Sport
«Siti»da g‘alabasiz seriya, «Barsa» javobsiz 5 ta gol urdi. Kun o‘yinlari
Husanov asosiy tarkibga qaytdi, ammo jamoasi yana durang o‘ynadi. «Chelsi» va «MYu» murabbiyni almashtirib ham g‘alaba qozona olmayapti; «Barsa» Ispaniya superkubogi finalida raqibini kutmoqda. Chorshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Arsenal»ning raqobatchilari chekinmoqda
«Manchester Siti» – «Brayton» 1:1
Gollar: Holand, 41 – penalti (1:0). Mitoma, 60 (1:1)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Husanov, Alleyn, Ake (O`Rayli, 73), Mateus Nunes (Lyuis, 73), Gonsales (Rodri, 64), Reynders, Foden (Sherki, 73), Doku, Bernardu Silva, Holand
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, De Keyper, Hinshelvud, Ayyari (Milner, 83), Gros, Gomes (Gruda, 77), Mitoma (Uotson, 83), Ferdi Kadio‘g‘li, Ryutter (Uelbek, 77)
Ogohlantirishlar: Donnarumma, 60 – Dank, 29. Gros, 41. van Hekke, 53. De Keyper, 60. Mitoma, 69. Uotson, 89
«Manchester Siti» oldingi ikki turda ketma-ket durang qayd etgach («Sanderlend» bilan 0:0, «Chelsi» bilan 1:1), chempionlik poygasidagi pozitsiyasini yomonlashtirdi, bu ham yetmaganiga asosiy himoyachilari Yoshko Gvardiol va Ruben Diashdan ayrildi. Natijada, klub rahbariyati «Uotford»dan yosh himoyachisi Maks Alleynni muddatidan oldin qaytardi va «Brayton»ga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibiga kiritdi, shuningdek, Abduqodir Husanov anchadan buyon ilk bor APL o‘yinida startdan joy oldi.
Va «Manchester Siti» ikkinchi davradagi o‘yinda ham «chaykachilar» mudofaasini buzib o‘tishga qiynaldi, Jyeremi Doku, Bernardu Silva va Erling Holand o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Faqat bo‘lim oxirida Gomesning ortiqcha jonbozligi mehmonlarga pand berdi, u himoyachilarga yordam berish uchun jarima maydoniga qaytdi va Dokuga qarshi ehtiyotsiz harakat qildi. VAR aralashuvi bilan belgilangan penaltini Holand aniq ijro etib, «Siti» safidagi 150-golini urdi.
Ikkinchi bo‘limda esa «shaharliklar» vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishda davom etdi va hisobdagi ustunlikni mustahkamlay olmadi, bu esa Mitoma hisobni tenglashtirishiga olib keldi. Yaponiyalik vinger ko‘p o‘tmay jamoasini oldinga olib chiqishi ham mumkin edi, ammo bu safar omad mezbonlarga kulib boqdi. Keyin esa Ferdi Kadio‘g‘li darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatdi.
Mezbonlardagi eng qulay imkoniyat esa raqib jarima maydoni ichida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘p yo‘qotganida yuzaga keldi. Sherki Holandni juda qulay pozitsiyaga chiqardi, ammo hujumchi to‘pni darvozabon turgan nuqtaga qarata tepdi. Erlingning keyingi zarbasini esa van Hekke to‘sib qoldi. Pepda qatoasiga uchinchi o‘yinda durang, turnir jadvalidagi vaziyat esa payshanba oqshomida «Arsenal» va «Liverpul» o‘rtasida Londonda kechadigan o‘yindan keyin oydinlashadi. Mezbonlar g‘alaba qozongudek bo‘lsa, eng yaqin ta’qibchilar bilan oradagi farq 8 ochkoga yetadi.
O‘yindan keyin Pep Gvardiola Abduqodir Husanov haqida iliq fikrlar bildirdi: «Maks bilan tandemda ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Husa juda zo‘r o‘ynadi; orqadan uzun paslar bilan bizga yordam berdi. Husanov butun maydondagi kenglikni nazorat qila oladi, juda tez. U hali ulg‘ayib, yanada jasurlashadi va jarayonga, o‘yinga ko‘proq jalb etiladi. Bu vaqt masalasi. Himoyada u eng yuqori darajada».
