Jamiyat
Ma’naviy qadriyatlar va yoshlar ongiga yangi tahdid: kvest uylari
Zo‘ravonlik, qotillik, manyak ta’qibi va undan qochish, arvohlar va mistik obrazlar, ruhlar, qonli qasr va shafqatsizlikka undovchi boshqa sahnalarni o‘zida jamlagan kvest uylari O‘zbekistonga ham kirib keldi. Toshkent shahri va viloyatida 20 dan ortiq shunday uylari faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, bu “uy”larda qanday mazmundagi “ko‘ngilochar” xizmat turlari taklif qilinmoqda deb o‘ylaysiz? Sotsiolog Suxrob Xidirov shular haqida fikr yuritadi.
Yoshlar orasida G‘arb madaniyati, ayniqsa kino, musiqa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tarqalmoqda. Yoshlar orasida individualizm, shaxsiy erkinlik, gedonizm (yengil-yelpi huzur-halovatga, lazzatlanishga intilishni oliy maqsad deb hisoblovchi axloqiy ta’limoti) g‘oyalari ko‘proq qiziqish uyg‘otishi bugun hammaga ayon.
Turmush tarzimizga iste’molchilik madaniyati (kiyinishda brendlarga intilish, qimmat gadjetlar ishlatish, fast-food iste’moli) orqali G‘arb turmush tarzi, ular orqali esa urf-odatlari, ommaviy madaniyat keng yoyilgani bugun hech kimga sir emas. Sotsiologik kuzatuvlarimiz yurtimizning ko‘plab qishloq hududlarida milliy urf-odatlar nisbatan saqlanayotganini va G‘arb ta’siri “buza olmagan” chegaralar (hozircha!) saqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Ammo bu ko‘rsatkichlar shaharlar, ayniqsa katta megapolislar kesimida globallashuv ta’sirlarini sezdirmoqda.
Zamonaviy, ya’ni ijtimoiy tarmoqlar, internet hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan, asosan o‘smir yoshlar uchun bo‘sh vaqtni tashkil etishda G‘arb modellaridan yana biri — “vaqtni ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazish”ni, “adrenalin manbai” degan chiroyli targ‘ibot ortiga yashirinib, bolalarimiz ruhiyat olamini o‘z ortidan ohanrabodek ergashtirayotgan kvest uylari haqida to‘xtalmoqchimiz.
Joiz bo‘lsa, kvest uyi tarixiga qisqa to‘xtalamiz: ilk real kvest uyi 2007 yilda Yaponiya (Tokio)da tashkil etilgani, keyinchalik “tokiogizm”, “takagizm” nomi ostida jahonga tarqalgani haqida ma’lumotlar bor.
O‘tgan 15 yil kvest uylari uchun ham anchagina muvaffaqiyat keltirdi deyish mumkin. 2022 yilda dunyoda kvest uylari soni 40 mingdan ortgani, bozor qiymati esa 1,2 mlrd dollarni tashkil qilgani buning yaqqol dalilidir. Ayni damda ham ushbu loyiha samaradorligi katta tezlikda o‘sib borayotgani va O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotganini so‘nggi yillarda poytaxtimizda “horror-kvest uylari” keng tarqalayotganida ko‘rishimiz mumkin. Ko‘ngilochar va adrenalin manbai sifatida farzandlarimizga taklif etilayotgan ushbu uylar bolalar ma’naviy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatish darajasi yuqoriligicha qolayotganini Gruziyaning Maxachqal’asidagi Rasul Hamzatov ko‘chasida yonib ketishi oqibatida 2 nafar (ulardan biri 20 yashar) qizning favqulodda vafot etishiga sabab bo‘lgan kvest uyi, shuningdek, umuman kvest uylarini tanqidiy o‘rgana boshlagan rossiyalik bloger Grigoriy Nadtokning quyidagi fikrlari ham tasdiqlaydi: “mening jamoam va men bu (kvest)ni turli shaharlarda kuzatdik, jihozlanishidan hamma narsa bir xil: iflos yerto‘la, axlatxonadagi mebel, qo‘pol operator, aktyorlar… Biz ijodiy guruh nomidan salbiy sharh yozganimizda, ular, kvest uyi “ijodkorlari” menga tunda tahdid qildi va uni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirishni talab qildi. …Kvestlar bilan bog‘liq dahshatli muammo shundaki, tomoshabinlar realizmni talab qilishi mumkinligi, turli auditoriyadagi odamlarning haqiqatan ham o‘zaro bog‘lanishni so‘rashidadir1.
Darvoqe, bugungi kunda Toshkent shahri va viloyatida 20 dan ortiq kvest uylari faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, bu “uy”larda qanday mazmundagi “ko‘ngilochar” xizmat turlari taklif qilinmoqda deb o‘ylaysiz?
