Sport
Salohning demarshi. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Misrlik futbolchining chiqishi «Liverpul»dagi inqiroz yanada jiddiylashtirdi.
«Lids»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani qo‘ldan chiqargan «Liverpul»da inqiroz davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘yindan keyin ushbu o‘yindagi vaziyatlar, Slotning u yoki bu taktik qarorlari chetga chiqdi – barchasi klubning tirik afsonasi Muhammad Salohning intervyusi soyasida qolib ketdi. Misrlik futbolchi yetti daqiqalik nutqida murabbiy bilan hech qanday munosabat qolmaganidan tortib, klub unga nisbatan nohaqlik qilayotganigacha aytib berdi. Tabiiyki, ayni damda butun ingliz matbuoti shu haqida yozmoqda. Keling avval, mavzuga chuqurroq kirish uchun bir yil orqaga, 2024 yil oxiriga qaytamiz.
Salohning qolishi to‘g‘ri qarormidi?
«Dekabr oyi kelyapti, men esa hali ham klubdan yangi shartnoma olmadim. Ayni damda «Liverpul»da qolishimdan ko‘ra, bu yerdan ketishim ehtimoli kattaroq. Nafaqaga chiqmoqchi emasman, shunchaki bor e’tiborimni ushbu mavsumga qaratganman, maqsadim – Angliya chempioni bo‘lish, Chempionlar ligasini ham yutishga umid qilaman. Hafsalam pir bo‘ldi, ko‘ramiz, keyin nima bo‘larkin». O‘tgan yil noyabrida «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda dubl qilib, irodali g‘alabaga (3:2) hissa qo‘shgach, uzoq tanaffusdan so‘ng jurnalistlar qarshisiga chiqqan Muhammad Saloh shu gaplarni aytgandi.
Shundan keyingi o‘yinda Chempionlar Ligasi guruh bosqichida «Real» tiz cho‘ktirildi – 2:0. APL doirasidagi keyingi turda esa «Liverpul» o‘z ta’qibchilaridan biri «Manchester Siti»ni «Enfild»da xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Liverpulda bayram. Kayfiyat zo‘r. Uchrashuvda bir gol va assist qayd etib, eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan Saloh esa yana eski mavzuni ochdi: «Bu mening «Enfild»da «Manchester Siti»ga qarshi so‘nggi o‘yinim bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘liq zavq olishga harakat qildim».
Hozirgi muammolar oldida hech narsa emas, ammo ko‘p bo‘lmadi, atigi bir yil oldin APLda 9 ochkolik farq bilan jadvalni boshqarib turgan, Chempionlar Ligasida esa yo‘qotishsiz borayotgan klubning yagona muammosi – Muhammad Saloh, Virjiyl van Deyk va Trent Aleksandr-Arnoldni jamoada qolishga ko‘ndirish, boshqacha aytganda, kattaroq maosh bilan yangi shartnoma imzolash edi.
Hamma g‘alabani nishonlayotgan paytda o‘z dardi bilan bosim qilish biroz xudbinlik, Jyeymi Karrager yaqinda uning aynan shu xislatini tanqid qilgan.
«Biz muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin faqat Virjiyl van Deyk muxlislar qarshisiga chiqishiga o‘rganib qoldik. Lekin qolganlar qani? Saloh qani? Uni faqat muvaffaqiyatli o‘yinidan keyin yangi shartnoma so‘rashini ko‘ramiz», – deb asabiylashgandi «Nottinghem Forest»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Jyeymi Karrager.
Tabiiyki, bir yil oldin «Liverpul» juda katta bosim ostida edi va 32 yoshli futbolchiga APLning eng katta maoshini taklif qilishdan boshqa yo‘li qolmagandi. Bu xato emasdi albatta, o‘sha davrda Muhammad Saloh nafaqat Angliyada, balki dunyoning eng yaxshisi bo‘lib turgan, «Liverpul»ning qariyb barcha gollari aynan misrlik hujumchi orqali yuzaga kelayotgandi. Kelajakni o‘ylab qandaydir strategik rejalar qilish, masalan, futbolchining zo‘r davrida u bilan xayrlashib, yangi sahifa ochish varianti butunlay yo‘qqa chiqqan – muxlislar buni hech qachon qabul qila olishmasdi. Tasavvur qiling, Muhammad Saloh talab qilayotgan maoshni yuqori deb hisoblab, u bilan xayrlashish, yozda esa 400 million yevrodan ortiq mablag‘ni yangi transferlar uchun sarflashni tushunish mumkin bo‘larmidi?
Shuning uchun yangi shartnomani qo‘lga kiritgach, Salohning ko‘rsatkichlari tushib ketishida yoki yangi mavsumda yomon formada ekanida klubning aybi yo‘q. Hozirdan turib, vaqtida u bilan xayrlashish kerakligini aytish, yulduzlar bilan vaqtida xayrlashadigan «Real»ni misol qilish mumkin, ammo bir yil oldin «Liverpul»da boshqa yo‘l qolmagandi.
