Sport
«Og‘irim tushishini istamayman»: Messi JChga bormasligi mumkin
Argentinalik futbolchi navbatdagi intervyusida Barselonaga qaytishni istashi, Parijda o‘zini yaxshi his qila olmagani va milliy jamoadagi kelajagi haqida gapirdi.
«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi Sport.es gazetasiga intervyu berdi. Suhbat nostalgiyaga boy bo‘lgan. Argentinalik futbolchi AQShda ishlari yaxshiligi, ammo «Barselona»ni juda sog‘inayotgani haqida gapirgan. Shuningdek, Krishtianu Ronaldu ortidan 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki haqida to‘xtalgan.
«Barselonani qattiq sog‘indim»
Yakshanba kuni Messi kichik syurpriz qilib, kutilmaganda Ispaniyaga uchib keldi. U «Kamp Nou»ga kirdi va bir necha suratga tushdi. Uning kelishi darhol oqshomning eng ko‘p muhokama qilingan mavzusiga aylandi.
Leo shuni tan olgan: «Biz Barselonani juda sog‘indik, uydagilar bilan doim shahar haqidagi xotiralarni yodga olamiz, bu yerdagi hayot haqida gaplashamiz. Qaytishni orzu qilamiz».
38 yoshli futbolchi Ispaniya haqidagi har qanday yangilik unda sog‘inch hissini uyg‘otishini aytgan. Uning faoliyatidagi eng baxtli lahzalar ushbu klub bilan bog‘liq: Gvardiola bilan «sekstet» va Luis Enrike bilan Chempionlar ligasidagi g‘alaba.
Messi «Barselona»dan ketishidan norozi bo‘lgan – uning tasavvurida barchasi boshqacha kechishi kerak edi.
«Menda g‘alati tuyg‘u qolgan. Pandemiya tufayli so‘nggi mavsumimda muxlislar o‘ynashga to‘g‘ri kelgan. Men butun faoliyatimni o‘sha yerda o‘tkazdim, ammo ketishim orzumdagi kabi bo‘lmadi. Yevropadagi faoliyatimni aynan «Barselona»da yakunlayman, shundan keyingina AQShga ketaman, deb o‘ylagandim. Ammo barchasi boshqacha kechdi – xayrlashuv juda og‘ir bo‘ldi», – deya qayd etgan Messi.
U «Barselona»da o‘tgan damlar uchun taqdirdan rozi ekanini qo‘shimcha qilgan. Leo hozir ham ko‘k-anorranglilar o‘yinini kuzatishda davom etmoqda, tez-tez do‘stlari bilan o‘yinlarni muhokama qiladi.
«Parijda o‘zimni yaxshi his qilmadim»
«PSJ»da o‘tgan yillardan esa unda yoqimli xotiralar qolmagan – u bu yerda o‘zini «o‘z tarelkasida his qilmagan».
«Hammasi ham yozilgandek yomon emasdi. Og‘ir bo‘ldi deganimda qandaydir azob-uqubatlarni nazarda tutmaganman – shunchaki o‘zimni yaxshi his qilmasdim. O‘yindan, mashg‘ulotlardan, kundalik ishlardan zavq olmasdim. Lekin oilamiz bilan u yerda vaqtimizni juda yaxshi o‘tkazdik, Parij – ajoyib shahar», – deydi u.
Leoning so‘zlariga ko‘ra, Mayamida vaziyat yaxshilangan. «AQShda har bir kunimizdan zavqlanamiz. Bu yerda hammasi osonroq, bosim kamroq, doimo g‘alaba qozonish majburiyati yo‘q, garchi, albatta, g‘alaba qozonishni xohlasak ham. Muhit tinch, oila, bolalar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish mumkin. Avvallari kayfiyatimni o‘yinlardagi natijalar belgilardi, endi esa xotirjamman – uyga yaxshi kayfiyatda qaytaman», – deya fikrlari bilan o‘rtoqlashadi hujumchi.
Messi faoliyatining so‘nggi yillarida MLS’da o‘ynayotganidan mamnun. U o‘zini jismoniy jihatdan yaxshi his qilmoqda, o‘yindan zavq olmoqda.
Yagona minus – jamoadagi do‘stlari Jordi Alba va Serxio Buskets faoliyatini yakunlayotganidir.
«Buskets bilan bu haqda anchadan beri gaplashib kelardik – u faoliyatini yakunlamoqchi edi. Alba esa oldindan ogohlantirmay, kiyim almashtirish xonasidayoq ketishi haqida xabar berdi. Ammo men uni tushunaman – biz hammamiz bir avloddanmiz va vaqt o‘tib bormoqda. So‘nggi yillarni Barselonada ham, bu yerda ham birga o‘tkaza olganimiz juda yaxshi bo‘ldi», – deydi Leo.
«Og‘irim tushishini istamayman»
2022 yilgi jahon chempioni Argentina milliy jamoasi uchun yuk bo‘lishni istamasligini aytdi va bu bilan muxlislarni xavotirga soldi. U milliy jamoa safida 195 o‘yinda maydonga tushgan hamda 114 gol urgan. Ammo hozircha 2026 yilgi mundialda ham ishtirok etishiga ishonchi komil emas.
«Yuk bo‘lishni xohlamayman. O‘zimni formada his qilishni, jamoaga yordam bera olishimga amin bo‘lishni istayman. MLS mavsumi Yevropa mavsumiga to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun turnirga yaqinroq qolganda, vaziyatga qaraymiz», – deya muxlislarga umid qoldirgan Messi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot19 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
