Sport
Mbappeda golli seriya, «Liverpul»da tarixiy mag‘lubiyat. Kun o‘yinlari
Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Liverpul»da inqiroz davom etmoqda
«Liverpul» – «Manchester Yunayted» 1:2
Gollar: Mbemo, 2 (0:1). Gakpo, 78 (1:1). Maguayr, 84 (1:2)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli (Virs, 62), Makallister (Jons, 62), Gravenberh (Ekitike, 62), Soboslai, Gakpo, Saloh (Frimpong, 85), Isak (Kiyeza, 72)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Shou (Yoro, 85), de Liht, Brunu Fernandesh (Maynu, 85), Kazemiro (Dorgu, 59), Dalot, Diallo (Ugarte, 59), Maunt (Sheshko, 61), Mbemo, Kunya
Ogohlantirishlar: Diallo, 52. Kazemiro, 57
So‘nggi yillarda «Liverpul» va «Manchester Yunayted» darajasi o‘rtasida katta farq yuzaga kelgan. Shu bilan birga, o‘zaro o‘yinlarda mersisaydliklar muntazam ravishda ochko yo‘qotib kelishmoqda. Yana shunday tendensiya kuzatilmoqdaki, Ruben Amorim davrida «MYu» top raqiblarga qarshi kuchli tayyorlanib, natijaga erishmoqda. Bu safar ham «Enfild»dagi o‘yindan oldin mezbonlar yaqqol favorit edi, ammo mehmonlar yana bir bor barchani hayron qoldirishdi.
Futbolchilar hali muhitni his qilib ulgurmasidan «Liverpul» gol o‘tkazib yubordi. 62-soniyadayoq Amad Diallo Brayan Mbeumoni golli pas bilan ta’minladi, futbolchi jarima maydoniga yorib kirdi va yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Georgiy Mamardashviliga imkon qoldirmadi.
Mavsum arafasida Mbeumo va Dialloga maydonda bir vaqtning o‘zida joy topib berish muammosi ko‘p muhokama qilingandi. Ammo ular birgalikda yaxshi harakat qilishmoqda. Bir necha daqiqa o‘tib ivuarlik futbolchi yana bir assist muallifi bo‘lishi mumkin edi, ammo Brunu Fernandesh qulay pozitsiyadan yaxshi zarba bera olmadi.
«Liverpul» esa birinchi bo‘limda «MYu» bilan tengma-teng kurashdi. Jamoaning yangi futbolchilari, hali yaxshi sport formasiga kira olmayotgan Florian Virs va Jyeremi Frimpong zaxira o‘rindig‘ida qolgandi, ammo Aleksander Isak boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Shvetsiyalik hujumchi bu o‘yinda ham jamoadan uzilib qoldi. U oldingi sport formasiga qaytishi uchun ko‘proq vaqt talab qilinmoqda. Muhammad Saloh haqida ham shu gapni aytish mumkin, misrlik hujumchi ketma-ket vaziyatlarni ko‘kka sovurmoqda. Ayniqsa 65-daqiqadagi vaziyatda yaqin masofadan turib aniq zarba yo‘llay olmagani muxlislarning hafsalasini pir qildi.
Kodi Gakpo esa jamoadagi eng yaxshilardan biri bo‘lib turibdi. Ammo shu kuni unga omad yetishmadi. Niderlandiyalik vingerning uch zarbasi darvoza ustuniga bordi. APL tarixida faqat mersisaydliklarning sobiq hujumchisi Darvin Nunes (to‘rt) bir o‘yinda ustun va to‘sinni bundan ko‘proq poylagan.
Umuman olganda, «Liverpul» ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratdi va mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Mezbonlarning 78-daqiqadagi javob goli o‘yin mantig‘iga to‘la mos kelardi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Federiko Kiyeza golli uzatma muallifiga aylandi, Gakpo esa nihoyat maqsadiga erishdi. Niderlandiyalik futbolchining bu zarbasi ham ustunga tegishi mumkin edi, ammo u bu safar mo‘ljalni aniq olgandi.
Bu o‘yinda durang adolatli natija bo‘lardi, ammo Harri Maguayr bunga rozi bo‘lmadi. Markaziy himoyachi standart vaziyatda raqib jarima maydoniga bordi va g‘alaba golini urdi.
So‘nggi daqiqalarda «Liverpul» raqibni jarima maydoniga qamab tashladi. Gakpo dubl rasmiylashtirish uchun yana bir ajoyib imkoniyatni yo‘qqa chiqardi – uning bir necha metr masofadan boshda yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Hakam sakkiz daqiqa qo‘shib berdi, ammo mezbonlar baribir «MYu» himoya devoridan o‘ta olishmadi. Natijada «Liverpul» qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda yutqazdi, bunaqasi jamoada 38 yildan buyon kuzatilmagandi.
