Jamiyat
Toshkentda mototsikl va skuter ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Haydovchilar vafot etdi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Sergeli tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 8 iyun kuni soat 02:00 larda Sergeli tumani Fayzli Toshkent ko‘chasida 26 yoshli Sh.X. boshqaruvidagi QJ Motors rusumli mototransport vositasi va 25 yoshli M.Z. boshqaruvidagi Drongo rusumli skuter bir-biri bilan to‘qnashib ketgan.
YTH oqibatida haydovchilar olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
poyezd halokatida salkam ellik kishi halok bo‘ldi
Pokistonning Balujiston viloyatida 24 may kuni yo‘lovchi poyezdi portlashi oqibatida 47 kishi halok bo‘ldi, 98 kishi jarohat oldi. Bu haqda «Sinxua» agentligi qutqaruv xizmatlariga asoslanib xabar berdi.
Halok bo‘lganlar orasida 20 nafar harbiy xizmatchi ham bor.
Hodisa 24-may kuni mamlakatning janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatidagi Kvetta shahrida sodir bo‘lgan. Portlovchi moddalar bilan to‘la vagon temir yo‘l kesishmasida poyezdga urilgan. Lokomotivni o‘z ichiga olgan uchta vagon relsdan chiqib ketgan va yana ikkitasi ag‘darilgan.
Pokiston temir yo‘llari vaziri Muhammad Hanif Abbosi voqeani «terrorchilik harakati» deb nomladi. Mintaqaviy hukumat hujum uchun mintaqaning Pokistondan mustaqilligi uchun kurashayotgan va Xitoy kompaniyalari tomonidan uning resurslaridan foydalanishga qarshi bo‘lgan jangari etnik guruh bo‘lgan Balujiston Ozodlik Armiyasini aybladi.
Eslatib o‘tish joizki, Balujiston mamlakat hududining taxminan 42 foizini egallaydi.
Jamiyat
Qashqadaryoda «hojatbaror» IIB tezkor vakili qo‘lga olindi
Tekshiruvni «bosdi-bosdi» qilishni va’da bergan IIB xodimining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda korrupsiya bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi, 1983-y.t. ayol va uning 2009-y.t. qizini telefonlarida diniy mazmundagi ta’qiqlangan materiallar aniqlanganligi holati yuzasidan viloyat IIB tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruv harakatlarini tanishlari orqali ularning foydasiga hal qilib berish evaziga 3 mln so‘m olgan vaqtida mazkur tumanda istiqomat qiluvchi, 1978-y.t. shaxs ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu masalani ijobiy hal qilib berish evaziga vositachidan 2,5 mln so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan, vositachilik qilgan shaxsga nisbatan esa JKning 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq reyslaridagi kechikishlar bo‘yicha so‘rov yubordi
Centrum Air va Qanot Sharq aviakompaniyalari ustidan e’tirozlar ko‘paygan. Xususan, zarar ko‘rgan yo‘lovchilarga parvozgacha yoki boshqa transportga o‘tkazilgunga qadar kutish vaqtida oziq-ovqat va ichimlik suvi berilmagan. Bundan tashqari, chiptada ko‘rsatilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash kabi xizmatlar ham yetarli darajada bajarilmagan.
Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha chiptalar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (O‘zaviatsiya) so‘rov yubordi.
Qo‘mitaga aviaqatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025 yilda 127 tani, 2026 yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 tani tashkil etib, ularning soni ortib boryapti.
O‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan. Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilgan:
· xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;
· rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
· parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarning aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
· aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensatsiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
O‘rganishlarda yuqori aviakompaniyalar tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, “Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish” qoidalari, “Havo kodeksi” va “Fuqarolik kodeksi” to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi aniqlangan.
Xususan, zarar ko‘rgan yo‘lovchilarga parvozgacha yoki boshqa transportga o‘tkazilgunga qadar kutish vaqtida oziq-ovqat va ichimlik suvi berilmagan.
Kutish vaqti tashuvchi qoidalarida belgilangan muddatdan oshgan hollarda mehmonxona bilan ta’minlash, aeroportdan vaqtinchalik yashash joyiga olib borish va qaytarish xizmatlari ham bajarilmagan.
Bundan tashqari, chiptada ko‘rsatilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash kabi xizmatlar ham yetarli darajada qilinmagan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2025−2026 yillarda aviakompaniyalar reyslari kechikishi, sabablari va kompensatsiyalar yuzasidan o‘rganish olib borayotgani va yakunlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ijaraga beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejamkorligini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, yurtimizdagi 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlarining boshlangani natijasida yiliga 1,3 milliard kub metr suv tejalmoqda. Bu Navoiy viloyatining bir yillik suv iste’moliga teng. Shu kunga qadar 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu maqsadlarga 3 trillion so‘m ajratildi. Natijada 858 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanib, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.
Yig‘ilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obyekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bugun dunyoda daryo, kanal, suv omborlari va ko‘llar bo‘yida turizm, dam olish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik hududlarini tashkil etish katta iqtisodiy yo‘nalishga aylangan.
Bunday loyihalar ko‘chmas mulk va yer uchastkalari qiymatini oshirish, tuman va shaharlar iqtisodiyotini jonlantirish, ichki turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Jahon tajribasida suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan 1 dollar sarmoyaning iqtisodiy qaytimi 3-10 dollar atrofida baholanadi.
Shu bois, mutasaddilar va hokimlar suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish ustida tizimli ishlashi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qator yangi imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, qirg‘oqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab bo‘layotgan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy ko‘l va gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi. Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda mazkur imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obyektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini ta’minlab, yiliga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbaini yaratish mumkin.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Kosmik tadqiqotlar agentligiga daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obyektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al hajmini aniq hisoblash va tegishli idoralarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Iqlim o‘zgarishi tufayli so‘nggi yillarda qisqa vaqtda kuchli yomg‘irlar ko‘paymoqda. Bu esa sel-toshqinlar xavfini oshirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori hisoblanadi.
Sel-toshqinlar infratuzilma va qishloq xo‘jaligigagina emas, balki sanoat, sug‘urta, logistika va tashqi savdoga ham zarar yetkazadi. Qolaversa, sel suvlari xavf manbai bo‘lish bilan birga suv zaxiralarini to‘ldirish uchun ham katta imkoniyatdir.
Mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shu bois, sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Andijonda «qo‘shib yozuvchi» elektromontyor qo‘lga olindi
Andijonda 680 ming so‘mlik qarzdorlikni 34 mln so‘m deb ko‘rsatgan elektromontyor ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Qo‘rg‘ontepa tumani «So‘fi qishloq» – podstansiya navbatchi elektromontyori F.X. fuqaro F.D.ning Jalaquduq tumani,«Namuna» MFY hududidagi xonadonida elektr energiyasidan 680 ming so‘mlik qarzdorligini 34 mln so‘m deb yolg‘on ko‘rsatib, 17 mln so‘m bersa ushbu qarzdorlikni yo‘q qilib berishini va’da qilib, 17 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Siyosat4 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Dunyodan2 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Mahalliy3 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat berdi
-
Iqtisodiyot4 days agoOLX onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topildi
