Siyosat
Shavkat Mirziyoyev TDT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlari rahbarlari hamda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va boshqa rasmiy shaxslar ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida Ozarbayjon prezidentiga qadimdan Buyuk ipak yo‘lidagi muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Gabala shahrida sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
– Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi, – dedi Mirziyoyev.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi tashkilot mamlakatlariga savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar ochayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga TDTga samarali raislik qilgani va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Sammit kun tartibiga o‘tar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bugungi xalqaro vaziyatga qisqacha tavsif berdi.
Bu galgi yig‘ilish murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar, dunyoda va mintaqada xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘tayotgani ta’kidlandi.
– Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu nuqtai nazardan, global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va Xavfsizlik Kengashining rolini oshirish, shuningdek, xalqaro ishlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozini kuchaytirish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.
Yevroosiyo qit’asida tobora avj olayotgan, oxiri ko‘rinmayotgan mojaro va urushlar Tashkilot davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistondagi barqarorlik masalalari jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston rahbari jahonning qudratli davlatlarining adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi intilishlari va yangi rejalarini olqishladi.
Global vaziyatni chuqur tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish maqsadida TDT mamlakatlari tashqi siyosiy idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlarining qo‘shma uchrashuvlarini o‘tkazish va bunday formatdagi birinchi yig‘ilishni kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish taklif qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi qisqa muddatda jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirgan Turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot kengayib, o‘zaro ishonch mustahkamlanib borayotgani, qo‘shma loyihalar va gumanitar dasturlar faol amalga oshirilayotgani bundan dalolat beradi.
Bugungi kunda TDT doirasida 35 dan ortiq yo‘nalishda amaliy hamkorlik qilinmoqda. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda va 2030 yilga borib ikki barobar ko‘payishi kutilmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqining asosiy qismida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq masalalariga to‘xtaldi.
Tashkilotning nufuzi va salohiyatini oshirish, yaqin istiqbolda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi rolini kuchaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
– Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu hujjatlarda quyidagi aniq yo‘nalish va chora-tadbirlarni aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish.
O‘zbekiston Prezidenti yaqin istiqbolda TDT doirasida savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlar, huquqiy asos va infratuzilma yaratishni nazarda tutadigan Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, xususan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini ta’sis etish muhimligi qayd etildi. Doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu tuzilmaga Tashkilot mamlakatlari Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qilishi mumkin. Kengashning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif etildi.
O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, quyidagi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak:
Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tuzish va shu orqali mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish;
o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida «Turkiy yashil yo‘laklar» elektron tizimini joriy etish;
«yashil» energetika, «yashil» vodorod va ammiak bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va vakolatlarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish uchun «Yashil transformatsiya» konsorsiumini tashkil etish;
strategik minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish asosida qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish.
Shu bilan birga, «xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot» tamoyili asosida amaliy hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, TDT mamlakatlari organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilariga aylanishi mumkin.
FAO tahliliga ko‘ra, bugungi kunda jahon organik mahsulotlar bozori hajmi 225 milliard dollardan oshadi va kelajakda bu ko‘rsatkich har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Sifatli va xaridorgir organik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ilmiy-tadqiqot va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
– Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki «pilot» loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Uchinchidan, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish.
Mamlakatimiz yetakchisi O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi rejalarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishning raqobatbardoshligini ta’minlash va biznes hamjamiyati uchun eng qulay sharoitlar yaratish muhim ekanini ta’kidladi.
Shu ma’noda, maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli bojxona tartib-taomillarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta koridor qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, ulkan mintaqada ko‘p tarmoqli, strategik magistral yo‘llar tizimi yaratiladi.
Transport sohasiga oid bu tashabbuslarning barchasi 12 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
To‘rtinchidan, keng ko‘lamli sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun samarali moliyaviy vositalarni joriy etish.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, ITB, ETTB va boshqa xalqaro hamda milliy moliya institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Beshinchidan, barqaror rivojlanishning muhim drayverlariga aylanayotgan sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish.
Ushbu yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish taklif etildi.
Davlat rahbari O‘zbekistonda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Oltinchidan, «Jaholatga qarshi – ma’rifat» tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish.
2025-2026 yillarda mamlakatimiz 100 dan ortiq ta’lim muassasalarini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishi ta’kidlandi. Kelgusi hafta Toshkentda ittifoqning Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston raislik davrida «Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari»ni o‘tkazish niyatida.
O‘zbekiston Prezidenti ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning tadqiqotlarini rag‘batlantirish maqsadida mamlakatimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlayotganini ma’lum qildi. Davlatimiz rahbari uning negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yettinchidan, yoshlar orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish.
Shu munosabat bilan Turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.
O‘zbekiston, shuningdek, islomofobiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishga qaratilgan yaqin muloqotni davom ettiradi.
Bundan tashqari, Tashkilot doirasida yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi.
– Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Sammit yakunida Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma qaror va hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
Siyosat
Baxtiyor Saidov Eron TIV rahbari bilan gaplashdi: tafsilotlar
TIV rahbari Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yakunlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonining so‘nggi bosqichlari yuzasidan ma’lumot olingan hamda mintaqadagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonning mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, muloqotni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish muhimligini qayd etildi.
«Shuningdek, O‘zbekiston–Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldik», deya ta’kidlaydi Saidov.
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni AQSh Savdo vakili Jeymison Greerni qabul qildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuv avvalida AQSH delegatsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi.
Muhokamalarda asosiy e’tibor o‘zaro savdo va sarmoyalarning barqaror o‘sishiga qaratildi, har ikki tomon ham ishbilarmonlar o‘rtasidagi qoniqarli aloqalar ko‘payib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yaqinda AQSH ishbilarmonlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarining amaliy natijalarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoniga qaratildi. Prezident Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vakili idorasi mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini ragʻbatlantirishda Qoʻshma Shtatlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashi va hamkorligini muhokama qildi.
Shuningdek, tomonlar Amerika-O‘zbekiston biznes va sarmoyaviy kengash imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhimligini ta’kidladilar. Bu mexanizm endilikda Amerika kompaniyalari va Oʻzbekiston hamkorlari oʻrtasida yangi loyiha tashabbuslarini aniqlash, ishlab chiqish va ilgari surish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Britaniya sobiq bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani e’tirof etildi.
Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladilar.
Amaliy hamkorlik, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida yuqori sur’at bilan rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajadagi faol almashinuvlar alohida e’tirof qilindi. Yetakchilar ikki mamlakat Prezidentlari Administratsiyalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda sheriklik kun tartibini yangi loyiha va tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qilayotgan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini olqishladilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Siyosat
Prezident bugun Namanganga tashrif buyuradi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrif buyuradi.
Davlat rahbari joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar va joriy qilingan ilg‘or yechimlar bilan tanishadi.
Shuningdek, Xalqaro maqom festivalining ochilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Jamiyat1 day agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Sport4 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Qatar amiriga gaz zavodi portlashi munosabati bilan hamdardlik bildirdi
