Jamiyat
quvgan YPX xodimlari va ta’qibdan qochgan haydovchiga hukm o‘qildi
Xorazmda YPXning 2 nafar xodimi mashinasini boshqargan holda telefondan foydalangan haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi to‘xtamasdan qochishga harakat qilgan. YPX xodimlari esa shaxsiy mashinada uning ortidan quvishgan. Xodimlarning ta’qibidan katta tezlikda qochgan haydovchi xavfli burilishda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, VAZ-2106 bilan to‘qnashgan, undagi 5 kishi halok bo‘lgan. Xodimlar voqea joyidan ketib qolishgan.
Xorazmda 5 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi va YPXning 2 nafar xodimi jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 27 sentabr kuni soat 18:00 larda Shahzod Shamuratov (2005 yilda Xiva tumanida tug‘ilgan) o‘zining Cobalt mashinasini 4R-163 «Bog‘ot-Yangiariq-Xiva» avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqarib borayotib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqqan holda uyali telefonidan foydalangan.
Buni ko‘rgan Xorazm viloyati IIB JXX YHXB saf bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati batalyoni 2-safarbarlik guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori Doniyor Masharipov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatlanib ketgan.
Shunda Doniyor Masharipov va u bilan birga xizmat olib borayotgan Ruslan Matyoqubov Onix rusumli shaxsiy avtomobilda haydovchini quvlashga tushgan. Ularning ta’qibidan qochib borayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, VAZ-2106 mashinasi bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida VAZ-2106 mashinasida bo‘lgan 1954 yilda tug‘ilgan R.K. voqea joyida, 1957 yilda tug‘ilgan Z.V., 2004 yilda tug‘ilgan homilador O.O. 2014 yilda tug‘ilgan I.O. hamda 2020 yilda tug‘ilgan E.Q. shifoxonada vafot etgan. 2009 yilda tug‘ilgan B.O. esa og‘ir tan jarohati olgan. Vafot etganlarning barchasi bir oila vakillari bo‘lishgan.
Holatni ko‘rgan YPX xodimlari Ruslan Matyoqubov va Doniyor Masharipov birinchi yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan qochib ketishgan.
Shahzod Shamuratov sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
«YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan Xiva tumani tomonga qarab harakatlanib qocha boshladim. Shu payti orqamdan qora rangli Onix mashinasi quvib yetib keldi. Unda 2 nafar YPX xodimi o‘tirganini ko‘rdim. Shundan keyin tezlikni oshirib, oldimdagi svetoforning qizil chirog‘ida ham to‘xtamasdan o‘tdim. YPX xodimlari ham svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib, signal chalib, mashinaning old chiroqlarini yoqib-o‘chirgan holda quvib kelishdi. 110-120 km/soat tezlikda harakatlangan bo‘lsam-da, ular meni 50-100 metr masofada yaqin kelib, quvishdi.
Taxminan 2-3 km masofadan keyin xavfli burilishga kelganimda, boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlikda qarama-qarshi tomonga o‘tib ketdim va VAZ-2106 rusumli avtomashina bilan to‘qnashdim», degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Sud hukmi bilan Shahzod Shamuratov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
YPX xodimlari – 1993 yilda tug‘ilgan Ruslan Matyoqubov va 1986 yilda tug‘ilgan Doniyor Masharipov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi «a» bandi, 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) 3-qismi «a» bandi, 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. Jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilangan.
Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 10 iyundagi hamda Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 10 sentabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan.
Ushbu Nizomning 48-bandiga ko‘ra, o‘zining shaxsiy xavfsizligi va harakat qatnashchilari xavfsizligini ta’minlash uchun ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi lozim:
patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar muntazam yoqilgan holatda bo‘lishi;
aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;
saf bo‘lim (bo‘linma) yoki IIB navbatchisiga o‘zining ketayotgan joyi, qayerdaligi va harakatning yo‘nalishi to‘g‘risida ma’lum qilib turishi;
yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari bo‘yicha xabardor qilib borishi;
ta’qib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rishi.
YPX xodimi ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli harakatlar sodir etmasligi lozim.
Jamiyat
“Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir”
Toshkentda Malibu haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani yetmagandek, uning ro‘parasidan – o‘z yo‘nalishida kelayotgan boshqa bir haydovchiga o‘dag‘ayladi.
Toshkent shahar YHXB reportajidan kadrlar
Internetda tarqalgan videoda ikki haydovchi o‘rtasida shunday suhbat kechganini ko‘rish mumkin:
Malibu haydovchisi: [Yo‘limni to‘sib] nimaga erishding?
