Jamiyat
Er yuzidagi eng noyob daraxt: oltindan ham qimmat
Yer yuzidagi eng nodir va eng noyob ashyolar haqida o‘ylaganingizda, ko‘z oldingizga olmos yoki oltin kabi toshlar keladi. Lekin ulardan ham qimmatbaho bo‘lgan maxsus yog‘och turi borligini bilarmidingiz?
Kinam yoki kyarani qattiq va xushbo‘yligi uzoq muddat saqlangani uchun parfyumeriya, xushbo‘y tutatqilar ishlab chiqarishda ishlatiladigan juda kam uchraydigan yovvoyi aloe daraxtidir. Bir gramm kinamning narxi 10 000 dollargacha sotiladi, bu esa uni bugungi kunda sayyoradagi eng qimmat yog‘och, shuningdek, eng qimmatli tabiiy ashyolardan biriga aylantiradi.
Ushbu daraxtning tanasi deyarli hidsiz, ammo ma’lum sharoitlarda u quyuq qatronlar (daraxt yelimi) turini ishlab chiqaradi. Va o‘sha qatronlar bilan qoplangan tana qismi qimmatbaho yog‘ochga aylanadi. Asrlar davomida odamlar aloe daraxti faqat shikastlanganda – stresslar, masalan, chaqmoq urishi, chumolilar yoki asalarilarning hujumi, hatto yirik hayvonlar tomonidan yetkazilgan zararlar qatron ishlab chiqarishni qo‘zg‘atadi deb o‘ylashgan. Ammo mutaxassislar fikricha, qatronlarni (yelim) ma’lum bir mog‘or turi yuzaga keltiradi. Tanasini qatron qoplagan bu daraxt kuchli, o‘ziga xos hidga ega yog‘ochga aylanadi. Kinamning hidini boshqa narsa bilan aralashtirib bo‘lmaydi. Unda bir vaqtning o‘zida gullar, mevalar, qatronlar, mushk, vanil «ovoz»ini eshitishingiz mumkin. Hid «ishlab chiqaruvchilar» tabiat yaratgan bu tabiiy hidni sun’iy ravishda haligacha takrorlay olishgani yo‘q.
foto:Pressa.tv
Shuning uchun yetakchi kosmetika brendlari va xushbo‘y hid «ishlab chiqaruvchilar» yog‘ochni «ovlashadi». Odamlar bu daraxtdan foyda olish uchun unga mog‘or yuqtirishni o‘rgandilar va bugungi kunda Osiyoning turli mamlakatlarida, Indoneziyadan Myanma va Vetnamgacha daraxt yetishtirishga ixtisoslashgan butun plantatsiyalar mavjud.
Shuni ta’kidlash kerakki, plantatsiyalarda yetishtirilgan kinam daraxti arzon. Sababi plantatsiyada o‘stirilgan aloe mog‘or yuqtirilgach bir necha yilda tayyor bo‘ladi, tabiatda o‘sadigan yovvoyi aloe daraxtidagi kinam esa bir necha yuz yil davomida yetiladi.
«Bu yer yuzidagi eng kam uchraydigan yog‘och, – deydi yog‘och sotuvchi Alan Mahaffi. – U titan, uran, platina va olmosdan ham kam uchraydi. Bir grammi 10 ming dollargacha turadi. Bundan ikki-uch yil avval Shanxayda ikki kilogrammlik bo‘lak 18 million dollarga sotilgan edi».
Maxafi qo‘liga ushlagan eng katta o‘lja – 600 yoshli daraxt tomonidan ishlab chiqarilgan 16 kilogramm kinam bo‘lagi edi, sotuvchi uni topish uchun besh yil vaqtini sarfladi. U 20 million dollarga sotilgan. Biroq, o‘shandan beri yuqori sifatli aloe yog‘ochiga talab va narx sezilarli darajada oshdi.
Aloe yog‘ochida kinam bor yoki yo‘qligini aniq aytish mumkin emas. Dunyoda qatron bilan qoplangan yog‘ochni hidiga qarab aniqlay oladigan biron bir mutaxassis yo‘q va ko‘p hollarda uning hidi faqat yog‘och bo‘lagi yondirilganda namoyon bo‘ladi.
foto:Pressa.tv
Dunyodagi eng qimmat yog‘ochning atigi bir necha grammi uni topgan odamning hayotini tubdan o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi g‘oya ko‘pchilikni aloe yog‘ochini qidirishga undaydi.
O‘z navbatida, badavlat odamlar aloe daraxtini olish uchun butun boyliklarini sarflashga tayyor. Kambodjaning Wat Bang Kradan ibodatxonasidagi 200 yoshli daraxt bir kun kelib kinam beradi, deb ishoniladi va yapon xaridorlari buning uchun rohiblarga 23 million dollar taklif qilishgan. Rohiblar, tabiiyki, rad etdilar va o‘shandan beri uning yaqinida harbiy baza joylashgan va bazaning asosiy vazifasi daraxtni himoya qilish.
