Sport
YeChL. Gigantlar jangida «Arsenal» «Bavariya»ni yakson etdi
Finaldan oldingi final maqomidagi to‘qnashuvda londonliklar azaliy raqibdan qasos oldi va turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylandi.
Myunxenliklarning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati
«Arsenal» kuzning asosiy o‘yinida «Bavariya»ni mag‘lub etdi (3:1). Londonliklar himoyasi myunxenliklar hujum chizig‘ini to‘xtatdi, Harri Keynga umuman imkon berilmadi.
«Arsenal» – «Bavariya» 3:1
Gollar: Timber, 22 (1:0). Karl, 32 (1:1). Madueke, 69 (2:1). Martinelli, 77 (3:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Moskera, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 68), Timber (Uayt, 80), Subimendi, Rays, Eze (Edegor, 80), Trossar (Madueke, 38), Saka (Martinelli, 68), Merino
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Kim Min Je, 81), Ta, Stanishich, Laymer (Bishof, 72), Kimmih (Rafael Gerreyru, 81), Pavlovich, Karl (Goretska, 81), Gnabri (Jyekson, 72), Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Saliba, 74. Merino, 80 – Upamekano, 23. Laymer, 43
Bu o‘yin oldidan intrigalar yetarlicha edi. «Arsenal» APLda, «Bavariya» – Bundesligada yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Ular Chempionlar ligasi startida ham to‘rt o‘yinda maksimum ochko to‘plab (12 tadan), birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishgandi. Londonliklar bu to‘rt o‘yinning birortasida gol o‘tkazmagan, myunxenliklar esa barchadan ko‘p gol urgandi. «Arsenal» sentabr oyi boshidan buyon mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan, «Bavariya» esa bu mavsumda umuman yutqazmagandi. Umuman olganda, qaysi rakursdan qaralsa ham, bu YeChL guruh bosqichidagi eng asosiy to‘qnashuv bo‘lishi kutilayotgandi.
Mikel Arteta boshlang‘ich tarkib bo‘yicha ikki qarori bilan biroz ajablanirdi: chap qanot himoyasida tajribali Rikkardo Kalafiori emas, 19 yoshli Maylz Lyuis-Skelli tushdi. Markaziy himoyaning chap qanotida esa jarohatdagi Gabriyel Magalyayesh o‘rniga «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ishonchli harakatlangan Piyero Inkapie emas, 21 yoshli Kristian Moskera tushdi. Asosiy markaziy hujumchi Viktor Yokeresh, ikkinchi va uchinchi hujumchilar Kay Havers hamda Gabriyel Jyezus hali jarohatdan to‘liq tuzalib safga qaytmagani tufayli bu vazifa yana bir bor asli yarimhimoyachi bo‘lgan Mikel Merinoga ishonib topshirildi.
O‘z navbatida, «Bavariya» diskvalifikatsiya tufayli Luis Dias xizmatlaridan foydalana olmasdi va uning o‘rniga 17 yoshli vunderkind Lennart Karl boshlang‘ich tarkibda tushdi. Shuningdek, Vensan Kompani tezkor Sakaga qarshi chap qanot himoyasida asli o‘ng qanot vakili bo‘lgan Laymerga ishonch bildirdi.
Myunxenliklar o‘yinning dastlabki daqiqalarida to‘pga egalik qilishdi, ammo vaziyatlar yarata olishmadi, mezbonlar esa asta-sekinlik bilan raqib jarima maydoni atrofida bosim uyushtirishga kirishishdi va ketma-ket vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Myunxenliklar esa ilk zarbasini faqat 20-daqiqaga kelib yo‘lladi, ammo Upamekano Olisening qanotdan uzatmasiga to‘g‘ri zarba berolmadi. Javob hujumida esa «Arsenal» asosiy fishkasini ishga solib, hisobni ochdi: Subimendining pressingdagi faolligi evaziga o‘yindagi ilk burchak zarbasi ishlandi, Saka u yerdan to‘pni yaqin ustun oldiga yetkazib berdi, bu yerda esa Timber Noyyerdan ildamroq harakat qildi va to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga kiritdi.
«Bavariya» o‘zining ojiz nuqtasi bo‘lgan standart vaziyatdan navbatdagi golni o‘tkazib yubordi. Jamoa bungacha bundesligada jami 8 gol o‘tkazgan va shundan 6 tasi standart vaziyatlardan. «Arsenal» uchun esa bu joriy mavsumda burchak zarbalaridan keyin urilgan 10-gol bo‘ldi (tabiiyki, barchanikidan ko‘p).
