Jamiyat
Bo‘rijar kanalidagi voqea qahramonlari “Jasorat” medali bilan taqdirlandi
Shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, prezident qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning voyaga yetmagan farzandlarini o‘qitish, ishli qilish topshirig‘ini bergan. Kun.uz muxbirining: “Voqeaga prezident e’tibor qaratmaguncha nega shahar hokimligi sukut saqladi?” degan savoliga hokim oilaning holidan xabar olingani, lekin bu haqda OAVga ma’lumot berilmaganini aytdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
5 may kuni Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida oqib ketayotgan ikki qizaloqni qutqarib qolgan Abdumannop Samiqov (marhum) va Nurmuhammad Mamasaliyev O‘zbekiston prezidentining farmoni asosida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Medallarni marhum Samiqovning yaqinlariga va Mamasaliyevga 3 iyun kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda hokim Shavkat Umrzoqov va favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov topshirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Poytaxt hokimi Umrzoqov tadbirdagi nutqida qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning yaqinlariga davlat rahbarining ta’ziyasini yetkazdi, shuningdek, o‘zi va shahar deputatlari nomidan hamdardlik bildirdi.
“O‘ylaymanki, bu voqea kitoblarda yoziladi; maktablarda, institutlarda inson qanaqa bo‘lishi kerak deganda hali ko‘p marta namuna sifatida ko‘rsatiladi. Hammamiz uchun ayanchli holat. Hurmatli prezidentimiz menga topshiriq berib: “Mening nomimdan hamdardlik bildirgin, uchta voyaga yetmagan farzand – mening farzandlarim, sen o‘zing ularni o‘qitasan, ishli-joyli qilasan” deb aytdilar. Shuning uchun, tuman hokimi bilan birgalikda, ular endi bizning farzandlarimiz. Maktabdagi o‘qishi bo‘ladimi, kerak bo‘lsa repetitorga berib, shu inson farzandi kim bo‘lishini xohlagan bo‘lsa, shunaqa qilib tarbiyalab, otaliqqa olib, o‘stiramiz. U insonga biz loyiq bo‘laylik.
Ishoning, men shaxsan hokim sifatida yoningizda turaman. Prezidentimizning xohishlari shu.
To‘g‘risi, qattiq hayajondaman. Bu voqeani eshitgan kunimdan beri, ishoning, men yolg‘on gapirmayman… Biz o‘zimizga tegishli juda qattiq xulosa chiqardik. Qurilish jarayonidagi kamchiliklarni tekshirishyapti”, – dedi Umrzoqov.
Poytaxt hokimi qizlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan Bo‘rijar sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyevga yuzlanib, unga minnatdorchilik bildirdi.
“Siz – o‘z tengdoshlaringizga namunasiz. Hamma ham bunaqa qahramonlikka qo‘l ura olmaydi. Tilida besh bahoga gapirishi mumkin, lekin siz, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigit, o‘zingizni suvga tashlab, bolalarni qutqardingiz. Yig‘ilishdan keyin gaplashamiz, sizning kelajakdagi rejalaringizni bilmoqchiman. Sizdek insonlar bizning davlatimizga kerak”, – dedi u.
Kun.uz muxbiri tadbir yakunida zalni tark etayotgan Shavkat Umrzoqovni savolga tutishga urindi. “Nega shahar hokimligi voqeaga prezident e’tibor berganidan keyingina jonlandi, ungacha oilaning holidan xabar olmadi?” degan savolga Shavkat Umrzoqov: “Davlat mukofotini berish mening vakolatimga kirmaydi-ku” deya javob berdi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, oilaning holidan xabar olingan, lekin bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.
Gazeta.uz muxbirining: “Bu voqeadan keyin shahardagi kanallarni betonlashtirish loyihalari qayta ko‘rib chiqiladimi?” degan savoliga Umrzoqov: “Betonlashtiriladi, xavfsizlik darajasi to‘g‘rilanadi”, deya javob qaytardi.
