Mahalliy
Buxoroda moliyaviy jinoyatlar aniqlandi
So‘nggi yillarda moliyaviy jinoyatlar soni oshib bormoqda. Buxoroda shunday jinoyatlarning aksariyati yoshlar tomonidan sodir etilayotgani aniqlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyat IIB axborot xizmati xodimi Umid Barakayev ma’lum qilmoqda.
Kogon tumanidagi Tuni iroq mahallasida yashovchi 32 yoshli fuqaro R.J. o‘zi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan shaxsga «chuv» tushgani haqida ichki ishlar organlariga bildirgan. Holatga ko‘ra, R.J. o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan shaxs bilan muloqatga kirishib, uning tomonidan berilgan taklif va va’dalarga qiziqqan. O‘zining Angliya davlatiga ishga jo‘nab ketishi mumkinligiga ishongan R.J. suhbatdoshi jo‘natgan plastik karta raqamiga 1million 800 ming so‘m miqdoridagi pullarni ko‘chirgan. Pulni ko‘chirishi bilan «blok»ka tushgan R.J. oradan bir necha kun o‘tgach, ichki ishlar organlariga xabar berishga majbur bo‘lgan. Tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan noma’lum shaxsga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Holatni Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi 22 yoshli shaxs yuzaga keltirgani aniqlangan.
«Ayni paytda jinoyat ishida gumon qilinayotgan ushbu shaxsning boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligi aniqlashga qaratilgan tezkor-texnik surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Yana bir boshqa holatga ko‘ra, noma’lum shaxs g‘ijduvonlik M.D.ning bank plastik kartasidan 1 344 ming so‘m pullarni yechib olgan. Holat Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida yashovchi shaxs sodir qilgani fosh etildi. Aybdor 21 yoshda. Bu, albatta, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga singib ketib, ulardan g‘ayir maqsadlarda foydalanishayotganini ko‘rsatadi. Ular har bir noto‘g‘ri tashlangan qadam jazosiz qolmasligini jinoyat sodir etguniga qadar tan olishni istashmaydi»,- deydi Umid Barakayev.
Xuddi shunday moliyaviy jinoyatlardan yana biri Shofirkon tumanida yuzaga kelgan. 19 va 22 yoshli Arabxona hamda Do‘rmon mahallasida yashovchi shaxslar tomonidan sodir etilgan. Ikki shaxs o‘zaro til biriktirib, «Soxta pul» nomi bilan kanal ochib, haqiqiy pullarga o‘xshash bo‘lgan soxta pullarni arzon narxlarda sotishni aytib, «mijozlar» ishonchini qozonishgan. O‘zlarida soxta pul mavjud bo‘lmasa-da, amalda biror bir fuqaroga soxta pullarni yetkazib bermasdan, Kogon shahrilik 2007 yilda tug‘ilgan fuqaroga haqiqiy pulga o‘xshash kupyuralarni yetkazib berishini aytib, 600 ming so‘m pullarni boshqa plastik kartaga o‘tkazgan. Biroq, hech qanday pullarni yetkazib bermasdan, firibgarlik jinoyatini sodir etishgan.
Holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mahalliy
Kitob mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga ta’sir ko‘rsatadi
Janubiy Koreya tajribasiga e’tibor qaratsak, butun dunyoni mahv etayotgan K-culture (Janubiy Koreyaning madaniy kontenti) eksporti 2025-yil yakunlariga ko‘ra 14.9 milliard dollarni tashkil etdi.
Koreyaning 2010-2021 yillardagi madaniy kontent dinamikasini ko‘rsatuvchi jadvallari orqali ushbu ulkan eksport oqimi ichida nashriyot sohasi ham juda salmoqli ulushga ega ekanini ko‘ramiz. Ya’ni, bir mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyatini yuksaltirishga nafaqat avtomobillar yoki texnologiyalar, balki yaxshi yozilgan kitoblar ham beqiyos ulush qo‘sha oladi.
Janubiy Koreya adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga ega bo‘lganidan keyin bu ko‘rsatkich yanada oshgan bo‘lsa kerak. Nashriyot va kitoblar rivojlanishi uchun eng muhimi sifatdir. Lekin sifatli kitoblarning soni ham ko‘p bo‘lishi kerak. Misol uchun Koreyada birgina rasmli kitob janrida minglab yozuvchilar ijod qiladi. Fantastika, fentezi, komiks — har bir janrda minglab ijodkorlar asarlar yozadilar. Ichki tanlovlar ular orasidan yaxshilarini aniqlaydilar, bunda juda katta ijobiy ma’nodagi kurash ketadi va eng zo‘r asarlar jamiyat uchun har tomonlama xizmat qiladigan kitoblar bo‘ladi. Shundan so‘ng mamlakat ichida katta muvaffaqiyat qozongan, nechi yuz minglab adad bilan sotilgan kitoblar jahon arenasiga chiqadi va dunyoni zabt etishni boshlaydi.
