qozon”ning afsonaviy oshpazlari taklif qilindi; ular tayyorlagan palov uzunligi 60 metrgacha yetadigan dasturxonlarning asosiy taomiga aylanib, oilalar, qo‘shnilar va do‘stlarni bir dasturxon atrofida birlashtirdi. Bunday xayriya iftorliklari O‘zbekistonning Samarqand, Nukus, Xiva, Jizzax, Andijon va Namangan kabi bir qator shaharlarida ham o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi “Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston” hamda “ONA” jamoat fondi bilan hamkorlikda mamlakatning yetti shahri — Toshkent, Samarqand, Nukus, Xiva, Jizzax, Andijon va Namangandagi 1 000 ta ehtiyojmand oilaga yordam ko‘rsatdi. Oilalarga har biri 1 000 000 so‘mlik 1 000 ta oziq-ovqat vaucheri, shuningdek, Coca-Cola ichimliklari hamda The Coca-Cola Foundation ko‘magida amalga oshirilayotgan Coozin loyihasi ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan an’anaviy chak-chak taomi topshirildi.
“Ramazon oyida bir-birini qo‘llab-quvvatlash va g‘amxo‘rlikka muhtojlarga yordam berish ayniqsa muhim. Maqsadimiz — bu kunlarda juda ahamiyatli bo‘lgan mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro yordam muhitini yaratishga o‘z hissamizni qo‘shish. Eslatib o‘tmoqchimizki, yaxshilik o‘z qo‘llarimiz bilan yaratiladi — xuddi o‘zbek oshpazlari tayyorlagan palov va shu yerda, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Coca-Cola mahsulotlari kabi. Coca-Cola o‘zi faoliyat yuritayotgan jamiyatning bir qismi bo‘lishga intiladi: biz uchun nafaqat biznesni rivojlantirish, balki hamjamiyatlar hayoti sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish ham muhimdir”, – deya ta’kidladi Nazi Aripjanova, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondagi Coca-Cola kompaniyasining hukumat bilan aloqalar, kommunikatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori.
Tez orada biz bahor bayrami — Navro‘zni nishonlaymiz va Coca-Cola uni birgalikda kutib olishga taklif qiladi. 21–22 mart kunlari kompaniya Markaz-1 gastronomik ko‘chasida yarmarka uyushtiradi, shuningdek, “Navro‘z” bog‘ida, Tashkent City va Seoul Mun gastro-ko‘chasida bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mehmonlarni musiqa, taomlar va oilaviy mashg‘ulotlarga boy ajoyib tadbir kutmoqda — yorqin taassurotlar kafolatlangan.
21 mart kuni: Namangandagi “Afsonalar vodiysi” va “Bobur” bog‘larida, Andijondagi “Navro‘z” savdo-ko‘ngilochar markazida hamda Samarqanddagi “Samarkand Silk Road” majmuasi hududida an’anaviy taomlar, osh va sumalak tortiladigan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
22 mart kuni: Gulbozor mahallasining sayyohlik ko‘chasida Navro‘z bayrami o‘tkaziladi: mehmonlarni sumalak, osh va ko‘plab qiziqarli mashg‘ulotlar kutmoqda.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Toshkentdan bir kunda 500 mingdan ortiq avtomobil chiqib ketdi
Bayram arafasida Toshkent shahrida yo‘l tarmog‘iga katta yuklama tushdi – 19 mart kuni atigi 11 soat ichida poytaxtdan 500 mingdan ortiq transport vositasi chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 19 mart kuni soat 09:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 500 mingdan ortiq avtomobil poytaxt hududini tark etgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday yuqori transport oqimi Ramazon hayiti bayrami va dam olish kunlari munosabati bilan aholining ommaviy ravishda shahardan chiqib ketishi bilan bog‘liq.
Shahardagi yo‘l harakati holati Yagona tezkor boshqaruv markazi orqali sutka davomida nazorat qilinmoqda. Mutaxassislar videokuzatuv tizimlari yordamida ko‘chalar, asosiy magistrallar hamda chiqish postlaridagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib bormoqda.
Bayram kunlari ayrim hududlarda qisqa muddatli tirbandliklar kuzatilgan. Yo‘l harakatini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalari jalb etilgan.
YHXB xodimlari haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Ayniqsa, shaharlararo yo‘llarda harakat jadalligi yuqori bo‘lgani sababli masofani saqlash va tezlik rejimini buzmaslik tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik ayolga hujum qilindi: ikki erkak ushlandi
Turkiyaning Bodrum shahrida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat sodir etganlikda gumonlangan ikki nafar erkak qo‘lga olindi.
Foto: bodrumsicakhaber.com
Ma’lum qilinishicha, voqea Bodrumning Yalikavak tumanidagi Go‘kchebel mahallasida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi ayol yo‘l chetida transport kutib turgan vaqtda, ikki nafar erkak bo‘lgan avtomobil to‘xtab, uni Turkbuku hududiga olib borishni taklif qilgan.
Yo‘l davomida haydovchi yo‘nalishni o‘zgartirib, ayolni qurilish obektiga olib borgan. Jabrlanuvchining aytishicha, u yerda erkaklar tomonidan kuch ishlatish tahdidi ostida jinoyat sodir etilgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar ayolning sumkasi, pul mablag‘lari va mobil telefonini olib, voqea joyidan yashiringan.
Og‘ir holatiga qaramay, jabrlanuvchi yaqin atrofdagi uylarga yetib borib, mahalliy aholidan yordam so‘ragan. U shifoxonaga yotqizilib, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar — 24 va 25 yoshli ikki nafar erkak aniqlanib, qo‘lga olingan. Sud qarori bilan ular qamoqqa olindi.
Mazkur ish mahalliy huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar nazoratida bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Jamiyat4 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Siyosat1 day agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot2 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot3 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Iqtisodiyot3 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