«Kristal Pelas» – «Aston Villa» 0:0
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Kanvo, Hyuz, Uorton, Mitchell, Devenni (Sosa, 90), Pino, Jonson, Mateta
«Aston Villa»: Martines (Bizot, 46), Lindelyof, Konsa, Din (Matsen, 73), Kesh, Tilemans, Kamara (Bogard, 82), Makginn (Malen, 73), Rodjyers, Sancho (Buendiya, 65), Uotkins
Ogohlantirishlar: Jonson, 67. Mitchell, 83
Chempionlik poygasidagi yana bir jamoa «Aston Villa» ham bu turda ochko yo‘qotdi. Londonda «Kristal Pelas»ga qarshi kechgan o‘yinda hisob ochilmadi – 0:0. Bu Unai Emeri jamoasi uchun so‘nggi 16 o‘yindagi uchinchi g‘alabasiz o‘yin bo‘ldi. Natijada birminghemliklar uchinchi o‘rinda qoldi.
«Fulhem» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Himenes, 55 (1:0). Delap, 72 (1:1). Uilson, 81 (2:1)
«Fulhem»: Leno, Andersen, Kuenka (Kevin, 46), Diop, Kerni (Sessenon, 73), Berge, Robinson (Lukich, 73), Kastan, Uilson (Traore, 90+1), Smit-Rou (Rid, 83), Himenes
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Chaloba, Kukurelya, Gyusto (Achimpong, 76), Santos (Hato, 28), Kaysedo, Fernandes (Jyeyms, 65), Pedru Netu, Palmer (Joao Pedro, 75), Delap
Ogohlantirishlar: Kuenka, 45. Kastan, 78. Himenes, 90 – Fernandes, 24. Adarabioyo, 25. Palmer, 25
Chetlatish: Kukurelya, 22
Liam Roseniorning «Chelsi» bosh murabbiyi lavozimidagi debyuti qizil kartochka tufayli barbod bo‘ldi.
Mehmonlar 22-daqiqadayoq ozchilik bo‘lib qolishdi, «Fulhem» darvozaboni Leno uzun uzatma bilan jamoadoshlarini oldinga boshlaganida Kukurelya darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishi mumkin bo‘lgan Uilsonni jarima maydoni chizig‘i ustida ushlab qoldi.
Arbitr mehmon jamoa futbolchilarining e’tirozlariga qaramay, qarorini o‘zgartirmadi va bahslashgani uchun uch futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi. Bo‘lim oxirida mezbonlar darvozani ishg‘ol etishdi, ammo hujum boshlanishida Himenesdagi kichik ofsayd holati tufayli Uilsonning goli bekor qilindi.
Ikkinchi bo‘limda esa ushbu meksikalik hujumchi Bergening uzatmasiga ideal tarzda ochilib, Chalobadan ildamroq harakat qildi va boshi bilan to‘pni darvozaning pastki burchagi tomon yo‘naltirdi. Delap esa yakkama-yakka vaziyatda to‘pni Lenoning ustidan oshirib tashlay olmadi. Ko‘p o‘tmay ushbu hujumchi ko‘p o‘tmay chempionatdagi ilk golini urib, muvozanatni tikladi. Ammo bu gol bilan o‘yinda burilish yasalmadi. Aksincha, mezbonlar Uilson shu oqshom haqli bo‘lgan gol evaziga g‘alabani ilib ketishdi. Hozircha Enso Mareskaning iste’fosi darhol effekt bermayapti.
