Sport
Alonso «Real» murabbiyligidan ketdi. Yangi murabbiy ham e’lon qilindi
«Real Madrid» jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso bilan o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qildi. Ispaniyalik mutaxassis «Real»ni 2025 yil yozidan buyon boshqarib kelayotgan edi.
«Bizning jamoamiz Xabi Alonso va uning murabbiylar shtabidan ularning mehnati va o‘z ishiga sadoqati uchun minnatdorlik bildiradi va faoliyatining keyingi bosqichida muvaffaqiyat tilaydi», — deyiladi klub rasmiy saytida.
Foto: Getty Images
Jamoaning yangi murabbiyi sifatida hozirda «Real Madrid Kastilya»ni boshqarayotgan Alvaro Arbeloa ish olib boradi. Ispaniyalik himoyachi 2009–2016 yillar oralig‘ida “qirollik klubi” sharafini himoya qilib, barcha musobaqalarda 238 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, jamoa bilan 8 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.
Sport
Osiyo Kubogi-2031 ko‘chirildi – O‘zbekiston uni o‘tkazishga da’vogar edi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlarini bekor qildi. Musobaqalar FIFA talabiga ko‘ra juft yillarga ko‘chirildi. Endi mezbon tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi. Avvalroq, 2031 yilgi turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shma ariza topshirgan edi.
Foto: REUTERS/Ibraheem Al Omari
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayonlari bekor qilingani haqida milliy federatsiyalarni rasman xabardor etdi, deb yozdi Reuters.
Turnir mezbonligiga O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning qo‘shma arizasi ham da’vogarlik qilayotgan edi.
Bekor qilinishiga sabab FIFA tashabbusi bo‘lib, u qit’a turnirlari jadvalini o‘zgartirish va ularni juft yillarga ko‘chirishni taklif qilgan. Muhokamalardan so‘ng OFK bu taklifga rozi bo‘ldi.
Nima o‘zgaradi?
Asosiy oqibat – turnirlarning to‘liq ko‘chirilishi: Osiyo kubogi-2031 endi 2032 yilga rejalashtirilgan, Osiyo kubogi-2035 esa 2036 yilga ko‘chirilgan. Shunday qilib, turnirni o‘tkazishning an’anaviy tizimi buziladi va musobaqalar boshqa vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Osiyo Kubogi-2027 reja bo‘yicha o‘z muddatida bo‘lib o‘tadi.
Osiyo Kubogining juft yillarga ko‘chirilishi yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda – boshqa konfederatsiyalarning eng yirik turnirlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Endi bir yil davomida quyidagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin: Yevropa chempionati (UYeFA Yevro), Amerika Kubogi (Copa America), Osiyo Kubogi.
FIFA nega tizimni o‘zgartirmoqda?
O‘zgarishlar xalqaro taqvimni markazlashgan holda boshqarish bilan bog‘liq. FIFA allaqachon 2030 yilgacha bo‘lgan global musobaqalar rejasini tasdiqlagan bo‘lib, unda milliy jamoalar o‘yinlari uchun oynalar, saralash turnirlari, final bosqichlari va o‘rtoqlik o‘yinlari aniq ko‘rsatilgan. Ushbu tizimda har bir konfederatsiya umumiy jadvalga moslashishi kerak. Osiyo Kubogi qarori – mana shu katta islohotning bir qismi.
Mezbonlikka nomzodlar bilan vaziyat qanday?
Turnirlar sanasining o‘zgarishi mezbonlikka da’vogarlarning barcha arizalarini avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu shuni anglatadiki, mezbonlarni tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi, hamma yangi tartibni kutishiga to‘g‘ri keladi. OFK amalda ikki turnirga tayyorgarlik siklini qaytadan boshlaydi.
2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligiga Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Kuvayt, Janubiy Koreya, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shma ariza topshirgan edi. Endi O‘zbekistonning yangi turnirlar mezbonligi uchun ariza topshirishi masalasi noma’lum. Hozircha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) vaziyatga munosabat bildirmadi.
Sport
FIFA kunlari uchun O‘zbekiston milliy jamoasining tarkibi e’lon qilindi
Fudbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series xalqaro o‘rtoqlik turnirida qatnashadi. Musobaqa 27–30 mart kunlari tashkil etiladi va unda Gabon, Trinidad va Tobago hamda Venesuela jamoalari ishtirok etadi.
