Jamiyat
“O‘g‘limning o‘limida o‘zini aybdor qilishyapti” – Namanganda sement zavodi xodimi “bunker”da vafot etdi
Namangan tumanida joylashgan sement ishlab chiqaruvchi “Toshbuloq invest group” MChJning maxsus qorishma saqlanadigan balandligi 17 metrli maxsus “bunker”iga tushirilgan 18 yoshli ishchisi Bahrom Hoshimov tozalash vaqtida vafot etgan. Baxtsiz voqeani tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya hodisaga ishchining o‘zi aybdor ekani haqida xulosa tuzgan. Marhumning ota-onasi korxona asl holatni yashirayotganini, xodimlar u yerga rahbariyat ko‘rsatmasi bilan, beliga oddiy arqon bog‘lagan holda tushirilganini aytmoqda. Kun.uz muxbiri holatni o‘rgandi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Hodisa 2025 yil 28 noyabr kuni soat 10:30 larda yuz bergan. Guvohlarning tasvirlashicha, Bahrom Hoshimov sement mahsuloti tarkibiga qo‘shiluvchi maxsus qorishma saqlanadigan “bunker”ga baxtsiz hodisa yuz berishidan avval ham tushirib kelingan. Marhumni «bunker»ga tushirib uning tepasida nazorat qilib turadigan xodim o‘sha kuni ish bilan boshqa tomonga ketib qolgan. Taxminan 6 daqiqa o‘tib ish joyiga qaytgan xodim Bahrom Hoshimovning o‘pirilib ketgan qorishma ichidan qo‘lini chiqarib, yordam so‘rayotganini ko‘rib qolgan.
Mehnat muhofazasi inskpeksiyasi tomonidan ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa va salomatlikka boshqa xil zarar yetkazilishi to‘g‘risida N-1 shaklidagi tuzilgan dalolatnomada ham marhum hech kim topshiriq bermagan bo‘lsa-da, beliga arqonni bog‘lab ishlab turgan bunker ichiga o‘z ixtiyori bilan tushgani uchun o‘lim holati yuz bergani qayd etilgan.
Vaholanki, shu paytgacha korxona xodimlari xavfli tarzda beliga oddiy arqon bog‘lanib maxsus bunkerga muntazam ravishda tushirib kelingan. Buni marhumning yaqinlari korxona ishchilari orqali aniqlashtirgan. O‘sha kuni bunker tepasida marhumni kuzatib turgan nazoratchi voqea joyidan ketib qolgan. Bir muddatdan keyin kelib bunker ichidagi o‘pirilgan qorishma ichiga tushib ketgan hamkasbining qo‘lini ko‘rib qolib, atrofdagilarni yordamga chaqirgan.
Barcha urinishlar besamar ketib, Bahrom Hoshimovning murdasi 40 daqiqadan so‘ng bunker og‘zidan chiqarib olingan.
Ishni yopishga harakat qilishyapti…
“28 noyabr kuni o‘g‘lim mendan duo olib ishga chiqib ketgan edi. Ishxonasida xavfli bunkerga tushib, bolam Allohga omonatini topshirib bo‘lgan ekan. Qo‘ng‘iroq qilishib o‘zining ehtiyotsizligi, o‘zining aybi bilan yiqilib tushib o‘ldi, deyishdi. Boshida bu gaplarga ishondim.
Keyinchalik korxona rahbariyatining yolg‘onlari fosh bo‘ldi. Ishni yolg‘on bilan boshlashdi va hozirgacha yolg‘on bilan davom ettirishyapti. Surishtirsak, o‘g‘lim yiqilmagan ekan. Doimiy ravishda xavfli bo‘lgan bunker ichiga tushib yurgan. O‘z xohishi bilan emas, boshliqlari tomonidan majburan tushirilgan. Ish beruvchi javobgarlikdan qochish uchun o‘zi hech kim aytmasa ham ichkariga tushib yurgan, deb hujjat rasmiylashtirgan. Xodimlardan so‘radik, xavfli bunkerga oddiy molning arqonini beliga bog‘lab, doimiy ravishda ishchilar tushirilgan. O‘g‘lim chet tillarini biladigan, ongli bola edi. Buyruq berilmasa, hech qachon o‘zi qilishi kerak bo‘lmagan ishlarga burnini suqadigan bola emasdi.
