Jamiyat
Toshkent metrosida yangi tajriba: to‘lov
Toshkent metropolitenida yo‘l haqini transport kartasi yoki smartfonsiz to‘lash imkoniyati joriy etildi. Endi to‘lov kaftdagi tomir chiziqlari asosida biometrik identifikatsiya orqali amalga oshiriladi.
Toshkent metropolitenida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi ishga tushirildi. Yangi tizimga ko‘ra, metroga kirish uchun endi transport kartasi yoki smartfon talab etilmaydi — yo‘lovchi kaftdagi tomir chiziqlari bo‘yicha biometrik identifikatsiyadan o‘tib, to‘lovni amalga oshiradi.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda innovatsion tizim 49 ta bekatda o‘rnatilgan. Undan har kuni o‘rtacha 20–25 ming nafar yo‘lovchi foydalanmoqda. Qayd etilishicha, tizimdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 5 daqiqa atrofida vaqt oladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu texnologiya bekatlardagi navbatlarni sezilarli qisqartirish va yo‘lovchilarning vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bunday yechimlar shahar infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchni oshirishi, Toshkentda fintex tashabbuslarini rivojlantirish uchun barqaror va xavfsiz muhit bosqichma-bosqich shakllantirilayotganini ko‘rsatishi ta’kidlanmoqda.
Jamiyat
Dam olish kunlari harorat sezilarli ravishda ko‘tariladi
Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumoti taqdim etildi.
Bugun kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 24-27 daraja atrofida, respublika janubida va cho‘l hududlarida 29-32 darajagacha bo‘ladi.
Dam olish kunlari respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat 25-aprel — shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda, shuningdek, 26-aprel — yakshanba kuni Toshkent viloyatida ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shanba kuni kunduzi havo 28-31 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 32-35 darajagacha isiydi.
Yakshanba kuni ko‘pchilik viloyatlar bo‘yicha havo harorati ushbu darajalar atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 20-23 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 25-28 darajagacha pasayadi.
24-25-aprel kunlari shimolda va cho‘l hududlarida, 26 aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 25-27 daraja bo‘ladi.
Shanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayadi. Dam olish kunlari havo harorati 27-30 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 14-17 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda dala hovlilar ro‘yxatga, xizmat narxlari esa nazoratga olinadi
O‘zbekistonda turizm sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartib ishlab chiqilmoqda. Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, u amalga oshirilsa, ayniqsa dala hovlilar orqali ijara bozorida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, aholi tomonidan turistlarga vaqtincha ijaraga berilayotgan dala hovlilar rasman joylashtirish vositasi sifatida tan olinadi. Bu esa ularni yagona elektron bazaga kiritish va faoliyatini tizimli hisobga olish imkonini beradi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri — barcha joylashtirish vositalari, jumladan dala hovlilar ham o‘z xizmatlari narxini maxsus milliy turizm platformasiga kiritib borishi majburiy qilib belgilanmoqda. Bu talab 2027-yil 1-yanvardan joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yondashuv orqali bozordagi yashirin narxlar siyosatiga barham berish, turistlar uchun ochiq va tushunarli narxlar muhitini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, bu raqobatni sog‘lomlashtirib, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratishi kutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, turistik dala hovlilarda faoliyat yuritish uchun alohida litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, bunday hovlilarda joylashgan mijozlardan turistik yig‘im undirilmaydi. Bu esa sohani ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz tartibga solishga qaratilgan.
Davlat organlari esa sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratadi. Turizm qo‘mitasi dala hovlilarning elektron reyestrini shakllantirishi, Soliq qo‘mitasi esa ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ma’lumotlarni yagona tizimga kiritishni ta’minlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi tizim doirasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Agar fuqarolar ro‘yxatdan o‘tmagan yoki noqonuniy faoliyat yuritayotgan ijara ob’yektlari haqida xabar bersa va bu holat tasdiqlansa, ularga undirilgan jarimaning bir qismi mukofot sifatida berilishi mumkin.
Jamiyat
240 ta avtobus, yangi yo‘nalishlar va «aqlli» svetoforlar
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash va uning o‘z vaqtida qatnovini ta’minlash maqsadida qator yangi chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining 23 apreldagi qarori qabul qilingan.