Poytaxtimizdagi 19 ta kvest uyining internetdagi saytlarida taqdim qilgan ma’lumotlarini tahlil qilib, “ko‘ngilochar” xizmatlar quyidagi janr va mavzularda ekanini aniqladik.
Mavzular bo‘yicha:
– zo‘ravonlik va manyaklik (qotillik uyi, manyak ta’qibi va undan qochish);
– arvohlar va mistik obrazlar (yalmog‘iz kampir, ruhlar, qonli qasr);
– ilmiy-fantastik (robotlar, o‘zga sayyoradan kelganlar, vaqt mashinasi);
– tarixiy va milliy mavzular (qadimgi piramidalar, Samarqand tarixi bilan bog‘langan voqeliklar) qizig‘i, Samarqand shahridagi tarixiy obidalar ichida turli qonli syujyetli o‘yinlar tashkil etiladi;
– mafkuraviy va maishiy (gunoh va jazolash, adolat va zulm);
– yoshlar va bolalarga mo‘ljallangan (superqahramonlar, multfilm qahramonlari) va h.k.
Janrlar bo‘yicha:
– Xorror (qo‘rqinch janri) kuchli qo‘rquv muhiti yaratadi;
– Detektiv / triller;
– Bolalar kvesti, performans, interaktiv;
– Fantastika va fentezi;
– Ekzorsizm;
– Mantiqiy;
– Komediya va yumor;
– Sayohat janri va x.k. Bu janrlar aktyorlar bilan (performans) turli darajadagi jonli aloqa qilish mumkin bo‘lgan: yengil (“layt”)dan og‘ir (“xard”)gacha taklif qilinadi.
Bugun ayrim “ko‘ngilochar” uylarda taklif etilayotgan xizmatlar ichida ekzorsizm janri alohida e’tiborga loyiq. Ekzorsizm — aslida diniy marosim bo‘lib, u “jin, yovuz ruhlar” yoki shaytoniy qora kuchlarni insondan yoki muayyan joydan quvib chiqarishga qaratilgan. Bu biznes rivojlanishida iqtisodiy manfaat yotibdi. Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha tashkil etadigan o‘yinda jamoaviy o‘yinda eng kamida 4 dan 6 nafargacha odam o‘yinga kiradi. Ammo bu faqat iqtisodiy manfaat xolos. Psixologlarning ta’kidlashicha, bolaning 10 daqiqa qo‘rquvda o‘tirishi yurak urishi (taxikardiya), nafas olishini (giperpneya) tezlashtirishi, terlash, qon bosimi oshishi, mushaklar taranglashishi, qo‘llar va oyoqlarda muzlab qolish hissini tuyishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ich ketishi (vegetativ reaksiyalar) kabi jismoniy o‘zgarishlarga, shuningdek, qo‘rquv, xavotir, harakatsizlik (fight, flight, freeze reaksiyasi), yosh bolalarda yig‘lash, ota-onaga yopishish, uzoq muddatli ta’sirlar – agar qo‘rqinchli voqea juda kuchli bo‘lsa (travmatik holat) psixik kasalliklar PsR (posttravmatik stress buzilishi), qo‘rqinchli voqeani qayta-qayta xotirlash, tushkun kayfiyat, uyqusizlik, tush ko‘rish, doimiy xavotir va asabiylik, trevoga buzilishlari (anhiya), ma’lum bir voqea yoki hodisaga kechikib reaksiya qilish, jamiyatdan uzilish, bosqinchilikning qayta takrorlanishidan qo‘rqish, depressiya, xavotir, kayfiyatdagi tushkunlik, va nihoyat, ijtimoiy izolyatsiya… Immunitet tizimining zaiflashishi, oshqozon-ichak muammolari (gazlar, gastrit), gormonal disbalans (kortizol miqdori ko‘payishi) kabi ruhiy xastaliklar va ular oqibatida vujudga keladigan fiziologik o‘zgarishlarga sabab bo‘lar ekan.
Tasavvur qiling: farzandingiz qo‘rqinchli tasvirlar, dahshatga soluvchi ovozlar hamda “alvasti va shaytonlar, qo‘rqinchli ruhlar ta’qibi” bilan yuzma-yuz qoladi. Iztirob, ruhiy zilzila… Uning ma’naviy olamida ro‘y bergan o‘zgarishlarni oq qog‘ozga chizing va suratga boqing…
(psixolog tomonidan taqdim etilgan va bola tomonidan chizilgan surat)
Bola bu jarayondan so‘ng tunda tinch uxlay olmaydi. Qo‘rqinchli tushlaridan xalos bo‘lolmaydi. Qalbidagi jarohatlar: qo‘rquv, mavhumlik, xavotirlar va tasavvurlar xavflari ostida hayot kechira boshlaydi.