Lidsdagi «bomba»
Muhammad Salohning bu safargi «bombasi» g‘alabadan keyin emas, «Lids Yunayted»ga qarshi o‘yindagi og‘riqli durangdan so‘ng portladi, yozgi transferlar oynasida katta xatolar qilgan klub va oxirgi 10 o‘yinda atigi 2 g‘alabaga erishgan Arne Slotning eng himoyasiz davri tanlandi. Dastlabki turlarda Saloh o‘ynay olmayotgani, murabbiy uni zaxirada qoldirib, Frimpongmi, Kiyezami, kimni bo‘lsa ham tushirish kerakligini aytayotganlar birdaniga Salohning armiyasiga aylandi. Bu tabiiy, chunki Salohsiz ham natijalar zo‘r bo‘lib ketmadi – bir g‘alaba va ikki durang – bu burilish emas. Zero shundoq ham «Slot aut» kampaniyasi ketayotgan paytda so‘nggi natijalarga eng kam darajada bog‘liq bo‘lgan, aslida esa klub afsonasining yonida turish eng mantiqli yo‘ldek ko‘rinadi – «Ana, axir Muhammad Salohning o‘zi ham aytyapti-ku, demak murabbiy eplay olmayapti. Biz haq ekanmiz». Zo‘r pozitsiya.
Muhammad Saloh haqlimidi va hammasi o‘zi nimadan boshlandi?
Avvalo aytish kerakki, «Liverpul»ning joriy mavsumdagi muammolari yetarlicha va Salohning formasi ulardan biri xolos. Aslida hammasi yozgi transfer oynasidan boshlandi. Ha, Virs, Isak kabi futbolchilar keyinroq o‘ynab ketishi mumkin, Slot aytganidek, ular uch oyga emas, bir necha yilga sotib olingan. Ammo shuni hisobga olgan holda tahlil qilganimizda ham klub tomonidan sarflangan pullarda mantiqsizlik borligi, zarurroq pozitsiyalar kuchaytirilmagani oydinlashadi.
Diogu Jotaning vafotidan tashqari, «Liverpul» yozda Darvin Nunez, Luiz Dias, Trent Aleksandr-Arnold, Harvi Elliot kabi futbolchilarni ham yo‘qotdi. Ularning o‘rniga kelgan futbolchilar esa usluban farq qiladi va tabiiyki, jamoaning qaytadan qurilishiga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Frimpong Trent emas, Dias beradigan ish hajmini Virs bajara olmasligi mumkin, shuningdek, markaziy himoya chizig‘i, uzoq yillardan beri zarurat bo‘lgan tayanch zonasidagi muammolar hal qilinmadi. Buning o‘rniga bitta pozitsiyada o‘ynaydigan Isak va Ekitike juftligiga 200 million yevrodan ortiqroq pul sarflandi.
Tabiiyki, bu o‘zgarishlar nafaqat «Liverpul» o‘yiniga balki Muhammad Salohning ko‘rsatkichlariga ham, uning maydondagi o‘rniga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Saloh hujumda Darvin, Dias va Jota kabi futbolchilar bilan samarali bog‘lamlar qura olgan, uning o‘ng qanotdagi Trent bilan tandemi esa Salohga xavfli zonalarda to‘pga ega bo‘lish, ko‘proq zarba berib, gollar urishga imkoniyat yaratardi. Yangi tarkibda urg‘u o‘zgardi, Saloh o‘yindan uzilib qolgandek edi, futbolchi uchun qulay tizim yo‘q bo‘lib qoldi.
xPV deb ataladigan ko‘rsatkich bor – jamoaning har bir pasidan so‘ng maydondagi vaziyatning yaxshi va yomon tomonga o‘zgarishini aks etadi. Xuddi shaxmatda har bir yurishdan keyin pozitsiya o‘zgargandek. O‘tgan mavsumda xpV bo‘yicha eng yaxshi juftliklar beshligi jamoada mana shunday bo‘lgan ekan:
Salohdan Saboslaiga
Trentdan Salohga
Salohdan Diasga
Saboslaidan Salohga
Diasdan Salohga
Qarang, har birida Muhammad Saloh ishtirok etyapti, lekin boshqa nuqta ham bor – uning aksar sheriklari ayni paytda jamoada emas. Saboslai esa o‘tgan mavsumdagi rolda o‘ynamayapti, asosan orqadagi bo‘sh nuqtalarni yopish bilan shug‘ullanmoqda.
Saloh o‘z intervyusida eslagan Harri Keyn uzoq vaqt gol urmay yurishi mumkin, ammo u to‘purar bo‘lishi bilan birga, jamoaviy futbolchi ham – ko‘p himoyalanadi, ortda o‘yin tashkil qilishda ishtirok etadi, qaysidir ma’noda Roberto Firminoning vazifalarini ham bajaradi. Gollarsiz Saloh esa ko‘proq muammoga aylanishi bor gap.
O‘tgan mavsumda Saloh eng yaxshi davrini o‘tkazayotgan paytida o‘zi bir sirni ochgandi – u Slotdan himoyaviy vazifalardan ozod qilishni so‘ragani va evaziga juda ko‘p gollar va assistlar berishga va’da berganini aytgandi. Futbolchi o‘z va’dasida turdi – 34 gol va 23 assist amalga oshirdi. Agar jamoa Chempionlar Ligasida uzoqroqqa borganida, Saloh «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarga aylangan bo‘lardi.
