Iqtisodiyot
NKMK 2025 yilda 98 tonna oltin ishlab chiqardi
Ishlab chiqarishning fizik hajmi 2 foizga, qiymat jihatdan esa 44 foizga ko‘paygan. Yil yakunida NKMK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov lavozimini tark etdi – u bilan mehnat shartnomasi muddati uzaytirilmadi.
Oltin ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi eng yirik kompaniyasi – Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yilgi asosiy natijalarini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yili 3 mln 156,6 ming troy unsiya (98,2 tonna) oltin ishlab chiqargan. Bu – 2024 yildagi ko‘rsatkich (3 mln 91,1 ming)dan 2,1 foizga ko‘p.
Oltin narxi qimmatlashuvi fonida, 2025 yilda NKMK ishlab chiqargan mahsulot qiymati 135,6 trln so‘mga yetgan (taxminan 11 mlrd dollardan ortiq) – bu 2024 yil ko‘rsatkichi (93,9 trln)dan 44,4 foizga yuqori.
Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida 561 mln dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu – bir yil oldingidan 29 foizga kam.
“Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga 2 628 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,4 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 7,3 trln. so‘mlik mahsulot xarid qilindi”, – deyiladi rasmiy relizda.
NKMK avvalroq kompaniya boshqaruvida o‘zgarish bo‘lgani haqida xabar bergandi: Yevgeniy Aleksandrovich Antonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilish muddati tugagani munosabati bilan, tomonlarning kelishuviga ko‘ra, 2025 yil 31 dekabrdan boshlab bosh direktorning transformatsiya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimidan ozod etilgan.
2026 yil 1 yanvardan boshlab Jahongir Tolibovich Hasanov bosh direktorning moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimiga tayinlangan. U tayinlovga qadar NKMK bosh direktorining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, NKMK boshqaruv raisi – bosh direktori lavozimida 2008 yildan buyon Quvondiq Sanaqulov ishlab keladi.
Ma’lumot uchun, kombinat tasarrufida 12 ta kon, 7 ta gidrometallurgiya zavodi va 2 ta uyumdan eritmaga o‘tkazish sexi mavjud.
Dekabr oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston prezidentining 2025 yil aprel oyidagi farmoniga asosan, NKMK 2025 yilning ikkinchi yarmida ham mahalliy, ham xalqaro fond bozorlarida IPO o‘tkazib, jami 10-15 foiz aksiyasini ochiq bozorga chiqarishi belgilangan edi.
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:
savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.
-
Siyosat5 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy4 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat5 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