Janr nuqtai nazaridan detektiv yoki trillerlarsiz, qo‘rqinchli sahnalarsiz ham kvest uylarini tashkil etish mumkin. Biroq ko‘p hollarda syujyetiga kuchli ta’sir ko‘rsatish va ishtirokchilarda hayajon uyg‘otish maqsadida saspens (ko‘tarinki hayajon, kutilmagan burilishlar) va ayrim qo‘rqinchli elementlar qo‘shilishi turgan gap. Masalan, detektiv kvestlarda ko‘proq jinoyat sirlari, qotillik izlari, qorong‘i xonalar, sirli buyumlar orqali keskin muhit yaratiladi.
Triller kvestlarda esa kutilmagan tovushlar, qorong‘ilik, qo‘rqinchli personajlar yoki jonli aktyorlarning to‘satdan paydo bo‘lishi ishtirokchilarda kuchli hayajon va qo‘rquv uyg‘otadi. Shuning uchun aytish mumkinki, detektiv va triller kvestlarida qo‘rqinchli sahnalar mavjud bo‘lishi mumkin, biroq ularning darajasi o‘yin tashkilotchisi va tanlangan syujyetga bevosita bog‘liq.
Albatta, kvest uylarida faqat detektiv yoki triller janrlari emas, balki boshqa turdagi ssenariylar ham uchraydi. Masalan, sayohat mavzusidagi kvestlar yoki turli xil multfilm epizodlari asosida tuzilgan o‘yinlar mavjud. Biroq shunga e’tibor qaratish lozimki, bu sahnalarning ko‘pchiligi asosan G‘arb animatsion filmlari qahramonlari bilan bog‘liq.
Ularda milliylik, xalqimizga xos ma’naviy-tarbiyaviy elementlar yoki milliy qahramonlarning obrazlari deyarli uchramaydi. Aksincha, qimorbozlik, turli ma’naviy buzg‘unchilikka olib keladigan yutuqli o‘yinlar targ‘iboti kabi “mayda detal”lar bilan boyitilgani yoshlarda qiziqish uyg‘otadi, ularning madaniy dunyoqarashi va ma’naviy tarbiyasiga milliy qadriyatlar asosida ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini cheklaydi. Bu esa kvest uylari ssenariylarini milliy qahramonlar, tarixiy obrazlar yoki xalq ijodiyotidan olingan motivlarni targ‘ib qilish yuzasidan o‘rganish muhimligini ko‘rsatadi.
Keling, Toshkent shahridagi kvest uylarining birida bolalar uchun taqdim qilinayotgan interaktiv janridagi “o‘yin” tavsifiga e’tibor qaratamiz.
O‘yin mavzusi: do‘stlaring bilan birga ushbu shahar qanday tarixni o‘zida saqlayotganini bilishga harakat qil. Bu yerda Mallinslar oilasi yashagan, ularning kichik qizalog‘i mashina g‘ildiragi ostida qolib halok bo‘lgan… Ota-ona uchun farzandini yo‘qotishdan keyingi kunlar toqatsiz o‘tdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Annabellaning ota-onasi uyda turli ovozlarni eshita boshladi: qadam tovushlari, qizi uxlashdan oldin eshitadigan sevimli musiqa xirgoyisi… Ular anglashdiki – bu qizining ruhi. Ota “ruh”ga o‘z qizi qiyofasida tayyorlagan qo‘g‘irchoqqa kirishi uchun ruxsat bersa, qizini yana bir marotaba tirik va sog‘-salomat holda ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishadi. Biroq Mallinslar qo‘g‘irchoqqa kirishga ruxsat bergan ruh qizining ruhi emas, balki dahshatli yovuz kuchga ega ruh bo‘lib chiqadi. Endi orqaga yo‘l yo‘q…
Xo‘sh, siz bu o‘yinda ishtirok etgan bolalarning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni tasavvur qila olasizmi?
Markaz tomonidan Toshkent shahridagi kvest uylarining ijtimoiy tarmoqlar, ya’ni Instagramʼdagi holati tahliliy o‘rganildi.
Kvest uylari Instagram-kanali a’zolari eng kami 4 mingdan boshlanadi. Ularga bolalarni jalb etish bo‘yicha “tug‘ilgan kunga 10 foiz chegirma” kabi hamyonbop va o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan manzillar bo‘yicha poytaxt ko‘chalari misolida (suratdagi kabi beshariq ko‘chasidagi “morg”) lokatsiya ko‘rsatilgan “qiziqtiruvchi” targ‘ibot yo‘lga qo‘yilgan. Xorij fuqarolariga ham alohida skidkalar asosida o‘yinlar tashkil etiladi. Ayrim xorijlik yoshlarning Toshkent kvest uylari “arzonligi” haqidagi iliq fikrlarini uyg‘otish mumkin tarmoqlarda. Shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlarning ham auditoriyalarni kengaytirish va katta auditoriyalarni birlashtirish haqidagi kommentlarini o‘qish mumkin.