Mart oyining oxirida Toshkent shahri FIFA Series xalqaro o‘rtoqlik turniriga mezbonlik qiladi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro maskur yig‘in uchun jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov («Navbahor»), Abduvohid Ne’matov («Nasaf»), Botirali Ergashev («Neftchi»).
Himoyachilar: Rustamjon Ashurmatov («Istiqlol», Eron), Umarbek Eshmurodov («Nasaf»), Abduqodir Husanov («Manchester Siti», Angliya), Muhammadrasul Abdumajidov, Hojiakbar Alijonov, Sherzod Nasrullayev, Muhammadqodir Hamraliyev («Paxtakor»), Behruz Karimov («Surxon»), Jahongir O‘rozov («Dinamo»), Farruh Sayfiyev («Neftchi»).
Yarim himoyachilar: Umarali Rahmonaliyev («Sabah», Ozarbayjon), Ibrohim Ibragimov, Dostonbek Hamdamov, Akmal Mozgovoy («Paxtakor»), Alisher Odilov, Jamshid Iskanderov («Neftchi»), Otabek Shukurov («Baniyas», BAA), Azizjon G‘aniyev («Al Bataeh», BAA), Oston O‘runov («Persepolis», Eron).
Hujumchilar: Eldor Shomurodov («Istanbul Bashakshehir»), Igor Sergeyev («Persepolis», Eron), Sherzod Temirov («Erbil», Iroq).
Musobaqa 27-30 mart kunlari o‘tkaziladi.
27 mart
15:00 Venesuela – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni);
19:00 O‘zbekiston – Gabon («Bunyodkor» stadioni).
30 mart
15:00 Gabon – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni);
19:00 O‘zbekiston – Venesuela («Bunyodkor» stadioni).
Ma’lumot uchun, FIFA Series 2026 turnirlari o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishi nazarda tutilgan va butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarga Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko, Ruanda va O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqalar Braziliya, Kot-d’Ivuar va Tailandda bo‘lib o‘tadi.
Turnirda ishtirok etayotgan beshta erkaklar milliy jamoasi – Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi.
Sport
Superliga. «Neftchi» yo‘qotishsiz bormoqda, «Buxoro» peshqadamni quvyapti
O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» mavsumda birinchi marta gol o‘tkazdi, ammo g‘alabali qadamini davom ettirdi. «Navbahor» va «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi. Jizzaxda 6 ta gol urilgan o‘yinda «Paxtakor» uch ochkoni qo‘lga kiritdi. OKMK birinchi marta g‘alaba qozondi, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov mobil o‘yinlar tufayli futbolchilarda ishtiyoq pasayib ketganini aytdi.
18-20 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
QIZILQUM 0:1 OKMK
Gol: Abror Karimov, 34 (0:1)
OKMK mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Yagona gol «Qizilqum»ni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Olmaliqliklar ushbu g‘alabadan keyin musobaqa jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
«Qizilqum» bosh murabbiyi Akmal Rustamov jamoa yagona xato tufayli yutqazganini aytdi. OKMK ustozi Mirjalol Qosimov futbolchilarning ishtiyoqini telefondagi o‘yinlar olib qo‘yayotganidan shikoyat qildi. «Hozir telefon chiqib ko‘plarning xayolini olyapti, telefondagi o‘yinlar maydondagi futboldan ko‘proq azart beryapti. Qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o‘yinlar yoshlarning miyasini buzyapti», dedi u.
QO‘QON-1912 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Anri Chichinadze, 14 (0:1), Javohir Husanov, pen 28 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 90+4 (2:1)
Qo‘qonda kutilmagan natija qayd etildi. G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan mezbonlar «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etishga erishdi. G‘alaba keltiruvchi gol so‘nggi daqiqalarda urildi.
«Qo‘qon-1912» ustozi Andrey Shipilov bugun omad kulib boqqanini tan oldi. «Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze mag‘lubiyatni boshqa narsalar qatori maydon holati bilan ham bog‘ladi. «Maydon ham og‘ir, o‘t baland ekan, bu esa raqibga qo‘l keldi. Maydonda to‘p sekin yurdi, bizga og‘irlik qildi, maydon holati bilan kurash olib bordik», dedi u.
XORAZM 1:2 BUNYoDKOR
Gollar: Nosirjon Abdusalomov, 16 (0:1), Matiya Krivokapich, 43 pen (0:2), Temur Ismailov, 54 (1:2)
Chetlatish: Sardor Rahmonov, 62 (Bunyodkor)
«Bunyodkor» Urganchdagi qiyin o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar so‘nggi yarim soatni raqibga nisbatan kamchilikda o‘tkazdi, ammo g‘alabani ushlab qolishga erishdi.
«Xorazm» bosh murabbiyi Sergey Tokov ikkita gol o‘tkazib yuborilgan birinchi bo‘lim haqida «uyalishimiz kerak» dedi. «Bunyodkor» ustozi Ilyos Zeytullayev g‘alabadan xursandligini yashirmadi va o‘zini «o‘zbek Spalettisi» deb atalishiga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi. «Men o‘zimni o‘zbek spagettisi deyman (kulib). Menga Spaletti murabbiy sifatida yoqadi, lekin men angrenlikman», dedi u.
BUXORO 3:1 DINAMO
Gollar: Ravshan Xayrullayev, 45, avtogol (0:1), Temur Mamasidiqov, 48 (1:1), Shahzodbek Ubaydullayev, 54 (2:1), Ravshan Xayrullayev, 63 (3:1)
Yana bir kutilmagan natija Buxoroda qayd etildi. Aleksandr Xomyakov qo‘l ostidagi «Buxoro» Samarqandning «Dinamo» klubini irodali tarzda mag‘lub etdi. Bu natijadan so‘ng, buxoroliklar musobaqa jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va chempionat startidagi asosiy kashfiyot bo‘lib turibdi.
«Buxoro» bosh murabbiyi o‘yindan keyin «dastlab uyatli gol o‘tkazdik va tezkor gol urdik. Ikkinchi golda omadimiz keldi, uchinchi golimiz esa o‘yinga yakun yasab berdi», dedi. «Dinamo» ustozi Vadim Abramov maydon sifatiga e’tiroz bildirdi. «O‘ylashimcha, bu maydonda futbol o‘ynashga boshqa ruxsat berishmasa kerak», dedi u.
ANDIJON 2:0 MASh’AL
Gollar: Martin Boake, 18 (1:0), Doniyor Abdumannopov, 76 (2:0)
Chetlatish: Ibrohim G‘anixonov, 12 (Mash’al)
«Andijon» autsayder ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. «Mash’al» o‘yin boshidayoq bir futbolchi kam bo‘lib qoldi. Ibrohim G‘anixonov «Andijon» himoyachisi Igor Golbanga tirsagi bilan zarba bergan deb topildi va maydondan chetlatildi. Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilindi, qoidabuzarlik yaqqol emasdek ko‘rindi. O‘yindan keyin Futbol hakamlari markazi Igor Golbanning yorilgan qoshi fotosuratini e’lon qildi. Mezbonlar tarkibdagi ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi. «Mash’al» hali birorta gol urmadi va jadval tubiga «o‘rnashib» qoldi.
«Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yindan keyin tanqidiy fikr bildirdi: «Jamoam o‘yinidan to‘liq qoniqmadim. Qoniqdim degan murabbiy faoliyatini tugatib qo‘yavergani yaxshi deb o‘ylayman», dedi. «Mash’al» ustozi Igor Surov «agar bir kishi kam bo‘lib qolmaganimizda, umuman boshqacha futbol namoyish etgan bo‘lardik», dedi.
SO‘G‘DIYoNA 2:4 PAXTAKOR
Gollar: Filip Ivanovich, 2 (1:0), Flamarion, 36 (1:1), Rustam Turdimurodov, 50 (1:2), Rustam Turdimurodov, 57 pen (1:3), Hojimat Erkinov, 74 pen (1:4), Feysal Mulich, 90+5 pen (2:4)
Turning eng «quvnoq» o‘yini Jizzaxda o‘tkazildi. 6 ta gol urilgan bahsda «Paxtakor» ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mehmonlar tarkibida Rustam Turdimurodov ikkita gol urdi. «So‘g‘diyona» uchun mavsum starti muvaffaqiyatsiz kechdi – jamoa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi.
«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich dastlabki to‘rtta o‘yinda atigi bir ochko to‘plangani haqida gapirar ekan, buni inqiroz ekanini qisman tan oldi, lekin jamoa yanada yaxshiroq harakat qilishiga ishontirdi. Moliyaviy muammolar haqidagi savolni esa javobsiz qoldirdi.
