Jamiyat
“O‘lib qolaman deb o‘yladim” – Toshkentda IIB xodimlari fuqaroni qiynab, bo‘yniga jinoyat ilmoqchi bo‘lishdi
Gumondorlarga jismoniy qiynoq qo‘llagan Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. “Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohat yetkazdi”, degan sudda jabrlanuvchi.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Toshkent shahri Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan Farhod Qorayev Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili, 1986 yilda tug‘ilgan Bahrom Shonazarov va 1991 yilda tug‘ilgan Karimjon Mirzaboyev esa PPX inspektori lavozimida ishlagan.
Jinoyat tafsilotiga ko‘ra, Zangiota tumanidagi manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan Mirhoshim Kutepetdinov ko‘p miqdorda giyohvand modda sotish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan. U 2024 yil avgust oyi boshlarida inspektor Bahrom Shonazarovga Yangihayot tumani, Katta xalqa yo‘li ko‘chasida joylashgan “Minerva City” turar joy majmuasining qurilishi tugallanmagan binosi ro‘parasiga ko‘p miqdordagi giyohvand modda yashirib ketilishini, uni qora rangli Spark mashinasida borgan shaxslar olib ketishini aytadi. Mirhoshim Kutepetdinov Bahrom Shonazarovdan ushbu narkotik moddalarni uning tanishlari xavfsiz olib ketishini ta’minlashni so‘ragan va o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishda yordam berishga rozi qilgan.
2024 yil 4 avgustga o‘tar kechasi Bahrom Shonazarov PPX inspektori Karimjon Mirzaboyev bilan birga o‘zlariga biriktirilgan hududdan tashqariga chiqib, giyohvand modda yashirilgan manzil atrofini xizmat mashinasida aylanib yurishgan. Biroq katta miqdordagi giyohvand modda yashirilganidan Karimjon Mirzaboyev bexabar bo‘lgan.
Inspektorlar soat 2:00 larda giyohvand modda yashirilgan joy yaqinida turgan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunovni ko‘rib qolishgan. So‘ngra ularning oldiga borib, nima maqsadda bu yerda yurganliklari haqida so‘rashgan. Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning telefonini ko‘zdan kechirib, 5 gramm sintetik giyohvand vositasi yashirilgan joy fotosurati va geolokatsiyasini ko‘rgan hamda “zakladka” uchun kelganini aniqlagan. Ammo inspektor noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilishini o‘zi ta’minlanishi lozim bo‘lgan va o‘sha atrofda yashirilgan giyohvand modda Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga tegishli deb o‘ylagan.
Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning qo‘lidan tortib, o‘ziga oldindan ma’lum bo‘lgan joyga yashirib qo‘yilgan giyohvand modda turgan joyga olib borgan. So‘ngra go‘yoki o‘zini ushbu joydagi giyohvand moddani topib olganday ko‘rsatib, ashyoviy dalillarni xolislar ishtirokisiz, o‘z qo‘llari bilan olgan holda mashinasi yukxonasi ustiga qo‘ygan. Inspektorlar Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga topilgan giyohvand moddalar ularga tegishli ekanini aytib, hodisa joyiga Yangihayot tumani IIO FMB JTSB PPX inspektorlari va Yangihayot tumani IIO FMB JQBning tegishli xodimlarini chaqirishgan.
Voqea joyiga Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili Farhod Qorayev ham yetib borgan. U inspektorlar tomonidan gashish, marixuana, tropikamid giyohvand vositalarini o‘tkazishda gumonlanib ushlangan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunov haqida tuman IIO FMB navbatchilik qismi hamda yuqori turuvchi rahbariyatiga axborot bermasdan, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqqan holda surishtiruv harakatlarini olib borishga kirishgan.
Tezkor vakil Mehrob Ashurov, Shomuhammad Shotursunov va ularning ortidan kelgan 3 kishini (biri ayol) amalda himoya huquqi bilan ta’minlamasdan, qo‘llariga kishan taqtirgan. Keyin hodisa joyida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, urib-tepgan.