Kinam daraxtiga talabning keskin o‘sishi tufayli qora bozor paydo bo‘ldi, lekin u yerda ham kinam kam uchraydi. Yovvoyi tabiatda o‘sadigan eski aloe daraxtlari tobora kamayib borayotgani sababli, ularning narxi oshib bormoqda.
Nima uchun kinam oltindan ham qimmat, sababi oltinni vaqti – vaqti bilan qazib olish mumkin, ammo kinam mog‘or (kasallik) va uzoq vaqt tomonidan yaratilgan noyob hodisadir. Siz uni bir yoki ikki yil ichida «o‘stira olmaysiz», unga yetishish uchun bir necha yuz yil kerak bo‘ladi.
Bu mo‘’jiza, kinam noyoblik, hashamat va muqaddaslik ramzi. U tabiatni, ma’naviyatni va nafsni birlashtiradi. Va, ehtimol, bu uni sayyoradagi eng qimmat daraxtga aylantiradi.
Jamiyat
Jaziramada konditsionersiz qanday yashash haqida 10 ta foydali maslahat
Bu yil yozda dunyoning aksariyat mintaqalarida g‘ayrioddiy jazirama hukm surmoqda. Biroq, konditsionerdan foydalanish imkoniyati hammada ham mavjud emas.
Jaziramadan saqlanish bo‘yicha Hindistonning NPR nashri jamlagan maslahatlarning har biri alohida olinganda arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo ular birgalikda tananing sovishiga haqiqatan ham yordam beradi.
Alohida ta’kidlanishicha, issiq urish belgilariga quyidagilar kiradi: tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ongning chalkashishi yoki holsizlik. Ushbu alomatlar paydo bo‘lganda, darhol tez yordam chaqirish va tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
Jazirama bilan kurashishga yordam beradigan maslahatlar:
1. Ko‘p suyuqlik iching
Tana gidratatsiyasi darajasini doimo kuzatib borish kerak. Har qanday jismoniy faoliyatni boshlash bilan suvni kichik qultumlarda ichish lozim. Ko‘chaga chiqqanda suv olib yurish – jaziramada hayot-mamot masalasidir.
2. Albatta, biror narsa yeb oling
Hech qachon uydan och qoringa chiqmaslik kerak, doim nimadir yeb olish lozim. Masalan, tarkibida erigan elektrolitlar bo‘lgan bodring yoki bir bo‘lak ananas buning uchun ayni muddao.
3. Ruh tetikligi
Agar isib ketayotgan bo‘lsangiz, sovuq dush qabul qiling yoki hech bo‘lmaganda yuzingiz va qo‘llaringizni, shuningdek, boshingizni vaqti-vaqti bilan suv bilan ho‘llab turing – bu tana haroratini pasaytirishga yordam beradi.
4. Dam olish uchun salqin joy toping
Shuni bilish kerakki, issiq havo yuqoriga ko‘tarilgani uchun ko‘p qavatli uylarning pastki qavatlari salqinroq bo‘ladi. Kunduzi quyosh nurini qalin pardalar bilan to‘sing. Qo‘lingiz ostidagi barcha ventilyatorlarni ishga tushiring.
Va salqinlik izlab mebellarni qayta joylashtirishdan qo‘rqmang. Masalan, karavotni deraza yoniga qo‘ysangiz, uxlayotganda yengil shabadani his qilishingiz mumkin.
Agar xona ichida nafas olish qiyinlashib, dim bo‘lib ketsa, tashqariga chiqing va gamakda yoting. Tebranish paytida hosil bo‘ladigan havo oqimi tanani sovutishga yordam beradi.
5. Me’morchilikdan ilhomlaning
Ko‘plab me’moriy yangiliklar orasida «jaali» deb nomlangan me’moriy uslub bor, u hind va urdu tillaridan tarjima qilinganda shunchaki «to‘r» degan ma’noni anglatadi. Aslini olganda, bu tosh devorni yaxlit qoldirish o‘rniga, bir qator kichik teshiklari bor geometrik naqshlarni o‘yib, uni naqshinkor panjaraga aylantirish usulidir.
6. Bug‘lantiruvchi sovutgich
Ushbu elektr qurilma, shuningdek, bug‘lantiruvchi sovutgich sifatida ham tanilgan bo‘lib, xonadagi havoni suvga botirilgan filtrlar orqali o‘tkazadi, bu filtrlar havoni sovutadi va keyin uni xonaga qaytaradi. Bu qurilmalar konditsionerlardan arzonroq va kamroq energiya sarflaydi. Bunday qurilmani hatto o‘zingiz ham yasashingiz mumkin.
7. Oq rangli kiyimlar kiying
Paxta va zig‘ir matolaridan tikilgan kiyimdan foydalaning, oq rang issiqlikni samarali qaytaruvchi hisoblanadi.
8. Bosh va bo‘yningizni yopib yuring
Yozda boshni yopib yurish qadimiy va samarali an’anadir.