Yaqingacha mersisaydliklar besh ochkolik farq bilan birinchi o‘rinda borayotgandi. Endi esa peshqadam «Arsenal» bilan oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil qilmoqda. «Manchester Yunayted» Amorim davrida ilk bor APLda qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozondi. Bundan tashqari, «MYu» «Enfild»da to‘qqiz yildan buyon ilk bor g‘alabaga erishdi.
«Tottenhem» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Bentankur, 5 (1:0). Rodjyers, 37 (1:1). Buendiya, 77 (1:2)
«Tottenhem»: Vikario, Danso, van de Ven, Spens (Sarr, 86), Porro, Palinya, Bentankur (Jonson, 86), Simons (Bergvall, 79), Odober (Kolo Muani, 79), Quddus, Tel (Risharlison, 60)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Din (Matsen, 82), Kesh, Onana (Barkli, 82), Kamara, Rodjyers, Makginn, Gessan (Buendiya, 61), Malen (Uotkins, 61)
Ogohlantirishlar: van de Ven, 22. Danso, 67
Mavsum startida ko‘pchilik Tomas Frank boshqaruvidagi «Tottenhem»ning kuchli o‘yinlaridan hayratlangan, moliyaviy qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan «Aston Villa»ga hamdardlik bildirayotgandi. Unai Emeri yozda tarkibni o‘zi istagancha kuchaytira olmadi va birminghemliklar startda muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Ular nafaqat g‘alabasiz seriya qayd etishdi, balki ancha vaqtgacha gol ham ura olishmadi, ammo oktyabr o‘rtalariga kelib barchasi o‘zgara boshladi. Yakshanba kuni ham o‘yin Bentankurning tezkor goli bilan boshlangandi, ammo mehmonlar vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olishdi.
Rodjyersning zarbasi burilish pallasiga aylandi, ikkinchi bo‘limda esa Buendiya ham chiroy borasida unikidan qolishmaydigan gol urdi. O‘yini ochilib ketgan argentinalik futbolchi so‘nggi to‘rt o‘yinda uch gol urishga erishdi — bu uning oldingi 44 o‘yinda yo‘llagan aniq zarbalari soniga teng. Qatorasiga uchinchi g‘alabadan keyin «Villa» 11-o‘yinda joylashgan, ammo beshinchi o‘rindagi «Chelsi» bilan oradagi farq atigi ikki ochkoni tashkil etmoqda. E’tiborli jihati, Emeri APLda Frank boshqaruvidagi jamoalarga qarshi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi (+2=2), ispaniyalik mutaxassis jamoasi qanchalik o‘ziga kelganini bir haftadan keyin ko‘ramiz — keyingi turda Birminghemda «Manchester Siti» mehmon bo‘ladi. Qolaversa, Xosep Gvardiola — Emeri uchun eng noqulay raqib hisoblanadi.
Ispaniya: Kurtua qutqaruvchi rolida
«Xetafe» – «Real» 0:1
Gol: Mbappe, 80 (0:1)
«Xetafe»: Soriya, Dakonam, Duarte, Riko, Iglesias, Milya, Martin (Kamara, 87), Arambarri, Sankris, Kiko Femeniya (Niom, 76), Liso (da Kosta, 90)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Alaba (Raul Asensio, 46), Karreras, Valverde, Kamavinga (Arda Guler, 65), Tshuameni, Bellinghem (Dias, 86), Rodrigu (Garsiya, 86), Mastantuono (Vinisius Junior, 55), Mbappe
Ogohlantirishlar: Duarte, 48. Kiko Femeniya, 63. Sankris, 74 – Tshuameni, 90
Chetlatishlar: Niom, 77. Sankris, 84 (ikkinchi sariq)
La liganing ko‘p jamoalari «Xetafe»ga qarshi o‘yinlarda qiynaladi, «Real» uchun esa Madrid chekkasidan bo‘lgan ushbu jamoa — eng qulay raqiblardan biridir (so‘nggi 11 o‘yinda 10 g‘alaba). Xabi Alonso esa shundan kelib chiqib, asosiy e’tiborni yangi haftada «Yuventus» va «Barselona»ga qarshi o‘yinlarga qaratgandi. U hali formasini to‘liq tiklamagan Vinisius Junior va Arda Guler bilan tavakkalchilik qilishni istamadi va ularni zaxirada qoldirdi.