Ayni paytda poytaxtda 169 ta yo‘nalishda jami 1 927 ta avtobus harakatlanmoqda. Kunlik qatnovlar soni 23 mingtani tashkil etsa, yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetadi. Harakat intervali o‘rtacha 10–12 daqiqa, qatnovlarni bajarish darajasi esa 95 foizni tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga, tizimdagi muammolarni bartaraf etish va xizmat sifatini oshirish maqsadida transport parkini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, qo‘shimcha 240 ta avtobus xarid qilinishi, 16 ta yangi yo‘nalish ochilishi va kunlik qatnovlar soni yana 2 mingtaga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida alohida avtobus yo‘laklari kengaytiriladi. Rejaga ko‘ra, 16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km yangi ajratilgan avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Bu yo‘laklarda tartibni ta’minlash uchun 600 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.
Shuningdek, bekat infratuzilmasini yangilash ishlari ham amalga oshiriladi. 1 116 ta bekat rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda 70 ta yangi bekat qurilishi rejalashtirilgan.
Transport harakatini samarali boshqarish maqsadida raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Jumladan, 545 ta «aqlli» svetofor o‘rnatilib, harakatni real vaqt rejimida boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Mutaxassislar tomonidan shahardagi xavfli uchastkalar o‘rganilib, yo‘l harakatini tashkil etish sxemalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yangi turar-joy massivlari hisobga olingan holda bekatlarni qayta joylashtirish va modernizatsiya qilish ishlari ham olib boriladi.
Yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish uchun transport oqimlari doimiy monitoring qilinadi va tezkor choralar ko‘riladi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida jamoat transportidan foydalanish afzalliklarini targ‘ib qilish ishlari ham kuchaytiriladi.
Jamiyat
neft saqlanadigan hovuzlarni sel yuvib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda bir muddat oldin Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Jaloir mahallasidan kesib o‘tgan Surxondaryo daryosi o‘zanida neft mahsulotiga o‘xshash suv oqimi oqib o‘tayotgani aytilgan videomaterial tarqalgan edi.
Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu holat Boysun tumani Kofrun mahallasidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyining oqim bo‘ylab chap tomonida vaqtinchalik hovuzlarda saqlab kelingan neft mahsulotlarini sel oqimlari yuvib ketishi bilan bog‘liq.
Ushbu hovuzlar burg‘ulash chog‘ida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga oqib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yanvar-fevral oylarida ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba qilish yo‘li bilan barpo etilgan edi.
Ularda to‘plangan neft maxsus texnikalar yordamida tashib ketilgan.
«Joriy yilning 23-aprel kuni Boysun tumanida ro‘y bergan kuchli yog‘ingarchilik natijasida Xangaronsoy soyida suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan sel-toshqin suvlari toshib o‘tgan.
Natijada neft aralashgan suvlar Bandixon tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bandixonsoyga, u orqali Qumqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Surxondaryo daryosiga quyilgan», – deyiladi rasmiy xabarda.
Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida Kofurun mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyidagi bir nechta hovuz dambalari ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tiklanib, suvga neft oqib chiqishi to‘liq bartaraf qilingan.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval viloyat ekoboshqarmasi ham mazkur hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan va unda holat «sel oqimi davomida tog‘ jinslari, tabiiy cho‘kindilar hamda boshqa aralashmalar suv tarkibiga qo‘shilishi natijasida uning tashqi ko‘rinishida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelgan»i bilan bog‘langan edi.
Jamiyat
Yaponiya ikki o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Ulardan biri o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda qolib yashayvergan. Ikkinchisi esa, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham kunchiqar yurtdan chiqib ketmagan.
24 aprel kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi.
Ulardan biri Yaponiyaga talaba vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Ikkinchi o‘zbekistonlik qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan. Bu haqda Kun.uz’ga ushbu davlat elchixonasi ma’lum qildi.
Yapon diplomatlarining qayd etishicha, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash taqiqlangan. Talaba vizasini olib borganlar esa, agar o‘qishdan chetlatilsa, Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
“Agarda mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.
Bundan tashqari, Yaponiya hukumati – shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin”, – deyiladi elchixona axborotida.
Yapon rasmiylari “Yaponiyada ishlash mumkin” deb da’vo qiluvchilarning va’dalariga aldanib qolmaslikka chaqirmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan borib, qochqinlik maqomini olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik deport qilingan edi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat3 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Samarqandda JSST bosh direktori bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
