Jamiyat
Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi
2025 yil 1 sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida O‘zbekiston Turizm ofisi tantanali ravishda ochildi. Ushbu muhim tadbir oliy darajadagi rasmiy tashrif doirasida o‘tkazildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro ishonch hamda strategik sheriklikning yana bir yorqin timsoliga aylandi.
Ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Xitoy sanoat va savdo federatsiyasining Pekin tashqi madaniy savdo assotsiatsiyasi ijrochi direktori Chi Lu xonim, Xitoyning yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari va boshqa rasmiy mehmonlar ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Pekinda ochilgan Turizm ofisi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini hamda mazkur ofis Xitoydagi yirik turistik kompaniyalarga O‘zbekiston bozoriga kirishda, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishini ta’kidladilar. Shu bilan birga, Turizm ofisi xorijiy investorlarga turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etib, yangi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublika raisi Si Szinpin tashabbuslari tufayli ikki tomonlama aloqalar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, turizm sohasida ham o‘zaro hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Buni 2025 yil 1 iyundan kuchga kirgan 30 kunlik vizasiz rejim, shuningdek ikki davlat o‘rtasida haftasiga 50 dan ortiq aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 100 reysgacha oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2025 yil “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” deb e’lon qilingani ham ikki davlat o‘rtasidagi turistik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu yil davomida O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyning 9 ta yirik shahrida roudshoular o‘tkazdi, sayyohlik ko‘rgazmalarida faol ishtirok etmoqda, yil oxirigacha yana bir qator provinsiyalarda taqdimot tadbirlari rejalashtirilgan.
O‘zbekiston tomoni 2030 yilga kelib Xitoydan mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Pekindagi yangi turizm ofisi esa ushbu ulkan maqsad sari tashlangan muhim qadamlardan biridir.
Marosim yakunida O‘zbekiston vakillari barcha ishtirokchilarni yurtimizga sayohat qilishga taklif etib, O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun ochiq va qulay yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladilar.
Jamiyat
Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs tadbirkordan katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi. U tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni olib berganini ro‘kach qilgan.
Mazkur shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga rasmiylashtirib berganini aytgan mansabdor, korxona rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
2026-yilning mart-aprel oylarida u ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik esa tadbirkordan qolgan 39 ming dollarni ham berishni talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda mansabdor talab qilingan pulning navbatdagi qismi — 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat uning «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida sodir bo‘lgani qayd etildi.
Tezkor tadbir davomida u ashyoviy dalillar bilan ushlangani rasman tasdiqlandi. Bu holatda pul mablag‘larining aynan talab qilingani va olingani hujjatlashtirildi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Jamiyat5 days ago
Toshkent viloyatida 11 mansabdor ishdan olindi, yana 8 nafari jazolandi