3 o‘g‘lim bor. Marhum Bahromjon ikkinchisi edi. Turmush o‘rtog‘im yarim jon, xastaligi bor. Oilada yetishmovchiliklar sabab yordam berish uchun sement ishlab chiqaruvchi korxonaga kirgan edi. Xonadonimizda yaxshi muhit bo‘lishini xohlaganidan menga yoshligidanoq ko‘makchi bo‘lgan.
O‘g‘limdan doim xavotir olganman. Xavotirimga asos ham bor edi. Chunki undan oldin ham o‘sha korxonada ikki marta tan jarohati olgan edi. Xuddi o‘sha korxonada, xuddi o‘sha ish joyida olingan jarohatni ham korxona yopgandi. O‘g‘lim o‘lgan joyni, tushgan bunkerni ham ko‘rdim, inson zoti tushishi mumkin bo‘lmagan joyga majburan tushirilgan. Nima uchun tushishi mumkin bo‘lmagan joyga bolamni tushirdi ular? Qonun oldida javob berishsin. Ishni yopish uchun aybni bolamning o‘ziga ag‘darib, hujjatlar rasmiylashtirishdi.
O‘g‘lim zavodda eng yosh, eng tajribasiz xodim edi. “Bu sening xizmat vazifang, bu sening ishing”, deb yuklatilganki, bu bola uni odatdagicha ish vazifam bunkerga tushish ekan, deb tushungan”, deydi marhumning onasi Nargiza Quronova.
Nargiza Quronova. Marhumning onasi
Xavfli bunkerga majburan tushirilgan…
“O‘g‘lim bilan bitta korxonada ishlaymiz, seximiz boshqa. 28 noyabr kuni o‘g‘lim bilan birga ishxonaga bordik. U o‘zining sexiga kirib ketdi. Men o‘zimning seximga kirib ish qilayotgan edim.
Marhum Bahrom Hoshimov
O‘g‘limni tushishi mumkin bo‘lmagan bunker ichiga tushirishgan. Beliga oddiy arqon bilan bog‘lab tushirishgan. Undan oldin bir-ikki xodimga aytishgan, ular tushmayman, qo‘rqaman, degan. Bu yoshlik qilgan, tushasan, sen shu yerda ishlaysan desa, tushib ketgan. Tushirgan bola ham bunker tepasida nazorat qilib turmay joyidan ketib qolgan. O‘sha tepada turgan nazoratchi 6 daqiqadan keyin kelsa, o‘g‘limning qo‘lini chiqarib, yordam so‘raganini ko‘rib qolgan. Bolamni agarka ichidan olib chiqishning iloji bo‘lmagan. 40 daqiqalar keyin bunker tagini bolgarkada qirqib, o‘ligini chiqarishdi. Marhum Bahromjonning ishga kirganiga endigina 3 oy bo‘lgan, maktabni tamomlagan o‘spirin edi.
Korxona tomonidan juda loqaydlik qilingan. Holat sodir bo‘lganida elektriklarga aloqaga chiqib, barcha dastgohlarni o‘chirishganida, o‘g‘lim tirik qolgan bo‘lardi. Kerak bo‘lsa zavodni bir daqiqada o‘chirishi mumkin edi.
Korxonaga qonuniy chora ko‘rilishini, aybdorlar qonun doirasida jazo olishlarini xohlayman”, deydi marhumning otasi Bahodir Quronov.
Bahodir Quronov. Marhumning otasi
“Xodimlarga bunkerga tushmaslik tayinlangan”
Baxtsiz hodisa yuzasidan izoh olish uchun “Toshbuloq invest group” MChJga bordik. Korxona mehnat muhofazasiga mas’ul xodim Dilshod Mirzaboyev aybni marhumning o‘ziga yukladi.