«Arsenal» shundan keyin «Bavariya»ga bo‘sh zonalar qoldirmadi va pozitsion hujumlar uyushtirishga imkon bermadi, maydonning raqib tomonida kuchli pressing uyushtirdi va to‘p olib qo‘yilgan holatlarda xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi. Eze Noyyer to‘p uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ygach, «ikkiga to‘rt» formatida yuzaga kelgan superimkoniyatdan foydalana olmadi.
Natijada londonliklar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishi o‘rniga, hisob 1:1 ko‘rinishini oldi. Kimmih dohiyona diagonal pas bilan katta masofani kesib o‘tdi, «kanonirlar»ning sobiq futbolchisi, shu kuni chap qanot hujumida tushgan Gnabri esa o‘ng qanotda paydo bo‘lib, Skellidan ildamroq harakat qildi va bir teginishda to‘pni jarima maydoniga oshirdi, u yerda ochilgan Karl esa darvozani osonlik bilan ishg‘ol qildi. 17 yoshli vunderkind «Emireyts»da bungacha to‘rt turda gol o‘tkazmagan «Arsenal» darvozasini ishg‘ol qildi.
Ko‘p o‘tmay maydon egalari yana bir muammoga duch kelishdi – Leandro Trossar jarohat oldi va 38-daqiqada o‘z o‘rnini Noni Maduekega bo‘shatib berdi. Bo‘lim o‘yin mantig‘iga mos hisob bilan yakunlandi: jamoalar raqib darvozalari sohasiga to‘g‘ri borgan bittadan zarba yo‘llashdi va bu zarbalar golga aylandi. «Arsenal» dastlabki yarim soatda ustunroq edi, ammo bo‘lim oxirlariga borib «Bavariya» vaziyatni tenglashtirdi va masala ikkinchi bo‘limga qoldi.
Tanaffusdan qaytgach mezbonlar darhol oldinga tashlandi va raqib jarima maydonini qamal qilishdi. Saka Kimmihning to‘p yo‘qotishidan keyin ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo uning zarbasidan keyin Noyyer to‘pni barmoqlari uchi bilan yuqoriga ko‘tarib yuborishga ulgurdi.
Londonliklar yana asosiy quroliga murojaat qilishdi, ikkinchi bo‘lim boshidagi 12 daqiqalikda to‘rt marta burchak zarbasi ijro etildi va ularning har biri xavfli vaziyat bilan yakunlandi, Mikel Merinoning o‘zi uch marta boshda zarba yo‘lladi, ammo unga biroz aniqlik yetishmadi. Moskera va Raysning yaqin masofadan yo‘llagan zarbalarini esa Noyyer qaytardi.
Bu vaqt oralig‘ida mehmonlar ham o‘ng qanotdan xavfli yurishlar amalga oshirishdi, Skelli ikki vaziyatda Olise va Karlni osonlik bilan o‘tkazib yubordi, ammo bu hujumlar golli vaziyatgacha yetib bormadi.
68-daqiqada Arteta boshlang‘ich tarkibdagi xatosini anglab yetdi va Skelli o‘rniga Kalafiorini tushirdi, shuningdek, charchagan Sakani Martinelli almashtirdi, braziliyalik vinger chap qanotga o‘tdi, Madueke o‘zi uchun sevimli bo‘lgan o‘ng qanotga qaytdi. Aynan shu almashtirishlar o‘yin taqdirini hal qildi. Ikki daqiqa o‘tib Rays Upamekanoning noaniq pasidan keyin to‘pni egallab oldi va chaproqda turgan Ezega oshirdi, u esa himoyachilar ortiga ochilgan Kalafiorini o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minladi. Italiyalik joker esa to‘pni qanotdan olis ustun tomon yetkazdi, u yerga yetib kelgan Madueke darvoza to‘rini o‘qqa tutdi – 2:1.
Kompani darhol reaksiya ko‘rsatib, holdan toygan Serj Gnabri va Konrad Laymerni maydondan olib, Nikolas Jyekson va Tom Bishofni jangga tashladi. «Bavariya»da hali o‘yinni qutqarish uchun taxminan 20 daqiqa bor edi. Ammo myunxenliklarning bu umidi uzoqqa cho‘zilmadi. Noyyer raqib hujumi vaqtida o‘z uslubida tavakkalchilik qilib, juda oldinga chiqib ketdi, lekin to‘pni egallay olmadi, Martinelli to‘pni bir teginishda uning yonidan o‘tkazdi va oldinga yugurib, bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi.
76-daqiqada hozirgi «Arsenal»ga qarshi 1:3 hisobi – amalda o‘yin taqdiri hal degani.