Tabiiyki, har qanday futbolchidan bu darajada samara kelib tursa, murabbiy ba’zi prinsiplardan voz kechadi, aynan shu futbolchining ustunliklarini namoyon qiladigan, kamchiliklarini yopadigan yechimlarga qo‘l uradi. Tarkibdagi boshqa futbolchilar ham bu holatni tushunishi, navbati bilan yulduz uchun ko‘proq qora ishlarni qilishi mumkin, axir Saloh jamoaga gollar bilan javob berayotgandi.
Joriy mavsumda esa Salohning ko‘rsatkichlari pasayib ketdi – 4 gol va 2 assist. Shundan bir gol penaltidan. Albatta, bu butun jamoa uslubini Salohga moslash uchun yetarli emas. Shu yomon mavsumida ham 4+2 yomon emas, jamoada 5-ko‘rsatkich, boshqa jamoalarda shu pozitsiyada o‘ynab yurgan va muammo bo‘lib ko‘rinmayotgan aksariyat vingerlarnikidan yaxshi. Ammo u uchun qilinayotgan qurbonliklar evaziga Saloh nafaqat eng yaxshi to‘purar, balki boshqalardan katta farq bilan oldinda bo‘lishi kerak edi. Xuddi o‘z vaqtida Ronaldu va Messi, Salohning o‘zi, hozirda Erling Holand gollar evaziga ko‘p vazifalardan ozod qilingani kabi.
Jamoa natijalari orqaga keta boshlagach, Salohning himoyaga yordam bermasligi muammosi qalqib chiqa boshladi. Ilgari Saloh bir xatoga ikki gol bilan javob bergan bo‘lsa, endi gol yo‘q, xatolar esa natijaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qila boshladi.
«Biz Salohning ortga hadeb qaytavermasligini bilardik. Shuning uchun uning qanotiga urg‘u berdik va hal qiluvchi gol o‘sha tomondan urildi», – degandi 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng «Chelsi» himoyachisi Kukurelya.
Umuman, «Liverpul» o‘tkazib yuborgan gollarda eng ko‘p assistentlar raqiblarning chap qanot himoyachilari ekan – ya’ni Saloh qo‘riqlashi kerak bo‘lgan futbolchilar. Yana bir misol, dastlabki 12 turda «Liverpul» darvozasiga o‘yindan yaratilgan xG ko‘rsatkichi o‘rtacha 0.73 bo‘lgan ekan. Saloh zaxirada qolgan so‘nggi besh bo‘limda – 0.21. Ya’ni raqiblardan keladigan xavf qariyb 3,5 barobarga kamaygan.
Ba’zilar Gakpo yoki Konate ham yaxshi o‘ynay olmayotgan bo‘lsa-da, nega aynan Muhammad Saloh zaxirada qoldirilayotganini tushunmayotgan bo‘lishi mumkin, sabab shu yerda. Agar to‘p bilan o‘yinga qarasak, ha Gakpo ham ko‘p xato qilyapti, to‘g‘ri, lekin bu vaziyatda, ya’ni to‘p bilan har ikkisi ham yomon ekan, biz endi to‘psiz holatda qaysi biri foydaliroq ekanini o‘lchashimiz kerak. Natijani taxmin qilish oson.
Ya’ni oldingi chiziqda muammolarga uchragan «Liverpul»ning o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasaygan, o‘tkazib yuborilgan har bir gol o‘yinga va yakuniy natijaga ta’sir qila boshlagach, Slotning o‘yinni biroz pragmatiklashtirishi, himoyaga e’tibor qaratishi mantiqan to‘g‘ri yechimga o‘xshaydi. Muhammad Salohning so‘nggi uchrashuvlarda zaxirada qolishi kimnidir aybdor qilish uchun yoki siyosiy qaror emas, g‘irt futbolcha, murabbiylik yechimlaridan biri edi.
Slotning bu qarori eng to‘g‘ri qaror emasdir. Balki qaysidir murabbiy Saloh bilan bugungidan zo‘r natijalarga erishishi mumkin edi, qo‘shilaman, shunday murabbiylar bor. Ammo ayni paytda jamoada bosh murabbiy Slot va uning yechimlari birlamchi bo‘ladi.
U holda nega Saloh bu qadar norozi bo‘ldi?
Intervyuning qaysi jihatlariga e’tibor berish kerak?
Kloppning so‘nggi mavsumini eslasangiz kerak. «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda zaxiraga olingach, Salohning murabbiy bilan dahanaki jangi kadrlarga tushib qolgan, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. O‘sha vaziyatni «men gapirsam hammasi yonib ketadi» deb izohlagan Saloh uchun uch o‘yinda zaxirada o‘tirishga javoban kechagidek intervyu bilan kifoyalanishini ancha bosiqlik deyish ham mumkin. Muhammad Salohni to‘liq tushunish uchun ushbu intervyuning ayrim nuqtalarini ko‘rib chiqish kerak.