“Marhum Bahrom Hoshimov korxonada 8 sentabrdan ish boshlagan. Aslida bunker ichkarisiga tushish mumkin emas. Odatda bunker ichidagi agarka mahsuloti havo bilan haydab pastga tushiriladi. Aslida tartib bo‘yicha bunker ta’mirlanayotgan paytda zavod ishlamayotgan payti, ikki va undan ortiq kishi tushishi va tepada rahbariyat unga nazorat qilib turishi kerak. Marhum xodimning u yerga nima uchun tushganiga hayronmiz. Yo‘riqnomalar berilgan. U yerga tushmaslik tayinlangan hammasiga”, deydi u.
Holat yuzasidan to‘liqroq ma’lumot olish uchun marhum bilan birga ishlagan xodimlar bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. Lekin noma’lum sabablarga ko‘ra vaziyat yuzasidan fikr bildirishni istamadi.
Ayni paytda holat yuzasidan Namangan tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Xozircha xodimning ish joyida vafot etgani munosabati bilan tovon puli va kompensatsiya masalasi ochiq qolmoqda.
Marhumning yaqinlari tegishli idoralardan holatni adolatli o‘rganib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ramoqda.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Jamiyat
Toshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Malibu rusumli yengil avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qahvaxona binosiga borib urildi. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 2 iyul kuni soat 05:40 larda Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Malibu rusumli transport vositasi haydovchisi katta tezlikda harakatlanayotgan vaqtda rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil Caffelito qahvaxonasi binosiga borib urilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilishga hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Jamiyat
Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Buxoro viloyatida fuqarolarni Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan qariyb 20 ming AQSh dollari hamda 2 million so‘m olganlikda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.R. uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini ko‘p yillardan buyon Germaniyada ishlab kelayotgan shaxs sifatida tanishtirgani aniqlandi.
U, go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqarolarni Germaniyaga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan 19 ming 800 AQSh dollari hamda 2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
714 tup kannabis yetishtirilgan issiqxona aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hovlisidagi issiqxonada 714 tup kannabis yetishtirib kelgan shaxs fosh etildi. Boshqa holatda esa Toshkentda qariyb 2 kilogramm gashishni sotishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi.
«Qoradori – 2026» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shahrisabz shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaroning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, u o‘z yashash xonadoni hovlisidagi 5,3 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, sotish maqsadida 714 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan kannabis o‘simliklarining sof og‘irligi 201 kilogrammni tashkil etgan.
Yana bir tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs poytaxtning Yunusobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirildi.
Tekshiruv davomida uning qo‘lidagi sellofan paketdan 1 kilogramm 994 gramm «gashish» giyohvand moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur giyohvand modda qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan bo‘lib, uni Toshkent shahrida sotish rejalashtirilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Mustaqillik shohko‘chasining bir qismi 13 iyulgacha yopiladi
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va ta’mirlash ishlari munosabati bilan 13 iyulga qadar transport vositalari harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi.
Foto: Toshkent shahar YHTEM
Ma’lum qilinishicha, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, transport oqimini tartibga solish hamda jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Mustaqillik shohko‘chasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 2 iyul soat 01:00 dan 13 iyul soat 06:00 ga qadar Mustaqillik shohko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishidagi qatnov qismi transport vositalari harakati uchun yopiladi.
Qayd etilishicha, yo‘ldagi yuklamani kamaytirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida qurilish ishlari davomida qarama-qarshi qatnov qismida transport oqimiga qarab vaqti-vaqti bilan ikki tomonlama harakat tashkil etilishi mumkin.
Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni so‘radi.
Jamiyat
Toshkentdagi bog‘chada nimalar sodir bo‘ldi?