Kun.uz avval xabar berganidek, ikki qizaloqni qutqarish jarayonida Abdumannop Samiqov va Nurmuhammad Mamasaliyevdan tashqari, Samiqovning o‘gay o‘g‘li Saidakbar Abduvaliyev va boshqalar ham ishtirok etgan.
Saidakbarning onasi, Samiqovning ikkinchi (shar’iy nikohda bo‘lgan) rafiqasi Surayyo Mahkamovaning Kun.uz savoliga javoban aytishicha, hokimlik xuddi otasi kabi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib qizlarni qutqarishda qatnashgan Saidakbarni e’tibordan chetda qoldirgan.
“Taqdirlash marosimiga bizni chaqirmadi. Mahallamizga kimdir telefon qilibdi, soat 18:00 da taqdirlash bo‘ladi, chiroyli kiyinib kelinglar debdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, mahalla raisi: “Qonuniy ayoli Shayxontohurda, u yetadi”, deb bizni kelmasligimizni aytdi. Ayolga 50 mln so‘m, sport majmuasi ishchisiga 25 mln beribdi. Lekin mening o‘g‘lim Saidakbar Abduvaliyev ham qizchani qutqarishda ishtirok etgandi, dadasini orqasidan suvga sakragandi. Lekin bizni hech kim eslamadi”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, fojia – minglab daraxtlarning kesilishi va xavfsizlik talablarining bajarilmasligi bilan kechgan obodonlashtirish ishlari ortidan ro‘y berdi. Qirg‘oqlari betonlashtirilgan kanal xavfli bo‘lib qolgan: beton yuzasi juda sirpanchiq, oqib ketayotgan odam suvdan chiqib olishi uchun ma’lum masofalarda muayyan tayanch nuqtalari loyihada ko‘zda tutilmagan.
Loyiha avvalboshdan yopiq qaror asosida boshlanib, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi. Ammo fojiadan keyin ham poytaxt hokimligi sukut saqlashda davom etdi, xususan, hokim bugunga qadar jamoatchilik qarshisida marhumning oila a’zolariga ta’ziya bildirmagan edi.
Voqeaga OAV e’tibor qaratganidan keyingina, 20 may kuni Bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qilgandi. Oradan roppa-rosa 2 hafta o‘tdi, tekshiruvda nimalar aniqlangani haqida birlamchi axborot haligacha berilgani yo‘q.
Jamiyat
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 31-36°, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 41-44° gacha bo‘ladi.
Toshkentda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 32-34° bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 20-25° bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistondagi eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi vafot etdi
O‘tgan yili Ro‘ziboy Sattorov Mudofaa vazirligining Harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotda parvozni amalga oshirgandi.
O‘zbekistondagi eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro‘ziboy Sattorov 116 yoshida vafot etdi, deb ma’lum qildi Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov.
Ro‘ziboy Sattorov Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan bo‘lib, Stalingrad frontida o‘qchi bo‘lib xizmat qilgan.
O‘tgan yili prezident topshirig‘i bilan Qarshi shahriga samolyot yuborilgan va Ro‘ziboy Sattorovning istagi amalga oshib, Mudofaa vazirligining Harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotda parvozni amalga oshirgandi.
Ma’lumot berilishicha, Qashqadaryo viloyatidan Ikkinchi jahon urushida 47051 nafar, shu jumladan, 95 nafar xotin-qiz qatnashgan. Shundan 22077 nafari yurtga sog‘-omon qaytgan.
Jamiyat
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinadi
2026 yil yakuniga qadar begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslar nomiga tegishliligi bo‘yicha mulk va ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlari xatlovdan o‘tkaziladi.
Prezidentning “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 avgustga qadar suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish imkonini beruvchi “Suv-yer-ijara” axborot tizimi ishga tushiriladi va Suv xo‘jaligi vazirligining “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Suv omborlari atrofidagi ijaraga berilgan suv fondi yerlarida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda xalqaro sertifikatlar talablariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi yo‘nalishlarda davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklanadi:
a) suv fondi yerlaridan oqilona va maqsadli foydalanishni nazorat qilish;
b) suv fondi yerlari o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldi olinishini nazorat qilish.