E’tibor bering, Saloh «menga pand berishdi», «avtobus ostiga tashlashdi» deganda faqat Arne Slotni emas, klubni ko‘rsatmoqda. «Kimdir meni aybdor qilmoqchi» degani ham mavhum kishilar haqida.
Yuqorida yangi shartnoma haqida eslandi. Ma’lumki, bunday kelishuvlar faqat moliyaviy shartlarni o‘z ichiga olmaydi. Masalan, klub loyihani taqdim etarkan, futbolchining shartnoma muddatidagi roli ham ahamiyatga ega bo‘ladi. Menimcha, katta ehtimol bilan, Muhammad Salohga boshqacha va’da berilgan – yozda yangi katta transferlar amalga oshirilishi, Saloh yangi loyihada ham markaziy figura bo‘lib qolishi, o‘yin uning atrofida qurilishi, klub barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashishi va bilvosita futbolchining «Oltin to‘p» uchun kurashdagi imkoniyatlari oshishi haqidagi qandaydir kafolatlar bo‘lgan. Albatta, jiddiy klub hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlamaydi, ammo agar futbolchi o‘z formasini saqlasa, bunday va’dalarga amal qilinadi, transfer nishonlar ham aynan o‘sha yo‘nalishda olib boriladi.
Aynan shu nuqtada kim haq ekanini aniqlash qiyin. Slot Saloh uchun barchasi muhayyo qilingani, Saloh zaxiraga olinishi formasi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Saloh esa uning ko‘rsatkichlaridagi pasayish aynan klubdagi transferlar va murabbiyning taktikasi bilan bog‘liq ekanini aytgandi. Har kim o‘z xulosasini chiqarishi mumkin.
Ammo Salohning intervyusidagi bir mulohaza juda noo‘rin va bu futbolchiga qarshi ishlaydi – «men jamoa uchun shuncha yil ko‘p narsa qildim, nega endi asosiy tarkibdagi o‘rnim uchun kurashashim kerak?» deyishi bugungi davrdagi sport qadriyatlarini tan olmaslik hisoblanadi. Siz Salohni har qancha qo‘llashingiz mumkin, ammo bunday fikrlash ham futbolchi imijiga, ham jamoa muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.
Misrlik hujumchining intervyusi shu qadar serqirraki, juda ko‘p mavzularni qamrab oladi. Misol uchun, Harri Keyn haqidagi fikrlar. Saloh o‘z vaqtida uzoq vaqt gol ura olmagan Keynga matbuot imkon bergani, unga esa boshqacha munosabat bo‘layotganini aytmoqda. Shu o‘rinda yaqinda Jud Bellinghem bilan terma jamoada sodir bo‘lgan voqealar yodga tushadi. Jud o‘zining almashtirishini emotsional qabul qilganda juda ko‘p tanqidlarga uchradi va o‘shanda «Arsenal»ning o‘tmishdagi yulduzi Ian Rayt qiziq fikr aytgandi.
«Ingliz matbuoti shunaqa. Kimdirlar qora tanli superyulduzga tayyor emas» – degandi u bir podkastda, – «ular qora tanlilardan boshqa narsani kutishadi. Ko‘chaga chiqdingmi, jim yurishing kerak. Masalan, Kanteni hamma yaxshi ko‘radi, chunki u kamtar yigit. Lekin qachonki, Pogba yo Bellinghem bo‘lsa, agar qora tanli futbolchi kalondimog‘ ham bo‘lsa, ular buni ko‘tara olishmaydi. Qora tanlilar o‘z fikrini bu shaklda aytishiga ko‘nikishmagan».
Harri Keynning shunaqa holatga tushib qolishini tasavvur qilsak, ko‘pchilik uni yovuzlar bilan kurashayotgan qahramonga aylantirishi mumkinligida u va Saloh xarakteri o‘rtasidagi farq ham rol o‘ynasa-da, o‘sha yerdan turib gapirayotgan va buni tanasida his qiladigan Ian Raytning fikrlarida ham jon bor – baribir ularga Muhammad Saloh yaxshi, odobli va e’tirozsiz holatda yoqadi. Inglizlar rasizmga qarshi kurash yo‘lida har o‘yinda plakat ko‘tarib chiqishi, Kavani yoki Fodenni jazolashlari mumkin, ammo qo‘lda tutib bo‘lmaydigan yashirin rasizm borligini butunlay inkor etib bo‘lmaydi. Saloh muvaffaqiyatsiz bir necha oy uchun keragidan ortiq tanqid va haqoratlarni qabul qilgan bo‘lishi mumkinligini va klub o‘z afsonasini himoyasiz qoldirganini ham e’tiborga olish kerak.
Saloh nimani ko‘zlagan?
Futbolchining intervyusi albatta oldindan tayyorlangan, yetti daqiqalik nutq mazmuni oldindan belgilangan va tayming ham yaxshi tanlangan bo‘lsa-da, avvalgi chiqishlardan farq qiladi. Salohning shartnoma haqidagi chiqishlarida aniq strategiya bor edi – shu orqali klubni harakatga undash, muxlislar yordamida bosim qilish. Ammo kechagi chiqishida motivni topish qiyin. Axir birgina mana shu e’tirozni deb klub Arne Slotdan voz kechmasa kerak, to‘g‘rimi? Bunday o‘ylaydigan darajada ahmoqmasdir futbolchi?
