Iqtisodiyot
Xovosda fermerlarning yerlari ommaviy tortib olinyapti
Turli idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh fermerlarning uyiga borib, ularning shaxsiy mol-mulkini xatlayotgani va yerdan voz kechish haqida ariza yozishga majburlayotgani aytilmoqda. Ariza yozishni rad etgan fermerlarga agroinspeksiyadan reviziya kelyapti. O‘zLiDeP bunga chek qo‘yishga chaqirdi, deputat Risqul Siddiqov viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga so‘rov yubordi.
Foto: Xovos tumani hokimligi matbuot xizmati
Xovos tumanida fermerlarning yerlari ommaviy ravishda olib qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu harakatlarni “zudlik bilan bartaraf etish”ga chaqirdi.
“Kuni kecha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini olib qo‘yish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilib, ularning yerlarini olib qo‘yish choralari ko‘rilayotgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, prokuratura, ichki ishlar, majburiy ijro, soliq va boshqa idoralardan iborat ishchi guruhlar fermer xo‘jaligi rahbarlarining uylarigacha borib, ijro hujjatlarisiz fermerlarning shaxsiy mol-mulkini xatlab, yerdan voz kechish haqida majburiy ariza yozishni talab qilmoqda, ariza yozishni rad etgan fermerlarga nisbatan agroinspeksiya orqali tekshiruvlar o‘tkazilmoqda”, deyiladi partiya axborotida.
O‘zLiDePga ko‘ra, bu bo‘layotgan ishlar – “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga zid.
“Xovos tumanida fermer xo‘jaliklariga nisbatan olib borilayotgan bu kabi harakatlar uchun qonuniy asos va aniq sabablar bo‘lishi lozim. Ta’kidlash joizki, 2025 yil va 2026 yilning bugungi kuniga qadar bunday ommaviy tekshiruvlarni o‘tkazish yuzasidan hech qanday qonunchilik hujjatlari qabul qilinmagan”, – deyiladi partiya bayonotida.
O‘zLiDePning Qonunchilik palatasidagi deputati Risqul Siddiqov holat yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish bo‘yicha Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga deputatlik so‘rovi kiritgan.
“O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mazkur harakatlarni zudlik bilan bartaraf etish, tumanda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, xosildorlikni oshirish, to‘lov intizomini mustahkamlash va yerlardan samarali foydalanish ishlarini tashkil qilishning qonuniy hamda o‘z elektorati hisoblangan fermerlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlagan holda amalga oshirish lozim deb hisoblaydi”, – deya ta’kidlaydi partiya.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabr oyida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Xovos tumanida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan va Ulug‘bek Yo‘ldoshevni ishdan olib, uning o‘rniga Qomus Yo‘ldoshevni tuman hokimi etib tayinlagan edi.
Iqtisodiyot
Endi biznes faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi
Adliya vazirligi tomonidan Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi.
Xavf darajasi davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi. Bunda tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavfni baholash iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xom ashyo birjalari faoliyati, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Tizimda huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Iqtisodiyot
Hujjatsiz yerlarga uch karrali soliq qanday qayta hisoblanadi?
O‘RQ–1153-sonli qonunga muvofiq, hujjatsiz yerlarga hisoblangan uch karrali soliqlarni qayta hisob-kitob qilish tartibi belgilandi.
Soliqlarni qayta hisob-kitob qilish fuqarolarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, Soliq qo‘mitasi tomonidan markazlashtirilgan tartibda, «Soliq hisoblash» dasturidagi algoritmga o‘zgartish kiritish orqali amalga oshiriladi.
Mazkur Qonun bilan 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha bo‘lgan davr uchun hisoblangan uch karrali soliqlar bekor qilingan.
Avvalo, jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan hujjatsiz yerga 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha hisoblangan uch karrali soliqlar 1 karrali stavkada qayta hisob-kitob qilinadi.
Agar soliq to‘lovchi ushbu davr uchun to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa, qayta hisob-kitob natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa 2024-yil 1-iyundan 2026-yilgacha hisoblangan mol-mulk va yer soliqlariga to‘lov sifatida singdiriladi.
Shuningdek, agar soliq to‘lovchi 2024-yil 1-iyundan 2026-yilgacha hisoblangan soliqlar bo‘yicha ham to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsa, yuzaga kelgan ortiqcha summa soliq to‘lovchining boshqa soliq turlari bo‘yicha mavjud qarzdorliklariga singdiriladi.
Mabodo soliq to‘lovchining boshqa soliq turlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasa, ortiqcha summa uning shaxsiy hisobvarag‘ida ortiqcha to‘lov sifatida shakllanadi.
Shu bilan birga, ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin.