Afsuski, o‘z farzandlarining tug‘ilgan kunlarini qo‘rqinchli o‘yinlar (“farzandlarining his-tuyg‘ulari boshqarilishi” evaziga) iskanjasida o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydigan ota-onalar ham topilmoqda. Ruhlar va yovuz kuchlarning talvasasini “adrenalin” deb qabul qilayotganlar ins-jinslarning virtuallashgan olamida bo‘sh vaqtlarini o‘tkazayotganlaridan yo bexabarlar yoki allaqachon “tiriklar” olamidan ko‘ra ”o‘liklar” olamini xush ko‘ra boshlaganlar. Har ikki holatda ham qo‘rquv asosiga qurilgan mavzularda kvest o‘yinlari o‘z tahdidlarini yo‘qotmaydi.
Ma’lumot uchun kvest uylarining “qanot yozishi” bo‘yicha Rossiya davlati tadqiqotidan raqamlar keltiramiz. 2023 yilda Rossiyada 12-17 yoshgacha bo‘lgan 600 nafar o‘smirlar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra kvest uylariga
• 37% yoshlar – kamida bir marta borgan.
• 18% yoshlar – har oyda bir marta tashrif buyuradi.
• 52% yoshlar – qo‘rqinchli tush va uyqusizlikka duch kelgan.
• 11% yoshlarda – real hayotda ham qo‘rqish hissi kuchaygan.
Mavjud holat yurtimizda qanday ekanini aniqlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi olimlari maktab va oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy so‘rov o‘tkazmoqda. Tadqiqot natijalari yaqin vaqtda alohida maqola sifatida e’lon qilinadi.
Ilmiy tahlillar shunday ma’lumotlarni taqdim qilmoqda.
Qo‘rqinchli syujyetlar o‘smirlarda xavotir va stress gormonlari ortishiga sabab bo‘ladi. Ma’naviy-ma’rifiy jihatdan zo‘ravonlik va manyaklik obrazlari o‘smirlar ongida normallashishi mumkin. Ayniqsa, ijtimoiylashuv jarayonida salbiy his-tuyg‘ular orqali bog‘lanish tendensiyasi kuchayishiga olib keladi.
Ko‘rinib turganidek, bu real xavf-xatar va ilmiy jihatdan chuqur tahlil hamda xulosalarga muhtoj. Shuningdek, mazkur jarayonni sog‘lomlashtirish bo‘yicha qator amaliy ishlarni ham amalga oshirishimiz zarur. Izlanishlarimiz va amaliy tahlillarimiz natijasiga ko‘ra, xulosalarimiz shuki, kvest uylari, ayniqsa horror va ekzorsizm janrlari yoshlar ma’naviy olamiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ushbu holat jamiyatimizda milliy tarbiya, ma’naviy xavfsizlik va yoshlar ongida sog‘lom qadriyatlarni mustahkamlash masalasi dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Uchinchi Renessansni qo‘rquv bilan boshqariluvchi avlod emas, ajdodlariga munosib jasur va ilmli yoshlar qurishini inobatga olsak, kvest uylaridagi g‘arbcha yashash tarzi va mafkuraviy tahdidlar targ‘ibotini jiddiy, sotsiologik tadqiqotlar asosida jiddiy o‘rganish joizligini ko‘rsatadi.
“G‘arb mafkurasining amaliy elementi sifatida jamiyatimizga kirib kelgan mazkur kvest uylari tashqi ko‘rinishda oddiy “ko‘ngilochar” kabi namoyon bo‘lsa-da, mazmun-mohiyati jihatdan zo‘ravonlik, qo‘rquv uyg‘otish va ins-jins olamini normallashtirishni osongina targ‘ib qilmoqda. Bu esa yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan dasturlarni parchalashga, aylanib o‘tishga xizmat qilyapti. Shu bois bu jarayonga soha vakillari kabi shunchaki biznes sifatida qaramasdan, uning yoshlarda qo‘rquv, xavotir, stress, hatto agressiv xulq-atvor, uzoq muddatli ijtimoiy munosabatlarda noinsoflik, qo‘pollik va ma’naviy bo‘shliq kuchayishiga olib kelayotgan ta’sirini inobatga olgan holda tartibga solish zarur.
