Sport
APLda noodatiy qizil kartochka ko‘rsatildi
«Everton» futbolchilari o‘zaro janjallashib ketgach, ulardan biri maydondan chetlatildi. «MYu» esa o‘yin boshidan bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, yutqazdi.
«Manchester Yunayted» – «Everton» 0:1
Gol: Dyusberi-Holl, 29 (0:1)
«Manchester Yunayted»: Lammens, de Ligt, Shou, Yoro, Brunu Fernandesh, Kazemiro (Dalot, 58), Dorgu (Maynu, 58), Mazraviy (Maunt, 46), Diallo, Mbemo, Zirkze
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, Koulman (O`Brayyen, 10), Guyye, Garner, Dyusberi-Holl (Alkaras, 88), Grilish (Makneyl, 88), Ndiay (Iroegbunam, 82), Barri (Betu, 82)
Ogohlantirishlar: Mbemo, 45. Kazemiro, 50
Chetlatish: Guyye, 13
«Manchester Yunayted» APLning 12-tur o‘yinlaridan keyin kuchli to‘rtlikka kirib olishi mumkin edi. Buning uchun jamoa o‘z uyida «Everton»ni mag‘lub etishi talab etilardi. Bu raqibga qarshi «Old Trafford»dagi so‘nggi mag‘lubiyat 2013 yilda – Devid Moyyesning «MYu»dagi ilk mavsumida ro‘y bergandi. Endi esa shotlandiyalik murabbiy «Everton» bosh murabbiyi sifatida ushbu stadionga tashrif buyurgandi.
O‘yin starti voqealarga boy kechdi. O‘yinning 10-daqiqasidayoq «Everton» sardori Sheymus Koulman safdan chiqdi. Holbuki klub afsonasi APLning joriy mavsumida ilk bor boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgandi. Ammo 37 yoshli irlandiyalik himoyachi yana jarohat oldi va mehmonlar ustozi kutilmagan almashtirish amalga oshirishga majbur bo‘ldi?
Sardor yo‘qligida «Everton» futbolchilari orasida favqulodda hodisa yuz berdi. Jamoadoshlarning o‘zaro janjalidan keyin ulardan biri maydondan chetlatilishi kamyob hodisa hisoblanadi. Va «Old Trafford» yig‘ilgan muxlislar aynan shunday hodisaga guvoh bo‘lishdi. O‘yinning 13-daqiqasida «MYu» hujumi vaqtida «Everton» yarimhimoyachisi Idrissa Guyye to‘pni egallab oldi va o‘z yaqinida turgan himoyachi Maykl Kinga uzatdi. Ammo himoyachi uni tushunmadi va to‘pni qabul qilmadi, natijada to‘pga ega chiqqan Brunu Fernandesh xavfli zarba yo‘lladi.
Kin senegallik jamoadoshini jarima maydoni ichida bunday tavakkalchilik qilgani uchun koyidi, Idrissa esa unga tashlanib qoldi va uning yuziga shapaloq tortib yubordi. Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan bosh hakam Toni Harrington esa darhol cho‘ntagidan qizil kartochkani chiqardi.
Kin ham jamoadoshiga baqirib, uni maydonni tark etishga unday boshladi, Idrissa esa maydonni tark etishni istamasdan, yana Kinga hujum qilmoqchi bo‘ldi, faqat darvozabon Jordan Pikford va yarimhimoyachi Iliman Ndiayyening o‘rtaga tushishi vaziyat yanada yomonlashishining oldini oldi, shundan keyin futbolchi kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.
Tanaffusda Angliya Premer-ligasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mazkur epizod yuzasidan tushuntirish berildi. Xabarda Harringtonning qarori to‘g‘riligi VAR tomonidan tasdiqlangani qayd etilgan: «Everton» futbolchisining harakati Kinning yuziga urish deb talqin qilingan. Qoidalarga ko‘ra, bunday tajovuzkor harakat raqibga yoki jamoadoshga qarshi qilinishining farqi bo‘lmaydi – har ikki holatda ham qoidabuzar maydondan chetlatiladi.
Bunaqasi oldin ham bo‘lgan
Bu juda kam kuzatiladigan holat, ammo birinchisi emas. Katta yoshli muxlislar bu epizoddan keyin darhol 2005 yilda «Nyukasl» va «Aston Villa» o‘yinida ro‘y bergan hodisani yodga olishdi.
