Jamiyat
Andijonda sud Rossiya va Ukraina urushida qatnashgan erkakka hukm o‘qidi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tumani sudida 25 yoshli H.I.ning jinoiy qilmishiga doir ish ko‘rib chiqildi.
Sud tergovi bayonnomasiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi 2022-yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, Moskva va Chelyabinsk shaharlarida «Yandeks» dasturi orqali yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanib kelgan. 2023-yil 15 avgustda esa giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullangani uchun Chelyabinsk shahar sudi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
2024-yilining avgust oyiga qadar belgilangan jazo muddatini bir qismini o‘tab bo‘lib, shaxsiy manfaatini ko‘zlab, sud tomonidan tayinlangan jazodan qutilib qolish maqsadida, Rossiya-Ukraina urushiga kirishga rozilik bildirgan va shartnoma imzolagan.
Shunday qilib, u Ukrainaning Donetsk shahrini egallash uchun olib borilgan qurolli to‘qnashuv va harbiy harakatlarda ishtirok etadi va snaryad portlashi oqibatida chap qo‘li va chap oyog‘idan jarohatlanadi. 2025-yilning 17-sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Sudlanuvchi H.I sud majlisida, aybga to‘liq iqrorlik bildirib dastlabki tergovda bergan ko‘rsatuvlarini tasdiqlagan.
Uning aytishicha, koloniyada jazoni o‘tab yurgan vaqtda urushga borish uchun uni majburlashgan. Lugansk shahridagi 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng, Donetsk shahridagi harbiy qarorgohga 3 ta yo‘lovchi tashuvchi avtomashinalarda ketishayotganida, Ukraina askarlari tomonidan o‘qqa tutilishganini, natijada 66 nafar harbiylardan 12 nafari tirik qolgan. Otishmada snaryad oskolkalaridan yaralangan va harbiy gospitalda davolangan.
Sud H.I.ni JKning 154-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, avvaliga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. So‘ng esa JKning 72-moddasiga muvofiq, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga o‘zgartirilib, 2 (ikki) yil sinov muddati – uy qamog‘i belgilandi.
Ma’lumot uchun, Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida keltirilishicha, o‘tgan 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanishni nazarda tutuvchi jinoiy qilmishlar ko‘rilgan birinchi instansiya sud ishlari soni 34 taga yetgan (2024-yilda 13 ta).
Jamiyat
Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan ushlandi
Toshkent va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yerdan foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirish evaziga pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Toshkent va Navoiy viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda inspektor ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollarini o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSh dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Keyingi tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida esa DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda «Navoiy suv ta’minoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini qabul qilgan, muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Shuningdek, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘ining ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda do‘ppisi ichiga 35 ming dollar yashirgan yo‘lovchi ushlandi
Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona postida qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro do‘ppisi ichiga yashirilgan 35,6 ming AQSh dollari bilan ushlandi. Bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan valuta protsessual tartibda olib qo‘yildi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Holat Andijon viloyati bojxona boshqarmasining «Do‘stlik» chegara bojxona postida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan 51 yoshli fuqaro boshidagi do‘ppining ichiga 35,6 ming AQSh dollarini yashirgan holda mamlakat hududidan olib chiqishga uringan.
Bojxona nazorati davomida yo‘lovchining deklaratsiyasi tekshirilgan va og‘zaki so‘rov o‘tkazilgan. Natijada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan hamda ma’lum qilinmagan naqd xorijiy valuta aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan.
Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston rezidentlari mamlakat hududidan 100 million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi naqd xorijiy valutani olib chiqish huquqiga ega.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Qamchiqda yonilg‘i tashuvchi maxsus avtomobil YTHga uchradi
Qamchiq dovonida harakatlanayotgan yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatni davom ettira olmay qolgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 13:59 da A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotga ko‘ra, yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatdan to‘xtagan.
Xabar kelib tushgach, «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borgan. Maxsus texnikalar yordamida avtomobil xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Jamiyat
Gaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etildi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi hamda ushbu tashkilotning sobiq xodimi mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun muqaddam 11 600 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mansabdor shaxs olgan mablag‘ining bir qismini — 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Keyinchalik qolgan 89,5 mln so‘m ham jabrlanuvchiga qaytarilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.
Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
-
Jamiyat5 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
