Iqtisodiyot
aholi jon boshiga daromad bo‘yicha yetakchilar va past ko‘rsatkichlar
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–sentabr holatiga O‘zbekistonda jon boshiga o‘rtacha daromad 21,8 mln so‘mni tashkil etdi. Yetakchi hududlar – Toshkent shahri (52,0 mln), Navoiy (32,1 mln), Buxoro (26,0 mln); past ko‘rsatkichlar – Qoraqalpog‘iston R. (14,8 mln), Namangan (15,8 mln) va Surxondaryo (16,5 mln).
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi
Aholining umumiy daromadlari 825,3 trln so‘mga teng bo‘ldi. Real o‘sish (inflatsiya hisobga olingan): 8,4 foiz. Jon boshiga daromad: 21,8 mln so‘m — nominal o‘sish 16,1 foiz, real o‘sish 6,3 foiz.
Reyting: jon boshiga daromad (mln so‘m)
Toshkent shahri — 52,0;
Navoiy viloyati — 32,1;
Buxoro viloyati — 26,0;
Xorazm viloyati — 22,8;
Toshkent viloyati — 21,9;
Andijon viloyati — 19,4;
Farg‘ona viloyati — 18,5;
Samarqand viloyati — 18,1;
Sirdaryo viloyati — 17,2;
Jizzax viloyati — 17,1;
Qashqadaryo viloyati — 17,0;
Surxondaryo viloyati — 16,5;
Namangan viloyati — 15,8;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 14,8.
Toshkent shahri o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,39 barobar yuqori (+138,5 foiz) — xizmatlar sektorining ulushi, yuqori ish haqi va qo‘shimcha daromad manbalari ta’siri katta. Navoiy viloyati o‘rtachadan +47,2 foiz yuqori — sanoat/xomashyo bazasi, yirik korxonalar mavqei bilan izohlanadi. Buxoro viloyati — +19,3 foiz yuqori.
Toshkent viloyati deyarli o‘rtacha darajada (≈1,00 barobar). Past uchlik: Qoraqalpog‘iston R. — o‘rtachadan 32,1 foiz past; Namangan — 27,5 foiz past; Surxondaryo — 24,3 foiz past.
Tafovut: Toshkent shahri (52,0) bilan Qoraqalpog‘iston (14,8) orasidagi farq — 37,2 mln so‘m.
Hududlardagi daromad dinamikasiga ish o‘rinlari sifatini oshirish, ko‘chmas mulk/ijara bozori, migratsiya oqimlari va sanoat-logistika loyihalari sezilarli ta’sir qiladi.
Aholi daromadlari 9 oylik davrda nominal hamda real o‘sishni namoyon etdi. Biroq hududlar kesimidagi taqsimot notengligi saqlanib turibdi: poytaxt va sanoat markazlari yetakchi, ayrim chekka hududlarda esa o‘zgarish sur’atini tezlashtirish uchun ish haqi, bandlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish talab etiladi.
Iqtisodiyot
To‘rt oy oldin sotilgan Qurilish vazirligi binosi yana qayta auksionga qo‘yildi
Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi qayta sotuvga chiqarildi. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak bo‘ladi. Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sababi ma’lum emas.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosini yana sotuvga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion platformasida xabar berildi.
Yetti qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida, O‘rda massivi tomonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni, unga tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi.
Obektda barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Auksion 15 may kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi. Obektni xarid qilishda muddatli to‘lov imkoniyati ham mavjud.
Dastlabki xususiylashtirish
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining binosi bundan 4 oy oldin ham xususiylashtirilgandi. 16 dekabr kungi savdo 130,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangandi va 8 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1 soat-u 7 daqiqa davom etgandi. Yakunda 182,2 mlrd so‘mlik taklif bilan “O‘zshahar qurilish invest” MChJ g‘olib bo‘lgandi.
“O‘zshahar qurilish invest” 2024 yil 26 noyabr holatiga davlatniki bo‘lgan: kompaniyaning 90 foiz ulushiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 10 foiziga “Qurilish Invest Development” MChJ egalik qilgan. Davaktiv Kun.uz’ning ushbu kompaniyaning qachon va qancha narxga xususiylashtirilgani haqidagi savollarini javobsiz qoldirdi.
Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sabablari ma’lum emas.
Avvalroq Qurilish vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi hamda u yerda Transport va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan bitta yangi binoda joylashishi ma’lum qilingandi.
Iqtisodiyot
Toshkent shahrining 12 ta tumani ma’lum bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida o‘rin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent shahri mamlakat yalpi ichki mahsulotining 21 foizini ta’minlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 milliard dollarlik eksportni ta’minlash, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash kabi katta marralar belgilangan.
Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi ta’kidlandi. Prezident buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Jumladan, Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulug‘bek tumani kabel sanoati, ilm-fan, ta’lim va axborot texnologiyalariga, Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga, Chilonzor farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga, Shayxontohur mebelsozlik va gastroturizmga, Yunusobod qog‘oz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika hamda transport-logistikaga, Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistikaga, Olmazor qurilish materiallari sanoati va ta’limga, Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yo‘naltiriladi.
Toshkent shahrida nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, 1 ming 300 dan ortiq muammo aniqlangani, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgani ma’lum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgani qayd etildi.
Tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish, g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni ta’minlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trillion so‘m tushum ta’minlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qo‘shimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.
Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi.
Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Iqtisodiyot
Kripto-aktivlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishga ruxsat beriladi
Maxsus rejim doirasida O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni chiqarishi va ulardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Adliya vazirligi «Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Barqaror token (steyblkoin) qiymati milliy yoki xorijiy valutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan token (kripto-aktiv) turi hisoblanadi.
Maxsus rejim doirasida O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni chiqarishi mumkin.
Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:
– milliy va (yoki) xorijiy valuta bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish;
– O‘zbekiston hududida barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish;
– xalqaro o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun barqaror tokenlardan foydalanish;
– blokcheyn texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimlarini yaratish.
Barqaror tokenlarni chiqarish uchun ta’minot sifatida faqat Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilgan milliy va (yoki) xorijiy valutadagi pul mablag‘laridan foydalanilishi lozim.
Barqaror tokenlarga ta’minotni shakllantirish uchun kredit yoki garovga olingan mablag‘lar yoxud boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi tasdiqlandi
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi.
Adliya vazirligi yagona QR-kod bo‘yicha idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan, ushbu farmon bilan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Hujjatda QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi.
Yagona QR-kod – foydalanuvchilarga istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Mazkur qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:
– QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi;
– barcha to‘lov tizimlarining yagona QR-kod tizimi orqali o‘zaro integratsiyasi ta’minlanadi;
– QR-kod tizimi operatori tomonidan to‘lovlar haqidagi ma’lumot va hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi va real vaqt rejimida QR-kod tizimi ishtirokchilariga yetkaziladi;
– QR-kod tizimi doirasida mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati va murojaatlarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir foydalanuvchiga mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, to‘lov summasini tasdiqlash va har bir operatsiya bo‘yicha onlayn ma’lumotnoma olish va tranzaksiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.
Iqtisodiyot
21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” tizim tashkiloti bo‘lgan “Quyuv-mexanika zavodi” tomonidan o‘tkazilgan umumiy qiymati 21 mlrd so‘mdan ortiq 8 ta tanlov savdolarida qonun buzilish holatlari aniqlandi. O‘tkazilgan tenderlarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilgan.
21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar yuzasidan ish qo‘zg‘atildi, deya xabar beri Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Quyuv-mexanika zavodi” tomonidan o‘tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari tizim tashkiloti bo‘lgan zavod o‘tkazgan jami 21 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 8 ta tanlov savdolarida qonun talablari buzilgani aniqlandi. Xususan, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga rioya qilinmay, savdolarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir qilingan”, deyiladi xabarda.
Yuqoridagi holat bo‘yicha qo‘mitaning hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish ochilib, belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
-
Dunyodan4 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Siyosat4 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Iqtisodiyot1 day ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Mahalliy4 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev va Mirziyoyev sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdi
