Jamiyat
xizmat ularni yangi shaharlarga yetkazishda yordam beradi
Endi Korzinka mahsulotlarini Market Yandex Go orqali buyurtma qilish mumkin. Ushbu hamkorlik doirasida riteyler tovarlari Korzinkaning o‘z yetkazib berish xizmati hali ishlamayotgan O‘zbekiston shaharlariga yetkazib beriladi. Market Yandex Go tarmoq mahsulotlari namoyish etilgan birinchi onlayn maydonga aylandi.
Endilikda foydalanuvchilar Korzinka mahsulotlarini, shu jumladan, “365 kun” va “Iz Korzinki” xususiy savdo belgilari ostidagi tovarlarni Market Yandex Go platformasining alohida do‘konidan topishlari mumkin. Ayni paytda xaridorlarga oziq-ovqat, maishiy kimyo, gigiyena vositalari va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari taqdim etilgan. Kelgusida assortiment kengayib boradi va xaridorlar uchun birlamchi ehtiyoj tovarlari, masalan, shakar, un, yog‘, yormalar, makaron mahsulotlari ham mavjud bo‘ladi.
Korzinka mahsulotlarini Market Yandex Go platformasidagi boshqa mahsulotlarga qo‘shib sotib olish mumkin – hammasi bitta buyurtmada rasmiylashtiriladi. Xaridorlar uni eng yaqin buyurtmalarni topshirish punktidan mustaqil ravishda olib ketishi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri eshikkacha kurer orqali yetkazma rasmiylashtirishi mumkin.
Hamkorlik riteylerning o‘z onlayn savdosini oshirishga yordam berib, Korzinka tarmog‘iga Market Yandex Go logistika infratuzilmasidan foydalangan holda auditoriya qamrovini kengaytirish, yangi elektron tijorat formatlarini sinovdan o‘tkazish va butun mamlakat bo‘ylab tovarlarni yetkazib berish imkoniyatini taqdim etadi.
“Market Yandex Go bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, biz hali Korzinka tarmog‘ining o‘z yetkazib berish xizmati faoliyat yuritmaydigan hududlardagi xaridorlarga mahsulotlarimizdan foydalanish imkoniyatini yaratamiz. Biz butun mamlakat bo‘ylab mijozlarga yaqinroq bo‘lishga va ularga sevimli mahsulotlarini o‘zlari uchun qulay formatda sotib olish imkoniyatini taqdim etishga intilamiz”, — deb ta’kidladi Korzinka biznes loyiha menejeri Sherzod Hoshimov.
Hozirda Market Yandex Go O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab 350 ta BTP ish yuritmoqda, kurer orqali yetkazib berish xizmatidan esa har kuni millionlab kishilar foydalanib kelmoqda.
“Ayni paytda Market Yandex Go nafaqat shunchaki onlayn platforma, balki O‘zbekistonning eng yirik brendlari uchun texnologik hamkor hamdir. Biz bizneslarga butun mamlakat bo‘ylab onlayn savdo kanallarini rivojlantirish va o‘zini tanitishga yordam beramiz. Ilk tashqi onlayn maydoncha sifatida Korzinka aynan bizni tanlaganidan g‘oyatda mamnunmiz”, — deya izoh berdi Market Yandex Go tijorat direktori Dmitriy Sergeyev.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirdi
“Poytaxtdagi aksariyat teatrlarning moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga o‘ta muhtoj. Vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga oldim”, dedi Prezident administratsiyasi rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi teatrlar faoliyati bilan tanishdi.
“Toshkent teatrlarida hayot har doim qizg‘in qaynagan. Ammo, shu bilan birga, aksariyat poytaxt teatrlarining moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga o‘ta muhtoj.
Poytaxtdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirdik. Muqimiy nomidagi akademik teatr, Yoshlar teatri hamda “Arena” yotoqxonasi binolari anchadan buyon jiddiy ta’mirtalab holatda.
Biz hamma sharoitni yaratsakkina, repertuarlar yangilanib turadi, tomoshabin ko‘nglidan joy oladigan, dolzarb mavzulardagi spektakllar sahnalashtiriladi”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.
Uning qayd etishicha, nodir qo‘lyozmalarni raqamlashtirib, kitobxonlarga taqdim etayotgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ul shaxslar tayinlangan. Vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga oldim”, – dedi Administratsiya rahbari.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
Buxoroda haydovchi Lacetti mashinasining motor qismiga qariyb 1 kg opiy yashirgani fosh bo‘ldi. U giyohvand moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olgani aniqlanib, tadbir davom ettirilgan. Ikkinchi shaxsning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Buxoro va Surxondaryoda qariyb 13 kg giyohvand moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Buxoro shahrida yashovchi 32 yoshli shaxs shaxs boshqaruvidagi Lacetti “Surxondaryo–Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Kogon tumani hududida to‘xtatilgan.
Mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning motor qismidagi havo filtri ostiga 993 gr opiy yashirib qo‘yilgani fosh etilgan.
Muqaddam ham narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangan haydovchi narkotik moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ikkinchi shaxs ham ushlangan. Uning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 9 kg opiy musodara qilingandi.
Jamiyat
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
Kelayotgan may oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi.
Bu yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. Havo harorati asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha, kunduz kunlari 25-30 darajadan 30-35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ushbu davrning ayrim kunlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
2026-yil may oyida o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar), may oyi aprel oyiga nisbatan 4–6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida 24-27 darajani, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi. Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar harorat 34-37 darajagacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Meterologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumlari 38-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa ba’zi joylarda 43-45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari yaqin orada – 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilandi.
May oyida yomg‘irlar, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kuzatiladi.
Jamiyat
Elchining tarixiy xotiralari chop etildi
Shu kunlarda “Yangi sahifa” nashriyotida taniqli diplomat Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” nomli kitobi chop etildi. Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Ammo shunday kasblar borki, ular nafaqat sharafli, balki nihoyatda mas’uliyatlidir – elchilik faoliyati ana shunday sohalardan biri.
2005-2009 yillarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Bosh konsul, 2012-2021 yillarda esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul faoliyat yuritgan muallifning ushbu asari ham tarixiy, ham ilmiy va badiiy jihatdan beqiyos qimmatga ega. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda diplomat Abror G‘ulomovning avtobiografik asari nashr etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik. Endilikda ushbu an’ananing Yodgorxo‘ja Shodmonov tomonidan davom ettirilishi quvonarli hol.
Men Yodgorxo‘ja aka haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p ijobiy fikrlar eshitganman. 1961 yilda tug‘ilgan muallif o‘z faoliyati davomida dastlab yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari sifatida samarali mehnat qilgan.
1999-2000 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005 yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012 yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Ko‘plab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, Vatan ravnaqi yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etgan kamtarin va malakali diplomatning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimiz isbotidir.
Qiziqarli va samimiy tilda yozilgan ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, elchilik davri muallif uchun chinakam sinov va mazmunli hayot maktabi bo‘lganiga amin bo‘lasiz.
“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi muallif.
Kitob orqali Afg‘oniston bizga qo‘shni bo‘lsa-da, ichki vaziyati va murakkab siyosiy-harbiy jarayonlari biz uchun ancha notanish bo‘lgan davlatning haqiqiy manzarasini anglaymiz. Salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu yurt odamlarining yuksak g‘ururi, samimiyati va mehmondo‘stligi o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Muallif Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Hirot kabi viloyatlar, Kobul, Mozori Sharif, G‘azni kabi shaharlar haqida shunday mahorat bilan hikoya qiladiki, voqealar beixtiyor ko‘z oldingizda jonlanadi.
Ayniqsa, Afg‘onistonning 100 ga yaqin yetakchilari, qo‘mondonlari va nufuzli shaxslari haqidagi ma’lumotlar, ularning siyosiy tiynati va salohiyati tarixiy izchillikda mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, muallifning oddiy afg‘on dehqoniga bo‘lgan ehtiromi, ularning matonati va yashovchanligiga bergan ta’rifi kitobning ta’sirchanligini oshirgan.
Yodgorxo‘ja Shodmonov Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, “Tolibon” hokimiyatga kelgan og‘ir kunlarda ham o‘z burchiga sodiq qoldi. Elchixona yaqinidagi mudhish terrorchilik harakati oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolangan bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘z missiyasini davom ettirdi. Uning siymosida o‘z davlati manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan, vatandoshlarini himoya qilishni muqaddas burch deb biladigan haqiqiy vatanparvar diplomatni ko‘ramiz.
Asarning keyingi boblarida 2016 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati shaxsiy tajribalar asosida batafsil yoritilgan.
“Ikki qutb orasida” kitobi shunchaki voqealar bayoni emas, balki elchining qalb iztiroblari, hayratlari va teran mushohadalari in’ikosidir. Nodir fotosuratlar bilan boyitilgan ushbu asar diplomatlar, afg‘onshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Jamiyat
O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan5 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
-
Sport5 days agoSuperliga. «Paxtakor» va «Neftchi» ta’qibchilardan ilgariladi
-
Dunyodan3 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
