Sport
“Navbahor” va “Neftchi”ning Superligada to‘plagan ochkolaridan 3 ochko olib tashlashi mumkin
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil qilindi. Qo‘mita qarorlariga muvofiq, klublarga qarzdorliklarni muddat belgilab, to‘liq bartaraf etish majburiyati yuklatilgan.
O‘FAning ma’lum qilishicha, “Navbahor lochinlari”, «Neftchi», «Andijon», «Xorazm», «Buxoro», «Qumqo‘rg‘on-1977», «TerDU» futbol klublari qo‘mita qarorlarida belgilangan majburiyatlarni to‘liq bajarmasdan kelayotgani aniqlandi.
Jumladan, “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchilar Jamshid Iskanderov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev, shuningdek murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzdorlikni to‘liq bartaraf etmagan. «Neftchi» futbol klubi esa futbolchilar Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov, Shohruh Gadoyev oldidagi majburiyatni to‘liq bajarmagan.
Shuningdek, «Andijon» klubining «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klubi oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari bo‘yicha qarzdorligi mavjud. «Xorazm» va «Buxoro» futbol klublari ham «Paxtakor» futbol klubi oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi bo‘yicha qarzdorligini bartaraf etmagan.
Bundan tashqari, «Qumqo‘rg‘on-1977» futbol klubi futbolchi Orzu Razzoqov oldidagi, «TerDU» futbol klubi futbolchilar Sarvar Husanov va Farrux Haydarovlar oldidagi qarzdorliklar bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarini bajarmay kelmoqdalar.
Qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli qo‘mita tomonidan 2025 yilgi mavsumda qishki transfer oynasida “Navbahor lochinlari” va «Neftchi» futbol klublariga keyingi ikki ro‘yxatdan o‘tkazish davrida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazishga taqiq qo‘yilgan. Keyinchalik, Namangan viloyati hokimligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan qarzdorlikni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha kafolat xatlari taqdim etilgani hamda futbolchilar bilan tuzilgan qarzdorliklarni qoplanishi bo‘yicha kelishuvlari inobatga olinib, qishki transfer oynasidagi taqiq vaqtincha olib tashlangan. Shu asosda qarzdorliklar qisman to‘langan bo‘lsada, klublar tomonidan belgilangan muddatlarda to‘liq to‘lovlar amalga oshirilmagan.
Mazkur futbol klublari qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagani uchun ularga nisbatan jarima intizom choralari qo‘llangan, shundan keyin ham qarzdorlik bartaraf etilmagan.
Futbolchilarning maqomi va transferi bo‘yicha reglamentga muvofiq, klublar futbolchilar va boshqa klublar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni, shuningdek, professional futbolchilar bilan imzolangan shartnomalar va transfer kelishuvlarida nazarda tutilgan talablarni o‘z vaqtida bajarishi shart. Mazkur moddaning 6-bandida esa moliyaviy majburiyatlarning takroriy ravishda buzilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, yanada qat’iyroq jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan.
O‘FAning ta’kidlashicha, “Navbahor lochinlari”, «Neftchi», «Andijon», «Xorazm», «Buxoro», «Qumqo‘rg‘on-1977», «TerDU» futbol klublari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi sifatida qo‘mita qarorlarini bajarishi majburiy hisoblanadi. Biroq klublar tomonidan qarorlar ijrosi ta’minlanmayotgani va bepisand munosabatda bo‘layotgani ularga nisbatan og‘irroq intizomiy jazo choralarini qo‘llashni taqozo qilmoqda.
Shundan kelib chiqib, 3 noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qo‘mitasida mazkur futbol klublariga nisbatan og‘irroq intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bunda, “Navbahor lochinlari” va «Neftchi» futbol klublariga nisbatan O‘zbekiston Superliga chempionatida to‘plangan ochkolaridan 3 ochko olib tashlash (uch ochkodan mahrum qilish) hamda qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish, shuningdek, «Andijon», «Xorazm», «Buxoro», «TerDU» klublariga ham qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish, «Qumqo‘rg‘on-1977» futbol klubini esa musobaqadan chetlashtirish choralarini qo‘llash masalalari kun tartibidan o‘rin oladi.
Sport
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.
Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.
Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.
26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.
Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.
Sport
Messi Ispaniya futbol klubini sotib oladi — OAV
Argentinalik hujumchi Lionel Messi Ispaniyaning «Eldense» futbol klubini sotib oladi. Bu haqda Marca xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli «Inter Mayami» futbolchisi klubning amaldagi egalari bilan kelishuvga erishgan. «Oltin to‘p»ning sakkiz karra sohibi «Eldense» aksiyalarining 100 foizini sotib olishni rejalashtirmoqda.
«Lionel Messi bilan aksiyalarni sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Natijada u klubning nazorat paketini egallaydi. Ayni paytda qolgan yuridik va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, kompleks tekshiruv hamda Ispaniya Milliy sport kengashidan zarur ruxsatni olish ishlari yakunlanmoqda», — deyiladi klub bayonotida.
Aprel oyida Messi Ispaniya futbolining beshinchi divizionida ishtirok etadigan «Kornelya» klubining egasiga aylangan edi.
«Eldense» joriy mavsumda Ispaniyaning ikkinchi kuchli ligasi — Segundada ishtirok etmoqda. Jamoa ikki ochko jamg‘argan va turnir jadvalida 20-o‘rinni egallab turibdi.
Sport
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.
«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.
Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.
Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Sport
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
Bugun «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning yangi rahbariyati saylandi.
Konferensiya yakuniga ko‘ra, Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi. Mansur Mamadaminov birinchi o‘rinbosar, Anvar Kurbaniyazov esa rais o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Yangi rahbariyat federatsiya oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab, O‘zbekiston biatlonini yanada rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash va yuqori darajadagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Xususan, 2027-yilgi Jahon chempionati hamda 2030-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Yangi rahbariyat oldida biatlon infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash hamda O‘zbekiston biatlonining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.
Sport
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.
«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.
Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.
Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.
Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
-
Jamiyat4 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport4 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat4 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Sport4 days ago
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
