Connect with us

Jamiyat

Maoshi oshgan maktab direktorlari, elektronlashayotgan mehnat shartnomasi va zargarlarga imkoniyat – 1 sentabrdan nimalar o‘zgardi?

Published

on


Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y bergan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Maktab direktorlarining maoshi oshadi

1 sentabrdan maktab direktorlarining oyligi oshiriladi. Bu haqda davlat rahbarining joriy yil mart oyida qabul qilingan farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:


maktab direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;
maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi.

I va II guruhga kiruvchi bog‘cha direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari tegishlicha III va IV guruhdagi maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi (ya’ni oshiriladi).

Shuningdek, 1 sentabrdan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuldi

4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimiga oid farmon imzolagandi. Unga ko‘ra, uchta sohadagi kichik biznes xodimlarni Face-ID orqali ishga olishi mumkin bo‘ladi, ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuladi, xodimni norasmiy ishlatganlik uchun jazo kuchayadi hamda ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:


50 nafargacha xodimi bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirish huquqi beriladi;
bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi;
ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi xodimlar soni 100 nafardan ortiq korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi;
ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun tatbiq etiladi; budjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun zaxiralashning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.

Zargarlar uchun imkoniyat

2025 yil 1 sentabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Bu haqda prezidentning “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan:

– yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi;

– davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

– qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar haqidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida «Soliq» mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasiga xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarining, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash man etiladi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab 2028 yil 1 sentabrga qadar:


zargarlik buyumlarini (TIF TN 7113- va 7114-tovar pozitsiyasidagi mahsulotlarni) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona boji 2 foiz stavkada qo‘llanadi;
zargarlik buyumlarini «erkin muomalaga chiqarish» va «eksport» bojxona rejimlariga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im ularning bojxona qiymatidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi;
import qilingan zargarlik buyumlarini Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida tamg‘alash uchun undiriladigan yig‘im miqdori mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan miqdorga tenglashtiriladi;
bojxona chegarasi orqali olib kirilganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarini amalga oshirish va bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish orqali deklaratsiya qilishga ruxsat beriladi.

Xavf darajalariga ko‘ra bojxona nazorati shakllari qo‘llanadi

2025 yil 1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga bojxona to‘lovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi to‘lovlarni respublikaning istalgan hududidan amalga oshirish imkoniyati yaratiladi, buning uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi. Bu haqda davlat rahbarining tegishli qarorida qayd etib o‘tilgan.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan o‘tkazish punktlarida undiriladigan barcha turdagi yig‘im va to‘lovlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali undiriladi va hisobi yuritiladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab «G‘ishtko‘prik», «Zangiota» va «Dovut ota» o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun ikki yo‘lakli xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan davlat nazorat tartibotini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

(a) «yashil yo‘lak»da — xavf darajasi past bo‘lgan avtotransport vositalari va unga yuklangan tovarlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinishida davlat nazoratining barcha shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi, avtotransport vositasi va uning haydovchisiga nisbatan amalga oshiriladigan hujjatli nazorat bundan mustasno;

(b) «qizil yo‘lak»da — davlat nazorati xavf darajasi yuqori va tasodifiy tanlovda aniqlangan avtotransport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

(v) «qizil» yoki «yashil» yo‘laklar bojxona organlarining «Xavflarni boshqarish» axborot tizimi orqali avtomatik tarzda belgilab beriladi;

(g) o‘tkazish punktidagi davlat nazorat organlari xodimlari tomonidan «profayling» tanlov asosida avtotransport vositalari bojxona organlarining «Xavflarni boshqarish» axborot tizimida «yashil yo‘lak»dan «qizil yo‘lak»ka yo‘naltirilib, tegishli nazorat shakllari qo‘llanadi;

(d) mazkur tartibot O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan avtotransport vositalariga nisbatan faqatgina inspeksion ko‘rik majmuasi orqali nazoratdan o‘tkazilgandan so‘ng qo‘llanadi.

