Jamiyat
Nikohdan ajralishlarning asosiy sababi fe’li to‘g‘ri kelmasligi ekani ma’lum bo‘ldi
Senatda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd qilinishicha, 2024 yilda 271776 ta nikoh tuzilgan bo‘lsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45135 tani tashkil etgan. O‘tgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri kelgan.
Nikohdan ajralishlarning eng ko‘pi Toshkent shahri (5913 ta), Farg‘ona (4800 ta), Andijon (4781 ta) va Samarqand viloyatlarida (4599 ta) kuzatilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 95275 ta nikoh tuzilgan bo‘lib, nikohdan ajralishlar soni 23338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan. Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni o‘sgan.
Nikohdan ajralishlarning sabablari tahlil qilinganda 2024 yilda nikohdan ajratishga doir 32217 ta ariza qanoatlantirilgani, shundan 17535 ta holatda (54 foiz) xarakter (fe’li) to‘g‘ri kelmasligi, 1807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1033 ta holatda (3 foiz) o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 2024 yilda FHDYo organlarida 7499 ta oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.
Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari ko‘payayotgani qayd etildi. Muhokama yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
Jamiyat
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.
Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.
Jamiyat
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
Turkiyaning tarixiy va go‘zal shaharlaridan biri — Balikesirda «Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari ishtirokida mazmunli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim natijasi — O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanganidir. O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet Media Birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Turkiya jurnalistlar federatsiyasi 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini o‘zida birlashtiradi.
Turkiya Internet Media Birligi (TİMBİR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Mazkur tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi TİMBİR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
-
Mahalliy5 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
