Sport
«Uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror» – Gvardiola Husanov haqida
Murabbiy o‘zbekistonlik futbolchi himoya chizig‘ida bir necha pozitsiyada o‘ynay olishini e’tirof etdi hamda uni Kayl Uokerga qiyosladi.
Foto: Manchester City / X
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya ligasi kubogi uchinchi bosqichi doirasida 24 sentabr kuni «Haddersfild»ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan jamoaning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovni maqtadi va u jamoaning so‘nggi yillardagi eng yaxshi transferlaridan biri bo‘lishiga ishonch bildirdi.
«U markazda o‘ynay oladi, himoyaning chap qanotidan boshqa istalgan pozitsiyalarda o‘ynay oladi, deb aytgan bo‘lardim…
Ha, u hujumda ko‘p vaziyat yarata olmasligi mumkin, ammo uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror. Uning jismoniy imkoniyatlari, ortga qaytish [tezligi] xuddi Kayl [Uolker]ning eng yaxshi davrlarini yodga soladi», – degan «shaharliklar» ustozi.
Mutaxassis Husanov kelajakda «Manchester Siti» uchun eng muhim futbolchiga aylanishiga, u jamoa safida juda ko‘p vaqt qolishiga ishonch bildirgan.
«U g‘oyatda e’tiborli, juda yosh, o‘rganishga intiluvchan. Biz duch kelgan kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi u haqiqatan ham a’lo o‘yin ko‘rsatdi.
U juda yosh bo‘lishiga qaramay, avvaliga O‘zbekistondan Fransiyaga kelib moslashdi, keyin bu yerga kelgach, biz uchun qiyin bo‘lgan mavsumda tezda jamoaga kirishib ketdi…
Agar yangi joyga kelganingda hammasi joyida bo‘lsa, moslashish oson kechadi. Ammo bizda unday emasdi. Bizda bor harakatlar va uslublarni u aqlbovar qilmaydigan darajada tez o‘rganmoqda.
O‘ylaymanki, u klub so‘nggi bir necha yillar davomida sotib olgan eng yaxshi futbolchi ekanini tez orada tushunib yetasiz. Bu yigit hali uzoq vaqt „Manchester Siti“da qoladi», – deydi ispaniyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, asli Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi sanalgan Abduqodir Husanov 2025 yil yanvarida Fransiyaning «Lans» klubidan 40 million yevro evaziga «Manchester Siti» safiga qo‘shilgandi. O‘tgan mavsum davomida u jiddiy raqobat tufayli asosiy tarkibdan joy ololmagandi. Bu mavsumda esa qatorasiga to‘rt o‘yindan buyon boshlang‘ich tarkibda tushirilmoqda va ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Asli markaziy himoya chizig‘i vakili bo‘lgan futbolchi himoyaning o‘ng qanotiga o‘tkazilgan.
«Shaharliklar» ustozi Pep Gvardiola APLning 4-turi doirasida «MYu»ga qarshi o‘yindan keyin ham o‘zbekistonlik himoyachi haqida navbatdagi marta maqtovli fikrlarini bildirgandi:
«Kelgusi 11 oyda biz har uch kunda o‘ynaymiz. Agar Husanov barcha o‘yinlarni (o‘ng himoyachi sifatida) o‘ynaydi, deb o‘ylasangiz, bunday qilishga hech qanday inson qodir emas. Bizga boshqa variantlar ham kerak. Ammo uning jismoniy tayyorgarligi menga ma’lum: u juda yosh, o‘rganishi kerak, juda tezkor.
Bugun Husa o‘z xududini ishonchli qo‘riqladi. Toza o‘ynab, deyarli to‘p yo‘qotmadi. Ba’zida energiyasi jo‘sh urib noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga undaydi. Biroq biz u bilan kelgandan beri bu haqda gaplashamiz, vaqt o‘tib iziga tushib ketadi. Unda ajoyib tezlik, konsentratsiya bor. Bugun juda yaxshi o‘ynadi».
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