Iqtisodiyot
Qirg‘iziston 650 kg kolbasa mahsulotlarini O‘zbekistonga qaytarib yubordi
Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, mahsulotning yorlig‘i bo‘lmagan va veterinariya-sanitariya talablariga javob bermagan. O‘sh viloyatidagi “Do‘stlik” chegara punktidagi tekshiruvdan keyin mahsulot ortga qaytarib yuborilgan.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasida joylashgan “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti O‘zbekistondan olib kirilgan 650 kg kolbasa mahsulotlarini ortga qaytarib yubordi.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mahsulotlar yorliqsiz bo‘lib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablariga javob bermasligi aniqlangan.
“Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida yuklarni Qirg‘iziston Respublikasiga olib kirish taqiqlandi. Inspektorlar tegishli bayonnomalar tuzdi, shundan so‘ng yuklar “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytarildi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda benzin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Sabab nima?
O‘tgan oy birja savdolarida AI-92 markali benzin bahosi 11,2 foizga qimmatlashdi. Narxlarning keskin oshishi Rossiyadagi yonilg‘i taqchilligi bilan bir paytda yuz beryapti. O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsada, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Xususan, joriy yilning dastlabki 5 oyida ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilgan bo‘lishi mumkin.
29 iyul kuni O‘zbekistondagi birja savdolarida 1 tonna AI-92 markali benzin bahosi 13 mln 919 mln so‘mgacha ko‘tarildi. Bu – rekord ko‘rsatkich sanaladi. 30 iyun kuni narx qisman arzonlashgan bo‘lsada, (1 tonna mahsulot uchun — 13 mln 844 ming so‘m) hali ham yuqoriligicha qolyapti.
Narxlar iyun oyining boshiga nisbatan 11,2 foizga oshgan. Xususan, 1 iyun kungi savdolarda 1 tonna AI-92’ning o‘rtacha narxi 12 mln 446 ming so‘mni tashkil etgan.
1 iyundan 5 iyungacha bo‘lgan davrda birjadagi taklifi hajmi eng kamida 3 ming tonnani tashkil qilgan. Masalan, 4 iyun kuni 4088 tonna mahsulot sotuvga qo‘yilgan. 16 iyun kungi savdolarda esa taklif hajmi 7705 tonnagacha yetgan.
Oyning ikkinchi yarmidan boshlab esa birjaga chiqarilgan benzin miqdori kamaya boshlagan. Xususan, 17 iyunda bu ko‘rsatkich 1650 tonnagacha qisqaradi. Aynan 17 iyundan 29 iyungacha bo‘lgan davrda taklif hajmi 2400 tonnaga ham yetmagan. Narxlarning keskin oshishi 4-8 iyun oralig‘ida yuz bergan. Bu davrda 1 tonna AI-92 12 mln 473 ming so‘mdan 13 mln 788 ming so‘mgacha yoki 10,5 foizga qimmatlashgan.
Benzin importiga qaramlik
O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsada, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-may oylarida 373 mln dollarlik 642 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 84 foizga, qiymat jihatdan esa 85 foizga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 5 oyida O‘zbekistonda 502,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu tahminan 670 mlndan 678 mln litrgacha bo‘lgan ko‘rsatkich.
O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.
Rossiyada taqchillik
Rossiyada bir oydan buyon yonilg‘i taqchilligi kuzatilyapti. Ukraina armiyasining neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab to‘xtovsiz zarbalari neftni qayta ishlash hajmini keskin darajada qisqartirib yubordi. Ko‘plab yonilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazilishi to‘xtab qoldi, hududlardagi rasmiylar esa uni sotishga cheklovlar o‘rnatdi, shu bilan bir vaqtda, iste’molchilar talabni haddan tashqari oshirib yuborishda ayblanyapti. Inqirozning real ko‘lamini baholash qiyin, chunki Rossiya hukumati ko‘plab ma’lumotlarni ochiqlamayapti.
O‘zbekistondagi narxlarning oshishi ham Rossiyadagi yonilg‘i taqchilligi bilan bir paytda yuz beryapti. Chunki, mamlakatga import qilinadigan benzinning asosiy qismi Rossiyadan olib kelinadi.
Chakana narxlar o‘zgarishi
Birjadagi qimmatlashish shahobchalardagi chakana narxlarning oshishiga ham sabab bo‘lyapti. Xususan, iyun oyi boshidan beri poytaxtdagi AYoQShlarda import AI-92 narxi sezilarli darajada ko‘tarilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga 5 oyda tijoriy maqsadda 191,5 ming nafar xorijlik keldi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga tijorat maqsadida 191,5 ming nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan.
5 oy davomida O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar mamlakatlar kesimida quyidagicha:
Afg‘oniston — 171 732 nafar;
Turkmaniston — 13 999 nafar;
Tojikiston — 3 588 nafar;
Qirg‘iz Respublikasi — 590 nafar;
Boshqa davlatlar — 518 nafar;
Qozog‘iston — 223 nafar;
Rossiya — 179 nafar;
Turkiya — 160 nafar.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan5 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Iqtisodiyot4 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat3 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat5 days agoChirchiqda kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
-
Sport4 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
