Jamiyat
Ijtimoiy ob’yektlarning energiya samaradorligi uchun 264 mln dollar jalb etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikamizda binolarning yakuniy energiya iste’molidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030-yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy ob’yektlarda esa energiya iste’molini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.
Taqdimotda agentlikning 2026-yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizdagi binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy ob’yektlar va aholi turar joylarini energiya samarador ob’yektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy ob’yektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy ob’yekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etiladi.
Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berildi.
Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.
Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga binolarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va ta’sirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.
Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.
Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz mazkur takliflarni ma’qullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