Toshkentdagi Rayan Kids xususiy bog‘chasida bolalar qiynoqqa solib kelingani ma’lum bo‘ldi. Ota-onalarning aytishicha, bog‘chada bolalar muntazam kaltaklangan, haqoratlangan va qiynoqqa solingan. Ota-onalarga videohisobot uchun bolalarga berilgan mevalar tortib olingan, olti bolaga bir kosa ovqat berilgan, va’da qilingan til kurslari esa 2 daqiqadan ham oshmagan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, jabrlangan oilalar, bog‘cha ma’muriyati va mas’ul idoralar munosabatini o‘rgandi.
Poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy bog‘chasida tarbiyachilarning bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videolarda ayrim tarbiyachilarning bolalarni sudrashi, urishi, og‘ziga latta tiqishi va kamera tushmaydigan joylarga olib kirishi aks etgan.
Kun.uz voqea joyida bo‘lib, farzandlari mazkur bog‘chaga qatnagan ota-onalar bilan suhbatlashdi.
“Bog‘chaning reklamalariga ishonib qoldik” – Rayan Kids’da qiynoqqa solingan bolalarning ota-onalari
“Bizga bolangizni soat 8:30-9 da tashlab ketsangiz, o‘n-o‘n birgacha ovqatlantiramiz, 13:00 gacha hovlida yuradi, olib kiramiz, besh mahal ovqat, hammasi chiroyli, zo‘r bo‘ladi, deb guruhlarda reklamalarini ko‘rsatishgan. U reklama ekan. Keyin bolam uch-to‘rt kundan beri yarim kechasi turib, burchaklarda yig‘laydigan bo‘lib qoldi. Kelib ogohlantirdik. Tarbiyachisini ishdan bo‘shatishdi. Kamerani ochib berishlarini so‘radik, ochib berishmadi. Keyin o‘n-o‘n besh kun o‘tganidan keyin onasi bolamning ko‘kargan joylarini tashladi menga. Besh-o‘n kundan keyin yana ko‘kargan holatlar bo‘lgan. E’tibor berishmagan. 24 iyun kuni soat 13:00 larda bolaning oyoqlari ko‘karib, badanlari shilingan, qo‘llari ezilgan holatda onasiga “bolani bog‘chada ertalab shunaqa tashlab ketdingiz, shunaqa bo‘ldi” deb video tashlashyapti. Men jahl bilan kelib, kamerani ochishlarini talab qildim, chunki ertalab bolani o‘zim kuzatganman, bunaqa jarohati yo‘q edi. Kelib kamerani och desam, kameraning kodini bilmasliklarini aytishdi, faqat telefon orqali ko‘rish mumkin ekan. Telefon orqali ko‘rsam, bolani zinadan sudrab, urib, tan jarohati yetkazyapti. O‘zi yetkazgan tan jarohatini bir soat-bir yarim soatdan keyin qilgan jinoyatini yashirish maqsadida bizga video qilib tashlab, to‘nkab qo‘yyapti. Keyin mutaxassis chaqirtirdim. Unga 1,5 mln so‘m to‘lab, kamerani kodini ochtirdim. Va kamerani shu yerda qisman yozib oldim. Videoning 3-4 minutini ko‘rib, uyog‘ini ko‘rolmadim. Bolalarning og‘ziga latta tiqqani, hojatxonaga olib kirib qiynagani, kaltaklagani, chimchilab, o‘ymalab ko‘kartirib tashlagani, bola to‘polon qilsa, kamera yo‘q joylarga, kameralar olmaydigan joylarga olib kirib ketyapti. Bu qanaqa vahshiylik? Bola yig‘lasa, badaniga bola nafas olmasligi uchun og‘zi bilan bosib hiqqillatyapti. Nafasi qaytib o‘lib qolishi mumkin. 24 iyunda ariza bersam ham shu kungacha chora yo‘q. Bog‘cha haliyam ishlayapti, o‘sha rahbariyat, o‘sha tarbiyachilar haliyam ishlayapti.