«Bavariya» ikkinchi bo‘limda yo‘qolib qoldi, «Arsenal» kuchli bosim uyushtirdi va ishonchli g‘alabaga erishdi.
Zarbalar bo‘yicha 12:8 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 8:2), kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha 2,72 xG ga 0,69 xG, burchak zarbalari bo‘yicha 6:1 – londonliklar ishonchli tarzda revansh olishdi. Bungacha «Arsenal» roppa-rosa 10 yil davomida rasmiy o‘yinlarda (5) «Bavariya»ni yenga olmayotgandi. Ushbu jamoaga qarshi so‘nggi g‘alaba 2015 yil oktyabrida qayd etilgan (YeChL pley-offida Myunxenda kechgan javob o‘yinida 2:0, lekin birinchi o‘yinda o‘z uyida 1:3 hisobida yutqazgan va safardagi gol qoidasi tufayli turnirni tark etgandi), shundan keyin bir durang va to‘rt mag‘lubiyat bo‘lgan, shundan uch o‘yinda – 1:5 hisoblarida. Aytish mumkinki, qasos olish boshlandi.
«Arsenal» yakkapeshqadamga aylandi: besh o‘yinda besh g‘alaba. Qolganlar esa ochko yo‘qotib bo‘lgan
Londonliklar haqiqiy mashinaga aylanmoqda.
● Faqat «Arsenal» guruh bosqichida 100 foizlik g‘alabaga ega. «Bavariya» 12 ochko bilan qoldi, bungacha ideal o‘yin ko‘rsatib turgan yana bir jamoa «Inter» ham «Atletiko»ga yutqazdi (1:2).
● «Arsenal» yozdan buyon yutqazmayapti. Kuzdagi o‘yinlarda 14 g‘alaba va ikki durang qayd etildi (31 avgust kuni APL 3-turida «Liverpul»ga qarshi mag‘lubiyat yagona bo‘lib qolmoqda).
● «Bavariya» esa bu mavsumda ilk bor yutqazdi. Jamoa bundesligada 10 g‘alaba va bir durang qayd etgandi, YeChLda esa «Arsenal» bilan o‘yinda bu seriya to‘xtadi.
Keyingi turda «Arsenal» Belgiyada «Bryugge» mehmoni bo‘ladi. «Bavariya» «Sporting»ni qabul qiladi.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialda qatnashish uchun AQShga jo‘nab ketdi
Milliy jamoa Toshkent xalqaro aeroportida / Foto: O‘FA
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 26 may tongida Toshkent – Nyu York reysi bilan o‘z tarixidagi ilk jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro chempionatga 30 nafar futbolchini olib ketmoqda, yakuniy ro‘yxatga ulardan 26 nafari kiritiladi.
Uzbekistan Airways jamoa uchun Boeing 787 Dreamliner samolyotini “Olg‘a O‘zbekiston”, “ko‘k bo‘rilar” kabi yozuvlar tushirilgan maxsus livreya bilan jihozladi.
22 may kuni “Bunyodkor” stadionida prezident Shavkat Mirziyoyev jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga muvaffaqiyat tiladi; ilk mundial sharafiga bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston JChdagi birinchi o‘yinini 17 iyunda (Toshkent vaqti bilan 18 iyun tongida) Mexiko shahrida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Sport
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
APLda yakshanba kuni o‘tkazilgan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin qaysi jamoalar qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishi va qaysi jamoalar chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni «Siti» va «Liverpul» o‘z afsonalari bilan xayrlashdi.
«Arsenal» g‘alaba bilan yakunladi
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Jyezus, 42 (0:1), Madueke, 48 (0:2), Mateta, 89 (1:2).
Muddatidan oldin chempion bo‘lib ulgurgan «Arsenal» natijasi o‘zi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, g‘alaba qozondi. «Kristal Pelas» ham shu kuni aralash tarkibda o‘ynadi: jamoa uch kun o‘tib Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘yinning 42-daqiqasida Gabriel Jyezus «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Madueke burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urdi. Barcha o‘yin yakunini kutayotganida «Pelas» oldinga o‘tdi va 89-daqiqada Jan-Filipp Mateta hisobni qisqatirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi, ammo Pinoning goli Evann Gessandagi ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘yindan keyin esa chempionlar oltin medallarni va kubokni qabul qilib olishdi hamda 22 yil kutilgan chempionlikni yorqin nishonlashdi.