«Byornli» – «Manchester Yunayted» 2:2
Gollar: Heven, 13 – avtogol (1:0). Sheshko, 50 (1:1). Sheshko, 60 (1:2). Entoni, 66 (2:2)
«Byornli»: Dubravka, Estev, Hamfris, Loran, Ugochukvu, Florentinu, Lukas Pires, Uoker, Edvards (Sonne, 90+2), Mejbri (Entoni, 58), Broyya (Foster, 76)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Martines, Heven (Yoro, 61), Shou, Dalot, Kazemiro (Maynu, 74), Ugarte (Leysi, 84), Brunu Fernandesh (Maunt, 61), Kunya (Zirkze, 74), Dorgu, Sheshko
Ogohlantirishlar: Mejbri, 41. Foster, 90
Ruben Amorim iste’foga chiqarilishi va o‘rniga Darren Fletcher tayinlanishi ham hozircha «MYu»ga natija keltirmayapti. Ammo o‘yindagi o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Birinchidan, «qizil iblislar» portugaliyalik mutaxassis o‘jarlik bilan qo‘llashda davom etgan 3-4-3 sxemasidan voz kechildi. Ikkinchidan, nihoyat Sheshko transferini oqlay boshladi. Sloveniyalik hujumchi dublni rasmiylashtirdi va uning birinchi goliga jarohat tufayli 21 dekabrdan buyon ilk bor maydonga qaytgan Brunu Fernandesh assistentlik qildi. Keyin esa Sheshko Dorguning uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Ammo mankunianliklarga baribir nimadir yetishmayapti. Goh mudofaadagi ishonchli o‘yin, goh hujumlarni yakunlashdagi aniqlik. Masalan, Brunu avvaliga qulay imkoniyatdan foydalana olmadi, keyin esa uning burchakdan uzatmasini Heven darvoza ustuni oldida turgan holda xato zarba berdi va avtogol uchun aybini yuva olmadi. O‘yin oxirida maydonga tushirilgan 18 yoshli Leysi «MYu»ga g‘alaba olib kelishi mumkin edi – ammo debyutantning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi.
«Brentford» – «Sanderlend» 3:0
Gollar: Tiago, 30 (1:0). Tiago, 65 (2:0). Yarmolyuk, 73 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Le Fe, 60’
«Brentford»: Kelleher, Ayyer, Kollinz, Henri, Kayode (Hiki, 82), Yarmolyuk, Yanelt, Lyuis-Potter (Damsgor, 61), Shade, Yyensen (Henderson, 76), Tiago (Nelson, 82)
«Sanderlend»: Rufs, Ballard (Kirkin, 79), Mukiyele, Alderete (O`Nayyen, 83), Hyum, Gertreyda (Nil, 79), Jaka, Le Fe, Adingra (Mayyenda, 52), Rigg (Mandl, 52), Brobbi
Ogohlantirishlar: Tiago, 43. Yanelt, 63 – Hyum, 45
Favoritlar ochko yo‘qotishidan foydalangan «Brentford» beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Asalarilar» tarkibdagi muammolar tufayli pastlashda davom etayotgan «Sanderlend» mudofaasini yakson etishdi. Bu jarayonning eng faol ishtirokchisi esa o‘tgan turdagi het-trik ortidan bu o‘yinda dubl qayd etgan Igor Tiago bo‘ldi, ushbu hujumchi endi joriy mavsumdagi gollari sonini 16 taga yetkazib oldi va braziliyalik futbolchilarning APLdagi rekordini yangiladi (bungacha Roberto Firmino, Gabriel Martinelli va Mateus Kunya bir mavsumda ko‘pi bilan 15 tagacha gol urishgan).
Ushbu to‘purar forvard o‘tgan yozda Touni o‘rniga «Bryugge»dan sotib olingan, ammo birinchi mavsumida jarohat tufayli ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandi. Murabbiylar shtabi esa uni yangi mavsum uchun optimal holatga keltirishdi va u bildirilgan ishonchni oqlamoqda. Keyt Endryus esa «Tottenhem»ga ketgan Tomas Frankka munosib o‘rinbosar bo‘lib chiqdi. Irlandiyalik mutaxassis rahbarligida «asalarilar» YeChL o‘rinlari uchun kurashga qo‘shildi – kuchli to‘rtlikni yopib turgan «Liverpul» bilan oradagi farq atigi bir ochko.