Buning ustiga futbolchi tushib qolgan holat uzoq davom etishi mumkin emasdi. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazilgan uch o‘yin aslida bir hafta xolos – jamoa uch o‘yinni shu muddatda o‘tkazdi. Kelasi hafta esa Saloh Afrika Millatlar kubogiga jo‘nab ketadi va bir yarim oy jamoa ixtiyorida bo‘lmaydi. Bunday katta muddatda «Liverpul» o‘zini o‘nglay olmasa, «Saloh – muammo» degan tezis ham o‘z ahamiyatini yo‘qotar, hatto Slot iste’foga ketishi mumkin edi. Futbolchi Afrikadan yana afsona sifatida qaytgan bo‘lardi.
Agar «Liverpul» yaxshi o‘ynab ketsa, jamoa atrofidagi negativ kamaygan, Saloh ishtirokisiz o‘yindagi turli muammolarga yechim topilgan bo‘ladi. Bemalol kuchli va bosim kam jamoaga Salohni qayta integratsiya qilish mumkin edi. Hozirda u shoxdan bu shoxga sakrab yechim qidirayotgan Slot Salohning pozitsiyasi haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishi mumkin bo‘lardi. Har holda so‘nggi kuchli «Liverpul» Saloh bilan bo‘lgan, bir necha oy yomon o‘yin uchun osonlikcha voz kechib yuborilmasdi.
Ya’ni har ikki holat ham Muhammad Salohning foydasiga ishlaydigan vaziyatda ko‘priklarni yoqishdan nima naf bor?
Bundan xulosa chiqarish mumkinki, Salohning chiqishi murabbiyni ag‘darish, nimanidir o‘zgartirishga qaratilgan stretegik yurish emas, shunchaki emotsiyalarning portlashi, xolos. Bu nafaqat zaxirada o‘tkazilgan uch o‘yin, balki avgustdan beri yig‘ilib kelgan, «Saloh kerak emas» deb asosiy muammosi sifatida uni ko‘rayotgan muxlislardan tortib, televizorda tanqid qiladigan Jyeymi Karragerlarni o‘z ichiga oladi.
Yaqinda futbolchi o‘z instagram sahifasida «Liverpul» bilan bog‘liq barcha eslatmalarni o‘chirib yuborishi ham qaysidir ma’noda mana shu intervyuning boshqacha shakli edi deyish mumkin. Ya’ni Muhammad Saloh kelganidan beri «Liverpul» afsonasi, klubning barcha yutuqlaridagi asosiy shaxs faoliyatida birinchi marta tanqidiy nishonlar ostida qoldi va klub bunga jim qarab turdi. Bu ham yetmagandek, murabbiy uni zaxiraga o‘tkazib, o‘sha «antisalohchi»larni haqqa chiqarib ham qo‘ydi. U yolg‘iz qoldi. Uni endi yaxshi ko‘rishmaydi. Juda og‘ir holat. Ha, Salohning bu harakatida jamoani o‘ylamaslik, egoizm yotibdi, qo‘shilaman, lekin uning darajasidagi aksariyat futbolchilarda bunday bo‘lishi tabiiy. Uni tushunish, uning dardini anglash mumkin. Shunchaki, bu fikrlarini ommaga olib chiqish orqali u xatoga yo‘l qo‘ydi, ham o‘zini, ham klubni zarba ostida qoldirdi.
Bu bilasizmi, nimaga o‘xshaydi? Bir yigit sevgilisi uchun hamma narsani qiladi, yillab borini beradi. Ammo bir kun kelib qiz boshqasini sevib qolib, u bilan ketsa-chi? Yigitning bu holatini to‘liq tushunamiz, unga achinamiz, bu holatga tushganda har qanday emotsiya mumkin ekanini bilamiz. Ammo u agar borib qizga pichoq ursa, endi bunisi noto‘g‘ri. Hissiyotlar ko‘pincha yaxshi va yomon bo‘lmaydi, u olib boradigan harakatni baholashimiz mumkin. Ya’ni Muhammad Saloh shu intervyuni berib xato qildi deganda, aslo u butunlay nohaq deb bilmasligimiz, emotsiyalarini anglashimiz ham mumkin.
Muhammad Saloh o‘z chiqishi orqali, kimdir bilan kurashmoqda emas, shunchaki, so‘nggi oylardagi hissiyotlarini chiqarib yubordi, qaysidir ma’noda shaxsiy imiji, piari uchun ham harakat qildi. Bu «Liverpul»ning o‘ng qanoti uchun emas, muhabbatni qaytarish uchun bo‘lgan kurash.
Endi nima bo‘ladi?