«Siti» «Bornmut»ni YeChLsiz qoldirdi
«Manchester Siti» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Semenyo, 23 (1:0). Uotkins, 47 (1:1). Uotkins, 61 (1:2)
«Manchester Siti»: Trafford, Ruben Diash, Stouns (Ayt Nuri, 77), Ake (Gvardiol, 77), Lyuis, Gonsales, Bernardu Silva (Kovachich, 59), Savio, Semenyo (Sherki, 58), Reynders (Doku, 77), Foden
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof (Pau Torres, 74), Mings, Matsen, Garsiya (Kesh, 46), Duglas Luis (Tilemans, 74), Bogard (Onana, 74), Barkli (Makginn, 86), Buendiya, Beyli, Uotkins
Ogohlantirish: Lyuis, 82
«Liverpul» – «Brentford» 1:1
Gollar: Jons, 58 (1:0). Shade, 64 (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 89), Roberson (Kerkez, 83), Jons, Makallister, Gravenberh (Nioni, 83), Soboslai, Ngumoha (Virs, 73), Saloh (Frimpong, 74), Gakpo
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Nelson, 89), Kayode, Henderson (Hiki, 60), Yanelt, Yyensen (Damsgor, 83), Shade, Uattara, Tiago
Ogohlantirishlar: Konate, 79. Makallister, 90 – Yanelt, 90. Kollinz, 90
Manchesterning ko‘k tomoni va Liverpulning qizil tomoni afsonalarini kuzatishdi. Xosep Gvardiola, Bernardu Silva, Jon Stounz, Endi Roberson va Muhammad Saloh endi «Siti» va «Liverpul» liboslarida boshqa o‘ynashmaydi. Lekin har ikki jamoa ham xayrlashuv uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlay olishmadi.
«Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda dastlab Semenyoning goli orqali hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘zidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirlarida Fodenning hisobni tenglashtiruvchi goli inobatga olinmadi va «shaharliklar» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Shu bilan birga, jamoa bu orqali o‘zini chempionlik poygasidan chiqarib yuborgan «Bornmut»dan o‘ziga xos tarzda qasos olishdi. «Aston Villa»ning g‘alabasi Andoni Iraola shogirdlarini YeChL yo‘llanmasidan mahrum etdi.
«Liverpul» esa uyda «Brentford» bilan durang (1:1) o‘ynadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa shu kuni klub safida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Muhammad Saloh Jonsga assistentlik qilib, yana bir klub rekordini o‘rnatdi – u APL o‘yinlaridagi golli paslari sonini 93 taga yetkazib, bu borada Stiven Jyerrardning natijasini yaxshiladi. Mezbonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi: Kevin Shade biroz o‘tib hisobni tenglashtirdi, qolgan daqiqalarda mersisaydliklar sobiq darvozaboni Kelleherga boshqa gol ura olishmadi.
O‘yin oxirlarida Saloh va Roberson «Enfild»da yig‘ilgan muxlislarning olqishlari ostida zaxiraga olindi.
Fernandeshda rekord
«Brayton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar: Dorgu, 33 (0:1). Mbemo, 44 (0:2). Brunu Fernandesh, 48 (0:3)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Milner (Baleba, 59), Gros, Hinshelvud (Ryutter, 74), De Keyper (Minte, 46), Gomes (March, 59), Uelbek (Kostulas, 59)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Malasia, 82), Mazraviy (Yoro, 74), Maunt (Fletcher, 74), Maynu, Brunu Fernandesh, Dorgu (Leysi, 62), Diallo, Mbemo (Zirkze, 74)
Ogohlantirishlar: Maynu, 45
«MYu» allaqachon uchinchi o‘rinni kafolatlagandi va «Brayton»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa uchun bitta intriga bor edi – jamoa sardori Brunu Fernandesh APL tarixidagi eng yaxshi assistentga aylanadimi? Va bu maqsadga erishildi: portugaliyalik yarimhimoyachi birinchi bo‘limdayoq Dorguning goliga uzatma berdi va bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 21 taga yetkazib, APL rekordchisiga aylandi. U ikkinchi bo‘limda o‘z nomiga ham gol yozdirib qo‘yib, Angliya chempionatidagi golli harakatlar soni (143) bo‘yicha Devid Bekhemni ortda qoldirdi. Shu ritmda davom etadigan bo‘lsa, Brunu keyingi mavsumda Pol Skoulzni (162) ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi ham mumkin. Ammo unga Ueyn Runi (276) va Rayan Giggzga (271) yaqinlashib olish uchun ham ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
«Brayton» esa bu mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida «Sanderlend»ni oldinga o‘tkazib yubordi va keyingi mavsumda Yevropa Ligasida emas, Konferensiyalar ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
«Chelsi» 10-o‘rinda