2026 yil yakuniga qadar begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslar nomiga tegishliligi bo‘yicha mulk va ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlari xatlovdan o‘tkazilib, ularga bo‘lgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi hamda ushbu yerlar suv xo‘jaligi obektlari ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladigan suv fondi yerlaridan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan vaqtincha foydalanish maqsadida tuzilgan ijara shartnomalari Davlat muassasasi hamda suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan qayta ro‘yxatga olinadi.
Daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al materiallari hajmi Suv xo‘jaligi vazirligi mablag‘lari hisobidan va vazirlikning so‘roviga asosan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan texnik imkoniyatlardan kelib chiqib hisoblanadi.
Jamiyat
Bloger Geydar Aliyev 5 sutkaga qamaldi
Gonzo nomi ostida faoliyat olib boradigan bloger Geydar Aliyev ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Sud uni mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish huquqbuzarliklarida aybli deb topdi.
Bloger Geydar Aliyev ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, Gonzo nomi ostida faoliyat olib boradigan 28 yoshli Geydar Aliyev 13 iyunda Toshkent shahrida o‘tkazilgan festivalda jamoat tartibini buzgan. U voyaga yetmagan shaxslarni ularning qarshiligiga qaramay videotasvirga olgan hamda Telegram kanalida tarqatgan.
Shuningdek, bloger ichki ishlar organi xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish haqidagi talabini bajarmasdan jamoat joyida so‘kingan holda odamlar osoyishtaligini buzgan.
Bundan tashqari, Geydar Aliyev 17 iyun kuni jabrlanuvchilardan birining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni Telegram’da tarqatgani ham aniqlangan.
Geydar Aliyev sudda qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.
“13 iyun kuni Mirobod tumanida o‘tkazilgan “K-Vibe” festivaliga “Kimano” kiyimida borib, ukamning operatorligida bayram jarayonini jonli video orqali tasvirga olishni boshladim. O‘sha yerdagi fuqaroga birga raqsga tushishni taklif qildim. U videoga olmaslikni aytib, operatorga qarshilik qildi. O‘sha yerda xizmatni o‘tayotgan profilaktika inspektori videoga olmasligimni va o‘chirib tashlashimni so‘radi. Men qaysi asosga ko‘ra fuqarolar yoki IIO xodimlarini videoga olmaslik kerakligini so‘radim. Xodimning IIB binosiga birga borish taklifini rad qildim.
Bundan tashqari, jamoat joyida ruscha so‘zlar bilan so‘kinganim rost. Bunday qilmishi uchun chin ko‘ngildan pushaymonman”, degan bloger.
Jabrlanuvchilar suddan Aliyevga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Mirobod tuman sudi qarori bilan Geydar Aliyev MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi, va 46-2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi 8 ta ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar narxlarining adolatli shakllantirilganligi o‘rganilmoqda. O‘rganishlar davomida ayrim holatlarda tariflarni shakllantirish bo‘yicha belgilangan talablarga to‘liq rioya etilmagani aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar narxlarining adolatli shakllantirilganligini o‘rganmoqda.
May oyiga qadar respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, xirurgiya, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, ona va bola salomatligi, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, ayrim holatlarda tariflarni shakllantirish bo‘yicha belgilangan talablarga to‘liq rioya etilmagani aniqlandi.
Shu bois o‘rganish o‘tkazilgan markazlarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha tibbiy xizmatlar tariflarini maqbullashtirishga qaratilgan umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlariga yuboriladi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Dunyodan5 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
-
Jamiyat3 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot3 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Dunyodan4 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat4 days ago
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
-
Dunyodan2 days ago
Isroil vaziri Trampga qarshi keskin bayonot berdi