NASAF 0:1 SURXON
Gol: Tornike Dzebniauri, 90+2 (0:1)
Yana bir kutilmagan natija Samarqandda qayd etildi. «Nasaf» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, «Surxon»ga yutqazdi. Termizliklar bundan oldin bosh murabbiy Stanislav Kudryashov bilan xayrlashib, o‘rniga Anvar G‘ofurovni tayinlagan edi. Uning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev mag‘lubiyatni «hujumlarda yetarlicha faol bo‘lmagani» bilan izohladi. Anvar G‘ofurov g‘alabani omad bilan izohladi.
NeFTChI 3:1 LOKOMOTIV
Gollar: Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 11 (1:0), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 36 pen (1:1), Stipe Peritsa, 65 (2:1), Alisher Odilov, 89 (3:1)
«Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Farg‘onaliklar 15 yilda ilk marotaba «Lokomotiv»ni o‘z maydonida yengishga muvaffaq bo‘ldi va chempionatda yo‘qotishsiz bormoqda. Bu o‘yinda ular mavsumdagi ilk golini o‘tkazdi (penaltidan), ammo yana uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Neftchi» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov dastlabki o‘tkazib yuborilgan goldan ranjiganini tan oldi: «gol o‘tkazmaslik seriyasini uzoq davom ettirishni maqsad qilgandik», dedi. «Lokomotiv» ustozi Mirko Yyelichich: «Hozircha darajamiz «Neftchi» bilan bir xil emas va buni to‘g‘ri tushunish kerak», dedi.
4-tur o‘yinlaridan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
Sport
FIFA Isroil futbol assotsiatsiyasini jarimaga tortdi
Falastin assotsiatsiyasining shikoyatidan so‘ng, Isroil futbol assotsiatsiyasi taxminan 164 ming yevro miqdorida jarima to‘lashi va yaqinda bo‘lib o‘tadigan o‘z maydonidagi o‘yinlarda banner ilib qo‘yishi kerak, deb qaror qildi FIFA.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA, FIFA) Falastin futbol assotsiatsiyasi (PFA) tomonidan bildirilgan ayblovlardan so‘ng Isroil futbol assotsiatsiyasiga (IFA) nisbatan 150 000 shveysariya franki (taxminan 164 300 yevro) miqdorida jarima qo‘lladi. Tegishli qaror futbol federatsiyasi tomonidan 19 mart, payshanba kuni o‘z saytida e’lon qilindi.
FIFA Intizom qo‘mitasi IFA “FIFAga a’zo assotsiatsiya sifatidagi majburiyatlarini bir necha bor buzgan”, deb topdi va unga FIFA intizom kodeksining 13-moddasi (“Haqoratli xatti-harakat va halol o‘yin tamoyillarini buzish”) hamda 15-moddasi (“Kamsitish va irqiy bayonotlar”)ni buzgani uchun sanksiyalar qo‘lladi.
Qarorga muvofiq, IFA jarimani to‘lashi, keyingi uchta o‘z maydonidagi o‘yinda futbol assotsiatsiyasi logotipi yonida “Futbol dunyoni birlashtiradi — Kamsitishga yo‘q” degan yozuvli “katta va yaxshi ko‘rinadigan banner”ni joylashtirishi, shuningdek jarimaning uchdan bir qismini “kamsitishga qarshi choralarni ta’minlash va takroriy hodisalarning oldini olish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish”ga yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. Xabarda aytilishicha, ushbu qaror FIFAning apellyatsiya qo‘mitasida shikoyat qilinishi mumkin.
Sport
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmadi
Litvalik murabbiy Kotrina Kulbite qo‘l ostidagi jamoa hal qiuvchi bahsda Filippinga yutqazdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogidagi ishtirokini yakunladi.
Litvalik murabbiy Kotrina Kulbite qo‘l ostidagi jamoa kuchli sakkiztalikka kirdi.
Futbolchilar Bangladeshni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Ammo KXDR (0:3), Xitoy (0:3) va Janubiy Koreyaga (0:6) yutqazdi.
Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi kurashda Filippin milliy jamoasiga 0:2 hisobida yutqazdi.
Endi O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi qit’alararo saralash musobaqasida ishtirok etadi. Birinchi bosqich noyabr-dekabr oylarida markazlashgan formatda bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bosqich 2027 yil fevral oyiga belgilangan.
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi tarixda biror marta jahon chempionatida ishtirok etmagan.
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot3 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Jamiyat5 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