Terma jamoadan jarohat bilgan qaytgan Mbappe esa bu o‘yingacha tiklanishga ulgurdi. Kilian birinchi bo‘limda maydondagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi va jismoniy holati joyida ekanini namoyish etdi. Shu bilan birga, mehmonlarda raqib mudofaasini yengib o‘tish va hujumlarni yakunlashda muammolar kuzatildi. Natijada murabbiy Vinisiusni maydonga tushirishiga to‘g‘ri keldi, braziliyalik hujumchi esa o‘z harakatlari bilan ikki bor raqib futbolchisi maydondan chetlatilishiga erishdi. Avvaliga maydonga tushganiga ko‘p bo‘lmagan Niom uning yuziga urib yubordi va to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. Bu vaqtda u zaxiradan o‘yinga qo‘shilganiga 39 soniya bo‘lgandi.
Va darhol shundan keyin Guler «Xetafe» mudofaasida yuzaga kelgan bo‘shliqdan foydalanib, nozik uzatma bilan Mbappeni qulay vaziyatga chiqardi, fransuz hujumchisi esa qatorasiga 11-o‘yinda gol urdi. Ko‘p o‘tmay Aleks ikkinchi bor sariq kartochka oldi (u ham Viniga qarshi qo‘pollik uchun) va shundan keyin o‘yin masalasi hal bo‘lgandek ko‘rindi. Ammo mezbonlar to‘qqiz kishi holatida ham qo‘shimcha daqiqalarda hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Ammo Kurtua epik seyvlari kolleksiyasini to‘ldirishda davom etdi va «Qirollik klubi» klasiko arafasida yana turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi.
Italiya: «Yuve»da ilk mag‘lubiyat va Piolining g‘amgin yubileyi
«Komo» – «Yuventus» 2:0
Gollar: Kempf, 4 (1:0). Pas, 79 (2:0)
«Komo»: Byute, Diyegu Karlos (Ramon, 46), Kempf, Smolchich (Posh, 86), Kakere (Vale, 68), Perrone, Da Kunya, Moreno (Duvikas, 68), Voyvoda, Pas, Morata (van der Brempt, 90+1)
«Yuventus»: Di Gregorio, Kelli, Rugani (Kostich, 83), Kambiyaso (Joao Mariu, 83), Kalyulyu, Lokatelli (Makkenni, 77), Tyuram, Kopmeyners (Vlahovich, 77), Kenan Yildiz, Konseysau, David
Ogohlantirishlar: Moreno, 12. Smolchich, 22. Diyegu Karlos, 34 – Kelli, 10
Shanba kungi o‘yinlar natijalariga ko‘ra A Seriyada turnir jadvalining yuqori qismida «Inter», «Napoli» va «Roma» bir xil ochko to‘plab, triumvirat hosil qilishdi. Bir kun o‘tib ularning safiga «Yuventus» qo‘shilishi mumkin edi, ammo turinliklar Arsen Venger, Tiyerri Anri va Rafael Varan tribunadan o‘tirib kuzatgan o‘yinda «Komo»ga yutqazdi va ushbu jamoani o‘zidan oldinga o‘tkazib yubordi.
Byankonerilar uchun bu joriy mavsumdagi ilk mag‘lubiyat, xuddi shu raqibga qarshi o‘yinlarda 1952 yildan buyon ilk bor ochko yo‘qotish bo‘ldi. Sesk Fabregas boshchiligida muxlislarga yoqadigan kombinatsion futbol namoyish etayotgan jamoa avvaliga 4-daqiqadayoq burchak zarbasini original ijro etgan holda turinliklarni ajablantirishdi. Niko Pas to‘pni yerlatib, jarima maydoni burchagiga yetkazib berdi, keyin o‘zi ham shu tomon yugurdi va to‘pni qayta qabul qilib olib, Kempfni golli pas bilan ta’minladi. O‘yin oxirlariga borib «Keksa siniora» katta kuch bilan oldinga o‘tganida mezbonlar namunali qarshi hujum uyushtirishdi va Pas chiroyli zarba bilan olis burchakni aniq nishonga oldi. Argentinalik yarimhimoyachi bu mavsumdagi gollari sonini 4 taga yetkazdi, unda yana shuncha golli uzatma bor, u top-5 ligalarda «gol+pas» bo‘yicha faqat Vinisius Junior va Luis Diasdan (5+4) ortda qolmoqda.
