Connect with us

Sport

Ermatov, Masharipov va Martines qanday fikrda?

Published

on


Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning ilk mundialdagi birinchi raqiblari Kolumbiya va Portugaliya bo‘ladi. Qit’alararo saralashdan o‘tib, guruhimizdan joy egallashga Kongo DR, Yamayka va Yangi Kaledoniya da’vogarlik qilyapti. Xo‘sh, guruhimiz haqida dastlabki munosabatlar qanday?

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, JChga chiqqandan keyin u yerda raqib tanlash ma’nosiz, chunki u yerda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi.

“Bu – jahon chempionati, bu yerda qur’ada kim tushishiga qarab shikoyat qilib bo‘lmaydi. Portugaliya ham, Kolumbiya ham juda jiddiy raqiblar. Futbolchilarimiz uchun bu bellashuvlar katta hayajon va qimmatli tajriba bo‘ladi”, – dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassisning aytishicha, uning shogirdlari har bir o‘yinda bor kuch bilan maydonga tushadi. “Mundialda bo‘layotganimizdan juda mamnunmiz. Endi eng muhimi – tayyorgarlikni to‘g‘ri olib borish va oxirigacha kurashish”, – deydi u.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov qur’a hayajonli bo‘lganini aytdi.

“Albatta, JCh – bu biz uchun birinchi tajriba. Ishonamizki, jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, xalqimizni xursand qilib, chiroyli o‘yinlari bilan keyingi bosqichlarga chiqish vazifasini uddalaymiz. JChda o‘yinlar bir-biridan qiziq bo‘ladi, oson o‘yin bo‘lmaydi, shunga yarasha puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Eng muhimi, muxlislarimiz bilan mana shu JChdan zavqlanib… Bu – butun umrga esda qoladigan O‘zbekistonning birinchi jahon chempionati bo‘ladi”, – dedi u.

Milliy jamoa sardori Jaloliddin Masharipov qur’adan oldin Portugaliya tushishini taxmin qilganini aytdi.

“Qur’adan avval Portugaliya tushsa kerak, deb o‘ylagandim. Muxlislar ham Ronaldu yo Messining jamoasi duch kelishini xohlashayotgandi. Portugaliya bilan tushganimiz yaxshi bo‘ldi. Bunday tashqari, Kolumbiya ham yaxshi jamoa. Xudo xohlasa, zo‘r o‘yinlar o‘tkazamiz. Birinchi vazifamiz – guruhdan chiqish va umid qilamanki, buni uddalaymiz”, – dedi hujumchi

Guruh favoriti – Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines guruhdoshlaridan jiddiy raqobat kutayotganini aytdi.

“Endi qur’a natijalariga qarab tayyorgarlikni boshlasak bo‘ladi. Guruhimizdan mamnunmiz, chunki birinchi o‘yinni 17 iyunda o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldik, bu – tayyorgarligimizga aniq yo‘nalish beradi. Avvaliga pley-offdan o‘tgan jamoaga qarshi o‘ynaymiz, shuning uchun raqibimizni hozircha bilmaymiz. Lekin Kolumbiya va O‘zbekistonga nisbatan hurmatimiz yuqori. Ular jahon chempionatiga puxta tayyorlangan va jiddiy raqobat taklif qiladigan jamoalar”, – deya Roberto Martinesning so‘zlarini keltirmoqda FIFA matbuot xizmati.

O‘zbekiston – JCh-2026 yilda qatnashadigan sobiq sovet makonidagi yagona davlat bo‘ladi. Rossiyalik sport sharhlovchisi Denis Kazanskiy qur’a natijalariga munosabat bildirarkan, Abbos Fayzullayev Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynashiga e’tibor qaratdi.

“Intrigali guruh deyarli yo‘q. Hammasi bo‘linib ketgandek. Balki Marokash, Braziliya va Shotlandiyadan iborat guruhda nimadir yangilik bo‘lar. Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama ham yomon emas.

O‘zbekiston uchun juda xursandman. Abbos Krishtianuga qarshi o‘ynaydi. O‘ylashimcha, ular sensatsiya qila olishadi”, – dedi Kazanskiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JChdagi ilk o‘yini 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi, ikkinchi turda esa 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu ikkala o‘yin yo AQShning Texas shahrida, yoki Meksika poytaxtida o‘tadi. Uchinchi turda saralashdan o‘tgan raqib bilan to‘qnashamiz va bu uchrashuv AQShning yo Florida, yo Jorjiya shtatida o‘tadi. Qaysi o‘yin qayerda bo‘lishi keyinroq ma’lum bo‘ladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi

Published

on


Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.

Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.

Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi

Published

on


Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi

Published

on


O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.

Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.

Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi

Published

on


O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.

Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.

Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Published

on


Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.

Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.

27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.