Jamiyat
2026-yilda O‘zbekistonda «International Cotton Day» xalqaro tadbiri o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC) direktori Erik Traxtenberg bilan uchrashdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining yozishicha, muloqot davomida tomonlar qo‘mita bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikning natijalari va kelgusi rejalarni muhokama qilgan.
Xususan, O‘zbekistonda paxtachilik sohasida «Karbon bozori» tizimini joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu tashabbus xalqaro miqyosda barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish va ekologik texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026-yilda O‘zbekistonda «International Cotton Day» xalqaro tadbirini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur forum mamlakatda paxta yetishtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion yondashuvlar va ekologik barqaror ishlab chiqarish amaliyotini namoyon etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Jamiyat
Yunusobodda hojatxonaga tushib ketgan bola qutqarildi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan 5 yoshli qizaloq Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Bolaga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, hozirda uning ahvoli yaxshi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 25 iyun kuni soat 17:33 da Yunusobod tumanidagi Obiravon ko‘chasida joylashgan xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan qizaloq ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolgani oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.
Xabar kelib tushgach, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qutqaruv ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilardan biri hojatxona chuquriga tushib, bolani xavfsiz tarzda yuqoriga olib chiqqan.
Shifokorlar tomonidan qizaloqqa voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u yaqinlariga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda bolaning sog‘lig‘i qoniqarli.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ota-onalarga farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, ayniqsa hovlilardagi quduq, hojatxona va boshqa xavfli joylar atrofida bolalar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini eslatdi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Gullar festivaliga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi asnosida an’anaviy gullar festivaliga tashrif buyurdi.
Festival muddati 2018-yildagi 3 kundan 2025-yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 ming nafarga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.
Navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.
Joriy yil 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali ham o‘zgacha shukuh bilan o‘tmoqda
Festival «Ginnessning rekordlar kitobi»ga rasman kiritildi. Uning doirasida kitob vakillari bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekilishi jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.
Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab Janubiy Koreyaga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlandi
Koreya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. 12 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 38 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni muqaddam Migratsiya Agentligida ishlagan A.A.ga (muqaddam JKning 168 va 211-moddalari bilan sudlangan) berganligi aniqlangan.
Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.R. (muqaddam sudlangan) 2 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan jami 3 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar I.X. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) va A.K. migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro B.T.ni Koreya davlatiga ishga yuborishlarini aytib, 2 000 AQSh dollari va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Xonobod shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 3 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, 2 500 AQSh dollari va 11 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.L. (muqaddam sudlangan) 11 000 AQSh dollari evaziga fuqaro U.F.ni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, shundan 2 300 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.K. 3 500 AQSh dollari evaziga fuqaro A.A.ni Koreya davlatiga ishga ketishi uchun o‘tkaziladigan imtihonlaridan ijobiy natijalar bilan o‘tkazib berishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Vatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
O‘zbekiston prezidenti matbuot va OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi.
Davlat rahbari tabrigida mamlakatning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlari, nashriyot hamda matbaa korxonalarida faoliyat yuritayotgan ijodiy va texnik xodimlar, jurnalistlar hamda soha faxriylarini samimiy qutladi.
Prezident jurnalistlarni o‘zining doimiy maslakdoshi va jonkuyar do‘sti deb bilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bu yilgi kasb bayrami milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar – jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganining 120 yilligi hamda O‘zbekistonda ilk radioeshittirishlar boshlanganining 100 yilligi arafasida nishonlanmoqda.
Tabrikda so‘nggi yillarda mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositasining 67 foizi, noshirlik sub’yektlarining 90 foizdan ortig‘i va matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshib, 15 ming nomdagi 60 milliondan ortiq nusxada kitob nashr etilgan.
Davlat rahbari axborot oqimi ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan sharoitda ishonchli manbalarga tayanish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan zamonaviy media-ta’lim tizimi shakllantirilgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim sharti deb atab, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, malakasini oshirish hamda mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.
Shuningdek, prezident O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va jurnalistlarni huquqiy hamda axborot-texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tabrik so‘zi yakunida davlat rahbari kasb bayrami munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini qutlab, barcha jurnalistlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va ijodiy muvaffaqiyat tiladi.
Jamiyat
Xorazmda avtobus uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Xorazm viloyatida jamoat transporti uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Yangi tartib jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda.
Elektron to‘lovga o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026 yil 1 iyuldan ShI-4, ShI-5, ShI-7, ShI-13, ShI-18, ShI-19 va ShI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch shahri – Xiva shahri» trolleybus yo‘nalishini qamrab oladi.
Ikkinchi bosqichda qolgan avtobus hamda trolleybus yo‘nalishlarida belgilangan tartibda brutto-shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi amaliyoti joriy etiladi va to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Iqtisodiyot5 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopishni rad etadi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat2 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