Eng muhimi, bosh murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi har qanday ziddiyat «kim haq, kim nohaq» degan savol ostida ko‘rib chiqilshi to‘g‘ri emas. Klub, jamoa juda ko‘p insonlardan, manfaatlardan tashkil topadi. O‘rtada juda ko‘p shaxsiy manfaatlarning to‘qnashuvi bor – kimdir zaxirada qolishni istamaydi, kimdir o‘zi uchun yaxshiroq pozitsiya xohlaydi, kimdir agentining ko‘rsatmasi bilan harakat qiladi, kimdir jamoa boshqacha o‘ynashi kerak deb hisoblaydi va hokazo. Juda ko‘p va farqli fikrlar.
Va doim murabbiyning yoni olinishi – ular doim haq bo‘lgani uchun emas. Albatta, bu ziddiyatlar ichida futbolchining fikri to‘g‘ri bo‘lgan holatlar ham bor. Muhammad Saloh ham Arne Slotdan ko‘ra haqroq bo‘lishi ham mumkin, buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin bu yerda masala «kim haqligi» emas, muammolarning qay tariqa yechilishida. Toki ishlab turgan ekan, tarkibni murabbiy tanlashi, uning aytgani bo‘lishi, jamoa futbolchisi esa uning qarorlarini ommaviy muhokama qilmasligi kerak. Murabbiyning xatolari ko‘paysa, natija yomonlashsa, u iste’foga chiqadi, keyin yangi murabbiyning aytgani bo‘ladi. Hammasi oddiy.
Klub tomonidan qo‘yilgan dastlabki qadam, futbolchining «Inter»ga qarshi o‘yin uchun ro‘yxatdan chiqarib tashlanishi bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, APLning keyingi turida «Brayton»ga qarshi o‘yinda ham bu takrorlanadi. Keyin esa futbolchi Misr bilan Afrika kubogiga jo‘nab ketadi.
VVS manbalari yozishicha, Muhammad Saloh endi «Liverpul»da boshqa o‘ynamaydi. Munosabatlar butunlay buzilgan. Ammo masalan Athletic boshqacharoq yozmoqda – klub rahbariyati muammolarni vaqtincha deb hisoblaydi va Arne Slotga to‘liq ishonadi va shu bilan birga Saloh shartnoma muddati tugaguncha (2027 yil yozi) jamoada qolishini xohlashmoqda. Ammo masala qanday yechiladi, bu hozircha noma’lum.
Aslida yo‘llar juda ko‘p. Esingizda bo‘lsa Lautaro Martines va Konte o‘rtasida o‘yinning o‘zida ziddiyat chiqqanda, keyingi mashg‘ulotda maxsus ring qurib murabbiy va futbolchi o‘rtasida jang tashkil qilishgan. Shu tariqa, hazilomuz tarzda klub ziddiyat barham topganini namoyish qilgan. Salohdan ko‘ra qattiqroq chiqish qilib, Erik ten Hagni yolg‘onchilikda ayblagan Jyeydon Sancho ham hatto, ma’lum vaqt o‘tib uzr so‘rab tarkibga qaytgandi. Yaqinda Xabi Alonso va Vinisius o‘rtasidagi ziddiyatga ham shunday yechim topildi. Muhammad Salohning klubdagi o‘rni va muammoning hajmi yuqoridagi misollardan kattaroq bo‘lsa-da, bir shartni ko‘rish mumkin – har qanday holatda Muhammad Saloh birinchi bo‘lib qadam tashlashi lozim bo‘ladi. Ommaviy uzr so‘raydimi yoki klubning ichida bu ish hal bo‘lib, keyin rasmiy bayonot qilinadimi, har qanday holatda futbolchidan qadam kerak.
Muhammad Salohning ortga chekinishisiz muammo barham topishi, futbolchining tarkibga qaytishi, hech narsa bo‘lmagandek davom etishi mutlaqo imkonsiz. Bu klubning imijiga, jamoa ichidagi munosabatlarga jiddiy zarba bo‘ladi. Hammasi o‘sha intervyuga Salohning keyingi munosabatiga bog‘liq. Aks holda, agar u o‘z pozitsiyasida qat’iy turib olsa, xuddi bir yil oldin bo‘lgani kabi klub qarshisida yana yagona yo‘l qoldiradi.
Qahramon Aslanov
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialda qatnashish uchun AQShga jo‘nab ketdi
Milliy jamoa Toshkent xalqaro aeroportida / Foto: O‘FA
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 26 may tongida Toshkent – Nyu York reysi bilan o‘z tarixidagi ilk jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro chempionatga 30 nafar futbolchini olib ketmoqda, yakuniy ro‘yxatga ulardan 26 nafari kiritiladi.
Uzbekistan Airways jamoa uchun Boeing 787 Dreamliner samolyotini “Olg‘a O‘zbekiston”, “ko‘k bo‘rilar” kabi yozuvlar tushirilgan maxsus livreya bilan jihozladi.
22 may kuni “Bunyodkor” stadionida prezident Shavkat Mirziyoyev jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga muvaffaqiyat tiladi; ilk mundial sharafiga bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston JChdagi birinchi o‘yinini 17 iyunda (Toshkent vaqti bilan 18 iyun tongida) Mexiko shahrida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Sport
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
APLda yakshanba kuni o‘tkazilgan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin qaysi jamoalar qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishi va qaysi jamoalar chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni «Siti» va «Liverpul» o‘z afsonalari bilan xayrlashdi.