O‘shanda «Nyukasl» 0:3 hisobida ortda borayotganida Kiron Dayyer va Li Boyyer 50 ming muxlis ko‘z o‘ngida mushtlashib ketgan, ularni ajratish uchun «Aston Villa» futbolchisi Garet Berri ham yetib kelgan. Hakam esa ularning ikkisini ham maydondan chetlatgan, holbuki «qarg‘alar» bu vaqtga kelib shusiz ham bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotgandi.
Bunga o‘shanda Li Boyyer hujumdagi sherigi Kiron Dayyer to‘pni unga uzatmaganidan (bungacha Boyyer ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmagandi) jahl otiga mingandi. Kiron u to‘pni so‘raganda shunday javob qaytargan: «Men senga pas bermayman, chunki sen – bir uyum axlatsan!»
«Nyukasl»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Grem Sunnes o‘yindan keyin shunday deydi: «Klub bunday sharmandalikni hali ko‘rmagandi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!»
«Nyukasl» o‘shanda Dayyerning yonini oladi va qizil kartochka yuzasidan apellyatsiya ham beradi. Boyyer esa 6 haftalik maoshi (210,000 ming funt) miqdorida jarimaga tortilib, jamoa mashg‘ulotlaridan chetlatiladi.
«Everton» Guyye yuzasidan qanday qaror qabul qilishi hozircha noma’lum.
«MYu» son jihatdan ustunlikdan foydalana olmadi
Kutilmaganda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lib olganidan keyin «MYu» to‘pga egalik qildi. Ammo Amorim shogirdlari o‘yin taqdiri allaqachon hal bo‘lgandek xotirjamlikka berilishdi. Mersisaydliklar esa ozchilik bo‘lib qolganidan keyin ham himoyaga chuqur yotib olmadi va vaqti-vaqti bilan hujumlar uyushtirdi.
Va shunday hujumlardan biri gol bilan yakunlandi. 29-daqiqada Kirnan Dyusberi-Holl to‘pni qabul qilib olib, raqib jarima maydoniga yaqinlashdi va Brunu Fernandesh hamda Leni Yoroni ortda qoldirib, aylanma zarba yo‘lladi. Va to‘p to‘g‘ri olis burchakka borib tushdi. «MYu» darvozaboni Senne Lammens barmoqlari uchi bilan to‘pga yetishga ulgurdi, ammo uning yo‘nalishini o‘zgartira olmadi.
Mezbonlar shundan keyin uyg‘ondi. Birinchi bo‘lim oxirida to‘p asosan «Everton» jarima maydoni atrofida bo‘ldi. 33-daqiqada Patrik Dorgu o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, bo‘lim oxirida Brunu Fernandeshning 25 metr masofadan yo‘llagan zarbasi o‘ta xavfli chiqdi, ammo Pikford o‘zini ko‘rsatdi va mehmonlar tanaffusga hisobdagi ustunlikni saqlab qolgan holda yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar shiddat bilan to‘xtovsiz hujum qilishdi, autsayder esa chuqur himoyalandi. «MYu» vaziyat ketidan vaziyat yaratdi: ikkinchi 45 daqiqalikning o‘zida 17 bor zarba yo‘llandi, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 77 foizni tashkil etdi. Kazemiro (ustun oldida turib to‘g‘ri zarba berolmadi), Meyson Maunt (olis burchakni nishonga olishda biroz adashdi), Brunu Fernandesh (yaxshi pozitsiyada turib to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi) o‘z vaziyatlarini yo‘qqa chiqarishdi.
Brayan Mbemo va Joshua Zirkzeyeda esa yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelgandi. Ulardan birinchisi 62-daqiqada yaqin burchakka xavfli zarba berdi – Pikford yana «Everton»ni qutqardi. Niderlandiyalik hujumchi esa 80-daqiqada qanotdan oshirilgan uzatmaga bosh bilan zarba berdi. Bu vaziyatda ham mehmonlar darvozaboni o‘z o‘rnida edi. Biroz o‘tib Zirkzeye yana bir bor Pikfordning mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Ammo Jordan shu kuni qahramonlik ko‘rsatish uchun maydonga tushgandi va jamoasining g‘alabasini saqlab qoldi.
«MYu» qatorasiga uchinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va turnir jadvalining 10-o‘rnida qoldi, «Everton» ochkolari sonini 18 taga yetkazib, 11-o‘rinda joylashdi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot21 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
