Jamiyat
Qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trillion so‘mga yetdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trillion so‘mni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trillion so‘mga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish – “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qog‘ozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, emitentlarga o‘z kapitali hajmidan ortiq, ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Milliy qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.
Bank sohasidagi islohotlar doirasida so‘nggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trillion so‘mdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017 yildan beri 3 ta xorijiy bank O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘ygani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz ilk bor Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, to‘lov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yo‘nalishlar baholandi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda O‘zbekiston moliya sektorini Bazel qo‘mitasining Samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni to‘liq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.
Davlatimiz rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat sababli oila mamlakatni tark eta olmagan. Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun ular jarimaga tortilgan.
BAAda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oila O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Qayd etilishicha, P.G. va uning farzandi A.Z. 2025 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAning Dubay shahriga borgan.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli 2026 yil yanvarida O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilgan. Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat tufayli ular mamlakatni tark eta olmagan.
Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun oila vakillari jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Dubay immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ularning mamlakatni jarimasiz tark etishiga ruxsat olindi.
Ushbu oila a’zolari uchun 26 iyun kuni “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi hamda ularning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Jamiyat
Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.
27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.
Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi
Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi
Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.
Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.
Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.
Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.
Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.
Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.
Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi.
Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.
Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.
Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.
Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.
Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?
Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.
Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.
Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.
Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham.
Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.
Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…
Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.
Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