«Arsenal» g‘alaba bilan yakunladi
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Jyezus, 42 (0:1), Madueke, 48 (0:2), Mateta, 89 (1:2).
Muddatidan oldin chempion bo‘lib ulgurgan «Arsenal» natijasi o‘zi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, g‘alaba qozondi. «Kristal Pelas» ham shu kuni aralash tarkibda o‘ynadi: jamoa uch kun o‘tib Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘yinning 42-daqiqasida Gabriel Jyezus «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Madueke burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urdi. Barcha o‘yin yakunini kutayotganida «Pelas» oldinga o‘tdi va 89-daqiqada Jan-Filipp Mateta hisobni qisqatirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi, ammo Pinoning goli Evann Gessandagi ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘yindan keyin esa chempionlar oltin medallarni va kubokni qabul qilib olishdi hamda 22 yil kutilgan chempionlikni yorqin nishonlashdi.
«Siti» «Bornmut»ni YeChLsiz qoldirdi
«Manchester Siti» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Semenyo, 23 (1:0). Uotkins, 47 (1:1). Uotkins, 61 (1:2)
«Manchester Siti»: Trafford, Ruben Diash, Stouns (Ayt Nuri, 77), Ake (Gvardiol, 77), Lyuis, Gonsales, Bernardu Silva (Kovachich, 59), Savio, Semenyo (Sherki, 58), Reynders (Doku, 77), Foden
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof (Pau Torres, 74), Mings, Matsen, Garsiya (Kesh, 46), Duglas Luis (Tilemans, 74), Bogard (Onana, 74), Barkli (Makginn, 86), Buendiya, Beyli, Uotkins
Ogohlantirish: Lyuis, 82
«Liverpul» – «Brentford» 1:1
Gollar: Jons, 58 (1:0). Shade, 64 (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 89), Roberson (Kerkez, 83), Jons, Makallister, Gravenberh (Nioni, 83), Soboslai, Ngumoha (Virs, 73), Saloh (Frimpong, 74), Gakpo
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Nelson, 89), Kayode, Henderson (Hiki, 60), Yanelt, Yyensen (Damsgor, 83), Shade, Uattara, Tiago
Ogohlantirishlar: Konate, 79. Makallister, 90 – Yanelt, 90. Kollinz, 90
Manchesterning ko‘k tomoni va Liverpulning qizil tomoni afsonalarini kuzatishdi. Xosep Gvardiola, Bernardu Silva, Jon Stounz, Endi Roberson va Muhammad Saloh endi «Siti» va «Liverpul» liboslarida boshqa o‘ynashmaydi. Lekin har ikki jamoa ham xayrlashuv uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlay olishmadi.
«Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda dastlab Semenyoning goli orqali hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘zidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirlarida Fodenning hisobni tenglashtiruvchi goli inobatga olinmadi va «shaharliklar» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Shu bilan birga, jamoa bu orqali o‘zini chempionlik poygasidan chiqarib yuborgan «Bornmut»dan o‘ziga xos tarzda qasos olishdi. «Aston Villa»ning g‘alabasi Andoni Iraola shogirdlarini YeChL yo‘llanmasidan mahrum etdi.
«Liverpul» esa uyda «Brentford» bilan durang (1:1) o‘ynadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa shu kuni klub safida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Muhammad Saloh Jonsga assistentlik qilib, yana bir klub rekordini o‘rnatdi – u APL o‘yinlaridagi golli paslari sonini 93 taga yetkazib, bu borada Stiven Jyerrardning natijasini yaxshiladi. Mezbonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi: Kevin Shade biroz o‘tib hisobni tenglashtirdi, qolgan daqiqalarda mersisaydliklar sobiq darvozaboni Kelleherga boshqa gol ura olishmadi.
O‘yin oxirlarida Saloh va Roberson «Enfild»da yig‘ilgan muxlislarning olqishlari ostida zaxiraga olindi.