Bizda bugun bolalar adabiyoti yozuvchilarini sanasak, har bir janrda 3-4 tadan ko‘p ijodkor topa olmaymiz. Vaholanki 38 million xalq uchun minglab yozuvchilar bo‘lishi kerak, bolalar yozuvchilari esa balki undan-da ko‘proq. Qachonki bolalar yozuvchilari ko‘paysa, janrlar xilma xilligi oshsa, kitoblar texnik jihatdan yaxshilansa, kitob bozori shakllanadi, kitobxonning didi rivojlanadi, saviyasi oshadi. Keyin biz ham bemalol jahon bozoriga chiqa olamiz. Shunda ehtimol dunyo arenasida nafaqat koreys kontentini kuzatamiz, balki raqamli o‘yin, kino, serial, musiqa va albatta, kitob shaklidagi o‘zbek kontentini («Uz-culture» brendini) eksport qila boshlaymiz.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Mahalliy
Amerikalik investorlar O‘zbekistonda nimalarni rejalashtirmoqda?
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar bugun mutlaqo yangi sifat darajasiga ko‘tarildi. Xususan, AQSh Savdo vaziri o‘rinbosari Devid Fogel bilan o‘tkazilgan uchrashuv o‘zaro hamkorlikning nafaqat an’anaviy yo‘nalishlari, balki sheriklikning yangi, istiqbolli qirralarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tomonlar savdo va investitsiya sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni atroflicha tahlil qildilar. Bugungi kunda Amerika biznes doiralari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarga tobora ortib borayotgan qiziqish bildirmoqda. Bu e’tibor bejiz emas, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar xalqaro investorlar uchun ishonchli zamin yaratib bermoqda.
Muzokaralar davomida ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik shunchaki qog‘ozdagi bitimlar emas, balki yaqin istiqbolda aniq iqtisodiy natijalarni berishi, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va milliy iqtisodiyotimiz uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar eshigini ochishi nihoyatda muhimdir.
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining faoliyati alohida e’tirof etildi. Mazkur tuzilma o‘zaro manfaatli muloqotni yo‘lga qo‘yish va biznes subyektlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar strategik sheriklik ruhida jadal rivojlanayotganini hamda kelgusida biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada qulay va samarali bo‘lishini tasdiqlaydi.
Mahalliy
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
Milliy adabiyotimiz va ma’naviyatimiz og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ adib, taniqli adabiyotshunos, munaqqid va tarjima maktabining asoschilaridan biri Ibrohim G‘afurov 88 yoshida olamdan o‘tdi. Uning nomi bir necha avlod ziyolilari uchun shunchaki ijodkor emas, balki so‘zga, haqiqatga va yuksak ma’naviyatga sadoqat ramzi edi.
Ibrohim G‘afurov ijodining eng zalvorli qismi – jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek kitobxoniga yetkazishda namoyon bo‘ladi. Uning tarjimalari orqali o‘zbek o‘quvchisi Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, Gi de Mopassanning “Azizim”, Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” hamda “Chol va dengiz” kabi asarlarini ona tilida mutolaa qilish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Ijodkorning mahorati shunda ediki, u chet tilidagi asarni shunchaki o‘girmadi, balki unga milliy nafas, yangi ruh baxsh etdi. Bu mehnati 2025-yilda Ogahiy nomidagi Xalqaro badiiy tarjimonlik tanlovida yuksak e’tirof etilgani bejiz emas.
1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida hunarmand oilasida dunyoga kelgan Ibrohim G‘afurov o‘z taqdirini ilm va adabiyot bilan chambarchas bog‘ladi. 1956–1961-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida olgan bilimlari keyinchalik uning ulkan ijodiy parvozi uchun poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Uning mehnat faoliyati ham adabiyotga xizmat qilish bilan o‘tdi. 1961–1982-yillarda davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrirlikdan bosh muharrir o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Nashriyot va matbuot sohasidagi faoliyati davomida u nafaqat o‘z ijodi, balki yosh qalamkashlarni tarbiyalash, adabiy muhitni shakllantirishda katta maktab yaratdi.
Ibrohim G‘afurovning adabiyot va san’at rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, “Do‘stlik” ordeni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi hamda Davlat mukofoti sohibi edi.
