Iqtisodiyot
Tsementni birja orqali majburiy sotish hajmi qisqartirildi. Bu narxlarni yanada oshirishi mumkin
Korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjaga chiqarish talabi 25 foizga pasaytirildi. Bu yilning talab yuqori bo‘lgan paytlarida narxlarni yanada qimmatlashtirishi mumkin. O‘tgan yil narxlarni tushirish vaji bilan sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasi 4 barobarga kamaytirilgandi. Bu amalda o‘z samarasini bermadi. Xususan, yil boshidan beri sementning birja narxlari 30 foizga qimmatlashdi.
Tsement ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjaga chiqarish talabini 25 foizga pasaytirish ko‘zda tutilyapti.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu yilning talab yuqori bo‘lgan paytlarida narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.
“Bu qaror sementga talab keskin oshadigan, taklif ulgurmaydigan mart-oktyabr oylarida narxlarni yanada oshiradi. Shuningdek, yil davomida yirik ishlab chiqaruvchilarga qiziq bo‘lmagan chakana xaridorlar va mayda iste’molchilar yana jabr chekishadi”, deya yozdi Bakirov.
O‘tgan yil ham sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasini 2 barobarga pasaytirish reja qilinib, amalda birato‘la salkam 4 barobarga kamaytirilgandi. Bu qaror “sement mahsulotlari narxining keskin oshishi hamda narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy sement yetkazib beruvchilar oldida raqobatbardoshligini oshirish” maqsadlari bilan izohlangandi.
Tsement narxi arzonlashdimi?
Soliq imtiyozlari ma’lum muddat sement bahosining pasayishini ta’minlagan bo‘lsa-da, joriy yilga kelib narxlar yana osha boshlagan.
Tsement bo‘yicha o‘rtacha birja narxlari (1 tonna uchun):
2025 yilning boshidan beri sement narxi 30 foizga qimmatlashgan. Ya’ni soliq stavkalarini pasaytirish amaliyoti amalda narxlarni arzonlashtirmagan, balki davlat budjetiga tushumlar miqdorining kamayishiga sabab bo‘lgan xolos.
Bu kabi amaliyot oldin ham bo‘lgan, lekin samara bermagan. Xususan, 2022 yil O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygandi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi. Amalda esa 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.
Yirik sement zavodlari kimlarga tegishli?
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 40 ta sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 39,7 mln tonnani tashkil etadi.
“Qizilqumsement” AJ
Yiliga 5,7 mln tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Zavodning 68,2 foiz ulushi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniya United Cement Group’ga, 31,8 foizi esa “Qizilqumsement”ning o‘ziga tegishli.
“China Energy International Group Samarkand Sement” MChJ
Yillik quvvati – 3 mln tonna. 100 foiz ulushi Xitoy kompaniyalariga tegishli.
“Toshkent Konch sement” MChJ
Yillik quvvati – 2,5 mln tonna. 65 foiz ulushi Conch International Holdings’ga, 35 foiz ulushi esa “Xin Lei” MChJga tegishli.
Shuningdek, quyidagilar ham yirik sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi:
“Ohangaronsement” AJ, yillik quvvati – 2,4 mln tonna. Zavodning 99,9 foiz ulushi “Akhangaron Cement CA”ga tegishli;
“Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” MChJ, yillik quvvati – 2 mln tonna. Zavodning 90 foiz ulushi Shanxi Xiangsheng’ ga, 10 foiz ulushi Great Amirxan Oil’ga tegishli;
“Huaxin cement Jizzakh” MChJ, yillik quvvati – 1,66 mln tonna. Yagona ta’sischisi – Huaxin Central Asia Investment;
“Bekobodsement”, yillik quvvati – 1,6 mln tonna. Aksiyadorlar tarkibi yopiq. Shuningdek, “Quvasoysement” AJning (quvvati – 1,08 mln tonna) qariyb 90 foiz ulushiga Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Raybird limited”, “Rayblock limited” hamda “Rayeross limited” kompaniyalari egalik qiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga sement import qilish uchun 30 foizlik boj joriy qilingan.
Iqtisodiyot
Ilk bor 2,4 mlrd dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi xalqaro bozorga chiqadi – Prezident
Bugun, 24-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va yangi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Davlat rahbariga ko‘ra, may oyida 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.
«Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda birinchi chorak natijalari ham ma’lum qilindi. YaIM 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga o‘sgan. Eksport hajmi 5,8 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 13,7 milliard dollarga yetgan. Inflyasiya esa yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaygan.
Shu bilan birga, budjet daromadlari 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mni tashkil etgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trillion so‘m shakllangan bo‘lib, uning 1,4 trillioni tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti xalqaro darajada ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida O‘zbekiston yuqori iqtisodiy faollik orqali barqaror o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakat ilk bor «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da «iqtisodiyoti mo‘tadil erkin» davlatlar qatoriga kirdi. Prezident ayrim sohalarda samaradorlik pastligini tanqid qilib, «ayrimlar hali ham uyg‘onmagan»ini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
Birinchi chorakda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi
2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga qariyb 3,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 283 mln dollarga yoki 52,2 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 433 mln dollarga yoki 13 foizga ko‘p. O‘z navbatida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan 604 mln dollar chiqib ketgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 39 mln dollarga kam.
Foto: Patrick T. Fallon / Bloomberg
2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,79 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Xususan, o‘tkazmalar miqdori joriy yilning dastlabki 3 oyida quyidagicha bo‘lgan:
yanvar: 1,23 mlrd dollar;
fevral: 1,23 mlrd dollar;
mart: 1,33 mlrd dollar.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari miqdori 2024 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 283 mln dollarga yoki 52,2 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 433 mln dollarga yoki 13 foizga ko‘p.
O‘z navbatida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan 604 mln dollar chiqib ketgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 39 mln dollarga kam.
«Xorijiy valutaga bo‘lgan taklifning ortishi asosan eksport tushumlari, banklar tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlar va xalqaro pul o‘tkazmalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, aholi tomonidan valuta sotuvining yuqori sur’atlarda o‘sishi bozorda qo‘shimcha taklif bo‘lib xizmat qildi», deyiladi Markaziy bank sharhida.
2017-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari dinamikasining o‘zgarishi:
2020-2025 yillar oralig‘ida mamlakatga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori 3 barobarga, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 8,6 foizdan 12,8 foizgacha ko‘paydi.
Iqtisodiyot
Yevroittifoq O‘zbekistonning ikkita korxonasiga sanksiya kiritdi
O‘zbekistonning paxta sellyulozasi ishlab chiqaruvchi ikkita kompaniyasi: Farg‘ona kimyo zavodi va Jizzaxdagi Raw Materials Cellulose korxonasi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketiga kiritildi.
Foto: REUTERS/Yves Herman
Bu ikki korxona Rossiya harbiy sanoati uchun paxta sellyulozasi yetkazib berganlikda gumon qilingan.
Sanksiya izohida keltirilishicha, Farg‘ona Kimyo Zavodi – Perm va Qozondagi porox zavodlarini, Raw Materials Cellulose esa Tambovdagi porox zavodini xomashyo bilan ta’minlagan.
Bu korxonalarga Yevropa Ittifoqi sub’yektlari tomonidan mablag‘ va iqtisodiy resurslar ajratish taqiqlangan. YeI yurisdiksiyasida aktivlari bo‘lgan taqdirda, ular muzlatiladi.
Ushbu ikki korxona, shuningdek, “Mercury Renaissance” MChJga o‘tgan yili Ukraina ham sanksiya qo‘llagan edi.
Farg‘ona kimyo zavodi – 2012 yilda tashkil etilgan. Ta’sischisi – Mercury Renaissance. Bu korxonaga 2023 yilda Rustam Rahimjonovich Mo‘minov (60%) va Gluxov Mixail Aleksandrovich (40%) egalik qilgan, keyinroq Gluxovning ulushi Shahriyor Saxiyorovich Tojiyevga, Mo‘minovning ulushi esa Olga Yurevna Shagiyevaga o‘tgan.
Shahriyor Tojiyev 2022 yilda tugatilgan Qwerty Up’da ulushdor bo‘lgan. Olga Shagiyeva esa Aloqainvest, Breegs, Atrium Tashkent, Geo Profi Mombasa Finance, Aloqa Klimkontrol, Visata Group, Fortress Invest, Pod Klyuch, Professional Legion va boshqa firmalarda ham ulushlarga ega.
Raw Materials Cellulose – 2017 yilda Jizzax shahrida ro‘yxatga olingan. 2024 yil yanvar holatiga, korxona yagona ta’sischi Larisa Mixaylovna Utkina egaligida bo‘lgan. Keyinroq uning ulushi 76 foizgacha qisqarib, Larisa Rahimjonova Bikova 24 foizlik ulushdorga aylangan. Bugungi kunda ta’sischilar tarkibi quyidagicha: Larisa Rahimjonovna Bikova (25,1%), Bobur Lutfullayevich Qobulniyozov (24,97%), Azamjon Nurillayevich Valixonov (24,97%), Ma’murjon Mahmudjon o‘g‘li Alimov (24,96%).
Larisa Bikova – Aloqa Klimkontrol va Vinder Invest’da, Mahmudjon Alimov – Velcor va Voltria’da, Bobur Qobulniyozov – Business Standart, Complex Technical Centre Asia va Fiber Expo kompaniyalarida hissadorlar qatorida turadi.
Azamjon Valixonov esa Chirchiq transformator zavodi, “O‘zbekkimyomash” zavodi, Quytosh koni, Universal Rent Tashkent, Maxwell Service, Glory Project, Fiber Expo va boshqa korxonalarda ulushdor sifatida ko‘rsatilgan.
Iqtisodiyot
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning yanvar-fevral oylarida xorijga 466,6 mln AQSh dollarilik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilgan.
Ushbu ko‘rsatkich umumiy eksportning 13,2 foizini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,5 foizga oshgan.
Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibi quyidagicha:
Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari — 52 foiz
Ip-kalava — 30 foiz
Trikotaj mato — 8 foiz
Gazlamalar — 7 foiz
Paypoq mahsulotlari — 2 foiz
Gilamlar — 1 foiz
Iqtisodiyot
Hindistonda raqamli valuta orqali subsidiya tarqatish boshlandi
2026 yil aprel oyida moliya sohasidagi eng dolzarb va amaliy yangiliklardan biri – Hindistonda davlat to‘lovlari uchun raqamli valutadan foydalanish boshlanganidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston hukumati e-rupee (raqamli rupiya) orqali fermerlar va aholiga subsidiyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri berishni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu pilot dastur bir nechta shtatlarda joriy etilgan.
Yangi tizimning asosiy mohiyati shundaki: pul naqd yoki bank orqali emas, raqamli hamyonga tushadi, mablag‘lar faqat belgilangan maqsad (masalan, o‘g‘it, uskuna) uchun ishlatiladi, davlat nazorati va shaffoflik oshadi.
Mutaxassislar aytishicha, bu usul orqali milliardlab dollarlik korrupsiya va yo‘qotishlarni kamaytirish mumkin.
Ayni paytda ushbu tizimda taxminan 10 millionga yaqin foydalanuvchi ishtirok etmoqda, lekin hali to‘liq ommaviylashmagan.
Shu bilan bir vaqtda Yevropa moliya bozorida ham muhim harakatlar kuzatilmoqda. Fransiya moliya vaziri yevro asosidagi raqamli aktivlar va steyblkoynlarni ko‘paytirishga chaqirdi.
Rejaga ko‘ra: yirik banklar (BNP Paribas, ING va boshqalar) 2026 yilda yevroga bog‘langan raqamli valuta chiqarishni rejalashtirmoqda.
Bu qadam AQSh dollarining raqamli moliyadagi ustunligiga qarshi javob sifatida baholanmoqda.
Yana bir muhim yangilik — Gonkong birinchi marta rasman steyblkoyn litsenziyalarini berdi.
Bu litsenziyalar: HSBC, Standard Chartered ishtirokidagi kompaniyalarga berildi
Bu esa raqamli valutalarni rasmiy moliya tizimiga kiritish yo‘lida katta qadam sifatida baholanmoqda.
2026 yilda moliya sohasida asosiy voqelik: davlatlar raqamli valutani amalda qo‘llayapti, subsidiya, to‘lov va bank tizimi o‘zgarmoqda, global raqobat dollar, yevro va yuan o‘rtasida kuchaymoqda.
Eng muhim jihat: raqamli valuta endi nazariya emas — u real iqtisodiyotda ishlayapti.
-
Jamiyat4 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan5 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Dunyodan4 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat3 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat2 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