Farhod Qorayev gumondorlar Yangihayot tuman IIO FMBga keltirilgandan so‘ng hodisa joyida aniqlangan hamda Mehrob Ashurovga tegishli bo‘lmagan 953,84 gramm gashishning unga va sheriklariga tegishli ekanini bo‘yniga olishga majburlagan. Buning uchun u Mehrob Ashurovni videokuzatuv kamerasi o‘rnatilmagan raqamsiz yordamchi xonaga olib kirib, kishan taqilgan qo‘llarini tepaga ko‘tartirgan holda xona devoriga tirab qo‘ygan hamda boshiga polietilen paket kiydirgan. So‘ngra paket ustidan skotch o‘rab, Mehrob Ashurovning hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan. Shuningdek, tezkor vakil gumondorni do‘pposlab, elektroshoker moslamasini ham qo‘llagan va qiynoqqa solgan. Jismoniy qiynoqlarga chidamagan Mehrob Ashurov jinoyatni sodir etganligiga iqrorligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozib bergan.
Bundan tashqari, Farhod Qorayev iqrorlik ko‘rsatmalari olish maqsadida A.Islomovni ham qiynoqqa solgan. U A.Islomovning qo‘lini skotch bilan o‘rab, boshiga bir nechta polietilen paketlarni kiydirgan, so‘ngra paketlarni bo‘yin qismidan siqib olgan. A.Islomov tezkor vakilga “Men yegan somsamga pul to‘layman! O‘ligim chiqsa chiqsin shu yerdan, sizlar xohlayotgan narsani tan olmayman”, degan. Bundan jahli chiqqan Farhod Qorayev uning ko‘krak va qorin qismiga zarbalar bergan. A.Islomov og‘riqlardan yerga bukilib, yarim o‘tirgan holatga kelib qolgan.
Farhod Qorayev Sh.Shotursunov va I.Sobirovni ham o‘sha xonaga olib kirib, qiynoqqa solgan. Jumladan, u “zajigalka”ni yoqqan holda I.Sobirovning jinsiy a’zosiga yaqinlashtirib, jinoyatni bo‘yniga olishini aytgan. Bundan qo‘rqib ketgan I.Sobirov ular xohlagan narsani yozib berishga rozilik bildirgan.
PPX inspektori Bahrom Shonazarov qalbaki 17 900 AQSh dollarini sotmoqchi bo‘lgan guruhga aloqadorligi ham aniqlangan. Ushbu guruh a’zolari tezkor tadbirda ushlangan.
Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov va Karimjon Mirzaboyev sudda aybiga qisma iqrorlik bildirgan. Farhod Qorayev fuqarolarga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llamaganini, ular o‘z ixtiyorlari bilan tushuntirish xati yozib berishganini aytgan.
Jabrlanuvchi Mehrob Ashurov esa Farhod Qorayev unga jismoniy azob berganini ta’kidlagan.
“Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohati yetkazdi. Paket burnimga yopishib, nafasim qaytib keta boshladi. So‘ng Farhod Qorayev boshimdagi paketni burnimgacha ko‘tarib, hodisa joyidan topilgan giyohvand vositalari kimga tegishli ekani haqida so‘radi. Menga tegishli emasligini, men faqatgina 5 gramm “Alfa PVP” giyohvand vositasini olib ketish uchun tanishim bilan u yerga borganimni aytdim. Shunda Farhod Qorayev “Sen bola tushunmading shekili” deb, boshimga takroran paket kiydirdi va meni azoblashni davom ettirdi, ikki tomonlama qovurg‘alarimga kuchli zarbalar berishni boshladi. Nafasim siqilib, o‘lib qolaman deb o‘yladim. Farhod Qorayevning qiynoqlariga bardosh bera olmasdan barchasini bo‘ynimga olaman, faqat qiynamanglar, urmanglar, dedim. Agar shunaqa demasam Farhod Qorayev meni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Jabrlanuvchi Shomuhammad Shotursunov ham ko‘rsatmasida o‘ziga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llanganini, “zajigalka” bilan jinsiy a’zosini kuydirishganini ma’lum qilgan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 16 maydagi hukmi bilan Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov, Karimjon Mirzaboyev Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgan. Farhod Qorayev va Karimjon Mirzaboyevga 5 yil 1 oydan, Bahrom Shonazarovga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, hukm bilan Mirhoshim Kutepetdinov 12 yil 6 oy hamda qalbaki valuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq epizod bo‘yicha 5 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