Fernandeshda rekord
«Brayton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar: Dorgu, 33 (0:1). Mbemo, 44 (0:2). Brunu Fernandesh, 48 (0:3)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Milner (Baleba, 59), Gros, Hinshelvud (Ryutter, 74), De Keyper (Minte, 46), Gomes (March, 59), Uelbek (Kostulas, 59)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Malasia, 82), Mazraviy (Yoro, 74), Maunt (Fletcher, 74), Maynu, Brunu Fernandesh, Dorgu (Leysi, 62), Diallo, Mbemo (Zirkze, 74)
Ogohlantirishlar: Maynu, 45
«MYu» allaqachon uchinchi o‘rinni kafolatlagandi va «Brayton»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa uchun bitta intriga bor edi – jamoa sardori Brunu Fernandesh APL tarixidagi eng yaxshi assistentga aylanadimi? Va bu maqsadga erishildi: portugaliyalik yarimhimoyachi birinchi bo‘limdayoq Dorguning goliga uzatma berdi va bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 21 taga yetkazib, APL rekordchisiga aylandi. U ikkinchi bo‘limda o‘z nomiga ham gol yozdirib qo‘yib, Angliya chempionatidagi golli harakatlar soni (143) bo‘yicha Devid Bekhemni ortda qoldirdi. Shu ritmda davom etadigan bo‘lsa, Brunu keyingi mavsumda Pol Skoulzni (162) ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi ham mumkin. Ammo unga Ueyn Runi (276) va Rayan Giggzga (271) yaqinlashib olish uchun ham ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
«Brayton» esa bu mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida «Sanderlend»ni oldinga o‘tkazib yubordi va keyingi mavsumda Yevropa Ligasida emas, Konferensiyalar ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
«Chelsi» 10-o‘rinda
«Sanderlend» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Hyum, 25 (1:0). Gyusto, 50 – avtogol (2:0). Palmer, 56 (2:1)
«Sanderlend»: Rufs, O`Nayyen, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 90), Angulo (Diarra, 61), Hyum, Brobbi (Izidor, 61)
«Chelsi»: Sanches, Kolvill, Xato (Jyeyms, 53), Fofana, Fernandes, Kaysedo (Achimpong, 85), Kukurelya, Gyusto (Delap, 85), Palmer, Pedru Netu (Chaloba, 65), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Angulo, 42. Gertreyda, 52. Jaka, 73. Diarra, 81. Sadiki, 89 – Fofana, 54. Fernandes, 69. Joao Pedro, 90. Palmer, 90
Chetlatish: Fofana, 62 (ikkinchi sariq)
Shu kuni yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir baxtiyor jamoa – chempionshipdan chiqqan «Sanderlend» bo‘ldi. «Qora mushuklar» o‘zaro bahsda «Chelsi»ni mag‘lub etgan holda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va yettinchi o‘rin bilan Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Konferensiyalar ligasida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan londonliklar esa bu mavsumni APLda 10-o‘rin bilan yakunlab, keyingi mavsumda hech qaysi yevrokubokda qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu bir tomondan yozda jamoani qabul qilib oladigan Habi Alonso uchun ayni muddao. U«Stemford Brij»da o‘z o‘yinini qurish uchun ideal sharoitga ega bo‘ladi.
«Tottenhem» APLda qoldi
«Tottenhem Hotspur» – «Everton» 1:0
Gol: Palinya, 43 (1:0)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udodji (Dregushin, 90), Porro, Palinya, Bentankur (Meddison, 82), Gallaher (Grey, 82), Tel (Sarr, 73), Spens, Risharlison (Kolo Muani, 73)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Armstrong, 62), Garner, Iroegbunam (Koulman, 84), Ndiay, Dyusberi-Holl (Alkaras, 84), Rel (Jorj, 62), Barri (Betu, 84)
Ogohlantirishlar: Sarr, 80. Palinya, 87 – O`Brayyen, 13. Tarkovski, 89
«Vest Hem» – «Lids» 3:0
Gollar: Kastelyanos, 67 (1:0). Bouen, 79 (2:0). Uilson, 90 (3:0)
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Fernandesh, Souchek, Pablo (Uilson, 46), Sammervill, Bouen, Kastelyanos (Kante, 88)
«Lids»: Darlou, Biyol (Jyeyms, 70), Streyk, Rodon, Ampadu, Aaronson (Bornau, 90), Tanaka (Buonanotte, 78), Jastin, Bogl (Piru, 78), Kalvert-Lyuin (Nionto, 69), Nmecha
Ogohlantirishlar: Biyol, 10. Aaronson, 25. Ampadu, 88
Bir yil muqaddam ham chempionatni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Tottenhem» Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan va YeChLga yo‘llanma olgandi. Bu safar so‘nggi turda Joau Palinyaning yagona goli «shporlar» joniga ora kirdi. Roberto De Dzerbi qatorasiga ikkinchi mavsumda turnir jadvalida 17-o‘rinni egalladi va ligada jon saqlab qoldi. «Vest Hem» esa so‘nggi turda «Lids» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, «Byornli» va «Vulverhempton» bilan birga chempionshipga tushib ketdi. «Bolg‘achilar» 39 ochko jamg‘arishdi, bu esa so‘nggi 15 yillikda 18-o‘rin egalari uchun maksimal ko‘rsatkichdir. Oxirgi bor bu qadar ko‘p ochko jamg‘arib ham ligani tark etgan jamoalar «Birminghem» va «Blekpul» bo‘lgandi.
Yakuniy turnir jadvali
Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
Milliy terma jamoa 26 may kuni AQShga yo‘l oladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 nafardan iborat futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya)
Jamoamiz 26 may kuni tongda Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi.
Sport
O‘zbekistonning JChga boradigan tarkibi aniq bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni qaysi tarkib bilan AQShga yo‘l olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya)
Yig‘inda qatnashgan quyidagi futbolchilar AQShga bormaydi: Vladimir Nazarov, Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboyev, Quvondiq Ro‘ziyev, Nodir Abdurazzoqov, Alisher Odilov, Sardor Bahromov, Husayn Norchayev, Muhammadqodir Hamraliyev.
Oldinroq O‘FA Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning jarohati sababli JChga bora olmasligini ma’lum qilgandi.
-
Siyosat5 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Mahalliy4 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy2 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Sport2 days agoO‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