“Yashil tadbirkor” maqomi joriy qilinadi

2025 yil 1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini «yashil tadbirkor» sifatida e’tirof etish bo‘yicha maxsus platforma ishga tushiriladi. Bu haqda prezidentning “O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida 2025 yil 1 sentabrdan boshlab yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda o‘simlik dunyosi obektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish tartibi joriy etiladi. Bunda kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan o‘simlik zaxirasi asosida shakllantiriladi. Kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini «yashil tadbirkor» sifatida e’tirof etish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi platforma ishga tushiriladi:

a) quyidagi yo‘nalishlarda belgilangan ko‘rsatkichlarni bajargan tadbirkorlik sub’yektlariga «yashil tadbirkor» maqomini berish:


ko‘kalamzorlashtirish, jumladan, korxonani «yashil belbog‘» bilan o‘rash, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, tomchilatish, yomg‘irlatish va konteynerli (qopli) sug‘orish tizimini joriy qilish;
energiya tejamkorligini ta’minlash, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni joriy qilish;
korxonaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish;
ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish («7R») tamoyilini tatbiq etish;

b) «yashil tadbirkor» maqomini olgan tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash:


«Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik berish;
muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etish;
xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘llab-quvvatlash;
Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball berish.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 sentabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat va tuman (shahar) hokimlarini lavozimga tasdiqlashda va lavozimdan ozod etishda quyidagi ekologik ko‘rsatkichlarni belgilash bo‘yicha ekologik audit o‘tkazib boriladi:

– hududning yashillik va o‘rmonlar bilan qoplanganlik darajasi hamda o‘rmonlar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni;

– hududdagi daraxtlar soni;

– shaharlar va yirik sanoat korxonalarining yashil belbog‘lar bilan o‘ralganlik darajasi;

– suv havzalari va daryo o‘zanlaridagi qum va shag‘allar holati;


atmosferaga tashlamalar miqdori va havo ifloslanishining darajasi;
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifalarga mansub korxonalarning atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalari, chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini o‘rnatganlik holati;
aholiga chiqindilar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning qamrovi, chiqindi yig‘ish shoxobchalari va konteynerlari bilan ta’minlanish holati va xizmat ko‘rsatish sifati darajasi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab tuman (shahar) darajasida ekologik pasportlar va ekologik master rejalar hamda hududlarning ekologik reytingini ishlab chiqish va keng jamoatchilikka taqdim etish amaliyoti ham joriy etiladi.

Boshqa o‘zgarishlar

2025 yil 1 sentabrdan boshlab:


YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi;
O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha respublika hududiga olib kiriladigan polietilen granulalari uchun aksiz solig‘i 2028 yil 1 yanvarga qadar nol stavkada qo‘llanadi;
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tib, ushbu hududda 12 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan hamda bir yil davomida kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’yektlariga o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha jami daromadining 50 foizgacha miqdorida ulush kiritish shaklidagi moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi joriy qilinadi;
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yolg‘iz ona (ota)larga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam olish bo‘yicha «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos bo‘ladi. Majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda «Radar» yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi;
pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining to‘lov-kontrakt (shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt) shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larining mazkur mablag‘lar bo‘yicha moliya yili oxiriga qoldiq (tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablag‘lar ham inobatga olingan holda) qismining 4 foizi miqdoridagi ajratmalarni Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi;
har bir qurilayotgan obektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. Bunda QR-kodli pasport orqali shaharsozlik sub’yektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari (eskiz loyihalari) va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi;
oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan, budjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan, «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan kichik va o‘rta biznes sub’yektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi;
«Ayollar daftari» jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi. Bunda tegishli nafaqalarni tayinlash va to‘lash uchun 6 oy muddat davomida Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolarining bandligi ta’minlanganligi holati inobatga olinmaydi;
sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi;
2025 yil 1 sentabrdan sinov tariqasida sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash, avtobus, avia va temiryo‘l chiptalari, madaniy meros obektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish, xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi platforma ishga tushiriladi;
bolalar musiqa va san’at maktablarining belgilangan o‘quv dasturlarini to‘liq yakunlagan, 11-sinfni tugatgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga «Barkamol avlod» bolalar maktablarida to‘garak rahbari sifatida ishlash huquqi beriladi;
davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi;
ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar tayinlanadi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslar buyurtma asosida davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda ish beruvchilarni jalb qilgan holda o‘qitiladi;
Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.  



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi

Published

on


Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi. 

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.  

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!

Published

on


Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.

Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.

“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.

Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.

Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!

Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif

Published

on


BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

– boshlang‘ich to‘lov – 35%;

– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;

– foiz stavkasi – 0%;

– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.

Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.

360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.

Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.

BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.

BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari

Rasmiy ishonch telefoni: 1811

Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz

Instagram: @bydauto.uz

Telegram: t.me/bydautouz





Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Published

on


E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.  

Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Shundan:

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;

— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;

— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.

Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.