Boshqa haydovchi: Oliftagarchilik qilishga.
Malibu haydovchisi: Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir!..
Boshqa haydovchi: Yo‘g‘-ye, aqling yetmaydi.
Malibu haydovchisi: “Spokoyno” yetadi! Okalaring ham yordam berolmaydi.
Boshqa haydovchi: Menga Alloh yordam beradi.
Malibu haydovchisi: O‘sha Alloh [huzuri]ga hozir [seni] yetkazib ham qo‘yolaman!
Poytaxt YHXB haydovchini topib, uni jarimaga tortdi. Huquqbuzar kamera qarshisida o‘z qilmishini farzandining kasalligi bilan izohladi:
“[Qarama-qarshi yurganimning] sababi oddiy: oilaviy sharoit. Endi, erkak kishimiz… Mashinada ikki farzandim bor edi, bittasi isitmalayotgan edi. Shunga, tez-tez uyga yetib olib, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun…
Sizlarni ovora qilganim uchun uzr so‘rayman. Ataydan qilingan narsa emas bu”.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, bu vaziyatda bolasining sog‘ligi uchun shoshayotgan haydovchi ko‘chada birov bilan gap talashib o‘tirishga vaqt topgan.
“Mana shunaqa qoidabuzar “avtoterroristlar” ko‘chada kar-kar qiladi-yu, qonun oldida javob berishga kelganda darrov farzandini, oilasini o‘rtaga qo‘shib, o‘zidan muloyim mushuk yasab oladi. Bolasiga shoshayotganmish-de, lekin ko‘chada birovlar bilan xotirjam gap talashib, so‘kishib o‘tirishga vaqti bemalol emish. E, o‘rgildim…
Ko‘chalarni befarosatlardan tozalashga hali ko‘p vaqtimiz va asabimiz ketadi, hammamizga sabr bersin”.
Jamiyat
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
O‘zbekistonda bir qator qurilish kompaniyalari reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar davomida elektron ro‘yxatga kiritilmagan holda uy-joy majmualari reklama qilingani aniqlangan.
Xususan, «Humo Avenue», «Story Dom Siyob», «Aziya Makon City», «Aziza Credo Max», «Shoxsaroy Enter Group» va «Qorasuv Avenue» kompaniyalari tomonidan ushbu qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur kompaniyalar qurilish ob’yektlarini ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib qilgan, ammo ularning loyihalari maxsus elektron ro‘yxatga kiritilmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘ jalb qiluvchi quruvchilar maxsus elektron ro‘yxatga kiritilishi shart. Bu talab PQ-4732-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan bo‘lib, unga amal qilmagan holda reklama berish taqiqlanadi.
Shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, tegishli ruxsatnomalar va hujjatlarsiz mahsulot yoki xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ushbu kompaniyalar qonunbuzar deb topildi. Ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Jamiyat
Toshkentda maktab o‘quvchilariga pulga 3D formatda qo‘rqinchli film namoyish qilindi
Film namoyishini “Xur-makon olami” MChJ tashkillashtirgan. Bu MChJni maktablarga Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyev tavsiya qilgan. Tomoshaga kirgan har bir o‘quvchidan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Eng qizig‘i hokim o‘rinbosari tavsiya qilgan MChJ tugatilgan va davlat reyestrida yo‘q.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi maktablarda o‘quvchilarga qo‘rqinchli film qo‘yib berildi. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi.
Bolalar qo‘rquvdan baqirgan
Kun.uz’ning aniqlashicha, hududdagi maktablardan birida 12 aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni munosabati bilan “planetariy keladi”, deya o‘quvchilardan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Ammo “planetariy” o‘rniga bolalarga 3D formatda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi qo‘rqinchli film namoyish qilingan.
Holat yuzasidan Kun.uz’ga taqdim qilingan videolavhalarda ekranda odam shaklidagi qo‘rqinchli maxluq tasviri namoyish qilingani, bolalar qo‘rquvdan baqirib yuborgani ko‘rinadi.
“Xonto‘rayeva buyruq berdi”
Kun.uz film namoyish qilingan maktablardan birining direktori (iltimosiga binoan tahririyat uning ismini ochiqlamaslikka qaror qildi) bilan suhbatlashdi. Uning ma’lum qilishicha, ushbu tomosha Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaning buyrug‘i bilan bo‘lgan.