«Nyukasl Yunayted» – «Lids» 4:3
Gollar: Aaronson, 32 (0:1). Barns, 36 (1:1). Kalvert-Lyuin, 45+5 – penalti (1:2). Joelinton, 54 (2:2). Aaronson, 79 (2:3). Gimarayns, 90+1 – penalti (3:3). Barns, 90+12 (4:3)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Sher (Remsi, 76), Tshau (Botman, 46), Holl, Mayli, Tonali (Livramento, 46), Joelinton, Gimarayns, Gordon (Myorfi, 81), Barns, Voltemade (Vissa, 75)
«Lids»: Perri, Biyol, Streyk, Rodon (Bornau, 90+7), Ampadu, Shtah (Okafor, 80), Gruyev (Tanaka, 90+7), Gudmundsson, Jastin, Aaronson (Nionto, 90+7), Kalvert-Lyuin (Nmecha, 87)
Ogohlantirishlar: Tshau, 7. Gordon, 45. Joelinton, 45 – Kalvert-Lyuin, 22. Ampadu, 90
Chorshanba oqshomidagi eng shiddatli to‘qnashuv – «Sent-Jyeyms Park»da kechdi, «Nyukasl» va «Lids» o‘yin davomida quvlashmachoq o‘ynadi, ammo yakunda mezbonlar dramatik g‘alabaga erishishdi. «Qarg‘alar» uch bor hisobda ortda quvishdi, ammo uchtadan ko‘proq gol urish imkoniyatiga ega bo‘lgan va bu imkoniyatdan foydalana olmagan «Lids» yakunda mag‘lubiyatga uchradi (Poup to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yganida, Jastinning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi, hozirda gol mashinasini eslatayotgan Kalvert-Lyuin esa qaytgan to‘pni darvozaga kiritib yubora olmadi).
Mezbonlar oxirigacha kurashishdi va o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Brunu Gimaraes penaltidan hisobni tenglashtirdi. Bu vaziyatda shu kuni ikki gol urgan Aronson o‘z jamoasi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagandi. Qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida esa (90+12) Barns g‘alaba golini urdi. Bu APL tarixida eng kech urilgan g‘alaba goliga aylandi, natijada Eddi Hau jamoasi «MYu» va «Chelsi»ni quvib o‘tib, oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Bornmut» – «Tottenhem» 3:2
Gollar: Tel, 5 (0:1). Evanilson, 22 (1:1). Krupi, 36 (2:1). Palinya, 78 (2:2). Semenio, 90+5 (3:2)
«Bornmut»: Petrovich, Krupi (Bruks, 64), Kuk, Semenio, Senesi, Skott, Taverniye (Diakite, 87), Tryuffer, Hill, Ximenes (Adli, 87), Evanilson (Unal, 64).
«Tottenhem»: Vikario, Bergvall (Odober, 57), Bentankur (Grey, 86), van de Ven, Kolo-Muani (Risharlison, 67), Palinya, Porro, Romero, Simons, Spens, Tel.
«Bornmut» o‘z uyida «Tottenhem»ni mag‘lub etdi – 3:2, g‘alaba golini Antuan Semenio 90+5-daqiqada urdi. O‘yin Matis Telning beshinchi daqiqadagi goli bilan boshlangandi, ammo mezbonlar birinchi bo‘limning o‘zida vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olishdi: avvaliga Evanilson Tavernening uzatmasidan keyin bosh bilan aniq zarba berdi, keyin esa Eli Krupi Markos Senesining qanotdan uzatmasini golga aylantirdi.
Ikkinchi bo‘limda Palinya qaychi uslubidagi zarbasi bilan muvozanatni tikladi.
O‘yin durangga qarab ketayotgandi, ammo shu kuni jamoa safidagi so‘nggi o‘yinida maydonga tushgan Semenio jarima maydoni tashqarisidan chiroyli gol urib, «Manchester Siti»ga ketishidan oldin muxlislar bilan chiroyli xayrlashdi: qo‘shimcha daqiqada, o‘z tug‘ilgan kunida va g‘alaba keltirgan gol.