Ammo uning haqiqiy unvoni – xalq qalbida qoldirgan o‘chmas izi va o‘zbek tilining boyishiga qo‘shgan hissasidir. Ustozning vafoti nafaqat oilasi va shogirdlari uchun, balki butun o‘zbek ma’naviyati uchun ulkan yo‘qotishdir.
Marhumning ortidan qolgan boy ijodiy meros, tarjimalar va adabiy tanqidiy qarashlar kelajak avlodlar uchun ma’naviy xazina bo‘lib qolaveradi.
Xabar.uz axbotot-tahliliy portali ijodkorning yaqinlariga va barcha kitobxonlarga chuqur hamdardlik bildiradi.
Mahalliy
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
Andijon shahrida besh kun davom etgan «Media haftalik» o‘z ishini yakunladi. Hudud media makonini tubdan yangilash, jurnalistlar va PR mutaxassislarini zamonaviy texnologiyalar bilan qurollantirishni maqsad qilgan ushbu tadbir mintaqaviy media rivojida muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.
Haftalikning markaziy mavzusi — media sohasi vakillarining sun’iy idrok (AI) imkoniyatlaridan samarali foydalanishi bo‘ldi. O‘tkazilgan mahorat darslari shunchaki nazariy ma’lumotlar yig‘indisi emas, balki amaliy laboratoriya vazifasini o‘tab berdi.
Ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini sinab ko‘rishdi:
AI yordamida video va grafik dizayn elementlarini tayyorlash;
Intellektual yozuv: Matn va kontent yaratish jarayonini tezlashtirish hamda sifatli darajaga ko‘tarish;
Feyk va dezinformatsiyani aniqlashda raqamli vositalardan foydalanish;
Chatbotlar va boshqa kreativ yechimlar orqali auditoriya bilan aloqani mustahkamlash.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan yangi loyihalar hududiy media tashkilotlari uchun “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘tadi. Forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat axborot yetkazish tezligini, balki jurnalistikaning sifat standartlarini oshirishni nazarda tutadi.
Andijondagi Media haftalik nafaqat bilimlar markazi, balki kasbiy hamjamiyatni birlashtirgan katta muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda tug‘ilgan g‘oyalar kelajakda hududiy matbuotning yangi qiyofasini belgilab beradi, — deya ta’kidlandi tadbir doirasida.
Besh kunlik jarayon yakunida faol ishtirokchilar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Biroq, haftalikning asosiy yutug‘i berilgan hujjatlar emas, balki yuzlab mutaxassislar o‘rtasida o‘rnatilgan professional aloqalar va kelajakdagi hamkorlik ko‘priklari bo‘ldi.
Andijonda qo‘yilgan ushbu poydevor butun respublika bo‘ylab davom etadi. Media haftalikning navbatdagi manzili — Jizzax viloyati. 8-iyundan 12-iyunga qadar davom etadigan ushbu tadbir media sohasi vakillari uchun yangi bilimlar, tajriba almashinuvi va professional o‘sish uchun navbatdagi muhim maydon bo‘lishi kutilmoqda.
Myedia haftalik davom etadi, Jizzaxda ko‘rishguncha!
Mahalliy
Abituriyentlar uchun qabul jarayoni boshlandi
O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni bugun, 5-iyundan boshlanadi. Prezidentning PF-81-son farmoniga muvofiq, bakalavriatga qabul ikki bosqichli tartib asosida tashkil etiladi.
«Avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga asoslangan tizimning birinchi bosqichida abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar «my.uzbmb.uz» platformasi orqali test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga hujjat topshiruvchilar esa qo‘shimcha ravishda ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy yoki ijodiy imtihon o‘tkaziladigan oliygohni belgilaydi.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Abituriyentlar test natijalarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasigayoq bilishi mumkin.
Qabulning ikkinchi bosqichi barcha imtihonlar yakunlanganidan keyin boshlanadi. Ushbu jarayon 15 kun davom etadi va abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilaydi.
Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati qabulning ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanganidan keyin bir hafta ichida Bilimni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Shuningdek, alohida iqtidor talab etuvchi ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy va ijodiy imtihonlar belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijalari e’lon qilingach, 10 kun ichida texnikum, mutaxassislik va ta’lim shaklini tanlaydi. Ularning natijalari ham bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi tomonidan e’lon qilinadi.
-
Iqtisodiyot5 days agoTBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat4 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Gonkong rahbarini qabul qildi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
-
Iqtisodiyot5 days agoAESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi
-
Jamiyat4 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Mahalliy4 days ago
Bugun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni: sayyora bizdan nimani kutyapti?
