Jamiyat
Islom merosi va zamonaviy fan uyg‘unligi: O‘zbekiston tajribasi “Pangea Globe”da
Dunyoning eng nufuzli media tuzilmalaridan biri – “Pangea Globe” kompaniyasi elektron nashrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik samaralari to‘g‘risida maqola e’lon qilindi.
Biznes rahbarlari, davlat amaldorlari va soha mutaxassislari fikrlari asosida muntazam ravishda sara kontentlar yaratishga ixtisoslashgan, muayyan tuzilma g‘oyalarini butun dunyo bo‘ylab global auditoriyaga samarali yetkaza oladigan, maxsus maqolalar orqali qimmatli fikr va amaliy ma’lumotlar taqdim etib keladigan, shu orqali turli sohalar, geografik hududlardagi yirik korporatsiyalar va xalqaro ommaviy axborot vositalari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradigan mazkur nashr mamlakatimizga e’tibor qaratishi O‘zbekiston so‘nggi yillarda dunyo ziyolilari tomonidan haqli ravishda e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ishtirokida mamlakatimizning ilmiy-ma’naviy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, madaniy, fan-ta’lim va ilmiy izlanishlar maskaniga aylanmoqda.
Toshkentda, qadimiy qo‘lyozmalar zamonaviy laboratoriyalar bilan yonma-yon joylashgan zallarda, boy tariximizning yangi madaniy sahifasini yaratmoqda. Bu jarayonda Fanlar akademiyasi hal qiluvchi o‘rin egallamoqda. Mamlakatimizning mazkur bosh ilmiy muassasasi vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tibgina qolmay, bugungi kunda fan va ma’naviy meros uyg‘un rivojlanadigan kelajakni shakllantirayotgan maskan hamdir.
1943 yil tashkil etilgan mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ko‘p yil mobaynida davlatimizning ilmiy infratuzilmasi tayanchi bo‘lib keldi. Binobarin, Akademiya prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni, matematik Shavkat Ayupov ta’kidlaganidek, ayniqsa so‘nggi yillar tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi.
– 2017 yildan buyon biz ham fan, ham ma’naviy taraqqiyot qayta uyg‘onishiga guvoh bo‘ldik, – deydi olim. – Fanlar akademiyasi ushbu yangi davrda hal qiluvchi o‘rin tutmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Yangi faoliyat yo‘nalishining eng yorqin qirralaridan biri Fanlar akademiyasining O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishdagi faol ishtirokidir. Bu markaz nafaqat muzey yoki diniy arxiv, balki ilmiy tadqiqot, ta’lim va madaniy diplomatiyani birlashtirgan keng qamrovli platforma hisoblanadi. Fanlar akademiyasi vazifalarida ham aks etgan ushbu loyiha bugungi kunda faqat ilm-fan sohasi bilan cheklanib qolmay, respublikamizning jahon ziyo va madaniyat makonidagi o‘rnini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Umuman, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik ham poydevoriy, ham strategik ahamiyatga ega. Akademiya markazni ilmiy ta’lim muassasasi sifatida shakllantirishga ko‘maklashmoqda, ko‘rgazma konsepsiyalarini ishlab chiqish va ilmiy jihatdan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash jarayonida faol ishlamoqda.
Yangi vazifa
Ayni payt yo‘lga qo‘yilgan bu sheriklik Akademiyaning jadal o‘zgarish jarayonini namoyon etadi. Muassasa an’anaviy ilmiy maskandan mamlakat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda. Fan va madaniyat uyg‘onishining ushbu yangi bosqichi 2017 yildan buyon ilmiy va ma’naviy sohalarda keng ko‘lamli islohotlarga bosh bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ro‘yobga chiqmoqda.
Shundan beri Fanlar akademiyasi faoliyati ikki yo‘nalishda rivojlanmoqda: asosiy ilmiy tarmoqlar bilan birga amaliyotga yo‘naltirilgan tadqiqot orqali jamiyatning dolzarb muammolari – energetika xavfsizligi, jamoat salomatligi, atrof-muhit barqarorligi kabi masalalarni hal etishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Bundan tashqari yangi avlod olimlarini tarbiyalash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy faoliyatga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham faol sa’y-harakatlar jadallashgan.
Islom merosini ulug‘lash
Bu jarayon Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida to‘liq aksini topgan. Asosiy maqsad – Islomni faqat din sifatida emas, balki ilm-fan, bag‘rikenglik va taraqqiyotga turtki beradigan tarixiy kuch sifatida jamiyat ongiga singdirish. Markaz Muhammad Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ mutafakkirlarimiz merosi orqali Islom sivilizatsiyasining tibbiyot, astronomiya, matematika va falsafa rivojiga qo‘shgan hissasini tahlil etadi. Hamkor sifatida Fanlar akademiyasi ushbu meros nafaqat ehtirom, balki ilmiy aniqlik va qat’iyat bilan talqin qilinishini ta’minlaydi.
Markaz faoliyati ilmiy va madaniy sohalarni qamrab oladi. Tarmoqlararo tadqiqotlar tarixchi, filolog va dinshunoslarni, tabiiy fanlar vakillarini birlashtiradi. Ta’lim dasturlari bir necha tildagi offlayn va onlayn kurslarni o‘z ichiga oladi, muzey zallari esa Islom olamining turli hududlaridan to‘plangan artefaktlarni namoyish qiladi. Eksponatlar orasida “Sotheby’s” va “Christie’s” to‘plamlaridan olingan qo‘lyozmalar ham mavjud. Qur’oni karim zali Markazning asosiy qismidir. Bu bo‘limda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi.
Xalqaro hamkorlik
Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi ko‘magi bilan allaqachon xalqaro maydonda e’tibor qozonib, hamkorlik maydoniga aylangan. Misr, Malayziya, Marokash va Saudiya Arabistoni yetakchi muassasalari bilan sheriklik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari imzolangan. Shuningdek, YuNESKO va boshqa nufuzli tuzilmalar turli loyihalarga jalb etilgan.
– Markaz Islom sivilizatsiyasining mazmun-mohiyatini ochib berish maqsadida dunyo bo‘ylab olim va tadqiqotchilar, madaniy muassasalarni birlashtiruvchi muhim muloqot maydoniga aylanmoqda, – deydi Shavkat Ayupov.
Kelajak uchun muloqot
Ko‘rgazma va xalqaro kelishuvlardan tashqari markaz turli din va madaniyat vakillari, shuningdek avlodlar o‘rtasida muloqot muhitini yaratishga intilmoqda. O‘zbekiston Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratar ekan, Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi faqat o‘tmish merosini asrab-avaylabgina qolmasdan, balki yana bir bor diyorimizni fan va sivilizatsiya chorrahasiga aylantiradigan kelajakni shakllantirmoqda.
Akademiya rahbari ta’kidlaganidek, ayni jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarida ham yaqqol ifodalangan:
– Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalar soni 21 mingga yaqinlashdi