Quyida biz kvest uylarining ta’sirchanligi va yoshlar hayotiga oson kirib borib, ularni ergashtira olish xususiyatidan ijobiy foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiya va takliflarimizni taqdim etamiz.”
1. Yoshlar salomatligi va ma’naviy xavfsizligi nuqtai nazaridan:
18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “horror” va “ekzorsizm” janridagi kvest uylariga kirish qat’iy cheklanishi zarur.
Bolalar va o‘smirlar ishtirok etadigan kvestlar faqat ma’rifiy, ijobiy va milliy tarbiyaga xizmat qiladigan ssenariylar asosida tashkil etilishi kerak.
1. Oila va ta’lim muassasalari uchun:
Ota-onalar farzandlarining vaqtni qayerda va qanday o‘tkazayotganini kuzatib borishi shart.
Maktab va kollej pedagoglari, ayniqsa maktab psixologlari bolalardagi qo‘rquv, uyqusizlik, xavotir, agressiya kabi belgilarni erta aniqlab, psixologik yordam ko‘rsatishi lozim.
1. Jamiyat va davlat darajasida:
Ma’naviy tarbiyaga xizmat qilmaydigan, yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi ko‘ngilochar xizmatlar ustidan nazorat kuchaytirilishi zarur.
Milliy va ma’rifiy yo‘nalishdagi kvest ssenariylarini ishlab chiqishga mahalliy prodyuserlar, ijodkorlar va pedagoglar jalb qilinishi kerak.
Jahon tajribasidan kelib chiqib bunday xizmatlar uchun davlat litsenziyasi va sertifikatlashtirish tizimi joriy etilishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek, bolalar uchun qo‘rqinchli emas, balki ma’rifiy va tarbiyaviy qimmatga ega kvest ssenariylarini ishlab chiqishni taklif qilamiz.
1. Ilmiy tadqiqot va ta’lim sohasi uchun:
Mazkur jarayonni ilmiy tadqiqot obekti sifatida ko‘rib chiqish lozim. Bu borada ma’naviy tahdidlar, mafkuraviy ta’sir, yoshlar ruhiyati va ijtimoiy ongga ta’sirini o‘rganuvchi fundamental tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilishi zarur.
Ilmiy izlanishlar g‘oya va mafkura, sotsiologiya, psixologiya va pedagogika yo‘nalishlaridagi tadqiqot muassasalari olimlari hamkorligida olib borilishi maqsadga muvofiq.
Kvest uylari tashkilotchilari uchun yosh toifalariga mos psixologik tavsiyalar ishlab chiqish, 18 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar uchun me’yoriy cheklovlarni joriy etish.
Bu mavzu bo‘yicha bakalavriat va magistratura talabalari uchun bitiruv malakaviy ishlari (BMI) va magistrlik dissertatsiyalari (MD) mavzusi sifatida taklif etilishi kerak. Bu orqali ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonida ham sohaning atroflicha tadqiq etilishi ta’minlanadi.
Jahon tajribasi: Yevropa mamlakatlarida “horror” janridagi kvestlar faqat kattalar uchun cheklangan, Yaponiya va Koreyada esa maxsus litsenziya asosida ishlaydi. Bu esa yoshlar salomatligi va ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda davlatning qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Maqolada keltirilgan kvest uylaridagi “qahramon”lar suratlari Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan kvest uylarining internetdagi reklama saytlaridan olingan.
Suxrob Xidirov,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi bo‘limi boshlig‘i
Jamiyat
Prezident O‘zbekiston madaniyatini jahonda targ‘ib qilish rejalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’atni rivojlantirish hamda milliy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning noyob arxeologik va amaliy san’at namunalari jahonning yetakchi muzeylarida namoyish etiladi, «Tamerlano» operasi 2027 yilda Nyu-Yorkdagi Karnegi-xoll sahnasida qo‘yiladi, shuningdek, mamlakatda yirik xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etishning yangi tizimi joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan loyiha va tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab nufuzli xorijiy muzey va ko‘rgazma maydonlarida O‘zbekistonning arxeologik va ilmiy merosi, shuningdek, amaliy san’at asarlarini namoyish etish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2026 yil sentabr oyida Dohadagi Islom san’ati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” ko‘rgazmasini, noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida O‘zbekistonning noyob eksponatlari ishtirokida “Global Antiquity” xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027 yilda Venetsiyadagi Palatsso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ziyod arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palatsso Realeda oltin kashtachilik, so‘zana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy san’at asarlaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etiladi.
Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, shuningdek, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardagi yetakchi madaniy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon qilindi.
Madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Knyaz Nikolay Romanov saroyida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi filialini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunda majmuaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinib, 300 ga yaqin eksponatdan iborat doimiy ekspozitsiya shakllantiriladi.