Bu orqali «Bornmut» 11 o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriyasiga yakun yasab, APLning eng tomoshabop jamoasi maqomini (ushbu jamoa ishtirokidagi o‘yinlarda o‘rtacha 3,52 gol urilmoqda) mustahkamladi. So‘nggi 12 o‘yinda atigi ikki g‘alabaga erishgan «Tottenhem» turnir jadvalining 14-pog‘onasida qolmoqda.
Ushbu jamoa bosh murabbiyi Tomas Frank esa o‘yindan oldin «Arsenal» logotipi aks etgan stakanda qahva ichayotgani aks etgan fotosi muhokamalar markaziga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqdagilar, bu surat uning iste’fosiga qo‘shimcha turtki bo‘lishini aytib, hazil qilishmoqda.
«Barsa» finalga chiqdi
«Barselona» – «Atletik» 5:0
Gollar: Torres, 22 (1:0). Fermin Lopes, 30 (2:0). Barji, 34 (3:0). Rafinya, 38 (4:0). Rafinya, 52 (5:0)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya, Balde (Martin, 64), Kunde, Pedri (Yamal, 72), de Yong (Bernal, 64), Rafinya (Reshford, 65), Fermin Lopes, Barji (Olmo, 72), Torres
«Atletik»: Simon, Vivian, Paredes, Boyro (Lekue, 57), Areso, Hauregisar, Rego (Sanches, 61), Sanset (Ruis de Galarreta, 54), Navarro (Gomes, 54), Berenger, Inyaki Uilyams (Guruseta, 54)
Ispaniyada yangi an’ana paydo bo‘ldi – Ispaniya Superkubogi o‘yinlari qishda, Saudiya Arabistonida o‘tkazilmoqda. Mini-turnirda to‘rt jamoa o‘ynaydi, turnir bitta o‘yindan iborat yarimfinal bosqichidan boshlanadi.
Aytish mumkinki, qur’ada «Barselona»ning omadi kelgandi: inqiroz davridagi «Atletik» «Real» yoki «Atletiko»dan ancha osonroq raqib.
Xansi Flik Yamalni zaxirada qoldirdi. Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, Lamin kichik shikastlanish tufayli oxirgi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgan va Flik uni final uchun asragan. Yamal o‘rniga hujumning o‘ng qanotida boshqa bir iste’dodli futbolchi – 20 yoshli Runi Barji tushirildi.
«Atletik» ilk daqiqalardanoq «Barsa»ga jiddiy jang taklif qilmoqchi ekanini ko‘rsatib, bir necha qiziqarli hujumlar uyushtirdi. Ammo keyin to‘p kataloniyaliklarga o‘tdi va 16 daqiqa ichida o‘yin taqdiri hal bo‘ldi: 22-daqiqadan 38-daqiqagacha bo‘lgan oraliqda to‘rtta gol urildi. Fermin Lopes o‘zi bitta gol urib, ikki golga uzatma berdi, Rafinyada 1+1, Runi va Torres ham bittadan gol urishdi. Fermin Torres o‘tgan turda «Espanyol»ga qarshi o‘yinda (2:0) zaxiradan tushib, ikki golli uzatmaga mualliflik qilgandi. U barcha turnirlar doirasidagi jami 14 gol bilan «Barselona»ning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Undan keyin Rafinya (10), Yamal (9) va asosiy tarkibni uzil-kesil unga boy bergan Levandovski (9) joylashgan.
Tanaffusdan keyin «Barsa» birgina gol bilan cheklandi. Rafinya Barjining sa’y-harakatlari bilan dublni rasmiylashtirdi. O‘yinning so‘nggi yigirma daqiqasida Yamal ham maydonda ko‘rinish berdi: u bir necha bor o‘z uslubida (butsasining tashqi qismi bilan) uzatmalar berdi, ammo gol urmadi. Jamoa usiz ham barchasini hal qilib bo‘lgandi – 5:0.
«Barselona» osonlik bilan finalga chiqdi va raqibini kutmoqda. Raqib 8 yanvar kungi «Real» va «Atletiko» bahsida ma’lum bo‘ladi. Final 11 yanvarga belgilangan.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat1 day ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