Ikki yashar bolani shunaqa azoblash – bu manyaklik-ku! Agar ovoza qilinmaganda, ushbu holat ham “yopti-yopti” bo‘lardi va boshqalarning bolalari ham muntazam shunaqa qiynalib kelardi. Bunaqada bolalar “travma” bo‘lib qoladi, bolalar ertaga qo‘rqoq, fikrini bildirolmaydigan, ruhiy bosimda o‘sganidan keyin, ruhi singan, hech narsaga yaroqsiz bola bo‘lib o‘sadi”, – deydi bolalardan birining otasi.
“Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan”
Ota-onalarning aytishicha, bu birinchi holat emas, may oyida ham ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va BHMning uch baravari miqdorida jarima bilan jazolangan. Shu bog‘chaga farzandi qatnagan yana bir ona ham zo‘ravonlik avvaldan davom etib kelganini aytadi.
“Mana, to‘rt oy bo‘ldi bu ishga. Men ham ariza berganman, “portal”gayam chiqqanman, SESgacha yozganman. Menda ham videolari bor. Bolamning oyog‘idan tortganda, payi ezilib qolgan. 16 kun gipsda yurganmiz, oyog‘ini bosmaydigan darajada bo‘lgan. Hali chaqaloq edi, endi yurishni boshlagan payti edi. Ishonib bergan edik. O‘shanda ham bog‘cha opani ishdan olishdi, direktorni ishdan olishdi, yangi odam qo‘yishgan. Bir oyda o‘zgaraveradi bularda. Shunaqa muammo chiqsa yana o‘zgaraveradi. Men o‘zim blogerman, reklama qilganman bog‘chani. O‘zim reklama qilganman, o‘zim javobgarman men ham. Oxiri Instagram sahifamda bu bog‘chaga bolalarini bermasliklarini aytganman odamlarga. Ba’zilar oldi bolasini. Mana, yana shunaqa holat bo‘lyapti.
Bu bitta mening bolamga nisbatan qilinmagan, u yerda kichik guruhda 20 ta bola bo‘lgan. Shu tili chiqmagan bolalarga qilishyapti buni. Oyog‘idan, qo‘lidan bitta qo‘llab ko‘tarib, rasm uchun stolga o‘tkazishar ekan. Rasmga olib bo‘lganidan keyin siltalab stoldan tushirib, boshqa bolani o‘tkazishadi. Arab tili, ingliz, rus tili fanlari bor, lekin 2 minut ham shug‘ullanishmayapti o‘qituvchilari. Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan, bitta qoshiqda. Salati, noni, va’da berilgan menyu umuman yo‘q bu yoqda. SES xodimlarini ham yuborganman o‘shanda ham, tekshiruv o‘tkazishgan, jarima yozib ketishgan, shundan keyin ham tuzatilmagan bu narsa. Videolarda bog‘cha opa bolalarning qo‘lidagi bananini tortib olib o‘zi yeb ketyapti”, – dedi farzandi mazkur bog‘chada tarbiyalangan ona.
Kun.uz ikkinchi tomonning ham pozitsiyasini eshitish maqsadida bog‘cha ma’muriyatiga murojaat qildi. Biroq muassasa vakillari rahbariyat xorijda ekani, mas’ul xodim esa ayni paytda ichki ishlar organida bo‘lgani sababli hozircha izoh berilmasligini, mazkur xususiy bog‘cha faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilishdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotiga nisbatan litsenziyani bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishini bildirdi.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB tarbiyachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bolalar ombudsmani esa Kun.uzʼga bergan munosabatida bunday holatlarda faqat xodimni ishdan bo‘shatish bilan cheklanmasdan, barcha mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi lozimligini ta’kidladi.
Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan boshqa videolarda ham bog‘chaning turli tarbiyachilari tomonidan bolalarga nisbatan ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari aks etgan. Tahririyat ushbu videolarga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho berishidan umid qiladi. Voqea rivojini va mas’ul idoralar ko‘radigan choralarni kuzatishda davom etamiz.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport5 days agoJCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
-
Mahalliy4 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
-
Iqtisodiyot5 days ago
12 ta tarmoqqa 37 ta sohaviy ilmiy institut va OTM biriktirildi
-
Sport4 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