Muxtor Ashrafiy uy-muzeyida binoning fasadi va tarixiy intererlari restavratsiya qilinib, ekspozitsiya yangilanmoqda. Muzey zamonaviy muhandislik tizimlari, xavfsizlik va iqlim nazorati vositalari, multimedia uskunalari, shuningdek, ovoz yozish studiyasi bilan jihozlanadi.
Taqdimotda “Tamerlano” operasini jahonning nufuzli sahnalarida namoyish etish natijalari va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi “Muzikferayn”, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi. Stefano Poda sahnalashtirgan operada Georg Fridrix Gendel musiqasi Kirill Rixter talqinida, o‘zbek milliy cholg‘u asboblaridan foydalanilgan holda ijro etildi. Loyihada O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, xor, xalq cholg‘ulari orkestri va taniqli solistlar ishtirok etdi.
2027 yil mart oyida “Tamerlano” operasini Nyu-Yorkdagi mashhur “Karnegi-xoll” konsert zali sahnasida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu o‘zbek opera san’ati va milliy ijrochilik maktabining yuksak salohiyatini xorijiy auditoriyaga keng namoyish etish imkonini beradi.
Yirik konsertlar, festivallar, tanlov va ko‘rgazmalarni tashkil etishning yagona tizimini shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” davlat muassasasi negizida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi.
Milliy operator yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish va ularni xorijda targ‘ib qilish, taniqli ijrochilar ishtirokidagi konsertlarga buyurtmachi sifatida ish olib borish, shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Joriy yil 8 iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida mashhur xonanda Jon Lejyendning konserti o‘tkazildi. Avgust oyida Pekindagi Buyuk Xitoy devorida, sentabr oyida esa Registon maydonida taniqli pianinochi Lang Langning konsertini o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktabr oyida Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bastakor Maks Rixterning konserti bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda Venetsiya va Milan shaharlarida o‘tkazilayotgan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda O‘zbekistonning ishtiroki natijalari ham taqdim etildi.
Venetsiyadagi 61-xalqaro san’at biyennalesida O‘zbekiston “The Aural Sea” loyihasi bilan milliy pavilonda ishtirok etmoqda. Loyiha Orol dengizi va Qoraqalpog‘iston mavzusini xotira, afsona va hikoyalar orqali ochib beradi. Pavilonga hozirga qadar 60 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. Loyihaga bag‘ishlangan materiallarning umumiy media qamrovi 145 milliondan oshgan.
Biyennale doirasida Palatsso Kavalli-Frankettida o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Axunovning “Instrumens of the Mind” shaxsiy ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda rassomning 1970 yillardan bugungi kunga qadar yaratilgan 200 dan ortiq asari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga 30 dan ziyod mamlakatdan 12 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.
“Milan Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan “O‘rik gullaganda” milliy pavilonida 12 nafar xalqaro dizayner hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan 12 nafar hunarmandning hamkorlikdagi ishlari namoyish qilindi. O‘zbekiston paviloni “Fuorisalone Award 2026” mukofoti hakamlar hay’atining maxsus e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uni 18 mingdan ziyod kishi ko‘rdi, loyihaning xalqaro axborot qamrovi 171 millionga yetdi.
Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan tadbir va loyihalari muhokama qilindi.
11-13 sentabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti o‘tkaziladi. Madaniyat, ilm-fan, me’morlik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. 2027 yil yanvar oyida “Aral School” xalqaro dasturining Orol dengizi havzasi iqlimi va landshaftiga bag‘ishlangan yangi mavsumi boshlanadi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri repertuarini yangilash doirasida Jakomo Puchchinining “Turandot” operasi va Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” baletini yangicha talqinda sahnalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirishga yetakchi mahalliy va xorijiy rejissyorlar, dirijyorlar, xoreograflar va sahnalashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.
2027 yilgi Buxoro biyennalesi doirasida madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlar va jamoat makonlarini obodonlashtirish, shuningdek, ko‘rgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Biyennalega 50 dan ziyod xorijiy rassom va dizayner hamda mamlakatimiz kreativ industriyalarining 300 dan ortiq vakili jalb etiladi.