9. Tushki quyoshdan saqlaning
Kunning eng issiq vaqtida ko‘chaga chiqish, sport bilan shug‘ullanish yoki ochiq havoda bo‘lish orqali o‘zingizni charchatmaslikka va quvvatingizni behuda sarflamaslikka harakat qiling, chunki jazirama quyosh nuri va issiq havo tana haroratini yanada oshirib yuboradi.
10. Soyadan foydalaning
Ochiq havoda ishlayapsizmi yoki ko‘chada ketyapsizmi, daraxtlar soyasida yurishga harakat qiling. U yerdagi havo harorati aslida quyosh ostidagidek bo‘lsa-da, teringiz quyosh nurlarini yutmaydi va bu tanangizning qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Jamiyat
Jazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
Jazirama issiq sabab ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.
Foto: Temiryo‘lekspress
“Temiryo‘lekspress” AJ xabariga ko‘ra, mazkur choralar yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlash maqsadida ko‘rilmoqda. Shu sababli ayrim poyezdlar harakat jadvalida belgilangan vaqtdan kechroq manzilga yetib borishi mumkin.
Xabarda qaysi yo‘nalishlarda cheklov joriy qilinishiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududida g‘ayritabiiy o‘ta issiq ob-havo sharoiti kuzatilmoqda, u 20 iyulgacha davom etishi mumkin. Havo harorati 43-45 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 46-48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Prezident banklarga har bir mahallada daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla bankirlari ish tizimi tubdan o‘zgarishini ma’lum qildi. Endi bir bankirga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilib, biznes faolligi, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadini oshirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Shuningdek, banklarga har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash va daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi. Ta’kidlanishicha, joylarda yaxshi tajribalar bor. Masalan, Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obekti ishga tushirildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.
Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurishib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.
Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganadi.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi.
Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni 1 avgustdan amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mahalla bankirlariga biznes faollikni oshirish, tadbirkorlik, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birga har bir mahalla bankiriga yil yakunigacha aniq buyurtma shakllantirib beradi.
Davlat banklari bu yil 100 tadan mahallani ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqqan. O‘tgan yili 9 ta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun “Agrostar” kompaniyalari tashkil qilingan edi.
Endi banklar mahallani ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmasdan, “Agrostar”larni jalb qilgan holda “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratadi. Bir oyda dastur qilib, 1 mingta mahallada ish boshlash topshirildi.
Jamiyat
Mahalla raisiga bog‘cha va maktab qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla raislariga yangi vakolatlar berilishini ma’lum qildi. Endi ular hududda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish, shuningdek, “mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirish huquqiga ega bo‘ladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha mas’ullarga savollar qo‘yildi. Davlat rahbari mahalla odamlar uchun chinakam “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi” bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Yangi Quva mahallasi misolida aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha yangi tartib ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu mahallada 51 nafar ishsiz fuqaro bor, ularning 4 nafari agrotexnikumni bitirgan va xonadonida 10 sotixdan tomorqasi mavjud.
Mahalla raisi tomorqada gul ko‘chatiga ixtisoslashgan yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun mahalla bankiriga buyurtma beradi. Qolgan ishsiz aholi bo‘yicha ham mahalla raisi kim tadbirkor bo‘lmoqchi, qaysi oila daromadini oshirmoqchi, kimga kredit, uskuna yoki yer kerakligini aniqlab, bankirga aniq vazifa qo‘yadi.
Yangi Quva mahallasida bog‘cha yetishmasligi sabab 50 nafar bola qo‘shni mahallaga qatnayapti, hududda esa 70 sotix bo‘sh yer bor. Shu munosabat mahallalarda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raisiga beriladi.
Davlat rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta’minlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Bunday loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi. Agar 8 ming 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o‘zgaradi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so‘m resurs shakllantiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi. Rais “yettilik” a’zolariga aniq vazifa qo‘yib, ulardan so‘rov qilib boradi.
Shuningdek, “yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.
Jamiyat
Mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda mahallalar faoliyati keskin tanqid qilinib, ayrim hududlarda aholini ish bilan ta’minlash va kichik loyihalarni amalga oshirishdagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Yil boshidan 152 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgani, 700 nafariga intizomiy chora ko‘rilgani ma’lum qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilganini ta’kidladi.
“Lo‘nda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – mas’uliyat va tashabbuskorlik”, dedi prezident.
Tahlillar ayrim mahallalarda muammolar vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatgan. “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida joriy yil 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Davlat rahbari mahalladagi hamjihatlik, daxldorlik va tashabbuskorlik aynan shunday amaliy natijalar bilan o‘lchanishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda mahallalarda kichik loyihalarni ko‘paytirish va aholini ishli qilish masalalari tanqidiy tahlil qilindi. So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratildi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming odam ishli bo‘ldi. Lekin 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.
Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti. Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Achinarlisi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan.
Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.
-
Dunyodan5 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Sport5 days agoAngliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi
-
Dunyodan5 days ago
NATO 2026-yilda Ukrainaga 70 milliard yevro miqdorida yordam ajratmoqchi
-
Dunyodan3 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
-
Iqtisodiyot3 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