«Milan» – «Fiorentina» 2:1
Gollar: Gozens, 55 (0:1). Leau, 63 (1:1). Leau, 86 – penalti (2:1)
«Milan»: Menyan, Gabbia, Pavlovich, Tomori, Richchi, Modrich, Fofana, Bartesagi, Atekame (Ximenes, 57), Salemakers (de Vinter, 90), Leau (Myul-Balentin, 90+3)
«Fiorentina»: de Xea, Mari, Raneri, Pongrachich, Mandragora (Jyeko, 88), Nikolussi Kavilya (Zom, 87), Fadjoli, Gozens (Parizi, 69), Dodo, Kin (Pikkoli, 77), Fatssini (Gudmundsson, 70)
Ogohlantirishlar: Atekame, 50. Fofana, 60. Tomori, 74 – Nikolussi Kavilya, 54. Parizi, 85. Raniyeri, 88
Stefano Piolining «San-Siro»ga qaytishi u qadar yaxshi davrda ro‘y bermadi. Unga «Fiorentina»ni yangi darajaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi, amalda esa jamoa olti turda birorta g‘alabaga erishmadi va turnir jadvalining quyi qismida qolmoqda. Milandagi o‘yin arafasida u iste’fo yoqasiga kelib qolgandi – holbuki bu uning A Seriyadagi yubiley 500-o‘yini edi. Uning shogirdlari bu o‘yinda tabiiyki ikkinchi raqamda harakat qilishdi – ulardan birinchi navbatda gol o‘tkazib yubormaslik talab etilardi.
Faqat bu manzara birinchi bo‘lim haqida, tanaffusdan keyin esa mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi va hisobni ochishdi. Terma jamoada olgan jarohati jiddiy bo‘lib chiqmagan Moyze Kin Raniyerining uzatmasiga yetib bora olmagandi, ammo Menyan to‘pni shunday qaytardiki, to‘p uning jamoadoshi orqali Gozensning oyog‘iga borib tushdi.
Shundan keyin Rafael Leau katta sahnaga chiqdi. «Yuventus» bilan golsiz durangdan keyin bosh murabbiy Massimiliano Allegri tanqidiga uchragan portugaliyalik futbolchi tanqidga to‘g‘ri reaksiya ko‘rsatdi. U avvaliga olis masofadan yo‘llagan zarbasi bilan De Xeaga imkon qoldirmadi.
Keyingi vaziyatda ispaniyalik posbon Santiyago Ximenesning to‘sin ostiga borgan zarbasini to‘sib, jamoasini qutqardi. Ammo zaxiradan o‘yinga faol qo‘shilgan ushbu meksikalik hujumchi penalti ishladi, Leau esa dublni rasmiylashtirdi. Bu g‘alabadan keyin «Milan» turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylanib oldi, Piolining iste’fosi esa yanada yaqinlashdi.
Sport
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.
Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.
Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.
26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.
Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.
Sport
Messi Ispaniya futbol klubini sotib oladi — OAV
Argentinalik hujumchi Lionel Messi Ispaniyaning «Eldense» futbol klubini sotib oladi. Bu haqda Marca xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli «Inter Mayami» futbolchisi klubning amaldagi egalari bilan kelishuvga erishgan. «Oltin to‘p»ning sakkiz karra sohibi «Eldense» aksiyalarining 100 foizini sotib olishni rejalashtirmoqda.
«Lionel Messi bilan aksiyalarni sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Natijada u klubning nazorat paketini egallaydi. Ayni paytda qolgan yuridik va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, kompleks tekshiruv hamda Ispaniya Milliy sport kengashidan zarur ruxsatni olish ishlari yakunlanmoqda», — deyiladi klub bayonotida.
Aprel oyida Messi Ispaniya futbolining beshinchi divizionida ishtirok etadigan «Kornelya» klubining egasiga aylangan edi.
«Eldense» joriy mavsumda Ispaniyaning ikkinchi kuchli ligasi — Segundada ishtirok etmoqda. Jamoa ikki ochko jamg‘argan va turnir jadvalida 20-o‘rinni egallab turibdi.
Sport
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.
«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.
Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.
Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Sport
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
Bugun «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning yangi rahbariyati saylandi.
Konferensiya yakuniga ko‘ra, Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi. Mansur Mamadaminov birinchi o‘rinbosar, Anvar Kurbaniyazov esa rais o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Yangi rahbariyat federatsiya oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab, O‘zbekiston biatlonini yanada rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash va yuqori darajadagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Xususan, 2027-yilgi Jahon chempionati hamda 2030-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Yangi rahbariyat oldida biatlon infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash hamda O‘zbekiston biatlonining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.
Sport
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.
«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.
Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.
Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.
Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
-
Jamiyat4 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport4 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat4 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Sport4 days ago
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