Bundan tashqari, “Milan Design Week” va “Art Basel” tadbirlarida ishtirok etish, “Art for Tomorrow” xalqaro anjumanini o‘tkazish, Qatar muzeylari bilan hunarmandchilik va dizayn sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Buxoroda badiiy rezidensiya va xalqaro zargarlik maktabini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlari sifatini qat’iy nazorat qilish, milliy mazmunni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab uch holatda hokim yordamchilari ushlandi
Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilarining imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlik holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “U.T.” va “Q.A.” MChJlarning mas’ul shaxslari, “Qayirma” MFY hokim yordamchisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish maqsadida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan amalda bajarilmagan ishlarni hujjatlarda bajarildi deb ko‘rsatib, 442,3 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Toshkent” MFY sobiq hokim yordamchisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, mazkur MFYda yashovchi 8 nafar fuqaroga ajratilgan 248 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “L.A.” MChJ rahbari A.K. va “Forobiy” MFY sobiq hokim yordamchisi o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga ajratilgan 163 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Har bir rahbar bittadan mahallaga mas’ul bo‘ladi
O‘zbekistonda mustaqillikning 35 yilligi arafasida «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» o‘tkaziladi. Uning doirasida har bir viloyat va tuman rahbariga bittadan mahalla biriktirilib, obodonlashtirish va ozodalik ishlarini tashkil etish vazifasi yuklanadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2026 yil mamlakatda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilingan. Shu bois barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi, avvalo, mahallalarda va aholi turmushida o‘z aksini topishi zarur.
Qayd etilishicha, xalqimiz azaldan kunni obodonchilikdan boshlagan, ozodalik va saranjomlik esa fayz-u barakaning asosi hisoblanadi.
Joriy yil vatan mustaqilligining 35 yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan ezgu g‘oya ostida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan bayramni mahallalarda yuqori kayfiyat va munosib muhitda o‘tkazish maqsadida «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari hamda viloyat darajasidagi tashkilotlar rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani bir oy davomida nazoratga olib, ozodalik va obodonlashtirish ishlarini tashkil etadi.
Shuningdek, mahallalarda obodonchilik ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida bosh vazir rahbarligida respublika shtabi tuziladi. Hududiy shtablarga esa hokimlar rahbarlik qiladi.
Yig‘ilishda bu tashabbus faqat bir oylik aksiya sifatida emas, balki yil davomida izchil amalga oshiriladigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Jamiyat
Nyu Yorkda o‘zbek tadbirkori o‘lim tahdidiga uchramoqda
Nyu Yorkda Kun.uz bilan gaplashgan tadbirkor Parviz Muhammadqulovga ko‘ra, AQSh kongressi a’zosi Den Goldman bilan uning qahvaxonasida sodir bo‘lgan voqea o‘lim tahdidiga ulandi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor qahva haqini olmasligini aytib, kongressmenga pulini qaytarib jo‘natgan. Sababi – yahudiy siyosatchining harakatlari Parviz va uning jamoasi, ayniqsa elektoratiga ma’qul emas. Biroq pulning qaytgani xabarini olgan Goldman tadbirkorni antisemitizmda ayblagan. Bugun Parvizga 100 dan ortiq ochiq xatlar kelib, uni o‘ldirishlari yozilgan.
Iyun oyining oxirida AQSh kongressi a’zosi, nyu yorklik siyosatchi Den Goldman qizi bilan o‘zbekistonlik tadbirkor Parviz Muhammadqulovga tegishli Poetica Coffee qahvaxonasiga keladi. Xaridni amalga oshirib, chiqib ketadi. Lekin qahvaxona ishchisi uning kelgani haqida Parvizga xabar berib, kongressmen qoldirgan choychaqani olmasligini aytadi. Tadbirkor qahva haqini ham qo‘shib jo‘natishlarini hamda qaytib qahvaxonaga kelmasligini ilova qilishlarini so‘raydi.
Shunda Goldman olgan qahva haqi hamda choychaqa o‘ziga qaytariladi. Xabarni ko‘rgan siyosatchi esa tadbirkorni antisemitizm, odam ajratishda ayblaydi. Nyu Yorkda Kun.uz bilan gaplashgan Muhammadqulovga ko‘ra, Goldman voqeani haddan ziyod bo‘rttirgan va o‘zining yaqinlashayotgan saylovi oldidan piariga aylantirgan. Rostdan ham qator AQSh ommaviy axborot vositalari voqea yuzasidan materiallar tayyorlagan, ularda siyosatchi chiqib qahvaxonani antisemitizmda ayblagan.
“Xizmat ko‘rsatilgan, aslida kim yoki qaysi dinda bo‘lishining umuman ahamiyati yo‘q. Biz o‘z kongressmenimizning ishlaridan norozimiz, chunki u aynan men yashaydigan 10-tumandan saylangan vakil. Biz unga pochtadan yozamiz, xat jo‘natamiz, murojaat qilamiz, aslo javob qaytarmaydi. Biz soliq to‘lovchilarmiz, Goldman bizning fikrimizni inobatga olmasdan, Isroilga yordam berishni ma’qullab, ovoz beradi. Bu bizning, qo‘shnilarimning, tumandoshlarimning pozitsiyasi emas-ku. Men ham unday insonlarga xizmat ko‘rsatishni istamayman”, – deydi o‘zbek tadbirkori.
