Iqtisodiyot
Bugun Yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda qator yetakchi kompaniya va korporatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Prezident ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.
Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.
– O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz, – dedi Prezident.
So‘ng O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Bugungi kunda «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, «yashil» vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bunday loyihalarda o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoatimiz salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. «Data Volt» kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega.
Toshkent va Samarqand viloyatlarida «Kelajak metallari texnoparki» tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Infratuzilma sohasida «Miahona» kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.
Shuningdek, «Saudi Tabreed» kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Prezident Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatimizda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildilar.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgarishlar kiritildi
Yuridik shaxslar valuta sotib olish uchun bergan buyurtmasida texnik xatolik bo‘lsa, uni tuzatishga imkon beriladi. Barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari, shu jumladan onlayn operatsiyalar ham yagona tizimda hisobga olinadi. Chet el fuqarolariga bir-biriga pul o‘tkazish va bir qator valuta operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berildi. Kapital bozori ishtirokchilariga ham ayrim yengilliklar bor.
O‘zbekiston Markaziy banki qarori bilan, valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasini sotib olish uchun berilgan buyurtmada xatoliklar aniqlangan taqdirda, mijoz tomonidan buyurtmaga texnik tuzatish kiritilishi mumkin.
“Amaliyotda ko‘p uchraydigan muammolardan biri – yuridik shaxslar tomonidan valuta sotib olish uchun berilgan buyurtmalarda kichik texnik yoki imloviy xatolar sababli operatsiyalarning rad etilishi edi. Qaror bilan, endi kichik xatolar bo‘lsa, ularni tuzatish imkoniyati beriladi. Bu – tadbirkorlar uchun vaqt tejaydi”, – deyiladi regulyator izohida.
Bank kassalaridan naqd chet el valutasini berish tartibi ham aniq belgilab qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra:
Jismoniy shaxslar o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘lari doirasida valutani cheklovsiz olishi mumkin.
Yuridik shaxslar uchun esa naqd valuta aniq belgilangan maqsadlar asosida beriladi.
Belgilanishicha, barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar yagona tizimda hisobga olinadi. Markaziy bankning qayd etishicha, bu – bozordagi jarayonlarni kuzatish va tushunishni osonlashtiradi.
Qarorda jismoniy shaxslar uchun quyidagi qulayliklar ko‘zda tutilgan:
endi qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar barcha jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo) pul o‘tkazishi mumkin;
bundan buyon xorijlik jismoniy shaxslar ham mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ qo‘shish, xayriya qilish yoki meros bilan bog‘liq ichki valuta operatsiyalarini amalga oshira oladi.
Shuningdek, kapital bozori ishtirokchilari quyidagi yengilliklardan bahramand bo‘ladi:
yuridik shaxslar chet el valutasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun valuta sotib olishda ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi – bunda asos sifatida qimmatli qog‘oz chiqarilganini tasdiqlovchi hujjatning o‘zi yetarli bo‘ladi;
xorijiy investorlar fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larini o‘z murojaati asosida erkin ravishda chet elga olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Markaziy bank qarori 2026 yil 30 mart kuni qabul qilinib, 22 aprelda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Iqtisodiyot
Dollar va yevro kursi birdan ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 28-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 52,48 so‘mga oshib, 12 072,96 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 128,95 so‘mga oshdi va 14 177,28 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 360,07 so‘m bo‘ldi (+152,86).
Rossiya rubli 161,17 so‘m etib belgilandi (+2,40).
Iqtisodiyot
Quvasoydagi korxona 25 mln dollarlik mahsulotni tashqi bozorga chiqaradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida «Quva Agrostar» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda «Uzagrostar xolding» kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.
Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirmoqda.
Ulardan biri «Quva Agrostar» korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.
Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tizimli yondashuv natijasida 2025-yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.
Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda.
Shu yerning o‘zida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni o‘rgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi muhim ekani ta’kidlandi. Aholiga urug‘ tanlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari «Quva Agrostar» erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.
Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi tezkor «arbitraj» tizimini yaratishni taklif qilmoqda
Elektron tijoratda shikoyatlar soni ortib bormoqda. Raqobat qo‘mitasi vaziyatni tahlil qilib, nizolarni tezkor hal etish uchun yangi mexanizmni taklif qildi.
O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivoji bilan elektron tijorat jadal kengayib, onlayn xaridlar aholi hayotining muhim qismiga aylandi. Shu bilan birga, iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda turli nizolar ham ko‘paymoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, elektron tijorat platformalari bo‘yicha 111 ta sub’yektga nisbatan jami 1 657 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi tovar sifati — 602 ta holat (36,3 foiz), to‘lov munosabatlari — 278 ta (16,8 foiz) va yetkazib berish jarayonlari — 188 ta (11,3 foiz) bilan bog‘liq.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 983 ta yoki 60 foizi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, iste’molchilar foydasiga 350 mln so‘mga yaqin mahsulotlar almashtirilgan yoki qayta hisob-kitob qilingan.
Tahlillarga ko‘ra, shikoyatlarning katta qismi bozor yetakchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Uzum Market bo‘yicha 490 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, asosiy muammolar tovar sifati va yetkazib berish bilan bog‘liq. Uzum Nasiya bo‘yicha 391 ta, Alif xizmatlari bo‘yicha 52 ta murojaat moliyaviy hisob-kitoblar va qarzdorlik masalalari bilan bog‘liq ekani aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy murojaatlar kamroq bo‘lsa-da, bu segmentda firibgarlik va qaytarib bo‘lmaydigan to‘lovlar xavfi yuqori ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, tovarning tavsifga mos kelmasligi, to‘lov shaffofligi va logistikadagi uzilishlar asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ushbu muammolarni bartaraf etish uchun xalqaro tajribalarga tayanilgan qator yechimlarni taklif qildi. Jumladan, xaridor tovarni tasdiqlamaguncha mablag‘ni ushlab turuvchi «escrow» to‘lov tizimini joriy etish muhim deb baholanmoqda.
Shuningdek, platformalarda avtomatlashtirilgan nizolarni hal qilish — tezkor «arbitraj» tizimini yaratish, hamda sotuvchilar reytingi va javobgarligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq tadbirkor barqarorlik reytingiga kirdi
O‘zbekistonda 2026-yil 24-aprel holatida 2,1 ming nafar tadbirkorga yuqori barqarorlik reytingi berilgan. Ulardan 335 ta sub’yekt eng yuqori AAA darajasini olgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, barqarorlikni baholash tizimi joriy etilganidan beri yuqori reytingga ega tadbirkorlar soni 1,3 barobarga oshgan. Bu biznes muhitida muayyan ijobiy siljishlar kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, umumiy manzarada farqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, 64,4 ming tadbirkor o‘rta barqarorlik toifasiga kiritilgan bo‘lsa, 226,2 mingta sub’yekt qoniqarli darajada baholangan. 294,7 mingta tadbirkor esa past reytingga ega deb topilgan.
Yuqori reytingga ega tadbirkorlarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda 690 ta korxona yuqori barqarorlik ko‘rsatkichiga erishgan.
Undan keyin xizmat ko‘rsatish sohasi 654 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Sanoat sohasida 506 ta tadbirkor yuqori reyting olgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida esa bu ko‘rsatkich ancha past. Mos ravishda 106 ta va 59 ta korxona yuqori barqarorlik toifasiga kiritilgan. Bu sohalarda tizimli muammolar saqlanayotganini anglatadi.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 709 ta tadbirkor yuqori reytingga ega. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 258 tani tashkil etgan. Samarqand viloyatida 180 ta, Farg‘ona viloyatida esa 152 ta tadbirkor yuqori barqarorlik darajasini qo‘lga kiritgan.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot5 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan4 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot5 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat4 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Siyosat5 days agoToshkent yangi integratsiyalashgan raqamli avtoturargoh piloti yordamida yo‘l harakati muammolarini hal qilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