«Sanderlend» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Hyum, 25 (1:0). Gyusto, 50 – avtogol (2:0). Palmer, 56 (2:1)
«Sanderlend»: Rufs, O`Nayyen, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 90), Angulo (Diarra, 61), Hyum, Brobbi (Izidor, 61)
«Chelsi»: Sanches, Kolvill, Xato (Jyeyms, 53), Fofana, Fernandes, Kaysedo (Achimpong, 85), Kukurelya, Gyusto (Delap, 85), Palmer, Pedru Netu (Chaloba, 65), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Angulo, 42. Gertreyda, 52. Jaka, 73. Diarra, 81. Sadiki, 89 – Fofana, 54. Fernandes, 69. Joao Pedro, 90. Palmer, 90
Chetlatish: Fofana, 62 (ikkinchi sariq)
Shu kuni yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir baxtiyor jamoa – chempionshipdan chiqqan «Sanderlend» bo‘ldi. «Qora mushuklar» o‘zaro bahsda «Chelsi»ni mag‘lub etgan holda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va yettinchi o‘rin bilan Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Konferensiyalar ligasida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan londonliklar esa bu mavsumni APLda 10-o‘rin bilan yakunlab, keyingi mavsumda hech qaysi yevrokubokda qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu bir tomondan yozda jamoani qabul qilib oladigan Habi Alonso uchun ayni muddao. U«Stemford Brij»da o‘z o‘yinini qurish uchun ideal sharoitga ega bo‘ladi.
«Tottenhem» APLda qoldi
«Tottenhem Hotspur» – «Everton» 1:0
Gol: Palinya, 43 (1:0)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udodji (Dregushin, 90), Porro, Palinya, Bentankur (Meddison, 82), Gallaher (Grey, 82), Tel (Sarr, 73), Spens, Risharlison (Kolo Muani, 73)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Armstrong, 62), Garner, Iroegbunam (Koulman, 84), Ndiay, Dyusberi-Holl (Alkaras, 84), Rel (Jorj, 62), Barri (Betu, 84)
Ogohlantirishlar: Sarr, 80. Palinya, 87 – O`Brayyen, 13. Tarkovski, 89
«Vest Hem» – «Lids» 3:0
Gollar: Kastelyanos, 67 (1:0). Bouen, 79 (2:0). Uilson, 90 (3:0)
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Fernandesh, Souchek, Pablo (Uilson, 46), Sammervill, Bouen, Kastelyanos (Kante, 88)
«Lids»: Darlou, Biyol (Jyeyms, 70), Streyk, Rodon, Ampadu, Aaronson (Bornau, 90), Tanaka (Buonanotte, 78), Jastin, Bogl (Piru, 78), Kalvert-Lyuin (Nionto, 69), Nmecha
Ogohlantirishlar: Biyol, 10. Aaronson, 25. Ampadu, 88
Bir yil muqaddam ham chempionatni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Tottenhem» Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan va YeChLga yo‘llanma olgandi. Bu safar so‘nggi turda Joau Palinyaning yagona goli «shporlar» joniga ora kirdi. Roberto De Dzerbi qatorasiga ikkinchi mavsumda turnir jadvalida 17-o‘rinni egalladi va ligada jon saqlab qoldi. «Vest Hem» esa so‘nggi turda «Lids» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, «Byornli» va «Vulverhempton» bilan birga chempionshipga tushib ketdi. «Bolg‘achilar» 39 ochko jamg‘arishdi, bu esa so‘nggi 15 yillikda 18-o‘rin egalari uchun maksimal ko‘rsatkichdir. Oxirgi bor bu qadar ko‘p ochko jamg‘arib ham ligani tark etgan jamoalar «Birminghem» va «Blekpul» bo‘lgandi.
Yakuniy turnir jadvali
Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
Milliy terma jamoa 26 may kuni AQShga yo‘l oladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 nafardan iborat futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya)
Jamoamiz 26 may kuni tongda Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi.
Sport
O‘zbekistonning JChga boradigan tarkibi aniq bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni qaysi tarkib bilan AQShga yo‘l olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya)
Yig‘inda qatnashgan quyidagi futbolchilar AQShga bormaydi: Vladimir Nazarov, Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboyev, Quvondiq Ro‘ziyev, Nodir Abdurazzoqov, Alisher Odilov, Sardor Bahromov, Husayn Norchayev, Muhammadqodir Hamraliyev.
Oldinroq O‘FA Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning jarohati sababli JChga bora olmasligini ma’lum qilgandi.
-
Siyosat5 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Mahalliy4 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Mahalliy2 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Dunyodan3 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy3 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
