Connect with us

Iqtisodiyot

Rossiya iqtisodiyotida turg‘unlik. Budjetning naq yarmi harbiy xarajatlarga ketyapti

Published

on


Rossiya iqtisodiyoti kutilganidan ham tezroq sekinlasha boshladi. Joriy yildagi iqtisodiy o‘sish prognozi 1,2 foizgacha pasaytirildi. Bu energetika sektoridan kelayotgan daromadlarning keskin kamayishi fonida yuz beryapti. Birinchi yarim yillikda «Rosneft», «Tatneft», «Lukoyl» va «Gazprom Neft»ning sof foydasi 2-3 barobarga qisqarib ketgan.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Rekord darajadagi harbiy xarajatlar

Germaniya Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti ilmiy xodimi Yanis Klyugening tahlillariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida Rossiya budjetidan harbiy xarajatlarga ajratilgan mablag‘ 8 trln 484 mlrd rublni tashkil etib, mutlaq rekord o‘rnatgan.

Bu miqdor o‘tgan yillarning mos davriga nisbatan sezilarli darajada ko‘p: 2024 yilga nisbatan 31 foizga, 2023 yilga nisbatan 95 foizga, 2022 yilga nisbatan esa 3 barobarga.

Klyugening qayd etishicha, joriy yilning birinchi va ikkinchi choraklarida Rossiya armiyasi va qurol ishlab chiqarishga kuniga o‘rtacha 46,9 mlrd rubl sarflagan. Taqqoslash uchun, bu – Rossiyaning ayrim mintaqalari, jumladan Qorachoy-Cherkesiya va Oltoy Respublikasining yillik budjetidan ham yuqori.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin keltirgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 6 oyida davlat budjeti daromadlari 17,5 trln rubldan oshgan. Bu esa soliq to‘lovchilar hisobidan federal budjetga tushgan har ikkinchi rubl armiya va qurol xaridiga sarflanayotganini anglatadi.

Reuters’ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Kreml Ukrainadagi tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlansa ham, 2026 yilda harbiy xarajatlarni qisqartirishni rejalashtirmayapti.

Neft daromadlari karrasiga qisqardi

Birinchi yarim yillikda Rossiyaning neft kompaniyalari daromadlari ham keskin qisqargan. Bloomberg’ning yozishicha, mamlakatda neft ishlab chiqarishning uchdan bir qismini nazorat qiluvchi «Rosneft»ning sof foydasi 773 mlrd rubldan 245 mlrd rublga yoki 68 foizga kamaygan. Kompaniya bosh direktori Igor Sechinning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalari kuchaygani sababli Rossiya neftiga qo‘shimcha chegirmalar berishga to‘g‘ri kelgan, rublning mustahkamlanishi esa eksport qiluvchilarning daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar «Lukoyl» va «Gazprom Neft»ning sof foydasi 2 barobardan ko‘proqqa, «Tatneft»niki esa qariyb 3 barobarga qisqarib ketgan.

Daromadning keskin kamayishida G‘arb sanksiyalari va cheklovlari qanchalik rol o‘ynagani aniq emas. Rossiyaning asosiy eksport nefti Urals bahosi yilning birinchi yarmida barreliga o‘rtacha 58 dollardan sotilgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda 13 foiz past narx. Shu bilan birga, yil boshidan iyun oxirigacha rubl dollarga nisbatan qariyb 23 foizga mustahkamlandi. Natijada ishlab chiqaruvchilar sotilgan har barrel neft uchun rublda kamroq daromad olishgan.

Igor Sechinning ta’kidlashicha, Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani uzoq vaqt yuqori darajada ushlab turishi – rublning haddan tashqari mustahkamlanishiga olib kelgan. Bu esa ham davlat budjetiga, ham eksportchi kompaniyalarga zarar keltiryapti. Bundan tashqari, neft kompaniyalarning qarzlarni qaytarish xarajatlari oshib, moliyaviy barqarorligi yomonlashgan va investitsiya imkoniyatlari kamaygan.

Umuman olganda, davlat budjeti daromadlarining uchdan bir qismini ta’minlaydigan Rossiya neft-gaz sektori murakkab davrni boshidan o‘tkazyapti. Sanksiyalar, tanker yetishmovchiligi va logistika muammolari eksportni qiyinlashtirib qo‘ygan.

Budjet taqchilligi

Mixail Mishustinning birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha taqdim qilgan hisobotida keltirilishicha, budjet taqchilligi YaIMning 3,4 foizni tashkil etgan. Bu joriy yil uchun prognoz qilingan 1,7 foizlik defitsitdan 2 barobar yuqori. Bunga asosiy sabab sifatida neft-gaz daromadlarining kamayishi ko‘rsatilgan. O‘z navbatida, energetikaga aloqador bo‘lmagan sektorlardan keladigan daromad keskin oshgani qayd etilgan.

Yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’ati ham dastlabki kutilmalardan past bo‘lishi mumkin. Interfax’ning hukumatdagi manbalariga tayanib yozishicha, iqtisodiy o‘sish 2025 yilda 1,2 foizni tashkil etishi mumkin – bu avvalgi 1,5 foizlik prognozga nisbatan kam. O‘z navbatida, budjet tanqisligi ham yil yakuni bo‘yicha 1,7 foizdan yuqori bo‘lishi kutilyapti.

Doston Ahrorov,

Kun.uz



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Prezidentga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot taqdim etildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi.

2026-2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Tabiiy gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish belgilangan.