“Xur-makon olami” MChJ tomonidan 3D formatda tomosha qilinadigan ko‘chma kinoteatr kelgandi. Biz aralashganimiz yo‘q: o‘zi pulini belgilab, o‘zi yig‘ib ketgan. Xat asosida kelgani uchun maktabga kirishga ruxsat berdim. Yuqori sinf o‘quvchilari hech narsani his qilmabdi. Ammo 1-sinf o‘quvchilarida qo‘rquv bo‘libdi. O‘zimning oldimga ham ota-onalar keldi”, dedi maktab direktori.
Uning qo‘shimcha qilishicha, film tomoshasiga asosan quyi sinf o‘quvchilari kirgan.
“O‘quvchilardan zo‘r ekanmi, deya so‘rasam, zo‘r, faqat qo‘rqdik, deb chiqishdi. Eshitishimcha, bu faqat maktablarda emas, bog‘chalarda ham qo‘yib berilyapti ekan”, dedi u.
“Zamhokim”ning xati
Maktablarda o‘quvchilar puli evaziga qo‘rqinchli filmlar namoyish qilish Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyevning “tavsiya xati” asosida amalga oshirilgan. Ya’ni “zamhokim”ning ushbu xati tashkilotchi MChJga maktablar darvozasini lang ochib bergan.
Oybek Rahmonberdiyevning xati Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaga chiqarilgan. Unda “Xur-makon olami” MChJ tomonidan yangi innovatsion 3D formatdagi 360 gradusda tomosha tashkil etilgani aytiladi.
“Bunday filmlarni tomosha qilish jarayonida bolalar atrof-muhit haqida real voqea asosida tushunchalarga ega bo‘ladilar. Bu esa bolalarning bilim saviyasi va dunyoqarashini shakllantiradi. Yangi innovatsion g‘oyalarga bo‘lgan intilishini oshiradi”, deyilgan hokim o‘rinbosari xatida.
MChJ tugatilgan
Oybek Rahmonberdiyevning Nargiza Xonto‘rayevaga xati 2026 yil 30 mart kuni chiqarilgan. Ammo xatda nomi keltirilgan “Xur-makon olami” MChJ faoliyati allaqachon tugatilib ketgani aniqlandi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, “Xur-makon olami” MChJ 2022 yil 19 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yagona ta’sischisi va rahbari Ravshan G‘ofurov bo‘lgan MChJ ayni paytda faoliyat ko‘rsatmayotgani qayd etilgan.
Kun.uz gaplashgan maktab direktori esa chipta pulini firma vakili olib ketganini, maktab ma’muriyati bu jarayonga aralashmaganini aytdi.
Jamiyat
Hisob palatasining SSVdagi vakili tayinlandi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, Eralijon Muxtorovich Turdiyev Hisob palatasining Sog‘liqni saqlash vazirligidagi vakili sifatida bosh inspektor lavozimiga o‘tkazildi.
Eralijon Turdiyev 2012 yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat va 2014 yilda magistratura bosqichini tamomlagan, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega.
Mehnat faoliyati davomida Moliya vazirligi G‘aznachiligining amaliyot boshqarmasida turli mas’ul vazifalarda ishlagan.
Turdiyev tayinlovga qadar Hisob palatasining O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishda ijro intizomiga rioya etilishini nazorat qilish shu’basi yetakchi inspektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
«Uning zimmasiga birinchi navbatda budjet qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish va ularning profilaktikasi, mablag‘lardan foydalanishda xavflarni baholash va samaradorlikni tahlil qilish, davlat xaridlari jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xatarlarni o‘rganish kabi qator vazifalar yuklatildi», – deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Jamiyat
Yangiyo‘lda bank mutaxassislari giyohvandlik moddalari bilan qo‘lga tushdi
Toshkent viloyatida xorijdan olib kelingan sintetik narkotik moddalar olindi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam sudlangan, hozirda probatsiya hisobida turgan shaxs va uning 1995-y.t. sherigi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan dala maydonidagi xufiya joydan 2 kg 381 gr «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu sintetik narkotik modda «Telegram» messenjeridagi internet narkodo‘kon a’zolari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga olib kelingan.
Boshqa holatda esa Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining 2 nafar mutaxassisi muqaddam narkokur’yerlar Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketgan 485 gr «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, o‘zlarining 1998-y.t. tanishini xonadonida saqlayotganliklari aniqlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ulardan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Siyosat4 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Iqtisodiyot1 day ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Mahalliy4 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev va Mirziyoyev sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdi
