Connect with us

Jamiyat

O‘quvchilar tashabbusi bo‘yicha yangi lavozim, pedagogika talabalari uchun esa stipendiya joriy etiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlari izchil rivojlantirilmoqda. Yangi ta’lim maskanlari qurilib va zamonaviy jihozlanib, yoshlarning bilim olishiga barcha sharoit yaratilmoqda. O‘quv dasturlari yangilanib, eng ilg‘or tajribalar joriy etilmoqda.

Lekin bu uzluksiz jarayon. Iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish doimiy e’tiborni talab etadi.

Taqdimotda shu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.

Ma’lumki, ma’naviy-tarbiyaviy ishlar ta’limning bir qismi. Ammo hozirda ta’lim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q.

Shu bois bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.

So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan.

Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.

2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat budjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

2026 yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.

Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.

Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident banklarga har bir mahallada daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla bankirlari ish tizimi tubdan o‘zgarishini ma’lum qildi. Endi bir bankirga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilib, biznes faolligi, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadini oshirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Shuningdek, banklarga har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash va daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi. Ta’kidlanishicha, joylarda yaxshi tajribalar bor. Masalan, Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obekti ishga tushirildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.

Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurishib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.

Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.

Ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganadi.

Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi.

Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni 1 avgustdan amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mahalla bankirlariga biznes faollikni oshirish, tadbirkorlik, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birga har bir mahalla bankiriga yil yakunigacha aniq buyurtma shakllantirib beradi.

Davlat banklari bu yil 100 tadan mahallani ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqqan. O‘tgan yili 9 ta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun “Agrostar” kompaniyalari tashkil qilingan edi.

Endi banklar mahallani ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmasdan, “Agrostar”larni jalb qilgan holda “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratadi. Bir oyda dastur qilib, 1 mingta mahallada ish boshlash topshirildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mahallalar budjetiga tushadigan mablag‘lar ko‘paytiriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar moliyaviy mustaqilligini oshirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi. Ularga qo‘shimcha soliq tushumlari va boshqa manbalar hisobidan bu yil 1,6 trillion so‘m, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mgacha mablag‘ qoldirilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalar budjetini mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Joriy yil mahallalar budjetiga 600 milliard so‘m mablag‘ qolishi reja qilingan edi.

Iyun oyidagi Prezident farmoni bilan mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘ining ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirildi. Sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10 foizi mahallaga tushadigan bo‘ldi.

Shuningdek, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘sh binolarni mahallaning o‘zi sotuvga chiqarishiga ruxsat berildi. Buning hisobidan mahallalar budjetiga yana 405 milliard so‘m tushadi.

Endi mahalladagi noturar obektlardan tushgan yer va mulk solig‘ining 5 foizi ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Yil davomida eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatga olgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum darajasi eng yuqori bo‘lgan va eng ko‘p qo‘shimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot beriladi.

Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum bu yil 1 trillion 600 milliard so‘mga, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mga yetadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Har bir hokimga bittadan mahallani obodonlashtirish vazifasi yuklatildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarda obodonlashtirish ishlarini umummilliy harakatga aylantirish va eng namunali mahallalarni soliq imtiyozlari bilan rag‘batlantirishni taklif etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani olib, bir oy davomida ozodalik va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etadi.

Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi. Hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois, yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.

Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz beriladi.

Yaxshi tajriba yaratgan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatiladi. Mahallalardagi ilg‘or tajribalarni keng yoritish zarurligi ham qayd etildi.

Hududlarda temir yo‘l atrofini obodonlashtirish ishlari boshlangan. Birgina Toshkent – Xiva yo‘nalishidagi temir yo‘l bo‘yida 285 ta mahalla bor, ushbu yo‘nalish 45 ta tumandan o‘tadi.

Qolgan viloyat hokimlariga ham bir haftada hududidan o‘tgan magistral yo‘llar va temir yo‘l bo‘ylari, ular atrofidagi uy-joy va tijorat obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Ikki haftada ushbu hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqib, amaliy natijaga erishish topshirildi.

“Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak”, dedi prezident.

Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.

Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasi misolida samarali tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda Axborot va xizmat markazi tashkil etilib, 8 ta olis mahalla aholisi uchun bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning “aqlli qishloq” tajribasi asosida shunday markaz tashkil etilmoqda.

Yil yakunigacha Norin va Xovos tajribalarini Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirildi. Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “aqlli mahalla” tajribasi esa har bir viloyatning 10 tadan mahallasida tatbiq qilinadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident ijtimoiy yordam so‘rayotgan odamlarning arizasi asossiz rad etilayotganini tanqid qildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy reyestrga muhtoj oilalarni asossiz kiritmaslik holatlarini keskin tanqid qildi. Yig‘ilishda yil yakunigacha 25 turdagi ijtimoiy xizmatni mahallalarga tushirish va reyestr yuritilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalarda ijtimoiy yordamlar ko‘lamini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.

Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad qilingan.

Bunday holatlar Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘pligi qayd etildi. Shu sababli reyestrga kirish masalasida prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan.

Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga reyestr haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish topshirildi.

Mutasaddilar oldiga yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi

Published

on


Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Endi ushbu tajriba asosida yangi metodika ishlab chiqilib, u avvalo kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.

Ta’kidlanishicha, bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.

Endi jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.

Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ham ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan.

Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan. Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.4



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.