Qish davri uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.

“O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.

Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.

Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda «E-bozor» yagona raqamli bozor platformasi joriy etiladi

Published

on


«Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrgacha «E-bozor» yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027 yil 1 martgacha to‘liq amaliyotga joriy etiladi.

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:


bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari ochiq e’lon qilib borilishi;
aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirish, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yo‘llash va javob olish imkoniyatlari.

«E-bozor» platformasi «Soliq» axborot tizimlari kompleksi tarkibida joriy etiladi.

Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi va ularning faoliyati samaradorligi kunlik tahlil qilib boriladi.

Bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

2026 yil 1 avgustdan transportlarni saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan «Jarima maydonchasi» axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron tarzda yuboriladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

«Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri va so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning mantiqiy natijasi deb baholadi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.

«Bu joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda qariyb o‘n yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan tizimli islohotlarimizning mantiqiy natijasidir. Endi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rasman Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlandi. Markaz Angliya huquqi asosida, alohida huquqiy maqomga ega bo‘lgan hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zining maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi hamda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy muhitiga ega bo‘ladi. Global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari aynan mana shunday shaffof mexanizmlar bilan ishlashga o‘rgangan. Mazkur yangi regulyatorlik ekotizimi xalqaro kapital, zamonaviy moliya xizmatlari va yirik transmilliy loyihalar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshirishi kutilmoqda. Mohiyatan olganda, ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiyadir. Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalarni hamda kapitalning eng yuqori darajadagi himoyasini kafolatlagan holda, jahon moliya tizimining uzviy qismiga va butun mintaqa iqtisodiy rivojining yetakchi drayveriga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda», deb yozdi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilgan edi.

«Yaqinda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilishi e’lon qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Bularning barchasi g‘oyalaringiz amaliyotda izchil tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir», dedi prezident.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi oshishi kutilmoqda

Published

on


Rossiya «O‘rta Osiyo – Markaz» magistral gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga eksportni oshirishda davom etmoqda.

Foto: Aleksandr Demyanchuk / TASS

2026 yilda Rossiya quvur gazining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 40 foizdan ko‘proqqa — 7 mlrd kub metrdan 10 mlrd kub metrdan oshiqroqqa yetishi mumkin. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining (XEA) jahon gaz bozoriga bag‘ishlangan choraklik sharhida so‘z boradi.

Rossiya «O‘rta Osiyo — Markaz» magistral gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga eksportni oshirishda davom etmoqda, deb qayd etiladi hisobotda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz qiymati 1,2 foizga arzonlab, 1,66 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, Rossiya gazini yetkazib berishning fizik hajmi 14,9 foizga — 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga oshgan.

Importning o‘sishi mamlakatda gaz qazib olish hajmining pasayib borayotgani fonida kuzatilmoqda. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–may oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 mlrd kub metrga kamaygan.

Agentlik bu pasayishni mavjud konlarning avvalgi qazib olish hajmlarini saqlab qolish imkoniyatlari yomonlashgani bilan izohlamoqda.

Taqqoslash uchun, Turkmanistonda bu davrda gaz qazib olish hajmi deyarli o‘zgarmagan. Qozog‘istonda esa taxminan 8 foizga yoki 1 mlrd kub metrdan ko‘proqqa kamaygan.

Umuman olganda, Yevroosiyoda gaz qazib olish 2025 yil yakunlari bo‘yicha 3 foizlik pasayishdan so‘ng birinchi yarim yillikda tiklana boshladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich asosan Rossiya hisobiga qariyb 2,5 foizga o‘sgan. 2026 yil yakunlari bo‘yicha XEA mintaqada qazib olish hajmi 2 foizga oshishini kutmoqda.

Yevroosiyoda (Armaniston, Ozarboyjon, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) gazga bo‘lgan talab qariyb 3 foizga o‘sishi mumkin. Bunga yil boshidagi qish oylarining sovuqroq kelgani ham sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, mintaqada qazib olish hajmi hamon 2021 yilgi darajadan 9 foizga pastligicha qolmoqda.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Jahon banki O‘zbekiston uchun eng istiqbolli uch sohani sanadi

Published

on


Jahon bankining yangi tahliliy hisobotiga ko‘ra, logistika, turizm va farmatsevtika O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yuqori salohiyatga ega tarmoqlari hisoblanadi. Ushbu sohalarda maqsadli islohotlar amalga oshirilsa, mamlakatda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va milliardlab dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Jahon banki tahlilchilari fikricha, mazkur uch tarmoq xususiy kapitalni jalb etish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan eng istiqbolli yo‘nalishlar sanaladi. Bu sohalarni rivojlantirish raqobatbardosh va xususiy sektor yetakchilik qiladigan iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, malakali kadrlar tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va tartibga solish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Logistika sohasida avtomobil yuk tashuvlari va ombor infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida baholangan. Yer ajratish va qurilish jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish orqali 950 million dollardan 1,05 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etilgan.

Turizm sohasida esa madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan. Yer ijarasi mexanizmlarini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va turistik obektlarni samarali boshqarish hisobiga 3,1 milliard dollardan 4,2 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Bu esa 120–180 ming yangi ish o‘rni yaratish, turistik oqimlarni diversifikatsiya qilish va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Hisobotda farmatsevtika ham yuqori o‘sish salohiyatiga ega strategik tarmoq sifatida qayd etilgan. Jahon banki ushbu sohada ham xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.