Ma’lum bo‘lishicha, Goldman televizordagi chiqishlari bilan cheklanmagan. Qahvaxona oldida namoyishlar o‘tkazilgan. Bu uyushtirilgan namoyish edi fikrimcha, deydi Parviz.
“Biz 18 tacha odamni sanadik, ularning katta ehtimol bilan ishlari shu. Chunki e’tibor bersak, aynan shu odamlar boshqa joylarda ham namoyishlarda yurishibdi. Hattoki, kelgan politsiyachilar soni namoyishchilardan ko‘p edi. Men umuman namoyishlarga qarshi emasman, bu insonning birlamchi huquqlaridan, qilaverishsin. Lekin yoritgani kelgan media bir tomonlama yoritdi, ichkarida bizning tarafda bo‘lgan yahudiylarni ko‘rsatmadi”, deya qo‘shimcha qiladi Muhammadqulov.
Tadbirkorga ko‘ra, oradan vaqt o‘tgach, unga xatlar kela boshlagan. Bugungacha kamida 100 ga yaqin xatlar, pochta orqali xabarlar, anonim xabarlar olgan. Ularda musulmonlarga o‘lim, tadbirkorni o‘ldirish yoki mashinasini portlatish va boshqa tahdidlar yozilgan edi. Parviz ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Instagramʼdagi sahifasini o‘chirishga qaror qiladi. Oilam va o‘g‘lim bilan rasmlarim bor edi, shuning uchun o‘chirishga majbur bo‘ldim, deydi u.
Tadbirkor allaqachon AQSh huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, politsiya va kerakli departamentlar ish olib bormoqda. Hozirgacha bir kishi hibsga olingan. Har kuni politsiya nimalar qilayotgani haqida menga xabarlar yo‘llaydi, telefon qiladi, deydi Muhammadqulov.
Suhbat davomida o‘zbek tadbirkori AQShdagi bugungi hayot, hozirgi ma’muriyatning siyosati, O‘zbekiston haqida fikrlari bilan ham bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, tadbirkor Muhammadqulov bundan 20 yil avval, ya’ni 2006 yilda Green card orqali AQShga ko‘chib o‘tgan. Shu yil 20 yil muddatda esa faqat bir martagina vataniga borib-qaytgan. O‘zbekiston o‘zgardi, ko‘p yaxshi ishlar qilindi deyishadi, yaqinda borib o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, deydi u.
Nyu York, AQShdan Kun.uz uchun maxus tayyorlandi.
Jamiyat
Qalbaki dorilar tayyorlangan yashirin sex fosh bo‘ldi
G‘ijduvon va Nukus tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yashirin dori sexi va noqonuniy omborxona fosh etildi. Tadbirlar natijasida o‘n minglab qalbaki, sertifikatsiz hamda davlat reyestrida qayd etilmagan dori vositalari, shuningdek, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan yorliq va boshqa vositalar musodara qilinib, qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda G‘ijduvon tumanida yashovchi tadbirkorga tegishli dorixona, xonadon va avtotransport vositasi ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida tadbirkor o‘z uyida yashirin sex tashkil qilib, dori vositalariga tegishli yorliq va yo‘riqnomalarni o‘zgartirish orqali qalbaki mahsulotlar tayyorlab kelgani aniqlandi. Tezkor tadbirda 111 turdagi jami 25 716 dona dori vositalari, bo‘sh quti va yorliqlar, yo‘riqnomalar hamda boshqa vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan dorilarning 30 turi davlat reyestrida qayd etilmagan, yana 50 turi uchun esa muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan.
G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari davlat reyestrida qayd etilmagan va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 16 dona «Oktagam» dori vositasini xaridorga 5 600 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, unga tegishli dorixonadan sifat sertifikati mavjud bo‘lmagan 109 turdagi jami 32 094 dona dori vositalari hujjatlashtirib olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham shunga o‘xshash qonunbuzilish holati aniqlandi. DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Nukus tumanida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z xonadonida noqonuniy omborxona tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu manzildan 65 turdagi jami 12 958 dona dori vositalari hamda ularni qadoqlashda foydalaniladigan 2 410 dona shtrix-kod va etiketkalar ashyoviy dalil sifatida olindi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari belgilangan saqlash talablariga rioya etilmagan holda saqlangan bo‘lib, ularning 16 turining yaroqlilik muddati ham tugagan.
Hozirda ushbu uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Sport5 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat5 days agoEnergetika tizimidagi ayrim rahbarlar ishdan olindi
-
Dunyodan3 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Dunyodan4 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Iqtisodiyot3 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Iqtisodiyot2 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
